O‘zbekiston Respublikasining ma'muriy-hududiy tuzilishi sohasidagi asosiy prinsiplar quyidagilardan iborat:
O‘zbekiston Respublikasi hududining yaxlitligi va bo‘linmasligi;
qonuniylik;
ma'muriy-hududiy birliklardagi davlat boshqaruvining samaradorligi;
ma'muriy-hududiy birliklarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirilishi.
O‘zbekiston Respublikasi viloyatlar, tumanlar, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar, ovullardan, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasidan iborat.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlar, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar va ovullardan iborat. Viloyatlar tumanlardan, shuningdek viloyat va tuman bo‘ysunuvidagi shaharlardan, shaharchalar, qishloqlar hamda ovullardan iborat. Viloyat bo‘ysunuvidagi shaharlar doirasida ham tumanlar tashkil qilinishi mumkin.
Viloyatlarning ma'muriy-hududiy chegaralari doirasida respublika bo‘ysunuvidagi shaharlar bo‘lishi mumkin. Toshkent shahri tumanlardan iborat. Ma'muriy-hududiy tuzilish masalalari bo‘yicha komissiyalar ma'muriy-hududiy tuzilish masalalari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining takliflarini hamda viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar (Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlari va shaharlari) hokimlarining iltimosnomalarini ko‘rib chiqish hamda davlat ekspertizasidan o‘tkazish maqsadida tashkil etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tashkil etiladigan komissiya tarkibiga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi rahbarlari kiritiladi. Ko‘rib chiqiladigan masalalar mazmuniga qarab, komissiyalar tarkibiga davlat hokimiyati organlarining, davlat boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslari, shuningdek fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari ham kiritilishi mumkin. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar (Qoraqalpog‘iston Respublikasi tumanlari va shaharlari) hokimlari tomonidan tashkil etiladigan komissiyalar tarkibiga ko‘rib chiqiladigan masalalar mazmuniga qarab, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari tegishli hududiy bo‘linmalarining mansabdor shaxslari, shuningdek fuqarolik jamiyati institutlarining vakillari kiritilishi mumkin.
Komissiyalarning ishlash va ularning faoliyatini tugatish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Viloyatlarni tuzish va tugatish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taklifiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |