Bog'liq 22 to\'g\'ri tayyor Assidiyalar sinfi vakillarining tuzulishi, hayot kechirishi
I. Bob. Assidiyalar sinfi vakillari 1.1 Assidiyalar sinfi vakillarining tuzulishi Lichinka xordalilar juda sodda tuzilgan va har xil tarzda hayot kechiradigan dengiz hayvonlaridir. Voyaga etganlarining juda ko‘pchiligida nerv nayi va xordasini bo‘lmasligi bilan boshqa xordalilardan farq qildai. Lichinkalik davrida ularda aniq ko‘rinib turadi. Gavdasi tashqaridan maxsus parda – tunika bilan qoplangan. Tunika himoya ahamiyatiga ega bo‘lib, o‘troq yoki yarim o‘troq hayotga ko‘chish natijasida hosil bo‘lgan. Tunika kelib chiqishi jihatidan, teri epiteliysi va ular orasidagi mezenximatoz xujayralar ajratgan mahsulotdir. U o‘zining ximiyaviy tarkibiga ko‘ra o‘simlik sellyulozasiga yaqin turadi va shu moddaning hayvonot olamida ham borligini ko‘rsatadigan yagona misol hisoblanadi.
Pardalilarning hammasi germofraditdir. Bular jinsiy va jinssiz yo‘llar bilan ko‘payadi. YAkka – yakka yoki koloniya bo‘lib o‘troq hayot kechiradi; ba’zilari erkin suzib yashaydi. Ovqatlanishi o‘ta passiv, ya’ni suvni filtratsiya qilib oziqlanadi. Qon aylanish tizimi tutash emas.
Bu kenja tip uchta sinfga: assidiyalar (Ascidiae), salplar (Salpae), appendikulyariyalar (Appencliculariae)ga bo‘linadi.
Assidiyalar sinfi – Ascidiae.
Bu sinfga yakka-yakka va koloniya bo‘lib o‘troq holda hayot kechiruvchi pardalilar kiradi.
Tashqi ko‘rinishi. Voyaga etgan assidiya tashqi ko‘rinishidan qo‘sh og‘iz shisha bankaga o‘xshagan bo‘lib, ostki tomoni bilan suv tagidagi bironta narsaga yopishib oladi va qo‘zg‘almasdan hayot kechiradi. Uning ustki tomonidagi teshikka og‘iz sifoni, yon tomonidagi teshikka kloaka sifoni deyiladi. Gavdasi tashqi tomondan parda tunika bilan qoplangan. Tunika murakkab tuzilgan bo‘lib u yupqa va qattiq kutikula bilan qoplangan, kutikulaning tagida kletchatkasimon modda tunitsindan tashkil topgan,. ipsimon to‘r joylashadi. Tunikani epiteliy xujayralari ajratadi va odatda anorganik tuzlar bilan shimilgan bo‘lib, tarang va zich himoya qiluvchi qobiqqa aylanadi. Bu qobiqqa ayrim xujayralar va hatto qon tomirlari kirib turadi. Ba’zi bir assidiyalarning tunikasi yupqa, silliq yarimtiniq, bezsimon bo‘lsa, boshqa birlari – qalin va bo‘rtmali bo‘ladi. Ayrim turlarida tunika ektodermaga mahkam yopishib tursa, boshqalarida tunika faqat og‘iz va kloaka sifonlari atroflarida qo‘shiladi.
Tunikaning ostida teri epiteliysidan tuzilgan teri-muskul xaltasi yoki mantiya joylashadi. Sifonlar atrofida bu teshiklarni ochib yopuvchi maxsus halqasimon muskul bog‘lamlari joylashadi. Mantiy qavatining muskulaturasini qisqarishi va bo‘shashi natijasida og‘iz sifonining ichki devoridagi kiprikchalar tebranadi va buning oqibatida halqumga suv yutiladi.
Nerv tizimi. Voyaga etgan Assidiyaning markaziy nerv tizimi, og‘iz sifoni bilan kloaka sifoni o‘rtasida joylashgan kichikroq nerv tugunchasidan iborat. Bu tugunchaning ichki bo‘shlig‘i, ya’ni nevrotseli bo‘lmaydi va yaxlit nerv massasidan iborat. Voyaga etgan assidiyada, qamrag‘ichlarda boshqa sezuv organlari yo‘q.
Ovqat hazm qilish va nafas olish organlari. Og‘iz sifonining teshigi og‘izga ochiladi. Og‘izni bir necha qamrag‘ichlar o‘rab turadi. Og‘iz serbar xaltasimon halqumga ochiladi. Halqumning devorida bir qancha mayda-mayda jabra teshiklari – stigmalar joylashadi . Stigmalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri tashqariga ochilmasdan, atrial (jabra oldi) bo‘shliqqa ochiladi. Halqumning pastki tomonidan kalta qizilo‘ngach boshlanib, u kengaygan oshqozonga o‘tadi. Oshqozondan keyin ichak boshlanadi va ichak anal teshigi orqali atrial bo‘shliqqa ochiladi. Bu o‘z navbatida kloaka sifoniga ochiladi. Halqumning ichki tomonida, uning orqa tomoni bo‘ylab tornov (ariqcha) bor, bu novning ikki cheti yuqoriga ko‘tarilgan bo‘lib, ichi tebranuvchi kiprikchalar bilan qoplangan. Shu nov endostil deb ataladi. Endostil og‘iz teshigiga etmasdan turib halqum yon egatchasiga hamda halqumning elka tomonidan o‘tuvchi yelka plastinkalariga bo‘linadi. Endostilga cho‘kkan ovqat luqmalari endostilning kiprikli hujayralari yordamida yuqoriga halqum yon egatchasiga haydaladi. U yerdan yelka plastinka orqali qizio‘ngachga ochiladi. Halqum nafas olish organi ham bo‘lib xizmat qiladi.