1.Asosiy fondlar
Asosiy fondlar — ishlab chiqarilgan aktivlar bo'lib, ular uzoq vaqt davomida (bir yildan kam emas) tovarlar ishlab chiqarish yoki bozor va nobozor xizmatlar ko'rsatish uchun xizmat qiladilar.
1996-yildan boshlab asosiy fondlarni natural formasi va bajarayotgan funksiyalariga qarab quyidagicha tasniflanadi: binolar (yasholmaydigan), yashaydigan binolar, inshootlar, mashina va uskunalar, transport vositalari, ishlab chiqarish va xo'jalik ashyolari, ishchi mollar, mahsuldor mollar, ko'p yil lik o'simliklar, asosiy fondlarning boshqa turlari. Asosiy fondlarni bunday tasniflash asoslangan amortizatsiya me’yorlarini belgilashda, tarkibini va ulardan oqilona foydalanishni o'rganishda qo'llaniladi.
Asosiy fondlar tarkibiga yerlarni yaxshilash (melioratsiya, quritish, irrigatsion va boshqa ishlar) uchun qilingan kapital xarajatlar va yerga egalik qilish huquqini o'tkazish bilan bog'liq bo'lgan xizmatlar (advokatlar, ko'chmas mulk bilan shug‘ullanuvchi agentlar va boshqa vositalar xizmatiga to'lovlar, to'langan soliqlar va yig'imlar va boshqa tashkiliy xarajatlar) bilan bog’liq bo'lgan xarajatlar ham kiradi.
Asosiy fondlar tarkibini o'rganish maqsadida ularni quyidagi belgilari bo'yicha guruhlarga ajratiladi:
— iqtisodiyot tarmoqlari bo'yicha —tovarlar ishlab chiqaruvchi tarmoqlar (shu jumladan, sanoat. qishloq xo'jaligi, qurilish va h.k. tarmoqlar) asosiy fondlari, xizmat ko'rsatuvchi tarmoqlar (shu jumladan, transport, aloqa, savdo) asosiy fondlari;
— mulk formasi bo‘yicha — davlat mulkida bo'lgan, xususiy mulkda bo'lgan asosiy fondlar;
— ishlab chiqarish jarayonida qatnashishi darajasiga qarab —. bevosita mahsulot ishlab chiqarish va xizmat ko'rsatish jarayonida qatnashuvchi asosiy fondlar va harakatda bo'lmagan asosiy fondlar, shu jumladan, zaxirada, konservatsiyada, ta’mirlashda, rekonstruksiyada bo'lganlar;
— kimga qarashli ekanligiga qarab — xususiy va ijaraga qo'yilgan asosiy fondlar;
— hududlar bo‘yicha joylashishiga qarab — tumanlar, shaharlar, viloyatlar va respublika asosiy fondlari.
Bevosita mahsulot ishlab chiqarish va xizmat ko'rsatish jarayonida ishtirok etuvchi asosiy fondlarni bajarayotgan funksiyasiga qarab aktiv va passiv guruhlarga ajratish mumkin.
Ishlab chiqarish fondlari asosiy va aylanma ishlab chiqarish fondlariga bo‘linadi. Ular o‘rtasidagi farq quyidagilardan iboratdir:
— asosiy fondlar ko‘p ishlab chiqarish sikllarida qatnashib, o‘z qiymatini qismlab, asta-sekin yangidan tayyorlanayotgan mahsulotga o‘tkazib boradi; aylanma fondlari esa bitta ishlab chiqarish jarayonida qatnashib, o‘z qiymatini to‘liqligicha yangidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotga o‘tkaziladi;
— aylanma fondlari bevosita ishlab chiqarish jarayonida bo‘lsa, asosiy fondlar shunday bo'lishi ham, bo‘lmasligi ham mumkin;
— asosiy fondlar buyum shaklida tayyor mahsulotga qo‘shilmaydi, aylanma fondlari esa qo‘shiladi va tayyor mahsulotning o‘zagini tashkil etadi;
— asosiy fondlar tarkibiga xizmat qilish muddati bir yildan ortiq va qiymati 15 ta minimal ish haqqidan ortiq bo'lgan fondlar kiradi. Asosiy fondlar ishlab chiqarishning moddiy asosini tashkil qiladi. Ularning qiymati va tarkibi korxona faoliyatining sifat va miqdor ko'rsatkichlariga kuchli ta’sir ko’rsatadi.
Statistikada asosiy fondlarning hajmini o‘rganishda natural va qiymat ko‘rsatkichlaridan foydalaniladi. Asosiy fondlarni qiymat ko‘rinishda baholashda quyidagi qiymat turlari qo'llaniladi:
—to'la boshlang‘ich qiymati;
—to'la tiklash qiymati;
— eskirishni hisobga olgan holdagi boshlang'ich (tiklash)
qiymati;
—balansdagi qiymati;
—bozor qiymati;
—yo‘qotishdagi qiymati.
Do'stlaringiz bilan baham: |