ANTIK QULCHILIK VA UNING O'ZIGA XOS XUSUSIYATLARI
Reja;
Antik davr
Antik qulchilik davri
Antik qulchilik va uning o'ziga xos xususiyatlari
Qadimgi zamonda yunon-rimliklar dunyosidan sharqda va janubi-sharqda joylashgan janubiy mamalakatlarning jamini qadimgi Sharq deb ataymiz. Bu taxminiy va shartli iboradir. Sharq bilan antik dunyo o`rtasidagi chegara doimiy chegara bo`lmagan. Ularga qarashli hududlar turli vaqtlarda qisman galma-gal bir-biriga o`tib turgan, shu sababli ularning geografik chegaralanishini har bir davr uchun turlicha ko`rsatishga to`g`ri keladi.
Sharq to`g`risida gapirar ekanmiz, Yevropa (ayniqsa ancha keyingi davrlarda) bilan bog`liq bo`lgan janubiy Osiyo hamda qisman Shimoliy Afrika mamlakatlari va xalqlarini, shuningdek Hindiston va Xitoyni nazarda tutamiz.
Sharq tushunchasi tarix fanida nafaqat geografik ma’noda, tarixiy-madaniy, sivilizatsiya jihatlari bilan ham ishlatiladi. Butun dunyo tarixida Sharqning tutgan o`rniga yetarli baho bermaslik also mumkin emas. Xuddi Sharqda ibtidoiy jamoa tuzumi birinchi bo`lib buzila boshlagan. Kishilik jamiyati rivojlanishidagi eng muhim ijtimoiy va siyosiy institutlar, davlat, huquq, jahon dini ilk bor aynan Sharqda vujudga kelgan. Eng qadimgi yozuv tizimlari ham dastlab Sharqda paydo bo`lgan.
Sharq va G`arb sivilizatsiya yo`lidan rivojlanishida bir-biridan jiddiy farq qiladi. Sharqda, xususiy mulkchilik hukmronlik qilgan G`arbdan farqli o`laroq, avvalo xususiy mulkchilik munosabatlari, bozorga asoslangan xususiy tovar ishlab chiqarish munosabatlari muhim o`rin egallamagan.
Sharqdagi asosiy mamlakatlar (Ikki daryo oralig`i, Misr, Hindiston, Xitoy), keyinchalik esa boshqa mamlakatlar ham o`zlarining geografik qulay joyda joylashganliklaridan juda barvaqt foydalana boshlaganlar. Dastavval Sharqda - hududning asosiy qismi katta-katta daryolar (Dajla, Frot, Nil, Hind, Gang, Xuanxe va boshqalalr) vodiylarida va faqat uzoq chekkadagina tog` tizmalari va yassi tog`liklar tashkil qilgan mamlakatlarda davlatchilikka o`tish ro`y bergan. Bu yerda tabiiy sharoitlar ijtimoiy-iqtisodiy siljishlarni ham, oqibat natijada siyosiy tashkilotlar va madaniyatni ham belgilab beradigan ishlab chiqaruvchi kuchlar taraqqiyotining umumiy borishini tezlashtirishga imkon bergan. Sharqda yerning unumdorligi va uni sug`orish imkoniyatlari, ekib o`stirish uchun yaroqli bo`lgan foydali o`simliklarning va qo`lga o`rgatish, keyinroq esa xonakilashtirish mumkin bo`lgan hayvonlarning mavjudligi g`oyat katta ahamiyatga ega bo`lgan. Ana shular natijasida Yevropa Sharqdan ancha orqada qolgan. Ammo keyinchalik Yunoniston-Rim dunyosi rivojlanishining notekisligi sababli va qisman qadimgi Sharq xalqlarining yutuqlardian foydalanib, juda ilgarilab ketgan.
Antik dunyo, garchi keyinchalik ba’zi jihatdan Sharqdan o`zib ketgan bo`lsa ham, Sharq antik dunyoga katta ta’sir ko`rsatgan. Shuning uchun ham butun dunyo davlati va huquqi tarixini o`rganishda dastlab Sharq mamlakatlari davlati va huquqi tarixini o`rganishdan boshlashimizga ajablanmaslik lozim.
Qadimgi Sharq va antik dunyo davlatlari o`ziga xos bir qancha xususiyatlarga ega. Mana shu xususiyatlarni ochish ularning mohiyatini to`g`ri va to`liq tushuniob olishga katta yordam beradi. Shu nuqtayi nazrdan Sharq va antik dunyo davlatlari o`rtasidagi farqlar ham ochiq-ravshan bo`lib qoladi. Sharq davlatlarining kelib chiqishi va rivojlanishidagi o`ziga xos xususiyatlar ayniqsa ularning ijtimoiy, siyosiy tuzumi va huquq tizimida yaqqol namoyon bo`ladi. Ana shular haqida to`xtalib o`tamiz.
Qadimgi Sharq davlatlari insoniyat tarixidagi dastlabki va eng qadimgi davlatlar bo`lgan. Bu yerda eng qadimgi shahar-davlatlar jamoa-urug`chilik tashkilotlarining yemirilishi natijasida miloddan avvalgi IV-III asrlardayoq paydo bo`lgan. Ular mehnat taqsimotining kuchayishi, boshqaruvchilik funksiyalarining murakkablashuvi, shu bilan birga, bu funksiyalarni bajaruvchi shaxslarning ishlab chiqarishda ishtirok etmaydigan va jamoa tepasida turuvchi oqsuyaklar tabaqasiga aylanishi natijasida tashkil topgan. Sharqda davlat ayrim olimlar e’tirof etganidek, qullar va quldorlar sinfining paydo bo`lishi natijasida tashkil topmagan. Zero, bir guruh olimlarning fikriga ko`ra: a) qulchilik Sharqda to`g`ridan-tog`ri xo`jalik yuritishning asosi bo`lmagan; b) asosiy qishloq xo`jalik ishlab chiqarish hududlarida qulchilik hukmron mavqeni egallamagan; d) Sharq mamlakatlaridagi qulchilik uy qulchiligi bo`lib qolgan. Shuning uchun Sharqda quldorlik formatsiyasi bor deb bo`lmaydi. Bu ishlab chiqarishning Osiyocha usuli deb atalib, unga alohida ijtimoiy-iqtisodiy formatsiya deb qaralmog`i lozim deyishgan. Shubhasiz, Osiyocha ishlab chiqarish usuli haqidagi masala murakkab va tortiashuvli masaladir, bu mavzudagi munozarani hali tugagan deb hisoblab bo`lmaydi. Lekin maxsus Osiyo formatsiyasi (ba’zan uni hatto mahalliy emas, balki universal formatsiya deb e’tirof qiladilar) bo`lmaganligi borgan sari ko`proq ma’lum bo`lib qolmoqda. Sharqda qulchilik munosabatlari antik dunyoga nisbatan ancha sust rivojlangan, davlat tashkil topgan vaqtda hali ibtidoiy jamoa tuzumining ko`pgina qoldiqlari chuqur saqlanib qolgan.
Bizga ma’lumki, Sharq davlatlari odatda daryolar havzalarida, masalan, Misr Nil daryosi havzasida, Xitoy Xuanxe, Bobil Frot va Dajla, Hindiston Hind va Jamna daryolari havzalarida tashkil topgan. Bu davlatlar hududida dehqonchilik qilish esa botqoqlikni quritish, irrigatsiya inshootlarini qurish asosida olib borilgan. Bunday ishlarni ayrim qullarning mehnati bilan amalga oshirib bo`lmas edi, u jamoaviy menatni talab qilgan. Shuning uchun ham yerga nisbatan qadimgi davlatlarda bo`lgani kabi xususiy mulkchilik emas, balki jamoa mulkchiligi saqlanib qolgan. Sharqda yerlarning haqiqiy egasi davlat hisoblanib, ozod jamoachi dehqonlardan yer uchun maxsus soliq - renta solig`i olingan.
Sharqda jamoa ustida turuvchi boshqaruv qurilmalarining ajralib chiqishi natijasida xususan podsho-cherkov xo`jaligi ham tashkil topa boshlagan. U asosan jamoa yerlarini o`zlashtirib olish hisobiga tashkil etilgan. Podsho-cherkov yerlaridan ajratiladigan uchastkalarga faqat u yoki bu ishlarni bajaruvchi, podshoga yoki cherkovga xizmatda turuvchi kishilargina ega bo`lishi mumkin edi. Bunday yerlarda qullarning, turli darajadagi qaram kishilarning mehnatidan ancha barvaqt foydalanila boshlangan edi.
Sharq quldorchiligi asosan patriarxal quldorcilik bo`lib, uncha rivojlanmagan, xuddi antik dunyo mamlakatlaridagi singari klassik shaklga ega bo`lmagan. Bu yerda qullar o`z oilalauriga, hatto ayrim mulklariga ega bo`lganlar, qullarning mehnatidan ko`proq uy yumushlari va xo`jaligida, saroydagi turli past lavozimlarda foydalanilgan. Qadimgi Hindistonda xo`jayinning qullarga nisbatan o`zboshimchaliklarini cheklashga qaratilgan davlat qonunchiligi bo`lgan. Masalan, qul bolalarni ota-onalarisiz sotish taqiqlangan; xo`jayin qul mehnatidan foydalanayotganida uning varnadagi holatini hisobga olishga majbur bo`lgan va hokazo. Misrda qul jinoyat sodir etsa, qamoqqa olingan va davlat organlari tomonidan jazolangan. Davlat qullarga ibodatxonalardan boshpana topishga ruxsat bergan hamda o`z xo`jayinlari shafqatsiz munosabatda bo`lsa shikoyat qilish huquqini bergan va hokazo.
Sharq mamlakatlari ijtimoiy tuzumi o`zining tabaqalashganligi, darajalashganligi, ayirmaliligi, pog`onama-pog`onaliligi bilan ham ajralib turadi. Masalan, Bobilda hukmron tabaqalarning o`zi ham ikkiga (avilium va mushkenuga) bo`lingan yoki Hindistonda kastali (toifali) tuzum mavjud bo`lib, ozod aholining o`zi braxmanlar, kshatriylar, vayshiylar va shudralar deb ataluvchi toifalarga ajratilgan hamda ularning huquqiy holati turlicha belgilangan. Ko`p ukladli ishlab chiqarishga asoslangan xo`jalik hayotining tuzilishi qadimgi Sharq jamiyatilarining ijtimoiy tarkibi juda rang-barang, xilma-xil bo`lishini belgilagan. Ulardagi barcha aholi qatlamlarini jamiyatda tutgan o`rniga, shug`ullanadigan mashg`ulotiga, bir-biriga o`zaro bog`liqlik darajasiga va shu kabilarga qarab umuman quyidagicha 3 guruhga bo`lish mumkin: 1) ishlab chiqarish vositalaridan mahrum bo`lgan va qaramlik holatida turgan turli toifadagi shaxslar, jumladan qullar ham; 2) erkin mayda ishlab chiqaruvchilar - o`z mehnatlari evaziga yashovchi jamoachi-dehqonlar va hunarmandlar; 3) hukmron ijtimoiy tabaqa - saroy va xizmatchi zodagonlar, armiyaning qo`mondonlik tarkibi, dehqonchilik jamoalarining boy yuqori qismi va boshqalar.
Sharqda aholi turli guruhlari o`rtasida aniq ijtimoiy-sinfiy chegaralar bo`lmagan, masalan, erkin kishilar bilan qullar o`rtasida oraliqdagi mavqeda turuvchi turli toifadagi turli kishilar, yoki allaqanday erkinlikka o`tish bosqichida turuvchi kishilar ham bolgan. Masalan, Hindistonda - shudralar, Bobilda - mushkenular va hokazo.
Qadimgi Sharq jamiyatlarining muhim xususiyatlaridan biri ularning an’anaviyligidadir. Sharq mamlakatlaridagi barqaror ko`pukladlilik, ijtimoiy, siyosiy, huquqiy shakllarning va institutlarning, hukmron diniy mafkuraning tarixan meros bo`lib o`tishligi qadimgi sharq jamiyatlarining an’anaviylik xarakteriga ega bo`lganaligini ko`rsatadi. Buni uzoq vaqt hukm surgan qadimgi Hindiston va qadimgi Xitoy tarixi misolida yaqqol ko`rish mumkin. Ularning mustahkam va o`zgarmas g`oyaviy-diniy yo`l-yo`riqlar bilan muqaddaslashtirilgan ijtimoiy-siyosiy tuzumi va huquqiy tizimi fikrimizning dalilidir.
Sharq mamlakatlari o`zining davlat tuzumi bo`yicha ham antik dunyo mamlakatlaridan farq qilgan. Qadimgi Sharq davlatlari tashkil topgan vaqtdan boshlaboq despotik shakldagi davlatlar bo`lgan. Bunga ko`ra, davlat boshlig`I - despot (podsho, fir’avn) hokimiyati cheklanmagan bo`lib, uning qo`lida ijtimoiy hokimiyatning hamma tarkibiy elementlari – oliy qonun chiqarish, ijro etuvchi, sud va harbiy hokimiyat to`plangan. Despotizmning o`ziga xos yana bir xususiyati shundaki, despot bir vaqtning o`zida ham davlat boshlig`i, ham din boshlig`i hisoblangan. Unga alohida unvon berilishi (Misrda, Bobilda) uni xudoning yerdagi noibi ekanligini bildirgan. Masalan, qadimgi Hindistonda davlat boshlig`i - podsho braxmanlar ta’limotiga ko`ra inson qiyofasidagi xudodir, olov va nur, quyosh va oy, jazo va ezgulik manbayidir. Xitoyda esa imperator “osmon o`g`li” (tyanszi) deb atalib, bu nom o`rta asrlarda ham saqlanib qolgan. Misrda esa VI sulola fir’avnlari ismlarining tartibiga quyosh xudosi Raning ismi ham qo`yilgan. Ular Ra(quyosh xudosi)ning o`g`li unvonini olganlar. Shumer davlatlarida patesi(podsho)lar o`zlarini xudoning yerdagi noibi emas, xudo deb e’lon qilib, to`rt mamlakat podshosi deb ataganlar.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Sharq mamlakatlarining davlat apparatida saylanib qo`yiladigan organ bo`lmagan. Barcha mansablar yo podsho tomonidan tayinlash, yo meros qilib olish asosida vujudga kelgan. Antik dunyo mamlakatlarida esa davlat hokimiyatining ko`pgina saylanib qo`yiluvchi organlari mavjud bo`lgan.
Sharq mamlakatlari o`zining huquq tizimi bo`yicha ham antik dunyo mamalakatlaridan farq qilgan. Avvalo shuni aytish kerakki, Sharq mamlakatari huquqi insoniyat tarixidagi dastlabki huquq tizimlaridandir. Shu bois unda ibtidoiy jamoa tuzumining qoldiqlari va sarqitlari ancha vaqtgacha chuqur saqlanib qolgan. Unda hali qasos olish odatining izlari saqlangan, jazo tizimida jamoaviy javobgarlik, ya’ni bir kishining jinoyati uchun oila a’zolarining, urug`doshlarning javobgarligi, jazo tayinlashda talioniya, ya’ni “ko`zga-ko`z, tishga-tish” tamoyili, sud yuritish ishlarida ordaliya - sinab ko`rish mavjud bo`lgan. Bundan tashqari, qadimgi Sharq qonunlarida huquq ma’lum tarmoqlar bo`yicha bo`linib ishlanmagan. Unda moddiy va protsessual me’yorlar qo`shilib ketgan. Antik davlatlarda esa buning aksini ko`rish mumkin. Ayniqsa, tovar-pul munosabatlari ancha rivojlangan sharoitda tashkil topgan Rim quldorlik davlatida fuqarolik, nikoh-oila jinoyat huquqlari makammal ishlab chiqildiki, Rim huquqi Rim davlatidan keyin ham uzoq yashab, boshqa ko`p davlatlar huquqiga juda katta ta’sir ko`rsatdi.
(Muhamedov H. Xorijiy mamlakatlar davlati va huquqi tarixi. I qism. – T.: Adolat, 1999, 39-44-betlar).
Huquqshunoslik fakulteti 1-kurs rus guruhi talabalari uchun “O‘zbek tili” fanidan amaliy mashg‘ulot.
3-mashg‘ulot.
Matbuot yangiliklari. “Qadimgi turkiylarning huquqiy odatlari” matni. Fe’l, uning bo`lishli, bo`lishsiz, o`timli, o`timsiz hamda noaniq shakllari. O`tgan zamon, hozirgi zamon, kelasi zamon fe’llari va ularni hosil qiluvchi qo`shimchalar. Fe’l zamonlarining o`zaro munosabati. Fe’lning xoslangan shakllari: sifatdosh, ravishdosh va harakat nomi, ularni hosil qiluvchi qo`shimchalar. Ularning sintatktik vazifasi. Beruniy, Ibn Sino, Forobiy, M.Koshg`ariylarning hayoti va ijodi haqida matnlar tuzish.
|
Qadimgi turkiylarning huquqiy odatlari
Ma’lumki, ilmiy adabiyotlarda huquqiy odatlar va huquqiy bo`lmagan odatlar bir-biridan farqlanadi. Davlat tomonidan tan olinib, mustahkamlanib qo`yilgan va sanksiyasiga ega bo`lgan odatlargina yuridik odatlar hisoblanadi. Anglo-sakson huquqiy tizimi mamlakatlarida huquqiy odat hisoblanishi uchun sud organlari tomonidan ham sanksiyalangan bo`lishi talab qilinadi. Shuning uchun bo`lsa kerak, R.O.Xalfina odat huquqini - “Odatlarga asoslangan normalar tizimi” sifatida ta’riflaydi. Ammo turk-o`zbeklarda, aslida huquqiy va huquqiy bo`lmagan odatlar bir-biridan farqlanmagan. Shunga asosan yuridik lug`atlarda bu so`zga “Odat - bu musulmon xalqlarining odat huquq normalarining yig`indisi” deb ta’rif beriladi. Bizning fikrimizcha ham turkiylarda odat huquqi - bu ma’lum bir joyning yozib qo`yilmagan, og`izdan-og`izga, avloddan-avlodga o`tib kelgan ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan rasm-rusumlari va tartiblaridan kelib chiqadigan qoidalar yig`indisidan iboratdir. Tadqiqotchi S.I.Vorobyova urf-odatlarning o`ziga xos belgilari sifatida ulardagi tarixiy vorislik, takrorlanuvchanlik, nisbiy barqarorlik, ijtimoiy ongga singib ketish kabi belgilarni juda to`g`ri ko`rsatgan.
Turkiy xalqlarda odat huquqlari ilmiy yuridik adabiyotlarda qisman bo`lsa-da ishlab chiqilgan, ammo bajarilgan ishlarning ko`pchiligi jinoyat huquqiy odatlarini o`rganishga bag`ishlangan. Respublikamiz fanida ham bu manbaning sobiq sovetlar davridagi harakati qisman o`rganilgan sohadir. Qadimgi davrlar esa deyarli o`rganilmasdan kelinmoqda. Chunki, qadimgi davlatlarning yozma qonunchiligi bo`yicha bizga yetarli darajada ma’lumotlar ma’lum emas. Ammo hozirgi O`zbekiston doirasida zardushtiylik, budda, xristianlik, moniylik dinlari ko`p tarqalgan dinlar bo`lganligi uchun ularning muqaddas kitoblari ma’lum darajada huquq manbayi bo`lib xizmat qilgan, degan xulosa chiqarishga imkon beradi. Turkiy xalqlarda ko`proq odat huquqlari keng tarqalgan va bizgacha Xitoy manbalari orqali yetib kelgan. Arablar istilosigacha bo`lgan davrda G`arbiy Turk hoqonligi hamda Sug`d huquq manbalari va ularning asosiy belgilari bo`yicha Xitoy sulolalari tarixidan qisman ma’lumotlar keltirilsa-da, ammo ular aynan bir xil. “Txanshu”(Txan sulolasi tarixi)da Sug`d va uning bosh shahri Kan (Samarqand) haqida ko`proq ma’lumotlar uchraydi, ammo huquqi bo`yicha ma’lumotlar juda kam. Shu manbalarga tayangan holda ta’kidlash mumkinki, turklarning qadimgi ajdodlari bo`lgan xunnlarda yozma qonunchilik bo`lmagan, balki qonunlar og`zaki e’lon qilinib turilgan. Qonun (dao) deganda “ular tartib va obodonchilikni hamda davlat boshqaruvini” tushunishgan.
N.Y.Bichurinning asarlarida turklarning qadimgi ajdodlariga taalluqli odat huquqlari, oila va nikoh, ko`proq jinoyat huquqi bo`yicha ba’zi parchalar keltiriladi. Jumladan, ularda deyarli barcha davrlarda jangda o`lgan akaning xotiniga ukasining uylanish odati bo`lgan. Bu esa mazkur odat turkiy xalqlarning juda qadimgi davrlariga borib taqalishi uning asosiy sababi oilani saqlab qolish va davom ettirish ekanligini ko`ramiz. Xunnlarning davlatiga kirgan uxuanlarda esa, nikohga kirishdan 3 oy oldin bo`lajak kuyov kelin bilan topishishga harakat qilib, unga otlar, katta va kichik qoramollardan iborat to`y sovg`asini yuborgan. Shundan keyin u kelinning uyiga ko`chib o`tgan va uning uyidagi barcha qarindoshlariga har kuni ta’zim qilib turgan. Bir ikki yil shu tarzda yashagan. Undan keyin kuyov bilan kelin barcha mol-mulklari bilan kuyovning ota-onasinikiga jo`natib yuborilgan. Ana shu kelinga otlar, qoramollarni nikoh sovg`asi sifatida yuborish odati, keyinchalik, hatto turklarda musulmonchilik davrida ham chuqur ildiz otgan odat - qalin to`lash (qalliq uchun to`lov) shakllangan.
Motun hoqon haqidagi ma’lumotlarda ko`rsatilishicha, o`tkir qurolni qinidan chiqarganlik, fut (temirdan yasalgan og`ir qurol) bilan o`qtalganlik, odam o`ldirganlik va boshqa og`ir jinoyatlar uchun o`lim jazosi berilgan. Turk xalqlarida hozirgacha saqlanib qolgan “Qilichni qinidan chiqargan odam uchun uni qo`llashga doimo sabab topiladi” maqoliga ehtimol ana shu qonunlar asos bo`lgan bo`lishi mumkin. Nizoli ishlarni va tushgan shikoyatlarni hal etish, hukmlarni ijro etish og`zaki bo`lib, yozma shaklda maxsus ish yuritilmagan. Sudya etib esa dovyurak, kuchli, murakkab ishlarni hal etishga qodir bo`lgan kishilar tayinlangan. Sud jarayoni uch kundan oshiq davom etishi mumkin bo`lmagan. Dunxu qabilalarida (yoki Uxuanlarda ham) o`ziga xos jinoyat qonunlari mavjud edi. Jumladan, oqsoqollarning buyruqlariga bo`ysunmaslik uchun o`lim jazosi berilgan, ammo odam o`ldirish va o`g`rilik kabi jinoyatlarni sodir etish holatlarida aymoq (qishloq jamoasi) oqsoqollariga murojaat etmasdan zararni qoplash bilan hal etishga ruxsat berilgan. Odam o`ldirishda ayblangan kishi ot yoki qo`ylar bilan to`lash evaziga javobgarlikdan qutulishi mumkin bo`lgan. Bizning fikrimizcha, to XX asrning o`rtalarigacha chorvador turkiy xalqlarda mavjud bo`lib kelgan barimta ana shu qoidalardan kelib chiqqan bo`lishi mumkin. Qochoq va xoinlar, oqsoqollar tomonidan ta’qib qilinayotgan kishilarni hech kim o`tovlariga qo`yishlari mumkin bo`lmagan. Ular qum sahrolariga quvib yuborilgan, bu esa ko`pincha o`lim jazosi bilan barobar bo`lgan.
Shu o`rinda mavzudan biroz uzoqroq bo`lsa-da, ammo qadimgi xakaslarning davlati(manbalarda qirg`iz deb ham ko`rsatilgan) Gen Gunning G`arbiy Xunlarning davlati tarkibiga va Xakaslar turk-mo`g`ul qabilalaridan biri bo`lganligidan kelib chiqib, huquq tarixi uchun hech o`xshashi bo`lmagan ma’lumotlarni keltiramiz. Xitoylarning Txanshu sulolasi tarixi orqali bizgacha yetib kelgan ma’lumotlarga ko`ra, ularning qonunlari nihoyatda qattiq bo`lgan. Jumladan, “Elchilik topshiriqlarini bajarmaganligi, xonga aqlsiz (noto`g`ri) maslahat berganlik uchun, o`lim jazosi berilgan”. Agar o`g`rining otasi bo`lsa, o`g`lining tanasidan judo qilingan boshi uning bo`yniga osib qo`yilishi, otasi esa umrbod taqib yurishi lozim bo`lgan. Bunday jazoni biz huquq tarixida biror xalqda uchratmadik. Bu jazo nihoyatda qattiq va azobli, tahqirli jazo hisoblangan. Yuqoridagi ma’lumotlarning o`ziyoq quyidagi xulosalarni chiqarishga asos bo`ladi:
Qadimgi turkiy xalqlar davlatlarida yozma qonunchilik bo`lmasa-da, odat huquqlari juda rivojlangan. Chunki, qonun o`sha davrdayoq tartib va intizom ramzi sifatida qaralgan.
Oila va nikoh huquqi monogamiyaga asoslangan. Odat huquqlari bilan tartibga solingan nikoh tuzish shartlaridan biri qalliq uchun to`y sovg`asini berish bo`lib, keyinchalik ana shu odatlardan turkiy xalqlarda hozirgacha mavjud bo`lgan “qalin to`lash” odati shakllangan.
Jinoyat qonunchiligi o`zining qattiqligi, jamoa javobgarligi hamda barimta xavfli holatda bo`lganligi uchun javobgarlik nazarda tutiladi. Jazo tizimida bu vaqtlarda, ibtidoiy jamoa tuzumining qoldiqlari uchraydi, masalan, qum sahrosiga quvib yuborish (ostrakizm) og`ir jazolardan hisoblangan.
O`ziga xoslik va odatlarning qadimgi mo`g`ul, tungus (manchjur), turk xalqlarida uchrashi, hatto ayrim joylarda hozirgi kunlarda ham u yoki bu darajada saqlanib qolganligi bu xalqlarning ildizlari bir, hozirgi turkiy xalqlar ularning vorislari ekanligini ko`rsatadi.
(Muqimov Z. O`zbekiston davlati va huquqi tarixi. – S.: Zarafshon, 1998,31-34-betlar).
Huquqshunoslik fakulteti 1-kurs rus guruhi talabalari uchun “O‘zbek tili” fanidan amaliy mashg‘ulot.
4-mashg‘ulot.
Matbuot yangiliklari. “Turk hoqonligi va uning ijtimoiy-siyosiy tuzumi” matni. Fe’lning aniq, o`zlik, majhul, birgalik hamda orttirma nisbatlari. Fe’lning xabar, buyruq-istak hamda shart mayli, ularning fe’l zamonlari bilan munosabati, nutqdagi ahamiyati. Hadisshunos olimlar haqida matn tuzish, hadislardan namunalar tarjima qilish.
|
Turk hoqonligi va uning ijtimoiy-siyosiy tuzumi
Oltoyda Turk hoqonligining paydo bo`lishi ashin urug`ining kuchayib, barcha turkiylarning bu urug` atrofida birlashishi bilan bo`gliqdir. Uning ijtimoiy-siyosiy tuzumini, huquq va odatlarini o`rganishda arxeologik qazilmalar materiallari, yozma manbalar, muqaddas diniy kitoblar, Uyg`ur, Xorazm va Sug`d yozuvlaridagi hujjatlar, shuningdek, bevosita turkiy manbalar: Kultegin, Tunyuquq, Bilga hoqon bitiktoshlari, O`rxun-Enasoy (turkiy-run) alifbosidagi bitiktoshlar manba bo`lib xizmat qilishi mumkin.
Jumladan, Kultegin bitiktoshida davlatning paydo bo`lishi haqida qiziq lavha bor: “Yuqorida ko`k osmon, pastda qora yer yaratilganda, ikkisining o`trtasida inson bolalari yaratilgan. Inson bolalari ustidan ota-bobom Bumin hoqon, Istami hoqon bo`lib o`rnashganlar. Ular taxtga o`rnashib, turk xalqining davlatini, rasm-rusumini tutib turganlar, rioya etib turganlar”. Eramizning 551-yilida turklar dastlab Jujan qabila birlashmalarini yengib, ularning hoqoni Bumin hoqon Mo`g`uliston va Oltoyda kuchli davlat tuzdilar. Bu davlat VI-VIII asrlarda Movarounnahr va Xorazmda, Sirdaryoning shimolida, Sharqiy Turkistonda va Orol dengizi atroflarida yashovchi turkiy qabilalar, jumladan, qarluqlar va ularga qardosh etnik guruhlarni birlashtirdi.
Kultegin bitiktoshida aytilishicha, Mug`on hoqon (553-557) va uning akasi Istami hoqon davrida ular Qashqadaryo va Surxondaryo chegarasidagi tor o`tish joyi Temir darvozagacha o`z xalqlarini yoygan. 560-yillarda Buxoroda eftalitlarning juda katta qo`shiniga zarba berib, ular hukmronligini uzil-kesil yemirib tashlagan. Bunda ular avval eftalitlarga soliq to`lab turgan sosoniylar Eroni bilan ittifoq tuzganlar.
Keyinchalik Eron chegaralariga chiqib g`arbda Qora dengizgacha yetdilar va Koreyadan Qora dengiz bo`ylarigacha tuzilgan juda katta saltanatga - Turk hoqonligiga asos soldilar. Deyarli butun Osiyo cho`llari va yuksak madaniyatli Turon yerlarini o`zida birlashtirgan qudratli yagona davlatning tashkil topishi, albatta o`sha davr siyosiy hayotida muhim o`rin egalladi. Ularning qo`shnisi bo`lgan Xitoy esa turklar vassaliga aylandi.
603-yilda hoqonlik ichki ziddiyatlar natijasida ikkiga - Sharqiy va G`arbiy hoqonlikka bo`linadi. O`rta Osiyo G`arbiy hoqonlik tarkibiga kiradi. VII asrning oxirlarida Xitoy bilan bo`lgan kurashlarda zaiflashgan Sharqiy hoqonlik o`rnida ikki Turk hoqonligi tashkil topadi va Qopag`on hoqon davrida esa Shimoliy Xitoy ustidan turklar hukmronligi qaytadan tiklanadi. Ayniqsa, shu davrdan boshlab Markaziy Osiyoni ko`pgina xalqlar, jumladan, Xitoy va vizantiyaliklar Turkiston deb atay boshlaganlar.
Markaziy Osiyoda turklarning kuchayib borishi Turon yerlariga necha yuzlab yillardan beri ko`z olaytirib yurgan sosoniylar Eronining noroziligiga sabab bo`ladi. Turklar esa Vizantiya bilan sosoniylar Eroniga qarshi bitim tuzadilar.
Bu vaqtda Markaziy Osiyoda deyarli mustaqil bo`lgan ko`pgina davlatlar va mulklar bor edi. Jumladan, Xorazm, Chag`aniyon, mustaqil davlatlar konfederatsiyasidan iborat bo`lgan Tohariston, Samarqand sug`di va boshqalar. Samarqand hukmdorining taxt unvoni chjaou bo`lib, ko`p olimlarning fikricha, bu turkiy unvon odatda kuchli davlat egalariga berilgan. Uning atrofida jami yetti mulk - Maymurg` bekligi, Ishtixon, Kushoniya, Buxoro vohasining sharqiy chegaralri va Nasaf (hozirgi Qarshi) bo`lgan.
Turk hoqonlari boshlang`ich davrlarda o`zlariga bo`ysungan joylardan faqat belgilangan miqdorda o`lpon (soliq) olib turish bilan qanoatlanib, mavjud davlatlarning ishlariga kam aralashganlar. Bunday ulkan davlat markazlashgan monarxiyadan iborat bo`lgan. Ayniqsa, arablar bosqini oldidan prof. B.Ahmedov ta’kidlaganidek, “15 ga yaqin yarim mustaqil mulkdan iborat bo`lgan”.
Har bir mulk va davlatning hamda shaharlarning o`z hukmdorlari bo`lib, ular turlicha nomda atalganlar. Jumladan, Xorazmda Xorazmshoh, Toharistonda Abg`u (Jabg`u), Chag`aniyonda chag`on xudot, Buxoroda buxorxudot (Chjaou deb ham atalgan), Samarqandda va Farg`onada ixshid, Keshda (Shahrisabz) ixrid, Toshkentda (Sharqiy turk hoqonligiga kirgan) xvabe (hokim), Usturshanada (O`ratepa) afshin deb yuritilgan.
Samarqandda podshoni ixshid deb atasa-da, Divastichning nomiga Rti Maroy - Oromiycha hokim degan ma’noni bildiruvchi so`z ham qo`shilgan. 618-yilda G`arbiy Turk hoqoni Tun Shohu islohot o`tkazib, mahalliy hukmdorlarni o`zining noiblari deb e’lon qiladi, ular ustidan nazorat qilish uchun oz vakillarini yuboradi. Bunday nazoratchilarni Toshkentda tudun deb ataganlar. S.P.Tolstov fikriga ko`ra u turk hoqonining urug`idan kelib chiqqan va bo`ysundirilgan joylardagi hokimlar faoliyatini nazorat qilish, o`lpon va soliqlarni yig`ishni tashkil qilish maqsadida tayinlangan noibdir.
Turk hoqonligining ijtimoiy tuzumida hukmron doiralarini o`troqlashib feodallashayotgan beklar, kelib chiqishi bo`yicha urug` boshliqlariga borib taqaladigan hamda xizmat qiluvchi tabaqa, tarxonlar tahkil qilgan. Davlat boshlig`i hoqonlikning vujudga kelishi yillarida, Tun jabg`u, Tangriqut, keyinchalik Hoqon (imperator) deb atalib, uning bosh kenti qadimgi Choch vohasining shimolidagi yashil dashtlarda joylashgan. 626-yilda uning urdusi (qarorgohiga) kelgan budda monaxi U yerda namunali darajada tartib va intizom bo`lganligini yozib qoldirgan. Mahalliy hokimlar esa yabg`u, jabg`u deb atalgan.
Shu joyda bir narsani ta’kidlash joizki, turk xalqlarining davlatchiligi ana shu hoqonlik (imperatorlik), beklik, otabeklik (knyazlik) shakllarida tashkil topdi. Bundan boshqa xalqlarning ham shunga o`xshash davlat tuzilmalari bor edi, albatta. Ammo turkiy xalqlarga xos bo`lgan yuqoridagi shakllar ularda ko`zga tashlanmaydi.
Panjakentdan topilgan Sug`d tangalarini tadqiq qilgan O.I.Simirnova Sug`dda podsholik qilgan sulolalarning vakillari turk qabilalaridan chiqqanligini tangalarga zarb etilgan “Jabg`u” so`zi asosida isbotlab bergan. Mahmud Koshg`ariyning ta’kidlashiga ko`ra, bu mansab, xondan ikki daraja past mansabdir. Ammo, yabg`u hoqonning o`rinbosari darajasida bolgan degan fikrlar ham bor. Bu lavozimga asosan xonning urug`laridan saylangan. Yabg`u mansabining katta-katta ma’muriy birliklarda uchrashiga qaraganda, u asosan viloyat hokimi vakolatiga to`g`ri kelgan, deyish mukin. Taxt vorisi tegin (ya’ni, shahzoda) deb yuritilgan. Shahzodalarga qondosh bo`lgan biror beklik yoki hokimlik qilgan kishiga shad unvoni berilgan. Turk hoqonlari maxsus marosim bilan saylanib qo`yilgan.
Sug`d mulkining arablar tomonidan bosib olinishi voqealarini bayon qilgan tarixchi At-Tabariy ham sug`d hokimlari va lashkarboshilarining turklar ekanligini yozib qoldirgan. Bu narsani sug`d hujjatlarida ham kuzatish mumkin. Masalan, 8-hujjatda Sug`d viloyatlaridan birining - Vaxsh podshosi va Panj (Panjakent) hukumdori 693-708-yillarda Chakin Chur Bilga bo`lganligini, 700-710-yillarda esa Sug`dda Tarxun (Xunlar xudosi) Sug`d podshosi bo`lgani va uning arablarga qarshi kurashgan Divashtichdan oldin o`tganligini bilib olish mumkin. Mazkur hujjatlarni o`rganish jarayonida Sug`d hukmdorlarining xuddi Xitoy hukmdorlariga o`xshab har biri o`z “Erasiga” ega bo`lganligi to`g`risidagi xulosaga kelindi. Bu hol, hech shubhaiz, turklarga o`z qo`shnilari Xitoydan o`tgan. Ular esa o`zlari bilan birga Sug`dga olib kelganlar. Bu hol Samarqand sug`dida turkiy xalqlarning qadimiy mavqeyiga yaqqol misol bo`la oladi.
Shu davrda turk hoqonligi va uning tarkibiga kirgan mulk va davlatlarning ijtimoiy tuzumi murakkab bo`lib, xalq quyidagi qatlamlar: boy zodagonlardan, savdogarlar, hunarmandlar, xizmat qiluvchi tabaqa amaldorlar va harbiylardan, dehqonlar va qullardan iborat bo`lgan. Yer egalari kishtichkarlar va kishovarzlarga bo`linib, dehqonlar kadivarlar deb atalgan. Hukmron sinf ozodlar deb atalib, bu davrda yirik feodal yer mulkining egasi bo`lgan dehqonlar ham ular tarkibiga kirgan. Harbiylar turkiycha chaqir deb atalgan. Hukmdorlar saroyida sug`d hujjatlariga ko`ra quyidaigi mansablar bo`lgan: harbiy ma’muriyat boshlig`i, Farg`onada tutug`, Sug`dda chapish deb yuritilgan , bu qadimgi Turk tilidagi chiyxon “lashkarboshi” mansabiga to`g`ri kelgan. Viloyat hokimlari sug`dcha xvabe deb yuritilgan. Podsho devonxonasining boshlig`i depirapat deb atalgan. Bundan tashqari gupat - “daromadlar noziri” moliya ishlari bilan shug`ullanuvchi mansab, oxvirpat podsho otxonasining noziri, boshlig`i(o`zbek tiliga oxur bo`lib kirgan); parvanak kirok - hujjatlar tuzuvchi mansabdor; paxtvanak (patxvane) jazoni ijo etuvchi jallod lavomizi bo`lganligini ko`rish mumkin.
Markaziy Osiyo xalqlari bu davrda bir necha dinga: zardushtiylik, xristianlik, moniylik va buddizmga e’tiqod qilganlar. Hujjatlarda diniy mansablar magupat - bosh qohin, vagipat - ibodatxona boshlig`i, xushufang - olti ibodatxona boshlig`i kabi nomlar uchraydi. Sug`dda “Qonuniy aktlarni sodir etadigan maxsus joy” - sud-notarial organlari mavjud bo`lgan.
(Muqimov Z. O`zbekiston davlati va huquqi tarixi. – S.: Zarafshon, 1998, 45-50-b.)
Huquqshunoslik fakulteti 1-kurs rus guruhi talabalari uchun “O‘zbek tili” fanidan amaliy mashg‘ulot.
5-mashg‘ulot.
Matbuot yangiliklari. “Hindiston feodal davlati va huquqi” matni. So`zning lug`aviy va grammatik ma’nosi, so`zning o`z va ko`chma ma’nosi. Lug`t tarkibining boyish yo`llari. Shakldosh, ma’nodosh, zid ma’noli so`zlar. Talaffuzida o`xshash so`zlar va ularning nutqdagi o`rni. Gapning ifoda maqsadiga ko`ra turlari: darak, so`roq, buyruq va undov gaplar. Amir Temur, Mirzo Ulug`bek, Zahiriddin Muhammad Boburlarning hayoti, faoliyati haqida matnlar tuzish, ular asosida suhbatlashish.
|
Hindiston feodal davlati va huquqi
Yuridik adabiyotlarda ko`rsatilganidek, hind feodal davlati va huquqi tarixi uch davrga: a) hind feodal davlatining tashkil topishi (IV-X asrlar); b) Dehli sultonligi va Boburiylar imperiyasi davrida gullab yashnashi (X-XVI asrlar); d) hind feodal davlatining inqirozi va Angliya hukmronligining o`rnatilishiga bo`linadi.
Quldorchilik munosabatlarining yemirilishi va yangi ijtimoiy munosabatlarning paydo bo`lish arafasi IV-V asrlar Guptlar imperiyasining yemirilishi davridir. Garchi feodal Hindistonning davlarga bo`linishi masalasida yagona fikr bo`lmasa-da, N.N Straxov tomonidan davrlarga bo`linishi diqqatga sazovordir: a) ilk feodalizm (VI-X asrlar); b) rivojlangan feodalizm (X-XI asrlar); d) kechki feodalizm (XVI asrlardan keyingi davr).
Hindistonning feodalizm tuzumiga o`tishi quldorlik tuzumining qoldiqlari - varnalar sistemasi, qishloq jamoasining turg`unligi kabilar saqlanib qolishi bilan hamda feodalizmning juda sekin rivojlanishi bilan xarakterlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |