www.aql.uz - aqlingiz uchun ozuqa, kitbolar, dono fikrlar, kashfiyotlar
Bu ajib manzaraga bog' tegrasida oqqan suv o'ziga xos joziba bag'ishlardi.
— Naqadar go'zal manzara, — dedi yigitcha. — Ishdan uzilib derazadan boqish juda
maroqli bo'lsa kerak.
— Rahmat, — jilmaydi Ormen xonim. — Ayni haqiqatni aytdingiz. Men uyda
ishlash va daryoni tomosha qilish imkoniyatiga ega bo'lishni doimo orzu qilardim. Bu
tariqa ishlashning eng yaxshi tomoni, albatta, tiqilinch transport yoki poyezdda har kuni
behuda vaqt sarflangandan ko'ra oilam bilan ko'proq birga bo'lishimdir. Har kuni ishga
borib kelish uchun uch soatga yaqin vaqti ketadigan kishilarni taniyman. Tasavvur qilib
ko'ring-a? Bir haftada o'n besh soat yoki butun boshli ikki ish kuni demakdir!
Vaqt — olamda eng qimmatbaho ne'matdir, hatto oltindan-da qimmatli, axir u behuda
ketsa, ortga sira qaytarib bo'lmaydi.
Ormen xonim imlab yigitni o'tirishga taklif etdi, o'zi ham yoniga cho'kdi.
— Xo'sh, Haqiqiy Boylik sirlaridan xabardormisiz? — so'radi u.
— Ha, — javob berdi yigitcha. — Ular haqida ilk bor qanday bilgansiz?
— Hozir aytib beraman. Bu haqda ilk bor o'n yil avval eshitgandim. O'shanda
yashash sharoiti hozirgiday emasdi: birinchi erim bilan ajrashgan chog'im edi,
qulog'imgacha qarzga botgandim To'lov kartochkalarim bo'yicha minglab funt qarzim
borligi bois qarz bergan kompaniyalar meni tinimsiz ta'qib etishar va uning evaziga yashab
turgan uyimni olib qo'yishmoqchi edi. Sud qaraz beruvchilar bilan ishlarni jo'nashtirishim
uchun bir oy muhlat berdi, undan keyin barcha mulkimdan ajrardim.
— Voy, xudoyim-ey, — hayratlandi yigitcha. — Bu ahvoldan qanday chiqib
ketdingiz?
— O'sha kunni juda yaxshi eslayman, — davom etdi Ormen xonim. — Sud zali
ostonasida bu vaziyatdan qanday chiqishdan yo'l topmoqdan butkul umid uzib, yig'lab
o'tirardim. Bexos yelkamga kimningdir qo'li tekkanini sezdim va o'girilib qarab, yonimda
o'tirgan kichik jussali keksa xitoylikni ko'rdim. Uning salobatli kiyinganidan avvaliga sud
amaldori deb o'yladim. U mendan biror-bir yordami tegishi mumkinligini so'radi. Uning
hamdardligi uchun minnatdorchilik bildirdim-da, yo'q, deya javob berdim. Lekin u
ketmadi va oramizda suhbat ulanib ketdi. Uning gaplarining ko'pi yodimda qolmagan-u,
bitta gapi bir umrga esimda qoldi — buni u barcha muammolarni hal etmoqning oltin
qoidasi deb atadi. «Sizga hamma imkoniyatlardan foydalanib bo'lgandek tuyulsa-da, shuni
unutmangki... bu undaymas!»
Yigitcha keksa xitoylikning unga bergan xuddi shunday maslahatini xotirlab, o'zicha
kulimsirab qo'ydi.
— Chol «Haqiqiy Boylik sirlari» to'g'risida so'zlay ketdi. Albatta, avvallari bu haqda
hech eshitmagandim, ammo uning gaplari meni qiziqtirib qoldi. Kimdir biz o'z
taqdirimizni boshqara olishimiz mumkindek hisoblashini ilk bor eshitardim. Butun umrim
davomida hayot menga nisbatan mehrli yoki qahrli bo'lishi mumkinligini, biz nimagadir
ega bo'lishimiz yoxud yo'qotishimiz... barchasi taqdir yoki omadga bog'liqligini uqtirib
kelishgan. Vaholanki, qarshimdagi otaxon taqdirimiz uchun o'zimiz mas'ulligimiz va
barchamiz boylik yaratish quvvatiga egaligimizni so'zlayapti.
Do'stlaringiz bilan baham: |