Kurs ishining obe’kti. Jurnalistika sohasiga oid manbalar, ma’lumotlar va adabiyotlar, tashkilot va shaxslar
Kurs ishining predmeti. Sohaga oid qabul qilingan me’yoriy hujjatlar va hozirgi kundagi jarayonlar, voqea-hodisalar, metodlar.
Kurs ishining tuzilishi. Mazkur kurs ishi kirish, asoiy qism (4 ta paragraf), xulosa va dabiyotlar ro’yxatidan iborat.
ASOSIY QISM
JURNALISTIKANING TA’RIXIY ILDIZLARI
Bugun taraqqiyot pillapoyasidan ildamlab borayotgan yurtimizning har jabhasi paydar-pay qalamga olinsa, o‘nlab boburnomalar, yuzlab sayohatnomalar yaratishga arzigulik manbalar mavjud. Masalan, mustaqillik sharofati bilan aholisining turmush tarzi tubdan farovonlashgan Samarqand‚ Andijon, Farg‘ona, Namangan, Urganch kabi shaharlar, butunlay qiyofasi yangilanayotgan azim Shahrisabz yoki boshqa shahar va qishloqlardagi bunyodkorlik ishlarining o‘zi bir olam mavzu.
Vodiyga temir yo‘l o‘tkazish uchun tog‘ bag‘rini o‘yayotgan Farhodlar jasorati, mashaqqatli mehnatini zalvorli asarlardagina aks ettirish mumkin. Jahon arenalarida yurtimiz bayrog‘ini hilpiratayotgan sportchilarni ko‘rganda yurak hapqirib, qalamingiz o‘ynoqlab ketadi. Asakada, Urganchda, Samarqandda ishlab chiqarilayotgan turli rusumdagi avtomobillar, avtobuslar g‘izillab el xizmatida yursa, “MAN” korxonasining mahobatli yuk mashinalari og‘iringizni yengil qilsa, shuning o‘zi mahobatli asar bitgulik voqea emasmi? Namanganda tikilgan bejirim kostyum-shimlarda yursangu Sho‘rtangaz va boshqa yangi gaz konlari taftidan iligan “Kamolot” uylarida yashasang, qishning o‘rtasida o‘zimizning bog‘larda yetilib pishgan sarxil mevalarni yeya turib “shularning bari o‘zimizniki …” deya yengil tin olsangl O‘shanda bularning hech biri o‘z-o‘zidan bunyod bo‘lib qolmaganini, uning zamirida, ulkan mehnat, ilmiy salohiyat turganini his etasan. Bosma nashrlarda chop etilayotgan xabarlar, yangiliklar vodiyga temir yo‘l o‘tkazilayotganini ayon qilib bu voqea tarix zarvaraqlarida jahonshumul voqelik sifatida o‘rin ham egallagandir. Ammo uning tag zamirida xal-qimiz shijoati turganini kichkina xabar-yangiliklarda ko‘rsatib bo‘lmaydi. Yurtimiz jamoli, xalqimizning chehrasiga qarab chin publitsistika yozish davri keldi, deysan beixtiyor. Ammo bunday asarlar salmog‘i qay darajada, degan savol ham tug‘iladi. To‘g‘ri, ba’zi ijodkorlarimiz asarlarini bugungi ijtimoiy hayotimizning so‘zlardagi aksi, publitsistikamiz poydevoriga g‘isht qo‘yish deyishimiz mumkin. Lekin jadallashgan zamonamiz, o‘zgarishlarga boy hayotimiz haqida bular dengizdan tomchi bo‘la oladi, xolos. Masalan, Sirojiddin Sayyidning “Samarqandda hushim qoldi” ocherki shahardagi o‘zgarishlar yangi qurilgan inshootlar va Samarqand aholisi haqida so‘zlab o‘quvchi qalbiga viloyat xalqi hayoti haqidagi tushunchani singdiradi. “Afrosiyob xayoli” bo‘limida mamlakatimizda birinchi tez yurar “Afrosiyob” poezdi haqida so‘z boradi. Uni jahonshumul voqea to‘g‘risidagi badiiy, tasviriy manba sifatida tilga olishimiz mumkin. “Oqdaryoga boqdaryo”, “Afrosiyob ovrosiyo” kabi so‘z o‘yinlari yo‘l ocherkidagi badiiylik, xalqchillik o‘quvchini mahliyo qilib qo‘yadi. Yoki Rustam Musurmoning Eski jo‘va mavzesi “Chorsu” bozoridagi bunyodkorliklar tavsiflangan ocherki hech kimni e’tiborsiz qoldirmaydi. To‘lan Nizomning janubiy viloyatlarga o‘tkazilgan temir yo‘l haqidagi “Temir yo‘l” dostoni o‘sha yo‘ldan borayotgan poezd vagonlarida bir kun qo‘lma-qo‘l bo‘lar, deb o‘ylaysan. Zamon shitobiga nazar solar ekansan, chinakam publitsistikaning davri kelganiga amin bo‘lasan. “Xo‘sh chinakam publitsistika o‘zi nima? Uning vazifasi nimalardan iborat? Chinakam publitsistik asarlar yaratish qiyinmi?” degan savollar qarshisida xayol surib qolasan kishi. Shunday ekan, kelajak avlodlarning bunday maqolalarni kuzatib adabiy muhitni to‘g‘ri baholash va ularning rivojida nimalarga e’tibor qaratish kerakligini tushunib xulosalar chiqarishini hisobga olib, matbuotda tahliliy materiallarga ko‘proq o‘rin berish davr talabi ekanini anglaysan.
Publitsistika (lot: “ijtimoiy”) lug‘aviy ma’nosidan ham ko‘rinib turibdiki, davrning ijtimoiy, siyosiy va boshqa dolzarb masalalariga bag‘ishlangan adabiy ijod turidir. Unda publitsist biron bir voqea yoki mavjud muammo yuzasidan aniq fikrini aytadi. O‘z uslubida mahoratini ishga solib, mushtariylarning hissiyotiga ta’sir etadi, yoki ongini qitiqlab, mavzu borasida bosh qotirishga chorlaydi. Uning asosiy vazifasi ijtimoiy hayotimizdagi voqea-hodisalarga nisbatan jamoatchilikda fikr uyg‘otish tasavvurni yuzaga chiqarishdir. Bir qaraganda publitsistika taroziga ham o‘xshaydi — uning bir pallasida badiiy adabiyot ikkinchisida jurnalistika turadi. Badiiy publitsistik janrlar — ocherk, esse, feleton pamfletlarda badiiy adabiyot unsurlari ko‘zga tashlanadi. Ularda Obrazlilikka asoslanib, o‘xshatish, mubolag‘a, sifatlash kabi badiiy vositalardan foydalaniladi. Tahliliy maqola, siyosiy sharhlarda fakt, dalil, tahlil kabi jurnalistik nuqtai nazar ko‘proq namoyon bo‘ladi. Ammo ikki holatda ham badiiy adabiyot yoki jurnalistik qarashlardan butunlay yiroqlashilmaydi, ana shu jihati bilan bunday ijod namunalarini adabiyot va jurnalistikani bog‘lab turuvchi oltin ko‘prikka qiyoslashadi.
Milliy matbuotimizdagi publitsistikaning tarixiy ildizlariga nazar soladigan bo‘lsak, ko‘pchilik tadqiqotchilar mavzuni taniqli jurnalist Ziyo Said “O‘zbek vaqtli matbuoti tarixi”ga materiallar” asarida o‘zbek matbuoti tarixi “Turkiston viloyatining gazeti” nashr etilgan vaqtdan boshlanadi, degan fikriga asoslanib to‘n bichadi. Ammo xalqimiz madaniyati tarixida bugungi til bilan atalgan — publitsistika, uni ro‘yobga chiqarish vositalari matbuot yaratilishidan ancha ilgari paydo bo‘lganligiga e’tibor qaratish kerak. Turkiy xalqlar yodgorligi “Qobusnoma”, Nizomiy Aruziy Samarqandiyning “Nodir hikoyatlar” asarlarining mantiqiy tafakkur usuli ijtimoiy, axloqiy pafosi va boshqa xususiyatlari jihatidan o‘zbek publitsistikasining nodir namunalaridir. Bundan tashqari, ko‘pgina tarixiy asarlarda ham publitsistik unsurlarni ko‘rishimiz mumkin. Masalan, Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois”, “Munshaot”, “Mahbub ul-qulub” asarlarini shular qatorida sanaymiz. Yoki Sayid Hasan Ardasher, Abdurahmon Jomiy, Pahlavon Mahmud, Husayn Boyqaro va boshqalar to‘g‘risidagi xotiralari aynan portret ocherki janri xususiyatlariga mos bo‘lib, nafaqat, ularning ijodi, faoliyati, balki xarakteristikasi to‘g‘risida ma’lumot beradi. “Boburnoma” asarida esa badiiy publitsistikaning safarnoma, portret, reportaj va boshqa janrlariga xos bo‘limlarni ko‘ramiz. Samarqand, Andijon tasvirlari o‘sha davrdagi shahar qiyofasini yaratadi, xalqining hayotini ko‘z o‘ngimizga keltiradi. XIX—XX asr boshlarida yozilgan Muqimiyning “Sayohatnoma”si yo‘l ocherkiga xos namuna. Yaypan, Do‘rmoncha,
Oltiariq kabi vodiyning qishloqlari ta’rifini o‘ynoqi satrlar bilan aholisi ruhini shuurimizga joylaydi. XX asr boshlarida “Taraqqiy”, “Oina”, “Xurshid” kabi gazeta jurnallarda chop etilgan Fitrat, Behbudiy, Abdulla Avloniy kabi jadidlar ijodida publitsistik janrlarda yozilgan asarlar ko‘plab uchraydi.
Biroz bo‘lsa-da, tarixga murojaat qilganimizning boisi shuki, biz o‘sha davrdagi ijtimoiy voqelik haqida fikr yuritganimizda, avvalo o‘sha asarlarda keltirilgan manbaalarga asoslanamiz. Sohani yaxshi bilgan ustozlar, xususan, jurnalistika sohasida o‘zining ilmiy qarashlari bilan nom qozongan Ochil Tog‘aev ta’rificha publitsistik asarlarning asosiy vazifasi o‘sha davr ijtimoiy hayotidagi voqeliklar, muammolar, kamchiliklar to‘g‘risida jamoatchilik fikrini uyg‘otish, ularni maqsadli yo‘naltirish, deya ta’kidlaganlar. Shu fikrga qo‘shimcha qilib bunday maqolalar ijtimoiy hayotimiz haqida kelajak avlod uchun eng yaxshi tarixiy manba hamdir deyish mumkin.
Demakki, mana shunday publitsistik asarlargina bugungi kundagi ijtimoiy hayotimiz, siyosiy-iqtisodiy ahvolimiz haqida avlodlarga to‘laqonli tushuncha berishi mumkin.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, keng qamrovli ilm, fan-texnika yutuqlari, obodonchilik, ta’lim, iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy tizimdagi o‘zgarishlarni o‘zida aks ettirgan badiiy, tahliliy, publitsistik maqolalar ko‘proq berilsa, bundan OAV obro‘si ham, saviyasi ham ortgan bo‘lardi.
Jurnalistikani baland-past tog‘ tizmalariga, publitsistikani eng baland cho‘qqiga qiyoslashadi. Shunday ekan, nafaqat bugungi hayotimizda kelajakda ham bunday maqolalar o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydi. Bir kun kelib orqaga nazar tashlaydigan bo‘lsak, chuvalashib qolgan o‘rgimchak to‘ri yoki zamondan olislab ketgan zangori ekran emas, garchi yillar shamoli sarg‘aytirgan bo‘lsa-da, davrning tafti sezilib turgan matbuotning sahifalarigina ko‘zga tashlanadi. Ularda aks etgan publitsistik asarlar bugungi ijtimoiy hayotimiz, erishilgan yutuqlar, yuzaga chiqqan kamchiliklar, xalqimiz ruhi, mamlakatimiz shukuhi to‘g‘risida kelajak avlodlarga so‘zlab beradi. Shu sababli, xalq dardi, quvonchi, o‘y-fikrlarini ifoda etgan asarlar yozish chin ijodkorning jamiyat va kelajak oldidagi burchi, vazifasidir. Zero, “chin asarlar makon va zamon tanlamaydi”.
Jamiyat kommunikatsiya ekanligini e’tirof etarkanmiz, insoniyat tarixini ma’lum ma’noda ommaviy kommunikatsiyalar tarixi deb ta’riflashga ham haqlimiz1. Odamning inson sifatida shakllanishiga sabab bo‘lgan omillar ichida birinchi o‘rinda ommaviy muloqotni, faqat undan keyingina boshqa shartlarni, jumladan, mehnatni keltirsak, to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki, odamlar ibtidoiy davrlarning o‘rmonlarida mevalardan oziqlanib yurgan vaqtlarida hali mehnat bilan shug‘ullanishga uncha o‘rganmagan edi. Lekin o‘sha paytlarda ham ular tomonidan ommaviy muloqot yordamida hayotiy amaliyot va kundalik ehtiyojlar amalga oshirilib kelingan. Ushbu fikrni bir qator dalillar ham tasdiqlaydi. Masalan, Harvard universiteti qoshidagi arxeologiya va etnologiya muzeyining xodimi, «Tamaddun ildizlari» («Korni tsivilizatsii») kitobi muallifi Aleksandr Marshak o‘zining «Muz davridagi insonning san’ati va ramzlari» deb nomlangan maqolasida bunday ma’lumotlardan ko‘pini keltirgan2.
Darsligimiz ikki yirik qismdan tashkil topib, jurnalistika tarixiga bag‘ishlangan. Biz, dastavval, uning ilk qismida, qadimgi davrlar va o‘rta asrlardagi ommaviy kommunikatsiyalar tarixi bayonini berdik. Chunki, birinchidan, o‘sha davrlarda shakllanib yetilgan ommaviy muloqotlar tizimisiz keyinchalik kashf qilingan matbuotning bosma usullari paydo bo‘lishi va rivojlanishi mumkin emas edi. Ikkinchidan, kommunikatsiyalar tarixi bilan shug‘ullanadigan G‘arb olimlari o‘z tadqiqotlarida izchil ravishda Sharqqa deyarli murojaat etmasdan kelmoqdalar. Misol uchun yaqinda Moskvada nashr etilgan «Jahon jurnalistikasi tarixi» deb nomlangan ikki jildlik (jami 880 betdan iborat), antologiyani olaylik. To‘plamning birinchi jildida Qadimgi Gretsiya va Rimda notiqlik mahorati, lotin tilidagi ilk nasroniy publitsistikasi, Vizantiyada dastlabki nasroniy publitsistika va hatto Injildagi publitsistikadan ko‘plab misollar keltirilgan bo‘lsa ham, Sharq haqida lom-mim deyilmagan3.
Jahon jurnalistikasi tarixida Sharqning ham buyuk xizmatlarini e’tirof etish joiz, albatta. Mazkur masalaning dolzarbligi shundan ham ko‘rinib turibdiki, taniqli olim, professor Ya. N. Zasurskiy «Ming yilliklar tutashuvida jurnalistika va dunyo» deb nomlangan maqolasida yozganidek, «dunyo o‘zgarmoqda. Sivilizatsiyani yaratgan Sharq qaytadan dunyo madaniyatining markaziga aylanmoqda»4. Bunday vaziyatda Sharqqa yetarli baho bermaslik xato bo‘lur edi. Iogann Gutenberg bosma dastgohining ahamiyatini biz yuqori baholaymiz. Mashhur matbaachining texnik vositalari (jumladan, matritsa, shrift-kassa, gart, qabariq (yuqori) bosma va hokazo) shu qadar astoydil yaratilgan ediki, dunyomiz taraqqiyotining sur’atlari asrdan-asrga jadallashib o‘zgarib kelganiga qaramasdan, besh yuz yil davomida deyarli o‘sha ahvolda ishlatildi va faqat foto yordamida harf terish hamda ofset usullari yaratilgandan keyingina iste’moldan chiqdi. Shu bilan birga, Sharqda paydo bo‘lib, keyinchalik rivojlanib ketgan alifbo, yozma matn, xat va aloqa xizmati, ksilografik va quyma usullar, iqtisodiy, siyosiy va jamoaviy tuzilmalar bo‘lganligi sababli hamda ular asosida Gutenberg ixtirosi dunyo bo‘ylab tez yoyilib ketganini hech kim inkor qila olmaydi.
Aslida, matbuot – iqtisodiy zaruratdan paydo bo‘lgan hodisa. Dastlabki gazetalar turli mazmundagi tijoriy ma’lumotlarni tarqatish vositasi sifatida paydo bo‘lgan. Ammo qisqa vaqt ichida anglab yetildiki, axborotni bunday ommaviy tarzda tarqatishning ko‘pgina ijobiy tomonlari bor ekan. Natijada, har doimgidek, bu afzalliklarni, eng avvalo, davlat boshqaruvi va ruhoniylar o‘z qo‘llariga olib, ulardan to‘liq foydalana boshladilar.
Shunday qilib, ilk matbuot nashrlaridan, bir tomondan, yangiliklar shaklida axborot, ilm, ta’lim, ma’rifat, madaniyat tarqatish uchun foydalanilgan bo‘lsa, ikkinchidan, jamiyatni boshqaruvchi guruhlar va ijtimoiy qatlamlar ularni o‘z maqsadlarida ma’lumot tarqatish, ya’ni, keng ommani o‘zlarining g‘oyalari doirasida saqlab turish uchun qo‘llanganlar.
Publitsistika va jurnalistika ijtimoiy hayotning boshqa jabhalari (siyosat, iqtisodiyot, madaniyat, adabiyot va hokazo) rivojlanishiga sabab bo‘lgani holda, bu sohalar ham publitsistlar va jurnalistlar ijodiga madad bergan. Jurnalistik chiqishlar ko‘p hollarda tarixiy hujjatlar va mumtoz adabiyot asarlariga aylangan bo‘lsa, siyosiy hayot va badiiy kitoblar ko‘plab jurnalistik materiallarni yuzaga keltirdi.
Jurnalistik faoliyat deyarli butun tarix davomida qattiq nazorat ostida bo‘lib keldi. Ommaviy xarakter kasb etib, kuchga kirgach esa, jurnalistika hukumat va cherkov bilan ayovsiz kurashda, eng avvalo, inson huquqlarining yorqin namoyondasi bo‘lganligi sababli, aksariyat hollarda g‘alaba ham qozondi. Mazkur progress – insoniyat rivojlanishining bosh tamoyilidir. AQSh va G‘arbiy Yevropada XV – XX asrlarda keng tarqatilgan publitsistik manbalar va pamfletlar erkin so‘z namunalaridir. Martin Lyuter, Jon Milton, Tomas Peyn va Jan Pol Marat kabi buyuk publitsistlar o‘z xalqlarining milliy qahramonlari sifatida tarixga kirdilar.
Ommaviy matbuot Uyg‘onish davri muvaffaqiyatlarini ta’minlab berdi, chunki axborotning keng ravishda tarqatilishi yo‘lga qo‘yilmaganda, nafaqat Uyg‘onish, balki oddiy jonlanishning ham yuz berishi mumkin emasdi.
Jurnalistika – yangiliklar qidiruvchisi. Tajriba va tarix esa, ushbu yangiliklarni o‘ elagidan o‘tkazib, eng keraklilarini zaxiralarida saqlab qoladi va insoniyat foydasiga ishlatadi. Axborotga keng ehtiyoj matbuot nashrlarining adadlari to‘xtamasdan ko‘paytirilib borilishiga sabab bo‘ldi. Natijada, gazeta va jurnallar mexanizatsiyalashgan, keyincha esa avtomatlashtirilgan holda chop etila boshladi. Chizilgan va kameraga olingan rasmlar ham o‘z vaqtida nashrlarda paydo bo‘ldi.
Sharqqa Yevropa usulidagi bosma G‘arbdan kirib keldi, dastlabki gazetalar esa mustamlakachi hukumat manfaatlarini himoya qildi. Keyinchalik ular mahalliy xalqlar vatanparvarlari quroliga aylanib, ozodlik kurashida g‘oyaviy kuch sifatida ishlatildi.
Axborot – hokimiyat demakdir. Qadimgi Rim podshohi Gay Yuliy Qaysar (Sezar) aytganidek, axborot egasi dunyo egasidir. XVI asr oxirlarida G‘arbiy Yevropada katolik cherkoviga va Rim papasi hukmronligiga qarshi Reformatsiya harakatida matbuot insoniyat hayotida ilk bor o‘zini siyosiy vosita sifatida namoyon etdi. Dunyo tarixining keyingi bosqichlarida – XVII asrda Angliyada, XVIII asrda AQSh va Fransiyada, XIX asrda G‘arbiy Yevropada va hokazo joy hamda vaqtlarda – ushbu jarayon izchil ravishda takrorlandi. Qisqasi, bu tarixiy voqealar davomida ommaviy matbuot o‘zining qudratli siyosiy kuch ekanligini isbotlab berdi va keyinchalik, eng avvalo, aynan shu maqsadda ishlatildi. Matbuotning to‘rtinchi hokimiyat sifatida tan olinishi ikki davr: «de fakto» va «de yure» bosqichlaridan o‘tdi. Amaliyotda (de fakto) matbuot yuqorida qayd etilgan Germaniya, Angliya, AQSh va Fransiyada bo‘lib o‘tgan inqiloblarda o‘zini to‘rtinchi hokimiyat sifatida ko‘rsata oldi. Mazkur hokimiyatning rasman (de yure) tan olinishi esa dastlab rivojlangan mamlakatlarda, aniqrog‘i, AQShda amalga oshirildi. Aynan shu sababli Amerikada kuchli davlat kuchli matbuotni yaratdi, degan fikrga to‘la qo‘shilish qiyin. Chunki, boshqa ko‘pgina mamlakatlardan farqli o‘laroq, AQSh tarixida davlat tizimi jamiyatdagi ijtimoiy harakatlardan so‘zsiz ustuvorlik qilmagan. O‘ylashimizcha, aksincha, kuchli jurnalistika AQShni qudratli davlatga aylantirdi. Buning sababi shundaki, ushbu mamlakatning birinchi prezidentlari erkin matbuotning byurokratiya ustidan nazorat qila olish imkoniyatlarini sezib, undan to‘laligicha foydalandilar. Mazkur fakt, tabiiyki, boshqa davlatlar uchun ham namuna bo‘la oladi. Jurnalistikaning zamonaviy tarixi esa XX asr 50-yillarining ikkinchi yarimida boshlandi. Agrar va industrial davrlar jurnalistikasi tugab, elektron jurnalistika davri boshlandi. Televideniye kuchga kirgach, jurnalistika o‘zining eng yuqori maqomiga erishib, to‘laqonli ijtimoiy institut darajasiga yetdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |