Август 2020 8-қисм
Тошкент
“DARYOSINI YO‘QOTGAN QIRG‘OQ” ROMANIDA IJODKORNING PEYZAJ
YARATISH MAHORATI
Sharipova Hulkaroy Umrbekovna
Urganch davlat universiteti Filologiya fakulteti talabasi
Telefon: +99894 230 21 12
hulkaroysharipova@mail.ru
Annotatsiya.
Mazkur maqolada Erkin Samandarning “Daryosini yo‘qotgan qirg‘oq” romanida
tabiat tasvirining ifodalanishi, peyzaj vositalari va majozga jo bo‘lgan haqiqat haqida so‘z boradi.
Kalit so‘zlari:
peyzaj, emotsionallik, ekspressivlik, obraz, sujet, majoz
Ma’lumki, badiiy adabiyotning asosiy ta’sir kuchi badiiy tilning qay yo‘sinda ifoda topganligi
bilan o‘lchanadi. Badiiy tilning emotsionalligi, ekspressivligi esa ijodkor mahorati, voqelikni
kitobxonga tasvirlash qobiliyati va badiiy tasvir vositalaridan unumli foydalana olishi bilan
bog‘liqdir.
“Bir yozuvchi ikkinchi yozuvchidan o‘z ijodining mazmuni (hayotdan qanday “faktik
material”ni adabiyotga kirgizgani va qanday yangi g‘oyalar bilan maydonga chiqqani)ga ko‘ra
ajralib turadi”.
Ijodkor badiiy ijod jarayonida bu jihatni e’tibordan qoldirmasa, mavzuga xos va
mos tasvir yarata olsagina, chinakam mukammal asarni dunyoga keltiradi. O‘zining she’riyati,
ko‘pgina romanlari, qissa va dramalari bilan kitobxonlar qalbiga yo‘l topgan adib Erkin Samandar
ham boshqa badiiy so‘z ustalari qatori alfozda hayot haqiqatini chiza oladigan ijodkordir. uning
tarixiy, ijtimoiy, maishiy va boshqa mavzularda yaratgan asarlari adibni allaqachon qalami o‘tkir
ijodkor sifatida kitobxonlarga tanitgan. Sochma asarlari qatorida “Daryosini yo‘qotgan qirg‘oq”
nomi bilan o‘rin olgan romani ham o‘zida o‘quvchini qiziqtiradigan, inson va shaxs masalasi
haqida o‘ylashga majbur etadigan, shuningdek, tabiat - inson munosabati, sadoqat - xiyonat,
fidoyilik va xudbinlik tushunchalarining mohiyatini chuqurroq anglashga yo‘l ochadigan asardir.
Mazkur roman voqealari bevosita tabiat bilan bog‘liq bo‘lgani bois yozuvchi asar mazmunini
ochib berishda; obrazlar, timsollar holatini yaratishda ko‘pgina badiiy tasvir vositalariga murojaat
etadi. Zero, akademik Izzat Sulton aytganidek, “Badiiy asar tilini qonli, jonli, obrazli qiladigan
vosita badiiy til vositalari”. dir. Quyida esa ana shu vositalardan biri - mazkur asarning asosiy
ifoda vositasi bo‘lgan peyzaj haqida so‘z yuritiladi.
Voqelikni tabiat manzaralari, hodisalari va jarayonlari bilan hamohang tasvirlash peyzajdir.
Badiiy adabiyotning deyarli barcha vakillari o‘z asarlarida peyzajga ko‘p bora murojaat etishadi.
Chunki peyzajdan foydalanish orqali ijodkor o‘z badiiy niyatini amalga oshiradi, o‘quvchini
bevosita muhitga olib kiradi. Adabiyotlarda keltirilishicha, aslida ijodkorning tub maqsadi tabiat
manzarasini chizishgina emas, balki konkret manzarani hissiy bo‘yoqlar bilan chizish natijasida
tabiat manzarasini qalb manzarasiga aylantirishdir. Bundan kelib chiqadiki, qalamkash tabiat tasviri
negizida inson qalbi, ichki dunyosi manzarasini chizadi. Buni “Daryosini yo‘qotgan qirg‘oq” asari
misolida ko‘rib chiqamiz.
Yuqorida ushbu asarning voqealari, asosan, tabiat manzaralariga bag‘ishlanganini ta’kidlab
o‘tgan edik. Shu jihatdan e’tibor qaratadigan bo‘lsak, romanning ilk sahifalaridan yozuvchi tabiat
mo‘jizasiga murojaat etganini va insonlar tomonidan aziyat ko‘rgan daryo holatiga o‘quvchi
diqqatini qaratganini ko‘ramiz. unda Orol dengizi tomon yo‘nalgan va uni obi hayot bilan
ta’minlab kelayotgan Amudaryoning to‘silgandan keyingi holati chuqur mung bilan ifoda etiladi.
Hayot sinovlarining bevosita ishtirokchisiga aylangan, yovuz kimsalar nishoniga duch bo‘lgan
Ganja (asar bosh qahramoni, besh yillik hayoti erksizlikda kechgan) qamoq muddati tugab, o‘z
eliga qaytganida ko‘rgan daryosi holati quyidagicha ifodalanadi:
“Daryo yoshini yashab bo‘lgan
mushfiq onaga o‘xshab kichrayib qolgan. Xuddi osuda ko‘ldagiday tiniq suv bir maromda
imillaydi. Tez borgan yerga sekin borsa ham bo‘ladi deganday beparvo va loqayd, borlig‘ini
allaqanday miskinlik chulg‘agan, yuzi tund, bag‘rida avvalgi jo‘shqin ruh nishoni ko‘rinmaydi.”
Mazkur parchadagi asosiy diqqat tortuvchi holat daryoning “imillashi”dir. Ma’lumki, daryo suvi
shovqin-suron bilan tez va shiddatli oqadi. Lekin bu o‘rinda ijodgor nega daryo oqishini aynan
“imillaydi” deb ifodaladi? Buning izohi shuki, endi daryo ilgarigi Amudaryo emas, faqat nomigina
zavol topmagan tutqun daryo edi. Keltirilgan bu parcha tabiat holatini xolis baholovchi tasvir
bo‘lishidan tashqari, badiiy topilma hamdir. Ya’ni daryoning mushfiq onaga o‘xshab kichrayib
qolishi va imillashi badiiy adabiyot nuqtayi nazaridan yuksak badiiylik yaratish deya baholanadi.
85
Do'stlaringiz bilan baham: |