Muhammad
Arab siyosiy rahbari va Islom asoschisi
Muhammad, Muhammad ibn Abdulloh
(570/571, Makka — 632, Madina) — islom
dini va birinchi musulmonlar jamoasi
asoschisi. Musulmonlar eʼtiqodiga koʻra,
Allohning oxirgi paygʻambari va uning
elchisi. Shu maʼnoda uni Rasululloh,
Rasuli Akram deb atash odat tusiga
kirgan. Baʼzi diniy manbalarda
Muhammadning 99 nomi keltiriladi.
Islom taʼlimotiga koʻra, Muhammad
nomini aytgan yoki eshitgan kishi
"sallalohu alayhi vasallam" (s.a.v.) yoki
"alayhissalom" (a.s.) deb salovat aytib
qoʻyish vojib hisoblanadi. Muhammad
orqali odamlarga Qurʼon nozil qilingan.
Quraysh qabilasining hoshimiylar
urugʻiga mansub, uncha boy boʻlmagan,
lekin Makka zodagonlariga yaqin oilada
tugʻilgan. Muhammadning bolalik va
oʻsmirlik yillari haqidagi maʼlumotlar juda
kam. Muhammad goʻdakligidayoq yetim
qolgan; tugʻilmasidan avval otasi
Abdulloh, 6 yoshligida esa — onasi
Omina vafot etgan. Muhammadni oʻz
tarbiyasiga olgan bobosi Abdulmuttalib
ham koʻp oʻtmay olamdan oʻtadi. Yetim
bolani tarbiya qilishni amakisi Abu Tolib
oʻz zimmasiga oladi. 12 yoshida
Muhammad bir muddat Abu Tolibning
podasini boqadi, keyin tijorat ishlariga
jalb qilinadi. Abu Tolib Muhammadni 21
yoshida Huvaylid ibn Asʼadning qizi,
badavlat beva ayol Xadicha xonadoniga
dastyorlikka beradi. Xadichaning savdo
ishlari bilan shugʻullangan Muhammad
Suriyaga safar qiladi, xususan, Halab va
Damashq shaharlariga boradi.
Muhammad 25 yoshida (595 yil) 40
yoshlarga borib qolgan Xadichaga
uylanadi. Muhammaddan Xadicha 3 oʻgʻil
(Qosim, Tohir, Tayyib) va 4 qiz (Ruqiya,
Zaynab, Ummu Kulsum, Fotima) koʻrgan.
Ogʻillari goʻdakligidayoq vafot etgan.
Qizlaridan Fotimagina Muhammad
naslini davom ettirgan. Xadicha vafotidan
soʻng Muhammad bir necha bor
uylangan (lekin, Oyshadan boshqa bokira
xotin olmagan), ulardan farzand
koʻrmagan. Faqat joriyasi Moriyadan
Ibrohim ismli oʻgʻli boʻlgan. U ham juda
yoshligida olamdan oʻtgan.
Muhammad 40 yoshga toʻlganida oʻzini
boshqacha seza boshlaydi. Yolgʻizlikni
qoʻmsab, Makka yonidagi Hiro togʻida
joylashgan gʻorga borib ibodat bilan
mashgʻul boʻlar, oʻyga tolardi. Taxminan
610-yilda Muhammad Makkada oʻzining
Allohdan vahiy olayotganligini eʼlon
qiladi. Buni birinchilardan boʻlib Xadicha,
Muhammadning amakivachchasi Ali ibn
Abu Tolib, hamda asrandi oʻgʻli
Zayd ibn
Horisa
eʼtirof etib imon keltirishgan. Koʻp
oʻtmay, Makkaning eng nufuzli
savdogarlaridan Abu Bakr, Zubayr, Talha,
Saʼd ibn Abu Vaqqos, Abdurahmon ibn
Avf va
Usmon ibn Affon
Muhammadni
chin paygʻambar deb tan olishgan.
Muhammad izdoshlari jamoasi dastlabki
paytlarda 50 kishidan oshmagan.
Makkaning asosiy aholisi, ayniqsa,
nufuzli qurayshliylar esa Muhammad
taʼlimotini ochiqdan-ochiq dushmanlik
bilan qarshi olgan. Buning natijasida
Muhammad tarafdorlaridan 11 xonadon
Habashiston (hozirgi Efiopiya) ga
koʻchib
ketgan. Muhammad jamoasiga jasur
jangchilar sifatida tanilgan Hamza va
Umar ibn Xattobning qoʻshilishi
jamoaning mavqeini oshirdi. Ayni vaqtda
quraysh zodagonlarining Muhammad va
uning tarafdorlariga dushmanligi yanada
kuchaydi. 620 yilda Xadichaning, soʻngra
Abu Tolibning vafotidan soʻng Makkada
vaziyat yomonlashadi, Muhammad
muayyan xatar ostida qoladi. Har yilgi
anʼanaviy Makka ziyoratiga kelgan
yasriblik Avs va Hazraj qabilalarining
vakillari Muhammad bilan uchrashib,
sodiqlik bildirishadi va yordam qilishga
vaʼda berishadi, Muhammadni Yasribga
koʻchib borishga daʼvat qilishadi. Avval
Muhammadning izdoshlari (asʼhoblar)
oʻz oilalari bilan quraysh zodagonlaridan
maxfiy ravishda guruh-guruh boʻlib
koʻchadi. Oxirida Muhamadning oʻzi Abu
Bakr bilan joʻnab ketadi. 622 yildada yuz
bergan bu koʻchish payti (arab,
hijrat
)dan
musulmonlar erasi —
hijriy yil
hisobi
boshlanadi. Yasrib esa Madina an-Nabiy
("Paygʻambar shahri") yoki qisqacha,
Madina deb ataladigan boʻldi.
Madinada birinchi masjid qurildi, islom
arkonlari ishlab chiqila boshlandi, Kaʼba
qibla qilib belgilandi. Jamoani
jipslashtirish va uni kengaytirish uchun
makkalik mushriklarga qarshi kurashish
zarur edi. Makkaliklarga qarshi
uyushtirilgan iqtisodiy urush ular
farovonligining asosiy manbai boʻlgan
savdo karvonlari ishini chippakka
chiqardi. 624 yilda Badr quduqlari oldida
Badr jangi, 625 yilda Uhud togʻi etagida
Uhud janglari boʻldi. 626 yilda makkaliklar
madinaliklarga uzil-kesil zarba berish
maqsadida yirik harbiy safarga
otlanishdi. Muhammad Madinani uzoq
qamal sharoitiga tayyorladi, shahar
atrofiga chuqur xandaqlar qazildi va u
yerlarga kamonchi oʻqchilar joylashtirildi.
Kutilmagandagi izgʻirin, kuchli shamollar
qamal qiluvchilarni toliqtirdi, ular orasida
nizolar boshlandi. Natijada Madina
qamali bekor qilindi, bu gʻalaba Madina
jamoasini yanada jipslashtirish bilan
birga, unga yangi-yangi badaviy
qabilalarning qoʻshilishiga olib keldi.
Hijratning 6-yilida makkalik quraysh
zodagonlari mavjud muammolarni
kelishuvchilik yoʻli bilan bartaraf etish
uchun Muhammad bilan tengma-teng
muzokara olib borishga majbur boʻlishdi
(q.
Xudaybiya bitimi
). Madinaga qarshi
kurashning yetakchilaridan biri boʻlgan
Abu Sufyon Muhammad tarafiga oʻtdi.
630 yilda Makka Muhammadga jangsiz
taslim boʻldi, makkaliklar Muhammad
jamoalariga qoʻshildi. 631 yildda koʻp
qabilalar Muhammadga boʻysundi va
islomni qabul qildi. Hijratning 10-yili (632
yil martida) Muhammad oʻz oila aʼzolarini
olib, Madina atroflaridagi 100 mingdan
ortiq kishi bilan Makkaga birinchi va
oxirgi marta ziyorat (haj)ga bordi. Bu
vidolashuv haji
boʻlgan. Mana shu ziyorat
Makkaning islom dini markazi sifatidagi
mavqeini uzil-kesil hal etdi. Oʻshandan
buyon oʻtgan barcha asrlar davomida
musulmonlar bu shaharni ziyorat qiladi.
Haj safaridan 81 kun keyin uzoq davom
etmagan kasallikdan soʻng Muhammad
Madinada vafot etdi. Muhammadni oʻz
hujrasiga dafn qilishgan, maqbarasi
keyinchalik u yerda qurilgan katta masjid
ichida qolgan, musulmonlarning
ziyoratgohiga aylantirilgan.
Muhammadning hayoti va tarjimai holi
siyratda, uning soʻzlari va qilgan ishlari
haqidagi rivoyatlar hadislarda bayon
etilgan. Islom taʼlimotida Muhammad
komil inson sifatida taʼriflanadi. Sunnat
paygʻambarning hayoti barcha
musulmonlar uchun namuna boʻlishi
kerakligi taʼkidlanadi. Islom anʼanasida
Muhammad hech qanday gʻayritabiiy,
ilohiy xususiyatga ega emasligi, balki
hamma kabi oddiy odam, lekin Allohning
chin va oxirgi paygʻambari ekanligi qayd
etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |