3.3. Asosiy vositalarning mavjudligi va saqlanishini tekshirish
Asosiy vositalar mavjudligi va saqlanishini auditorlik tekshiruvidan o‘tkazishdan maqsad buxgalteriya hisoboti moddalarining haqqoniyligini ta’minlashdan iborat.
Bunda auditor quyidagilarni tekshirishi lozim qiymati korxonada belgilab qo‘yilgan chegaradan past bo‘lgan obyektlar yoki qiymatidan qat’i nazar xizmat muddati 12 oydan kam bo‘lgan obyektlar asosiy vositalar qatoriga o‘tib qolmaganligi; korxonada asosiy vositalar inventar va xo‘jalik ashyolari qatoriga va aksincha o‘tkazilmaganligi; bunda shuni nazarda tutish zarurki, obyekt qiymatining chegarasi obyektni sotib olish (foydalanishga topshirish) sanasiga aniqlanadi. Asosiy vositalarni inventar va xo‘jalik ashyolari qatoriga asossiz o‘tkazish auditorlik tekshiruvi chog‘ida aniqlanadigan xatolardan biridir. Ko‘p hollarda bunday o‘tkazishning sababi korxonaning amortizatsiya hisoblash ishlarini kamaytirishga intilishi hisoblanadi.
Auditorlik tekshiruvi chog‘ida korxonaning asosiy vositalar obyektlariga mulkiy huquqining talab darajasida rasmiylashtirilganligini isbotlash zarur.
Auditorga asosiy vositalar obyektlarini yaratish, sotib olish, berish shartnomalari, zarur hollarda esa - qonunchilikka muvofiq oldi-sotdini ro‘yxatga olish guvohnomasi taqdim qilinadi.
Asosiy vositalarning to‘g‘ri baholanganligini aniqlash asosiy vositalar mavjudligi va harakatini tekshirish chog‘idagi muhim masalalardan biri hisoblanadi. Chunki mulk solig‘i bo‘yicha budjet bilan hisob-kitoblar, shuningdek, korxona faoliyatining moliyaviy natijalarini aks ettirish va hisobot tuzish shunga bog‘liq.
Auditor tekshiruv o‘tkazishda asosiy vositalarni hisobga qabul qilish uchun asos bo‘lgan dastlabki hujjatlarni (AV-1, AV-6 va boshqa shakllar) jalb qiladi.
Asosiy vositalarni baholashning to‘g‘riligini tekshirish yoppasiga (obyektlar soni unchalik katta bo‘lmaganda) yoki tanlab o‘tkaziladi.
Asosiy vositalarni baholash va dastlabki qiymatini aniqlash amaldagi qoidalarga muvofiq amalga oshiriladi hamda asosiy vositalar obyektlarini sotib olish usuliga bog‘liq.
Auditor O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksiga muvofiq asosiy vositalar oldi-sotdi shartnomalarining mavjudligi va rasmiylashtirilishini, ayrim xarajatlarni asosiy vositalar qiymatiga qo‘shishning qonuniyligini; tugallangan qurilish obyektlari inventar qiymatining to‘g‘ri aniqlanganligi; qo‘shimcha qurilganidan va qo‘shimcha jihozlanganidan, qayta jihozlanganidan, zamonaviylashtirilganidan yoki qisman tugatilganidan so‘ng obyekt qiymati to‘g‘ri aniqlanganligini tekshiradi.
Bunda auditor №21 BHMS ga muvofiq kiritilgan o‘zgartishlarga alohida e’tibor qaratishi zarur. Xususan, asosiy vositalarni sotib olish va qurish bilan bog‘liq, ammo belgilangan tartibga ko‘ra asosiy vositalarning dastlabki qiymatiga qo‘shilmaydigan xarajatlar 2002-yil 1-yanvardan obyektlarning dastlabki qiymatiga qo‘shilmasdan, 9439 schyot debetiga olib borilganligiga e’tibor berishi kerak.
Auditor baholarni kelishish bayonnomasi va ta’sis hujjatlarida asosiy vositalar baholanishining aks ettirilishi; boshqa xarajatlarni asosiy vositalar dastlabki qiymatiga qo‘shishning qonuniyligi; bozor baholarini qo‘llashning ishonchliligini tekshiradi.
Asosiy vositalar bozor bahosini aniqlash uchun aynan shularga o‘xshash mahsulotlar baholari to‘g‘risida tayyorlovchi – tashkilotlarning yozma ravishda bergan ma’lumotlaridan; ommaviy axborot vositalari va maxsus adabiyotlarda e’lon qilingan baholar to‘g‘risidagi ma’lumotlardan; ayrim asosiy vositalar obyektlarining qiymati to‘g‘risida ekspert xulosalaridan foydalanish mumkin. Bunday asosiy vositalarni tashib keltirish bo‘yicha korxona tomonidan qilingan xarajatlar ham obyekt qiymatiga qo‘shiladi.
Chet el valutalari hisobiga sotib olingan asosiy vositalarni baholash chet el valutasini O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan, asosiy vositalar obyektini sotib olish sanasiga amal qilayotgan valuta kursi bo‘yicha so‘mga hisoblab o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Auditor kontrakt shartlariga muvofiq mulkka egalik huquqining o‘tish vaqti to‘g‘ri aniqlanganligi; asosiy vositalarni sotib olish bilan bog‘liq bojxona to‘lovlari va boshqa chiqimlarning sotib olingan asosiy vositalar qiymatiga qo‘shilganligini tekshirishi lozim.
Auditor asosiy vositalarni baholashning to‘g‘riligini tekshirish chog‘ida asosiy vositalar dastlabki qiymatining o‘zgarish hollari bo‘lganligiga, qanday sabablar (qo‘shimcha qurish, qo‘shimcha jihozlash, qayta jihozlash, qisman tugatish) o‘zgarishga olib kelganligiga, kapital qo‘yilmalarga doir xarajatlar 0810, 0820, 0840, 0850, 0860 va 0890-schyotlarda aks ettirilganligiga e’tibor qaratishi lozim.
So‘nggi yillarda asosiy vositalarni qayta baholashni tekshirish muhim ahamiyat kasb etmoqda. 21-BHMSga muvofiq korxonalarda asosiy vositalar obyektlarini qayta baholash summalari 8530–«Mulklarni qayta baholash bo‘yicha tuzatishlar» schyotida aks ettiriladi. Bunday tekshiruv qayta baholash natijalari rasmiylashtirilgan hujjatlar asosida amalga oshiriladi.
Bunda auditor quyidagilarni tekshirishi lozim: barcha asosiy vositalar to‘lig‘iga yoki ularning bir qismi qayta baholanganligi; asosiy vositalar tarkibida hisobda turgan yer uchastkalari va tabiiy foydalanish obyektlari qayta baholanganligi; qayta baholash qanday usullar yordamida o‘tkazilganligi (indeksatsiya qilish yoki hujjat bilan tasdiqlangan bozor baholari bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri hisoblab o‘tkazilishi va h. k.); bozor baholarini tasdiqlaydigan hujjatlarning mavjudligi; hisob-kitoblar to‘g‘riligini tanlab tekshirish; qayta baholashdan so‘ng eskirganlik darajasi o‘zgarganligi, qayta baholash natijalarining inventar kartochkalarida aks ettirilganligi, qayta baholash natijalarining buxgalteriya hisobi schyotlarida to‘g‘ri aks ettirilganligi, qayta baholash natijalarining hisobot tuzishda hisobga olinganligi va shu kabilar.
Asosiy vositalar mavjudligini tekshirish uchun analitik hisobni tashkil etish o‘rganiladi (bu haqda keyingi mavzuda batafsil ma’lumot beriladi). Shuningdek, auditor asosiy vositalar qanday saqlanayotganligini va ularni inventarizatsiya qilish natijalarini ham tekshirishi lozim.
Asosiy vositalarni inventarizatsiya qilishni tekshirishda auditor dastlabki hujjatlar - iventarizatsiya ro‘yxatlari (inv-1, inv-10, inv-18-shakllar), inventarizatsiya komissiyasi majlis bayonnomalarini, inventarizatsiya natijalari bo‘yicha korxona rahbariyatining qarorini o‘rganadi.
Inventarizatsiya materiallarini tekshirish auditorga auditorlik risklari va auditorlik amallarini tuzatish uchun, ichki nazorat natijalariga qanchalik tayanish mumkinligiga ishonch hosil qilishi uchun zarur.
Bunda u inventarizatsiya o‘tkazishda №19 – «Inventarizatsiyani tashkil etish va o‘tkazish» nomli BHMS umumiy qoidalariga, xususan 24-29 bandlariga rioya qilinganligini aniqlaydi. Shu bilan birga auditor inventarizatsiya natijasida oshiqcha va kam chiqqan asosiy vositalarni buxgalteriya hisobi schyotlarida aks ettirilishi va soliqqa tortilishining to‘g‘riligini ham tekshiradi. Bunda auditor O‘zbekiston Respublika Adliya vazirligi tomonidan 2001-yil 23-iyunda 1054-raqam bilan ro‘yxatga olingan «Inventarizatsiyada aniqlangan mulklar kamomadi va oshiqcha chiqishini buxgalteriya hisobida aks ettirish va soliqqa tortish to‘g‘risidagi qaror»ga rioya qilinganini tekshiradi.
Ushbu hujjatga muvofiq inventarizatsiyada aniqlangan asosiy vositalar kamomadi buxgalteriya hisobida quyidagi tartibda aks ettiriladi:
a) kam chiqqan asosiy vositalar obyektining dastlabki (tiklash) qiymatini hisobdan o‘chirishda
Debet 9210-«Asosiy vositalarning chiqimi» schyoti
Kredit 0100-«Asosiy vositalarni hisobga oladigan schyotlar» (0110-0199) b) kam chiqqan asosiy vositalar obyekti bo‘yicha hisoblangan amortizatsiya summasini hisobdan o‘chirish.
Debet 0200-«Asosiy vositalar eskirishini hisobga oladigan schyotlar» (0211-0299).
Kredit 9210-«Asosiy vositalarning chiqimi» schyoti
v) kam chiqqan asosiy vositalar obyektining qoldiq qiymatiga
Debet 9430-«Boshqa operatsion xarajatlar» schyoti
Kredit 9210-«Asosiy vositalarning sotilish va turli chiqimi» schyoti
Agar baholash natijasida obyektning bozor qiymati (undiriladigan summa) kam chiqqan obyekt qoldiq qiymatidan yuqori bo‘lsa, olingan daromad summasi buxgalteriya hisobida quyidagicha aks ettiriladi:
Debet 4730 –«Moddiy zararni qoplash bo‘yicha xodimlarning qarzlari» schyoti aybdor yoki moddiy javobgar shaxsdan undirilishi lozim
Kredit 9430 – «Boshqa operatsion xarajatlar» schyoti aybdor yoki moddiy javobgar shaxsdan undirilishi lozim
Kredit 9310 – «Asosiy vositalarning chiqimidan olingan foyda» schyoti aybdor shaxs yoki moddiy javobgar shaxsdan undirilishi lozim bo‘lgan bozor qiymati va qoldiq qiymati o‘rtasidagi farq summaga (olingan daromad)
Olingan daromad summasi umumiy belgilangan tartibda soliqqa tortiladi.
Agar baholash natijasida obyektning bozor bahosi (undiriladigan summa) kam chiqqan obyektning qoldiq qiymatidan past bo‘lsa, ko‘rilgan zarar summasi buxgalteriya hisobida quyidagicha aks ettiriladi:
a) debet 4730-«Moddiy zararni qoplash bo‘yicha xodimlarning qarzlari» schyoti aybdor yoki moddiy javobgar shaxsdan undirilishi lozim bo‘lgan bozor qiymatiga.
Debet 9430-«Boshqa operatsion xarajatlar» schyoti tegishli analitik schyoti – aybdor yoki moddiy javobgar shaxsdan undirilishi lozim bo‘lgan bozor qiymati va qoldiq qiymati o‘rtasidagi farq summaga (ko‘rilgan zarar summasiga)
Kredit 9430 – «Boshqa operatsion xarajatlar» schyotining «Moddiy boyliklarning kamomadi va buzulishi bo‘yicha zararlar» analitik schyoti kam chiqqan asosiy vosita obyektining qoldiq qiymatiga.
Ko‘rilgan zarar summasi daromad (foyda) solig‘ini hisoblashda umumiy belgilangan tartibda soliqqa tortiladigan bazaga qo‘shiladi.
Kamomadning aniq aybdor topilmagan yoki moddiy javobgar shaxslardan undirib olish imkoni bo‘lmagan hollarda kam chiqqan asosiy vositalarni hisobdan o‘chirish quyidagi tartibda amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |