Uchqun energiyasi.
Kontaktli o‘t oldirish tizimi bir qator afzalliklarga ega, jumladan ularning tuzilishi sodda, jihozlarining tannarxi nisbatan past, ikkilamchi kuchlanish qiymatini o‘zgartirmasdan o‘t oldirishning ilgarilatish burchagini keng doirada rostlash imkoni bor. Shu bilan birga, bu tizim kontaktli uzgich va o‘t oldirishning ilgarilatish burchagini rostlovchi mexanik avtomatlarning ishi bilan bog‘liq bo‘lgan qator kamchiliklarga ega:
- mexanik kontaktlar mavjudligi birlamchi tok, va demak, ikkilamchi kuchlanish qiymatini cheklaydi. Bundan tashqari, kontaktlar uzilganda ular orasida hosil bo‘ladigan elektr uchqunlar, kontaktlarni korroziyaga uchrashga va asta-sekin yemirilishiga olib keladi. Natijada, kontaktlar nisbatan tez ishdan chiqadi, ularda tok o‘tkazmaydigan oksid qatlam-lari hosil bo‘ladi va o‘t oldirishda uzilishlar sodir bo‘lish hollari kuzatiladi. Bu zararli hodisaning oldini olish uchun uzgich kontaktlari orasidagi tirqishni muntazam ravishda tekshirish va tozalab turish talab qilinadi;
- dvigatellarning yuqori va past aylanishlar chastotasida (ayniqsa, ko‘p silindrli va aylanishlar chastotasi katta bo‘lgan dvigatellar uchun) ikkilamchi kuchlanish qiymati yonilg‘ini barqaror o‘t oldirish uchun yetarli bo‘lmaydi;
- o‘t oldirishning ilgarilatish burchagini rostlash uchun qo‘llaniladigan mexanik avtomatlar o‘t oldirishni ilgarilatishning eng manfaatli burchagini 8-100 gacha xatolik bilan belgilaydi va ularda yonish jarayoniga jiddiy ta’sir ko‘rsatadigan bir qator omillarni (sovutish suyuqligining harorati, drossel to‘siqchasining holati, detonatsiya va hokazo) hisobga olish imkoniyati yo‘q.
Yuqorida keltirilgan kamchiliklar kontaktli o‘t oldirish tizimining ishonchli ishlash darajasini pasaytiradi (ayniqsa, yuqori aylanish chastotali va ko‘p silindrli dvigatellarda), yonish jarayonini yomonlashtirib, dvigatelning quvvati va tejamliligini kamayishiga olib keladi.
Dvigatellarning takomillashtirish yo‘nalishi, ularning tejamliligini oshirish va 1 kVt quvvatga to‘g‘ri keladigan massasini kamaytirish bilan bir qatorda, aylanishlar chastotasi va silindrlarda yonilg‘i-havo aralashmasini siqish darajasini tobora ortib borishi bilan ham tavsiflanadi. Zamonaviy dvigatellarda aylanishlar chastotasi 5000-8000 min-1 ga yetgan, yonilg‘i aralashmasining siqish darajasi hozirgi kunda 7,0-8,5 ni tashkil qilayotgan bo‘lsa, kelajakda bu ko‘rsatkichni 9,0-10,0 va undan yuqoriroq qiymatlarga ko‘tarish mo‘ljallanmoqda. Aylanishlar chastotasi va siqish darajasining bu tarzda ortishi, yonilg‘i me’yorida o‘t olishini ta’minlash uchun, o‘t oldirish tizimining ikkilamchi kuchlanishining sezilarli darajada oshirilishini talab qiladi. Bundan tashqari, dvigatellar tejamliligini oshirishga intilish ularda, aksariyat holda, suyultirilgan yonilg‘i aralashmasini ishlatishga majbur qiladi. Suyultirilgan yonilg‘i aralashmasini ishonchli ravishda o‘t oldirish uchun o‘t oldirish shamining elektrodlari orasidagi tirqishni kattalashtirish, ya’ni uchqun uzunligini va quvvatini oshirish kerak bo‘ladi. Hozirgi zamon dvigatellarida o‘t oldirish shamining elektrodlari orasidagi tirqish 0,8-1,2 mm ni tashkil qiladi. Demak, dvigatelning tejamli ishlashini ta’minlash uchun ham ikkilamchi kuchlanish qiymatini oshirish zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |