Atmosferada suv bug‘i
Yuqorida sanab o‘tilgan atmosferadagi gazlarga, xususan, atmosferaning quyi qatlamlarida, doim gaz holatidagi suv, ya’ni suv bug‘i qo‘shiladi. Tarkibida suv bug‘i bo‘lgan atmosfera havosi nam havo deb ataladi. Uni quruq havo va suv bug‘ining mexanik aralashmasi deb qarash mumkin. Yer sirti yaqinida suv bug‘i nam havo hajmining o‘rtacha 0,2% dan (qutbiy kengliklarda) 2,5% gacha (ekvatorda) qismini tashkil etadi. Ba’zi hollarda suv bug‘ining miqdori 0% dan 4% gacha o‘zgarishi mumkin.
Suv bug‘i sayyoramizdagi fiziologik va atmosfera jarayonlarida nihoyatda katta rol o‘ynaydi.
Suv bug‘i atmosferaga suv va nam yer sirtlaridan bug‘lanish va o‘simliklardan transpiratsiya yo‘llari orqali uzluksiz kelib turadi. Yer sirtidan yuqoriga va bir joydan ikkinchi joyga havo oqimlari bilan tarqaladi.
Atmosferada to‘yinish holati yuzaga kelishi mumkin. Bu holatda havo ko‘rilayotgan haroratdagi maksimal mumkin bo‘lgan suv bug‘i miqdoriga ega bo‘ladi. Bunda suv bug‘i to‘yintiruvchi, nam havo esa to‘yingan deb ataladi.
To‘yingan holat odatda harorat pasayganida yuzaga keladi. To‘yinish yuzaga kelgandan so‘ng, haroratning pasayishi davom etsa, suv bug‘ining ortiqcha qismi yoki kondensatsiyalanadi yoki sublimatsiyalanadi, ya’ni suyuq yoki qattiq holatga o‘tadi. Natijada havoda tuman va bulutlarning suv tomchilari va muz kristallari paydo bo‘ladi. Bundan tashqari bulutlarning tomchilari va kristallari yiriklashib yog‘inlar ko‘rinishida yerga tushadi.
Shunday qilib, suv bug‘i Yer sirtidan bug‘lanish, suv bug‘ining tarqalishi, uning kondensatsiyasi (yoki sublimatsiyasi), bulutlar hosil bo‘lishi va yog‘inlar yog‘ishini o‘z ichiga oladigan tabiatdagi suvning umumiy aylanishida ishtirok etadi.
Bug‘lanish, kondensatsiya va yog‘inlar yog‘ishi jarayonlari Yer sharining turli joylarida turlicha va vaqt bo‘yicha notekis taqsimlanganligi uchun, Yer shari bo‘yicha atmosfera namligi, yog‘inlar va bulutlarning miqdori murakkab taqsimotga ega. Barcha sanab o‘tilgan jarayonlar ob-havoning eng muhim elementlari hisoblanadi. Bu kattaliklarning ko‘pyillik o‘rtacha qiymatlari ko‘rilayotgan joy iqlimining turg‘un xarakteristikasi bo‘ladi.
Suv bug‘ining Yer sirti va atmosferaning issiqlik sharoitlariga ta’siri nihoyatda katta. Suvning Yer sirtidan bug‘lanishida katta miqdordagi issiqlik sarflanadi. Yashirin holatdagi issiqlik havo oqimlari bilan bir necha ming kilometrli masofalarga ko‘chiriladi. Suv bug‘ining kondensatsiyasida bu yashirin issiqlik havoga qaytariladi.
Suv bug‘i Yer sirtining 4,5 dan 80 mkm to‘lqin uzunlikdagi infraqizil nurlanishining katta qismini yutadi. Faqat infraqizil nurlanishning 8,5 dan 11 mkm to‘lqin uzunlikdagi oralig‘ida atmosfera shaffof muhit hisoblanadi. Atmosferada suv bug‘ining o‘rtacha miqdorlarida nurlanishning 5,5 dan 7,0 mkm to‘lqin uzunlikli diapazonida radiatsiya deyarli to‘liq, qolgan to‘lqinlar radiatsiyasi esa – qisman yutiladi. O‘z navbatida, suv bug‘i ham infraqizil radiatsiyani nurlaydi va uning katta qismi yer sirtiga keladi. Bu yer sirtining tungi sovishini, va shu bilan birga, havo quyi qatlamlarining sovishini kamaytiradi. Shunday qilib, atmosferadagi issiqxona effektining asosiy sababchisi suv bug‘i hisoblanadi.
Bulutlar katta qaytaruvchanlik xususiyati (albedo)ga ega bo‘lib, yer sirtiga kelayotgan quyosh radiatsiyasini kamaytiradi. Bu jihatdan bulutlar ob-havoning shakllanishida sezilarli ahamiyatga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |