Naqdsiz pul aylanmasi va uni tashkil qilish printsiplari.
To‘lov aylanmasining asosiy qismi naqd pulsiz to‘lov aylanmasidan tashkil topadi. Bu to‘lov aylanmasi naqd pulsiz hisob-kitoblar asosida amalga oshiriladi. Naqd pulsiz hisob-kitoblar deganda, korxona va tashkilotlarning tovar ayirboshlash, xizmatlar ko‘rsatish va tovarsiz operatsiyalar bo‘yicha bir-biriga bo‘lgan talab va majburiyatlarni pul mablag‘larini naqd pul ishlatmasdan bir hisobvaraqdan ikkinchi hisobvaraqga o‘tkazish orqali bajarilishi tushuniladi.
Naqd pulsiz pul aylanishi – banklarda pul mablag‘larini to‘lovchilar va oluvchilarning hisobvaraqlari bo‘yicha yozuvlar yordamida yoki o‘zaro talablarni hisobga olish yo‘li bilan amalga oshiriladigan pul aylanishidir.
Naqd pulsiz hisob-kitoblar bankdagi hisob raqamlar orqali bank ichida, bosh bankda ochilgan filiallarning tranzit hisob-raqamlari hamda banklararo o‘rnatilgan vakillik munosabatlari asosida amal qiladi.
Banklararo to‘lov tizimi orqali naqd pulsiz hisob-kitoblarni amalga oshirishda quyidagi talablarga rioya etiladi:
O‘zbekiston Respublikasi banklari o‘rtasida naqd pulsiz hisob-kitoblar
bo‘yicha mablag‘larni tezkorlik bilan o‘tkazishni ta‘minlash;
uzatilayotgan elektron to‘lov hujjatlarini ruxsatsiz kirishdan himoya qilish;
elektron to‘lovlarni tartibga soluvchi qonunlar va qoidalarga rioya qilish. ―O‘zbekiston Respublikasida naqd pulsiz hisob-kitoblar to‘g‘risida»gi nizom O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, ―O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida‖gi, ―Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida‖gi, "Xo‘jalik yurituvchi sub‘ektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida"gi, "Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida"gi Qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonunchilik xujjatlariga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi hududida naqd pulsiz hisob-kitoblarni o‘tkazish tartibini belgilaydi. Ushbu tartib naqd pulsiz hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslarga - O‘zbekiston Respublikasining rezidentlari va norezidentlariga tadbiq qilinadi.
Pul aylanmasi tarkibida naqd pulsiz hisob – kitoblar hajmini oshirishga qator omillar ta‘sir qiladi. Xususan:
Yuridik va jismoniy shaxslarning banklarga bo‘lgan ishonchining yuqoriligi. Agar yuridik va jismoniy shaxslar banklarga nisbatan ishonchi yuqori darajada bo‘lmasa, banklarga naqd pullarni topshirishga bo‘lgan moyilligi pasayadi, hisob – kitoblarni naqd pullarda amalga oshirishga intiladi.
Iqtisodiyotda monetizatsiya koeffitsienti darajasining tegishli me‘yori ta‘minlangan bo‘lishi lozim. Iqtisodiyotning etarli darajada pul bilan ta‘minlanganlik darajasi monetizatsiya koeffitsienti asosida aniqlanadi. Monetizatsiya koeffitsienti mamlakat yalpi ichki mahsulotiga nisbatan aniqlanib, xalqaro moliyaviy tashkilotlar va ekspertlarning fikrlariga ko‘ra uning miqdori, o‘tish iqtisodiyoti sharoitidagi mamlakatlarda 45-60 foizdan iborat bo‘lishi lozim. Agar mamlakatda monetizatsiya koeffitsienti ushbu miqdordan past bo‘lsa iqtisodiyotda pul taqchilligi, tijorat banklarida likvid mablag‘lar va resurslarning etishmasligi, kreditlar va omonatlar bo‘yicha foiz stavkalarining yuqoriligi kuzatiladi. Bularning barchasi naqd pulsiz hisob – kitoblar hajmiga salbiy ta‘sir ko‘rsatadi;
Tijorat banklarining resurslarga bo‘lgan ehtiyojining etarli ravishda qondirilmasligi. Ma‘lumki, tijorat banklari tomonidan muomalaga chiqarilgan pullar o‘zining boshlang‘ich nuqtasiga qaytib kelmasligi banklarning resurs bazasiga salbiy ta‘sir ko‘rsatadi. Buning oqibatida tijorat banklarining real sektorni kreditlash uchun yo‘naltirayotgan resurslarning taqchilligi, omonatlarga to‘lanadigan to‘lovlar miqdorining oshib ketishi, bu esa o‘z navbatida naqd pulsiz hisob – kitoblar hajmini pasayishiga olib keladi.