mo‘ljallangan asbob-uskunalari va yaxshi jihozlangan laboratoriyalari
Eynshteyn uchun ideal sharoitlarni taqdim etgan.
Bern patent idorasida doimiy ish o‘rniga va barqaror moliyaviy ta'minot
manbasiga ega bo‘lgan Albert Eynshteyn uylanishga qaror qiladi. Uning
tanlovi - asli Xorvatiyalik bo‘lgan Mileva Marich ismli qiz edi. Ota-onasining,
ayniqsa onasi Paulina Koxning jiddiy qarshiligiga qaramay, Albert va Mileva
turmush qurishadi va Berndagi ko‘pqavatli uylardan biridan ijaraga xonadon
topib, yashay boshlashadi. 1904-yilning may oyida Albert va Milevaning
oilasida to‘ng‘ich o‘g‘il farzand - Gans-Albert dunyoga kelgan.
Mileva Marich ham Syurix Politexnikumi bitiruvchisi bo‘lib, uning
Eynshteynning ilmiy ishlarida yaqindan yordam bera oladigan, ajoyib
mantiqiy fikrlash qobiliyati bo‘lgan. Eynshteynlar oilasini yaqindan tanigan
ko‘pchilik olimlar shuni ta'kidlashganki, Mileva ham aqliy salohiyat bobida
Albertdan hecham qolishmaydigan, yetuk fizik bo‘lgan. Albert va Mileva
oilada ham, ilmiy izlanishlarda ham bir-birlarini to‘ldiradigan, bir butunning
ikki bo‘lagi kabi bo‘lishgan. Eynshteynning ko‘plab g‘oyalarida Mileva
Marichning ham salmoqli ulushi bo‘lgan albatta. Biroq, Mileva Marich
ko‘pincha farzand tarbiyasi bilan mashg‘ul bo‘lgani, qolaversa, ilmiy
izlanishlarni oila nomidan Albertning o‘zi e'lon qilishi yetarli bo‘ladi deb
hisoblagani uchun, aksar hollarda panada qolishni ma'qul ko‘rgan.
Albert o‘zi esa, ko‘pincha o‘zining tashqi ko‘rinishiga deyarli e'tibor
bermaydigan, odatda juda jo‘n kiyinadigan, sochi to‘zg‘igan holda yuruvchi
odam bo‘lgan. U oddiylikni yoqtirardi. Lekin bu borada ba'zan me'yordan
chiqib ketardi. Kunlardan bir kun, tanishlaridan biri unga "nega yuvinish va
soqol olish uchun boshqa-boshqa sovun ishlatmasdan, har ikkalasi uchun
bitta sovun bo‘lagidan foydalanasiz?" - deb savol berib qoladi. Bunga
javoban Eynshteyn - "Ikkita sovun men uchun juda murakkablik qiladi" -
degan ekan. Eynshteyn o‘zini-o‘zi "lo‘li", yoki, "darvesh" deb atardi va bundan
uyalmasdi.
Eynshteyn 1904 yilda issiqlikning molekulyar nazariyasi va statistik
mexanikaga bag‘ishlangan ikkita maqolasini "Fizika solnomalari"ga
yubordi. Ushbu maqolalar 1905 yil boshida bosilib chiqqan. Keyinchalik, XX
asrning eng mashhur fiziklaridan bo‘lmish Lui de Broyl ta'kidlaganidek,
Eynshteynning mazkur ikki maqolasi tun qo‘ynida kuchli yorug‘lik paydo
qiluvchi mash'ala misol fizika fanini charog‘on qilib yuborgan edi.
Mazkur maqolalar nafaqat Yevropa, balki butun dunyo ilm-fanida katta
shov-shuvga sabab bo‘lgan. Aynan o‘sha maqolalardan keyin Albert
Eynshteyn, biz tanigan fizik daho timsoliga kirib borgan edi. Ushbu
maqolalarda yoritilgan eng muhim masalalar shundan iborat ediki, ularda
olim Broun harakatining mohiyatini yangi nuqtai nazardan bayon qilib,
berilgan hajm birligidagi molekulalar sonini hisoblash bo‘yicha amaliy
takliflarni kiritgan. Ushbu takliflar asosida ilmiy izlanish olib borgan fransuz
olimi Jan Perren, ko‘p o‘tmay Eynshteynning haq ekanini isbotlagan.
Perrenning o‘sha ishlari uchun unga Nobel mukofoti topshirilgan edi.
Shuningdek, o‘sha maqolalarda Eynshteyn, ba'zi metallarning elektromagnit
nurlanishlar ta'sirida o‘zidan elektronlar chiqarishi hodisasini tushuntirib
bergan. Fizika fotoeffekt hodisasi deb nom olgan ushbu jarayon bo‘yicha
yana shuningdek farang olimi Filipp Delinar va olmon olimi Maks Planklar
ham izlanish olib borishayotgan edi.
Do'stlaringiz bilan baham: