1. Moliya tizimining sohalari va bo‘g‘inlari 2. Etakchi xorijiy mamlakatlarning davlat moliya tizimi
Moliya tizimining sohalari va bo‘g‘inlari.
Jarayonida turli pul fondlari(dan) shakllanadigan va foydalaniladigan moliyaviy munosabatlar turli sohalarining majmuiga moliya tizimi deyiladi. Unga boshqacha ham ta’rif berish mumkin: davlat va korxonalarning pul fondlarini shakllantirish, taqsimlash va foydalanish borasidagi shakl va metodlar tizimiga moliya tizimi deyiladi. “Moliya tizimi” tushunchasi keng ma’nodagi “moliya” tushunchasining taraqqiyoti natijasidir. Mamlakatda bozor islohotlarining amalga oshirilishi va prinsipial jihatdan butunlay yangi bo‘lgan iqtisodiy va moliyaviy siyosatning hayotga tatbiq etilishi moliya tizimining sohalari va bo‘g‘inlariga nisbatan ob’ektiv ravishda yangicha yondoshuvni taqazo etdi. Unga muvofiq ravishda, dastlab, moliya tizimi quyidagi ikki sohaga bo‘linadi:
• davlat moliyasi va mahalliy moliya;
• xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar moliyasi.
O‘z navbatida, moliya tizimining har bir sohasi pul fondlari va daromadlarni shakllantirishning konkret shakllari va metodlariga bog‘liq ravishda bir necha bo‘g‘inlardan tashkil topadi. Masalan, davlat moliyasi va mahalliy moliya quyidagi bo‘g‘inlardan tashkil topishi mumkin:
• Davlat byudjeti;
• maqsadli nobyudjet fondlari;
• davlat krediti.
SHuningdek, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar moliyasi quyidagi bo‘g‘inlardan iborat:
• tijorat korxonalari va tashkilotlari moliyasi;
• moliyaviy vositachilar moliyasi;
• notijorat tashkilotlari moliyasi.
Mablag‘lardan foydalanishning maqsadli yo‘naltirilganligi belgisi bo‘yicha davlat maqsadli fondlarini quyidagi ikki guruhga birlashtirish mumkin:
• sotsial mo‘ljallangan (yo‘nalishga ega bo‘lgan) davlat maqsadli fondlari (nobyudjet fondlar yoki byudjetdan tashqari fondlar);
• tarmoqlararo va tarmoq xarakteriga ega bo‘lgan davlat maqsadli fondlari (nobyudjet fondlar yoki byudjetdan tashqari fondlar).
Ayrim holatlarda (hollarda) hududiy yo‘naltirilgan (mo‘ljallangan) davlat maqsadli fondlari (nobyudjet fondlar yoki byudjetdan tashqari fondlar) tashkil qilinishi (shakllantirilishi) mumkin.
Davlat maqsadli fondlari moliya tizimi “Davlat moliyasi va mahalliy moliya” sohasining alohida bo‘g‘ini sifatida quyidagilardan iborat bo‘lishi mumkin:
• Respublika yo‘l fondi;
• O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat qo‘mitasining maxsus hisob varag‘i;
• Ish bilan ta’minlashga ko‘maklashuvchi davlat fondi;
• O‘zbekiston Respublikasi byudjetdan tashqari Pensiya fondi.
Davlat maqsadli fondlarida katta miqdordagi mablag‘larning to‘planganligi sharoitida davlat moliyaviy nazoratining susayishi bu mablag‘lardan samarasiz foydalanishga va turli-tuman su’istemol qilish holatlarining sodir etilishiga olib kelishi mumkin. SHuning uchun ham davlat moliyaviy resurslaridan foydalanish ustidan nazoratni kuchaytirish maqsadida ularni Davlat byudjetiga jamlash (konsolidatsiya qilish) maqsadga muvofiqdir. Bunda jamlangan (konsolidatsiya qilingan) fondlarning maqsadli yo‘nalishi o‘zgartirilmasdan saqlanib qolishi ta’minlanishi lozim.
Turli mamlakatlar iqtisodiyotida tarixiy an’analar va iqtisodiy taraqqiyot bosqichlariga muvofiq ravishda notijorat sektor faoliyatining masshtablari bir-biridan farq qiladi. Biroq, bir necha miqdoriy tavsifnomalarning (ko‘rsatkichlarning) tahlili, yaxlit olinganda, bu sektorning taraqqiy topayotganligidan dalolat beradi. Ana shunga o‘xshash tavsifnomalarga (ko‘rsatkichlarga) quyidagilarni kiritish mumkin:
• notijorat tashkilotlarining soni. Evropa mamlakat-larida har 1000 kishiga 4ta notijorat tashkiloti to‘g‘ri keladi. Finlyandiya shu ma’noda rekordchi hisoblanib, bu erda har 1000 kishiga 21tadan to‘g‘ri keluvchi notijorat tashkilotlari mavjud. Bu ko‘rsatkichning darajasi Rossiyada 3,3ga tengdir;
• notijorat tashkilotlari ta’minlaydigan aholining bandlilik darajasi. Bu tashkilotlar, ma’lum ma’noda, muhim ish beruvchilar bo‘lib hisoblanadi. Hozirgi paytda bu sektorda ishchi kuchining o‘rtacha 3,4% ishlaydi (Vengriyada – 1%dan boshlab, AQSHda – 7%gacha). Notijorat tashkilotlarning faoliyat ko‘rsatishi iqtisodiyotning boshqa sektorlarida faol ravishda qo‘shimcha ish o‘rinlarining yaratilishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Bu tashkilotlar tovarlar va xizmatlarni sotib oluvchilar bo‘lganligi uchun, oxir oqibatda, bu narsa tadbirkorlik faoliyatining faollashuviga olib keladi;
• notijorat tashkilotlarining operativ xarajatlari. Bu ko‘rsatkich yalpi milliy mahsulotning o‘rtacha 3,5%ini tashkil etadi (Vengriyada – 1,2%, AQSHda – 6,3%). Rossiyada bu raqam 2%ga tengdir.
Hozirgi sharoitda notijorat sektor katta iqtisodiy salohiyatga ega bo‘la borib, bu erda moliyaviy va inson resurslarining sezilarli qismi to‘planmoqda va u zamonaviy bozor munosabatlari tizimida muhim ish beruvchiga aylanib bormoqda.
Notijorat asosda xo‘jalik yuritishning asosiy xususiyatlari quyidagilardan iborat:
• faoliyatning foyda olishga emas, balki ma’lum bir missiyaga erishishga yo‘naltirilganligi;
• e’lon qilingan maqsadlarga erishish uchun olingan foydadan vosita sifatida foydalanish;
• bozor xo‘jaligining iqtisodiy samaradorligi va faoliyatning sotsial samaradorligini birgalikda qo‘shib olib borish.
Turli mamlakatlarda notijorat tashkilotlarini moliyalashtirish manbalarining tarkibiy tuzilmasi turlichadir. Masalan, ko‘pgina rivojlangan mamlakatlarda xususiy qurbonliklarning miqdori 1%dan (YAponiyada) 20%gacha (AQSHda) tebranadi va o‘rtacha 11%ni tashkil etadi. Hukumat ajratmalarining salmog‘i esa 26%dan (Germaniya) 71%gacha bo‘lib, uning o‘rtacha darajasi 48%ga tengdir. Notijorat tashkilotlarining o‘zlari tomonidan ishlab topilgan mablag‘larning salmog‘i 23%dan (Vengriya) 71%gacha tebranib, uning o‘rtacha darajasi 41%dan iboratdir.
Notijorat faoliyatni moliyaviy jihatdan tartibga solishning shakllari, ularning davlat va mahalliy hokimiyat organlari bilan hamkorligi har bir mamlakatning tegishli qonunlari yordamida amalga oshiriladi. Ularni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘ridan-to‘g‘ri (bevosita) va egri (bilvosita) xarakterga ega bo‘lishi mumkin.
Notijorat sektorni davlat tomonidan to‘g‘ri (bevosita) qo‘llab-quvvatlashning uch asosiy shakli mavjud:
• to‘g‘ridan-to‘g‘ri (bevosita) byudjet investitsiyalari;
• hamkorlikda moliyalashtirish;
• davlat sotsial buyurtmasi.
Notijorat sektorni egri (bilvosita) moliyalashtirish shaklidan ham, ya’ni notijorat tashkilotlarini davlat va mahalliy hokimiyat organlari oldidagi to‘lovlari va boshqa shunga o‘xshash majburiyatlaridan ozod qilish shaklidan ham amaliyotda tez-tez foydalaniladi. Egri (bilvosita) moliyalashtirishning asosiy ko‘rinishlari quyidagilardan iborat bo‘lishi mumkin:
• nosoliqli imtiyozlarni taqdim etish;
• soliqli imtiyozlashtirish.
Bu erda, o‘z navbatida, nosoliqli imtiyozlar quyidagi ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi:
• notijorat tashkilotlarining faoliyati uchun binolarni ijaraga olish, er maydonlarini ajratish;
• litsenziyalashtirishning soddalashtirilgan tizimini o‘rnatish (belgilash);
• aloqa xizmatlari va kommunal xizmatlarni to‘lashda imtiyozli tariflardan foydalanish;
• va boshqalar.
SHuningdek, soliqli imtiyozlashtirish quyidagi ko‘rinishlarda bo‘lishi mumkin:
• hadya etuvchilar uchun imtiyozlar;
• qurbonlik (homiylik) qiluvchi yuridik shaxslar uchun imtiyozlar.
Davlat organlari notijorat tashkilotlarining faoliyatiga aralashish, agar ularning sarflanishi tashkilotning maqsadlariga mos kelayotgan bo‘lsa, xarajatlarning yo‘nalishiga o‘zgartirishlar kiritish huquqiga ega emas.