Bog'liq 1 7-mavzu Hozirgi davrda jahon mamlakatlari t a’lim tizimi va p
SAT (Sxolastik aptityud test);
AKT (Amerikan kollej test) sinovlari.
SAT sinovlari murakkabroq boʻladi. Mashhur universitetlarga kirish uchun SAT sinovlarini topshirish shart boʻladi.
Bulardan tashqari murakkablashtirilgan sinov ham bor. Bu sinovni oliy maktablarga kirayotgan barcha talabalar ham topshirishlari shart emas. Mabodo biror talaba shu murakkablashtirilgan sinovlarni topshirib universitetga kirsa, u talabaga maxsus stipendiya beriladi. Amerikaning eng katta boyligi - bu aql. Aql bu mamlakatda qadrlanadi, aqlli talabalar alohida taqdirlanadi. Aqlli, a’lochi talabalar oʻquv yurtlarining faxri sanalgani sababli ham, ularga turli yoʻllar bilan yordam berish, stipendiyalar tayinlash orqali ularni oʻquv yurtlarida saqlashga harakat qiladilar. Oʻzi tanlagan sohada yutuqlarga erishayotgan talabalar roʻyxati har yili alohida kitobda nashr etilib turiladi. Bundan maqsad mazkur soha bilan qiziquvchi kompaniyalarning e’tiborini boʻlajak olimlarga qaratishdir.
Yuqorida sanab oʻtilgan sinovlarning natijalari va yuqori sinflarda barcha fanlardan olgan baholarining oʻrtacha miqdori talabani universitetga qabul qilish yoki qilmaslik uchun asos hisoblanadi. Amerika kollejlari ikki yillik va toʻrt yillik boʻladi. Ikki yillik kollejlarni bitirgan talaba oliy ta’lim pogʻonasidagi eng birlamchi darajaga ega boʻladi. Toʻrt yillik kollejlarni tugatgan talabalar bakalavr darajasini olib, oliy ma’lumotning birinchi pogʻonasiga erishadilar. Toʻrt yillik kollejlar bizning toʻrt yillik institut va ayrim universitetlarga mos keladi. Amerika universitetlari tarkibiga ikki va toʻrt yillik kollejlar, ilmiy-tadqiqot markazlari hamda ikkinchi bosqich oliy ma’lumot beruvchi oʻquv yurtlari kiradi.
Ikkinchi bosqich oliy ma’lumot beruvchi oʻquv yurtlari bizning aspiranturaga toʻgʻri keladi. Bu oʻquv yurtiga kirish uchun ikki fandan imtixon topshirilishi shart. Oʻqishni muvaffaqiyatli bitirgan talaba magistrlik darajasini oladi. Magistrlik ilmiy darajasini olgan talaba doktoranturaga kirishi mumkin. Amerikada doktoranturaga kirish uchun faqat mutaxassislikdan jiddiy imtixon topshiriladi. Imtixon komissiyasi tarkibida talabaning boʻlajak ilmiy rahbari ham ishtirok etadi. Oʻqishni muvaffaqiyatli bitirib, dissertatsiya yoqlagan talaba doktorlik ilmiy darajasini oladi. Ijtimoiy fanlardan doktorlik dissertatsiyasi yoqlagan talabalarning hammasiga “falsafa doktori” ilmiy unvoni beriladi. AQSH maktablari — oliy maktabgacha mana shunday bosqichlarga ega.