1.Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy 194 (810), - 256 (870)
2.Imom Muslim ibn al-Hajjoj 206 (819), - 261 (874)
3.Imom Iso Muhammad ibn Iso at-Termiziy 209 (824), - 279(892)
4.Imom Abu Dovud Sulaymon Sijistoniy 202 (817), - 275(880)
5.Imom Ahmad an-Nasoiy (215 (830), - 303 (915)
6.Imom Abu Abdulloh Muhammad ibn Yazid ibn Mojja 209 (824), - 273(886).
“Sahih” yo’nalishining asoschisi eng yetuk va mashhur muhaddis Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriydir. Imom Ismoil al-Buxoriy hadis ilmida “Amir-ul-mo’minin”, “Imom al-muhaddisiyin” (“Barcha muhaddislarning peshvosi”) degan sharafli nomga sazovor bo’lgan. U 810 yilning 13 mayida (ba’zi manbalarda 810 yilning 20 iyulida) (hijriy 194 yil shavvol oyining 13 kuni) Buxoroda tug’ilgan. Go’dakligida otadan yetim qolgan. Dastlabki savodini maktabda chiqargan, 10 yoshidayoq arab tilida yaratilgan kitoblar yordamida hamda roviylardan og’zaki ravishda eshitish asosida hadislarni yodlay boshlagan.
Imom Ismoil al-Buxoriy 825 yilda, o’n olti yoshida onasi va akasi bilan Hijozga safar qiladi. Makkayu Mukarrama va Madinai Munavvarada bo’lib, haj ibodatini ado etadi. Balx, Basra, Kufa, Bog’dod, Xume, Damashq, Misr, Makka va Madina kabi shaharlarda bo’lib, safar jarayonida muhaddislar bilan bilan uchrashadi. Muhaddislar bilan uyushtirilgan suhbatlarda ular tomonidan aytilgan hadislarni yodlab borar edi.
Imom Ismoil al-Buxoriy iste’dodli, o’tkir zehnli hamda ziyrak olim bo’lgan. “Manbalarga ko’ra, Bag’dod shahrida istiqomat qilgan vaqtda ko’pincha qorong’u kechalari sham yorug’i va oyning nurida ijod qilib, kitob yozar ekan. Tunda yodiga bexosdan biror-bir fikr-mulohaza tushib qolsa, shamni yoqib, darhol o’sha fikrni qog’ozga tushirar, shu tahlitda ba’zan shamni yigirma martagacha o’chirib-yoqar ekan”. Imom Buxoriyning o’tkir zehn egasi ekanligini quyidagi misoldan ham bilish mumkin.Rivoyatlarga ko’ra, u qaysi bir kitobni qo’lga olib, bir marotaba mutoala qilsa, unda bayon etilgan barcha fikrlar, ma’lumotlarni yodda saqlab qolavergan. Imom Ismoil al-Buxoriyning qayd etishicha, yuz ming sahih (ishonchli) va ikki yuz ming g’ayri sahih (ishonchsiz) hadisni yod bilgan.
Mashhur muhaddislardan yana biri vatandoshimiz Muhammad ibn Iso at-Termiziy bo’lib, u 824 yilda Termiz yaqinidagi Bug’ qishlog’i (hozirgi Surxondaryo viloyatining Sherobod tumani)da tug’ilgan. Uning oilasi va ota-onasi haqida ma’lumotlar yo’q. Ba’zi tadqiqotchilar uning otasi asli marvlik bo’lgan deb qayd etadilar.Muhamad ibn Iso at-Termiziy bolaligidan ilm o’rganishga qiziqqan, ayniqsa hadis ilmini chuqur egallagan.Muhamad ibn Iso at-Termiziy 850 yildan qator mamlakatlarga safar qiladi. Hijoz shahrida bo’lib, Makka va Madina shaharlarini ziyorat qiladi. Iroq hamda Xurosonda hadis, fiqh, qiroat, bayon, tarix va boshqa ilmlarni o’rganadi. Mazkur safarda Muhamad ibn Iso at-Termiziy ustozi Imom Ismoil al-Buxoriy bilan uchrashadi. Alloma ustoziga nisbatan alohida hurmatda bo’lib, uning yordamida hadis ilmidan to’laqonli ravishda xabardor bo’ladi. Manbalarda e’tirof etilishicha, Imom Muhammad ibn Iso at-Termiziy ustozining vafoti tufayli ko’p yig’laganidan ko’zi ko’r bo’lib qolgan.
Hadislarda insonning kamolotga erishishi uchun talab etiladigan insoniy fazilatlar ifoda etilgan bo’lib, ushbu fazilatlar sirasiga o’zgalarga mehr-oqibat ko’rsatish, saxiylik, ochiq ko’ngillik, ota-ona, kattalar va qarindoshlarga nisbatan muruvvatli bo’lish, ularga g’amxo’rlik qilish, vatanga muhabbat, mehnat va kasb-hunarni ulug’lash, halollik, poklik, do’stlik, oliyjanoblik, rahm-shafqatlilik, kamtarlik, rostgo’ylik va vijdonlilik kabi xislatlar kiritiladi. Bundan tashqari, insonning o’zini yomon illatlardan tiyishi, yaxshilik sari intilishi kerakligi borasidagi pand-nasihatlar ham o’z aksini topganki, bularning barchasi Qur’oni Karimda qayd etilgan ko’rsatmalarga asoslanilgan va komil insonni shakllantirishda asosiy mezon bo’lib xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |