«Avesto» – ajdodlarimiz yaratgan ilk yozma tarixiy manba
Reja:
«Avesto» haqida
Zardusht
«Avesto»ning mazmuni
«Avesto» haqida
Miloddan avvalgi IX—VIII asrlarda qadimgi Xorazm diyorida ezgulik dini – zardushtiylik vujudga keldi.[1]Bu dinning nomi uning asoschisi Zardusht nomidan olingan.
Zardushtiylik dinining muqaddas kitobi «Avesto» deb ataladi. Kitobda Ahuramazda («donishmand», «yuksak», «daholi») dunyoni yaratgan xudo deb e’tirof etiladi.
«Avesto» o‘zbek tilida «qat’iy o‘rnatilgan qonun-qoidalar» degan ma’noni anglatadi. «Avesto» 2700 yil avval Xorazmda yaratilgan.
Avesto
Eron ahamoniylari podshosi Doro III davrida «Avesto» 12 ming qoramol terisiga tilla bilan yozildi va xazinada saqlandi.
Zardusht
Keyinchalik, makedoniyalik Aleksandrning bosqinchilik yurishlari chog‘ida uning katta qismi yoqib yuborildi. Astronomiya va tibbiyot ilmlariga oid qismlari esa yunon tiliga tarjima qilindi. Oradan bir necha asrlar o‘tib, yurtimizda islom dini keng tarqalgach, «Avesto» unutildi.
«Avesto» O‘rta Osiyo, birinchi navbatda, O‘zbekistonning o‘tmish tarixi, shuningdek, ajdodlarimizning e’tiqodi, urf-odatlari haqidagi eng qadimgi yozma manba sifatida o‘rganiladi.
«Avesto»ning mazmuni
«Avesto»da ta’kidlanishicha, dunyo ezgulik (yaxshilik) va yovuzlik (yomonlik) asosiga qurilgan.
Barcha yovuzliklarni (o‘lim, qahraton qish, zararkunanda hasharotlar va shu kabilar) yovuzlik homiysi Axriman yuboradi.
Ahuramazda esa hayotni, ezgulikni, yorug‘likni va adolatni himoya qiladi. Ezgulik va yovuzlik o‘rtasidagi kurashda oxir-oqibat ezgulik g‘alaba qozonadi. Biroq, buning uchun kishilar – yolg‘on gapirmasliklari, bergan va’dalarining ustidan chiqishlari va insonlarga faqat yaxshilik qilishlari lozim. Insondagi bu uch xislat barkamollik belgisi hisoblangan. Bu uch xislatni o‘zida shakllantirgan kishilar Ahuramazda tarafdoriga aylanadilar.
Yovuz kuchlar ziyon yetkazmasligi uchun odamlar yer haydab dehqonchilik qilishga, g‘alla yetishtirishga, chorvachilik bilan shug‘ullanishga da’vat etilgan va bunday mehnat sharaflangan.
Ezgu fikr (oliyjanob o‘y-fikr), ezgu so‘z va ezgu amallar (xayrli ishlar) zardushtiylik dinining bosh g‘oyasini tashkil etadi.
«Ezgu fikr, ezgu so‘z, ezgu amal degan tamoyilda hozirgi zamon uchun ham behad ibratli bo‘lgan saboqlar borligini ko‘rish mumkin».
Zardushtiylik dinida olov, tuproq, suv va havo muqaddas hisoblanadi. Bunga olovning yorug‘lik, tuproq (yer)ning rizq-nasiba, suv va havoning esa hayot manbalari ekanligi asos qilib olingan. Ayni paytda, bu to‘rt unsur barcha borliqning asosi ekanligi uqtirilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |