Retikulofibroz (dag`al tolali) suyak to`qimasi. Bunday suyak to`qimasi asosan xomilada, yangi tug`ilgan chaqaloklarda uchraydi. Kattalarda esa faqat tog`aylarning suyakka birikkan joyida, kalla suyaklarining choklarida uchraydi. Bu suyakni dag`al tolali deyilishiga sabab shuki, suyak to`qimasining ossein tolalari juda dag`al va turli yo`nalishda betartib joylashgan bo`ladi. Tolalar bir-biri bilan kesishib yoki burchak hosil qilib yoki murakkab to`r hosil qilib joylashadi. Bu tolalar orasi asosiy modda bilan to`yingan bo`ladi. Suyak to`qimasining asosiy moddasida uzunchoq-ovalsimon shakldagi suyak bo`shliqlari yoki lakunlar joylashib, bular uzun, bir-biri bilan anastomozlar hosil qiluvchi kanalchalarga davom etadi. Ana shu bo`shliqlarda shakli shu bo`shlikning shakliga mos keladigan osteotsit hujayralar joylashadi. Shuni qayd etib o`tish kerakki, homilada hosil bo`lgan dag`al tolali suyak o`sishi va keyingi taraqqiyoti natijasida sekin-asta plastinkasimon suyakka aylanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |