MA’LUMOTNOMA
Biror tashkilot, korxona yoki muassasada bo‘lgan voqea, mavjud holatlarni aniq dalillar asosida tasdiqlash yoki ular haqida talab etilgan joyga ma’lumot berish maqsadida tuziladigan, shuningdek fuqarolarning ish joyi, lavozimi, oylik maoshi miqdori, o‘qish joyi, mutaxassisligi, kursi, yashash joyi, turmush sharoiti, oilaviy ahvoli kabilar to‘g‘risida ma’lumot beruvchi rasmiy hujjat. Ma’lumotnomalar ham mazmuni va vazifasiga ko‘ra ikki turga bo‘linadi. 1. Xizmat ma’lumotnomalari. 2. Shaxsiy ma’lumotnomalar.
Xizmat ma’lumotnomalari korxona yoki muassasa faoliyatiga oid voqea-hodisalar, mavjud holat, ishlab chiqarish va boshqa sohalar bo‘yicha turli-tuman ma’lumotlarni qamrab oladi. Korxona, tashkilot yoki muassasa faoliyati bilan boqg‘iq xizmat ma’lumotnomalarini qamrab oladi. Korxona, tashkilot yoki muassasa faoliyati bilan bog‘liq xizmat ma’lumotnomalari talab etilayotgan mavzu doirasidagi dalillar, raqamlar, ma’lumotlar asosida tuziladi.
Shaxsiy mazmundagi ma’lumotnomalarning ayrim turlari korxona, muassasa, tashkilot, qishloq va mahalla kengashlari tomonidan avvaldan tayyorlab qo‘yilgan andozalarga to‘ldirib beriladi. Ularga tegishli ma’lumotlar qayd etilib, imzolanadi va muhr bosiladi. Bunday andozalarning qulayligi shundaki, uning o‘zida qaysi tashkilot tomonidan berilayotganligi yozib qo‘yilgan bo‘ladi. Shaxsiy ma’lumotnomalarda fuqaro o‘qiyotgan o‘quv yurti, ishlayotgan korxona, tashkilot, muassasa ma’muriyati, yashayotgan joyi bo‘yicha mutasaddilar tomonidan uning qayerda, qaysi fakultet, bo‘lim, kursda o‘qishi, qayerda va kim bo‘lib ishlashi, oylik maoshi, yashash joyi, uy-joy sharoiti, moddiy-maishiy ahvoli, oila a’zolari va boshqa shu kabilar to‘g‘risida ma’lumot berilib, mavjud holat tasdiqlanadi. Shuningdek, tibbiy muassasalar ham shaxsning salomatligi yoki betobligi haqida shaxsiy mazmundagi ma’lumotnomalarni berishlari mumkin.
Shaxsiy ma’lumotnomalarning zaruriy qismlari:
– ma’lumotnoma beruvchi tashkilot nomi, uning manzili;
– ma’lumotnoma berilgan sana va uning tartib raqami;
– hujjat nomi – ma’lumotnoma;
– ma’lumotnoma berilayotgan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi;
– matn (unda tasdiqlanayotgan voqea, dalillar, ma’lumotlar, holat qisqa ravishda bayon etiladi);
hujjatning qayerga taqdim etilishi haqidagi qayd, ma’lumotnomani tasdiqlovchi mutasaddilarning lavozimi, familiyasi, ismi, imzosi va muhr.
Do'stlaringiz bilan baham: |