Avtomobillar kabinalari va kuzovlarining turlari va ularning materiallari
Reja:
Avtomobillar kuzovlari va kabinalari haqida umumiy ma’lumotlar.
Kuzov detallarini tayyorlash uchun qo’llaniladigan materiallar.
Avtomobillar kuzovlari va kabinalari haqida umumiy ma’lumotlar
Avtomobillarni takomillashtirish, iste’molchilar talablarining o’sishi, ekologik talablar va b. omillar turlicha kuzovlarni ergonomika, dizaynning zamonaviy yo’nalishlarini va boshqalarni hisobga olgan holda ishlab chiqish zaruratini izohlaydi.
Avtomobilsozlik rivojlanishining boshida kuzovlarning ramali konstruksiyasi qo’llanildi. Bu holda rama avtomobilning kuzovi va barcha mexanizmlarini mahkamlash uchun mo’ljallandi va avtomobilning harakatlanish paytida hosil bo’ladigan yuklamalarni qabul qiluvchi alohida uzel bo’ldi. Ramasi ko’taruvchi konstruksiyali avtomobil kuzovlari xizmat vazifasiga bog’liq holda turlicha shakllarga ega edi, ammo bunda kuzov bikrlik talablari bo’yicha cheklanmas edi.
Ko’taruvchi kuzovli ramasiz avtomobillarni ishlab chiqarish bilan o’tgan asrning 50-yillarida kuzovlar konstruksiyalarini rivojlantirishda muhim qadam qo’yildi. Shu bilan kuzov avtomobilning muhim qismiga aylandi, yengil avtomobillar va avtobuslar uchun esa – eng sermehnat agregatlardan biri bo’ldi. Chunki, yengil avtomobil kuzovini tayyorlashning mehnat sarfi avtomobilni tayyorlashdagi to’liq mehnat sarfining 60 % igacha bo’lgan qismini tashkil qiladi.
Kuzov komponovkasi, shakli, konstruksiyasi va ishlab chiqarish texnologiyasi avtomobilning texnik xarakteristikasiga, uning tortish-tezlik xarakteristikalariga va yoqilg’i tejamkorligiga, harakatlanish xavfsizligiga katta ta’sir o’tkazadi va eng muhimi, avtomobilning xizmat muddatini belgilab beradi.
Sust xavfsizlik bo’yicha ko’plab talablar kuzov konstruksiyasi orqali ta’minlanadi.
Kuzov konstruksiyalarining xarakterli xususiyatlariga ularning nisbatan past bikrligi, detallarining katta o’lchamlari va murakkab fazoviy shakllarga egaligini kiritish mumkin. Ushbu xususiyatlar va o’zaroalmashinuvchanlik talablari kuzovlarni loyihalash va ishlab chiqarishning murakkab tizimini, master modellarni, shtamplarni, yig’ish-payvandlash moslamalari va nazorat qurilmalarini tayyorlash zaruratini izohlaydi.
Yengil avtomobillar kuzovlarining turlicha konstruksiyalari 2-rasmda ko’rsatilgan.
Kuzovning sifati, nafaqat, uning konstruksiyasi bilan, balki, uni tashkil qiluvchi detallarni tayyorlash, ularni biriktirish va xizmat muddati hamda b. ekspluatatsion xarakteristikalarini orttiruvchi lakbo’yoq va maxsus qoplamalar qoplashni o’z ichiga oluvchi tayyorlash texnologiyalari bilan ham aniqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |