Arxivlarning tuzilishi
Reja:
I. Kirish
II. Asosiy qism
2.1. Arxivlar haqidagi tushuncha va arxivlar tuzilishi
2.2. Arxiv katologi va ularning turlari. Arxiv hujjatlarining tavsiflari, davlat arxivlarining yo’l ko’rsatkichlarini tuzish va ularni nashrga tayyorlash
2.3. Arxiv hujjatlari va ularni tuzilishi
2.4. O’zbekiston Respublikasi arxiv tashkilotlari tuzilishi
III. Xulosa
IV. Foydalanilgan adabiyotlar
I. Kirish
Insoniyat taraqqiyotining muayyan bosqichida xo’jalik va ijtimoiy munosabatlarning rivojlanishi ibtidoiy jamoa tuzumining yemirilishiga hamda davlatchilikning vujudga kelishiga olib keldi. Deyarli bir vaqtda ijtimoiy zarurat tufayli yozuv ham paydo bo’ldi. Qadimiy davlatlar o’zlarining ijtimoiy funksiyalarini bajarish jarayonida turli hujjatlar (qonunlar, farmonlar, mulk va soliq hisobotlari va h.) yaratish hamda ularni saqlashga ehtiyoj sezdilar. Shu tariqa hujjatlarni saqlaydigan muassasalar – arxivlar paydo bo’ldi.
“Arxiv” atamasi lotincha “arxivum” so’zidan olingan bo’lib, o’zbek tilida “mahkama”, “muassasa” degan ma’noni bildiradi. Lekin bu so’z hozirgi kunda boshqacha ma’noda qo’llaniladi. Arxiv deganda biz odatda faqat hujjatlar saqlanadigan muassasani tushunamiz.
Arxivlarda turli idoralar, korxonalar, tashkilotlar, shu-ningdek ayrim shaxslar faoliyati jarayonida yaratilgan va to’plangan hujjatlar va materiallar saqlanadi.
Yangi zamonda arxivlarda saqlanayotgan hujjatlar sonining keskin oshganligi tufayli ularni saqlash va foydalanish bilan bog’liq ishlar tobora murakkablashib bordi. Natijada, hujjatlarni hisobga olish, ularni bir tizimga solish va ro’yxatga olishning yangi-yangi usullari ishlab chiqildi va amalda qo’llanildi. Shu tariqa arxivshunoslik fani paydo bo’ldi.
Arxivshunoslik – muhim ijtimoiy ahamiyatga hujjat va materiallarni turkumlash, ularni bir tizimga solish, saqlash, ulardan ilmiy va amaliy maqsadlarda foydalanish to’g’risidagi fandir. Mazkur ko’makchi tarix fani arxiv ishining umumiy qonuniyatlarini, hujjat va materiallarni tanlab olish va saqlash, ulardan foydalanish tamoyillarini ishlab chiqadi.
Hozirgi kunda hujjat va materiallarning umumiy miqdori va turlari nihoyatda ko’pdir. Shuning uchun ham arxivshunoslik fanini rivojlantirmasdan, hujjatlarni saralash va saqlashning zamonaviy usullarini egallamasdan turib arxiv ishini to’g’ri yo’lga qo’yish amri maholdir.
Arxivshunoslik asoslarini yaxshi bilish bo’lajak tarixchi uchun g’oyat muhimdir. Arxiv hujjatlari bilan ishlash uslublarini egallash ilmiy-tadqiqotlar uchun yo’l ochib beradi, bakalavriat va magistraturada tahsil olayotgan talabalarga yuqori ilmiy saviyadagi bitiruv-malakaviy ishlar va magistrlik dissertasiyasi tayyorlash imkonini beradi.
Mazkur fanni o’rganish arxivshunos kadrlar tayyorlash nuqtai nazaridan ham zarur. Hozirgi kunda ayrim kasb-hunar kollejlarida “Hujjatshunoslik, arxivshunoslik” mutaxassisligi bo’yicha o’rta maxsus ma’lumotli kadrlar tayyorlashga kirishildi. Lekin respublikamizning birorta universitet yoki institutida oliy ma’lumotli arxivshunoslar tayyorlanmaydi. Shu boisdan bu fanni tarix fakulpteti talabalariga o’rgatish arxivlarni oliy malakali kadrlar bilan ta’minlash uchun ham muhimdir.
Arxivshunoslik kursini o’rganish jarayonida biz O’zbekistonda arxiv muassasalarining vujudga kelishi, ularning rivojlanish bosqichlari, arxivlarning hozirgi ahvoli, faoliyatining asosiy yo’nalishlari bilan tanishib boramiz. Shu bilan birga arxivlarning maqsad va vazifalari, arxivlarga topshiriladigan hujjatlarni tanlash va saralash, ularni saqlash va turkumlash, hisobga olish, ulardan foydalanish usullarini o’rganamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |