Tibbiy sug‘urta
Tibbiy sug‘urta – ijtimoiy sug‘urta shakllaridan biri bo‘lib, fuqarolar sog‘lig‘ini turli hodisalar tufayli yo‘qotilishining oldini olishga qaratilgan. Tibbiy sug‘urta aholining vrach ko‘rigiga takror qatnashishi, ambulator, stasionar davolanish, stomatologik xizmat, turli profilaktik tadbirlar uchun mablag‘larini himoyalash va qoplashga yo‘naltiriladi.
Tibbiy sug‘urta obyekti – sug‘urta hodisasi yuz berganda tibbiy yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq xarajatlar tarzidagi sug‘urta tavakkalchiligi hisoblanadi. Tibbiy sug‘urta hodisasi – shartnoma muddati davomida sug‘urtalangan shaxsning o‘tkir surunkali kasalliklar, jarohatlanish, zaharlanish va boshqa turdagi baxtsiz hodisalar tufayli maslahat-profilaktik, davolash va boshqa turdagi yordamlar olish maqsadida tibbiyot muassasasiga murojaat qilishidir. Ishlab chiqarishda yuz bergan baxtsiz hodisalar yoki kasb kasalligiga chalinish oqibatida yuz bergan moddiy zarar deganda sog‘liqqa zarar yetgan holda xodim yo‘qotgan ish haqi, uning muayyan qismini qoplash, qo‘shimcha xarajatlarni qoplash, bir yo‘la qoplanadigan nafaqa berish, ma’naviy zararni qoplash kabilardan iborat bo‘ladi. Xodim vafot etgan taqdirda esa, ushbu xarajatlar uning oila a’zolariga to‘lanadi. Sug‘urtalovchi tomonidan to‘lanishi lozim bo‘lgan sug‘urta mukofoti yillik ish haqi fondiga nisbatan foizlarda, sug‘urtalovchi tomonidan belgilangan tariflarga muvofiq belgilanadi. Tibbiy sug‘urtaning quyidagi turlari mavjud:
–majburiy;
– ixtiyoriy.
Majburiy tibbiy sug‘urta – quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
– ishlovchi fuqarolar uchun badallar ish joyidan majburiy undiriladi;
– mehnatga layoqatsiz fuqarolar uchun tegishli byudjet mablag‘lari hisobidan.
Majburiy tibbiy sug‘urta aholi uchun bepul hisoblanadi. Har bir ishlovchi fuqaro, ishlamaydigan pensioner sug‘urta polisiga ega. Bu polis ularning kelgusida tibbiy xizmat turlaridan foydalanishga imkon beradi. Majburiy tibbiy sug‘urta o‘z xohishingizga ko‘ra davolanish imkonini bermaydi. Biroq, sog‘liqni saqlash organlari faoliyatining aksariyati ijtimoiy soha tashkiloti bo‘lganligi sababli ushbu xizmatlarning bir qismi imtiyozli tarzda beriladi. Tibbiy sug‘urtada sug‘urta hodisasi yuz berganda sug‘urta badallari hisobidan jamg‘arilgan mablag‘lar va oldini olish tadbirlarni moliyalashtirish mablag‘lari hisobidan tibbiy yordamning kafolatlanishidan iborat.
Ixtiyoriy tibbiy sug‘urta – sug‘urta tashkiloti va tibbiy muassasalarning o‘zaro kelishuvi asosida tuziladi. Mazkur sug‘urta shartnomasi fuqarolar bilan alohida tuziladi va ular to‘lovlarni amalga oshirishlari bilan kuchga kiradi. Ixtiyoriy tibbiy sug‘urta yakka tartibda ham, jamoa shartnomasi shaklida ham amalga oshirilishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |