2. Sotsial-iqtisodiy jarayonlarni moliyaviy tartibga solish
Zamonaviy iqtisodiy dunyo - bu aralash iqtisodiyot dunyosi. Ana shu qoida o‘ziga xos aksioma hisoblanib, u “mumtoz” liberalizmning eng ashaddiy tarafdorlari tomonidan ham inkor etilmasligi kerak. Dunyoning hech bir rivojlangan mamlakatida jamiyat ustidan bozorning “absolyut monarxiya”si mavjud emas va shubhasiz, hech qachon bo‘lmaydi ham. SHunday bo‘lishiga qaramasdan, barcha bozor qonunlarining harakati ob’ektiv bo‘lib, ularni bekor qilish mumkin emas. Xuddi shuningdek, bozor institutlari “nomenklatura”sining kengayishi, ular o‘rtasidagi aloqalarning murakkablashuvi, yangi tizimlarning (evolyusiya yoki taraqqiyot qonunlariga muvofiq ravishda) shakllanishini ham rad etib bo‘lmaydi. Sotsial-iqtisodiy jarayonlarga davlatning ta’siri quyidagi maqsadlar uchun zarur:
• hayotiy faoliyatning umumiy sharoitlarini va iqtisodiy qarorlarning amalga oshirilish asoslarini ta’minlash (butun jamiyatning xavfsizligini ta’minlash, mulkka egalik qilish huquqi himoyalashga va shaxsning erkin rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan huquqiy rejimni (tartibni) o‘rnatish va qo‘llab-quvvatlab turish, samarali raqobatni qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish davlatga kerak);
• barqarorlashtiruvchi tadbirlarni amalga oshirish (davlat iqtisodiy o‘sishning sur’atlarini, inflyasiya va bandlik darajasini tartibga solib turishi, iqtisodiyotning tarmoq va mintaqaviy tuzilmasidagi progressiv (ijobiy) o‘zgarishlarni rag‘batlantirishi, tashqi iqtisodiy muvozanatni va milliy valyutaning kursini qo‘llab-quvvatlashi lozim);
• resurslarning sotsial yo‘naltirilgan qayta taqsimlanishini amalga oshirish (davlat jamiyatga kerak bo‘ladigan, lekin u bilan xususiy sektor shug‘ullanmaydigan ishlab chiqarishni tashkil qilishi, ish haqi, pensiyalar, nafaqalarning minimal darajasini kafolatlashi, ijtimoiy himoyaga muhtojlarga yordam berishi, qat’iylashtirilgan (fiksatsiya qilingan) daromadlarning indeksatsiyasini amalga oshirishi zarur).
Turli sotsial-iqtisodiy jarayonlarda moliyaning rolini (moliyaviy tartibga solishning rolini) to‘liq idrok etish uchun tizimning shakllantiruvchi asoslarini – davlat xarajatlari va davlat daromadlarini - hamda ular har birining rolini atroflicha tahlil qilib chiqmoq lozim.
Dastlab, davlat xarajatlarining tavsifiga murojaat qilish kerak. CHunki aynan davlat xarajatlari davlat moliyasining ijtimoiy mo‘ljallanganligi nimadan iborat ekanligini aniq ko‘rsatadi. SHunga mos ravishda, aynan davlat xarajatlarining tarkibi, tarkibiy tuzilmasi va hajmi moliya tizimi faoliyatining natijalarini o‘zida aks ettiradi va bu tizim ijtimoiy takror ishlab chiqarish jarayonida o‘zining funksiyalarini bajarayaptimi yoki yo‘qmi, degan savolning javobini oldinroq aniqlashga imkon beradi.
Davlat daromadlarining hajmi va tarkibi bilan manipulyasiya qilish vositasida umumishlab chiqarish ko‘rsatkichlarining tartibga solish imkoniyati quyidagi ob’ektiv shart-sharoitlar bilan izohlanadi (tushuntiriladi). Jismoniy va yuridik shaxslar ega bo‘lgan va o‘zlarining joriy xarajatlari hamda investitsiyalarini to‘lash uchun foydalaniladigan resurslar bir qismining davlatlashtirilishi (davlat ixtiyoriga o‘tkazilishi) yuqoridagi ijtimoiy tizim sub’ektlarining daromadlilik darajasini kamaytiradi (pasaytiradi) va jami iste’molning tarkibiy tuzilmasini o‘zgartiradi. YUqoridagi tartibda davlatlashtirish sotsial tabaqalanishning darajasini o‘zgartirishga (korrektirovka qilishga) va ishlab chiqarish samaradorligining etarli darajada asoslanmagan past yoki yuqori chegaralarini cheklab turishga imkon beradi. Bu narsaga, birinchidan, aholining kam ta’minlangan tabaqalariga, shuningdek zararga ishlayotgan yoki past rentabelli korxonalarga ma’lum bir imtiyozlarni taqdim etish orqali erishiladi. Ikkinchidan, ustama daromadlarning bir qismini qarama-qarshi yo‘nalishda yo‘naltirish (begonalashtirish) vositada (masalan, mehnatni rag‘batlantirish yoki meros sifatida o‘tadigan mol-mulk, yoki mahsulotlar bahosi sog‘lom faoliyat uchun zarur bo‘lgan shart-sharoitlardan yuqori bo‘lgan daromadlarning shakllanishiga olib kelsa) qo‘lga kiritish mumkin.
Umumiy tarzda, davlat daromadlarining olinishini quyidagilarga ta’sir etishi mumkin deb, ajratib ko‘rsatsa bo‘ladi:
• baholarni shakllantirishga (bu, asosan, egri (bilvosita) soliqlar);
• ishlab chiqarish xarajatlariga (mol-mulkning qiymatidan, iste’mol fondidan olinadigan soliqlar, sotsial xarakterdagi nobyudjet fondlarga ajratmalar);
• jamg‘armalar hajmiga (investitsion imtiyozlar);
• bandlilik va shaxsiy iste’molga (mehnat haqi fondidan olinadigan soliqlar, aholi bandlik fondiga ajratmalar va h.k.lar).
Makro- va mikrodarajada jamiyat ehtiyojlarining maksimal qondirilishini ta’minlaydigan jamg‘armalarni taqsimlashning prorporsiyalarini o‘rnatish moliyaviy tartibga solish jarayonida echiladigan asosiy vazifa hisoblanadi. Bu narsa shaxsiy, jamoa va ijtimoiy manfaatlar, qadriyatlar va boyliklarning oqilona inobatga olinishini ko‘zda tutadi va samarali ishlayotgan bozor mexanizmi bilan davlatning ta’siri tizimini qo‘shish muammolarining moliyaviy aspektini (yo‘nalishini) aks ettiradi.
Bozor ho‘jaligining moliyaviy regulyatorlariga (tartibga soluvchilariga) quyidagilar kiradi:
• byudjetga soliqli va nosoliqli to‘lovlar;
• moliyaviy imtiyozlar va sanksiyalar;
• byudjet tashkilotlarining ekspluatatsion xarajatlari;
• umumiy va maqsadli subsidiyalar, shu jumladan, davlat buyurtmalarini to‘lashga mo‘ljallanganlari;
• nobyudjet fondlarning daromadlari va xarajatlari;
• davlat korxona va tashkilotlarining daromadlari va xarajatlari.
Moliyaviy ta’sir ko‘rsatishga tartibga solishning quyidagi ko‘rinishlari (shakllari) xos:
• to‘g‘ridan-to‘g‘ri (bevosita);
• egri (bilvosita);
• aralash.
Moliyaviy ta’sir ko‘rsatishning to‘g‘ridan-to‘g‘ri (bevosita) tartibga solish shakli quyidagilar orqali namoyon bo‘ladi:
• to‘g‘ri (bevosita) umumdavlat soliqlarini undirish yordamida;
• taraqqiyot byudjetidan xarajatlarni moliyalashtirish jarayonida;
• byudjet va markazlashtirilgan nobyudjet fondlarga soliqlar va to‘lovlar stavkalarini oshirilgan yoki kamaytirilgan tarzda qo‘llash yo‘li bilan;
• davlat xarajatlarining normativlari o‘lchamini o‘zgartirish orqali;
• moliyaviy intizomni buzganligi uchun jarimalar, penyalarni undirish natijasida.
Bularning barchasi, o‘z navbatida, takror ishlab chiqarish sub’ektlari daromadlarining darajasini va bozor kon’yunkturasini to‘g‘ridan-to‘g‘ri (bevosita) o‘zgartiradi.
Tartibga solishning egri (bilvosita) shakllari o‘z ichiga quyidagilarni oladi:
• davlat tomonidan egri (bilvosita) soliqqa tortish;
• davlat joriy xarajatlarini amalga oshirish.
Moliyaviy ta’sir ko‘rsatishning aralash shakllari orasidan quyidagilarni alohida ajratib ko‘rsatish mumkin:
• mahalliy soliqlar;
• byudjetga nosoliqli to‘lovlar tizimi;
• faoliyatning alohida turlari va tadbirlarni imtiyozli soliqqa tortish va imtiyozli moliyalashtirish;
• davlat korxonalari va tashkilotlari fondlari hamda markazlashtirilmagan nobyudjet fondlarini shakllantirish va ulardan foydalanish normativlari.
Do'stlaringiz bilan baham: |