ip va ipak gazlamalari bilan shuhrat qozongan. 19- asr oʻrtalarida Andijon 4 dahaga boʻlingan edi. Har bir dahaning qozisi, mingboshisi boʻlgan. Sanoati - Shaharda 48 zamonaviy yirik sanoat korxonalari, 63 qurilish tashkilotlari va mahalliy sanoat korxonalari ishlab turibdi. „Andijonmash“, „Andijonirmash“ kabi aksiyadorlik jamiyatlari paxta zavodlari uchun uskunalar, qishloq xoʻjaligi mashinalariga ehtiyoj qismlar, nasoslar, universal yuklagichlar, aylanma pluglar, nogironlar uchun aravachalar va boshqa anjomlarni ishlab chiqaradi. Andijonda ishlab chiqarilgan dizel va nasoslar, universal yuklagichlar bosh-qa mamlakatlarga eksport qilinadi. Andijon korxonalari elektronika („Elektrodvigatel“, „Elektroapparat“ aksiya¬dorlik jamiyatlari) mashinalari ham ishlab chiqaradi. „Biokimyo“ zavodida etil spirti, efiroaldegidnal fraksiya, uglekislota va chorva ozugʻi tayyorlanadi (qarang Andijon biokimyo zavodi). Tikuvchilik va poyabzal fabikalari bor. Mahalliy sanoat korxonalari ham poyabzal, bezakli gazlama, mebel va uy-roʻzgʻor buyumlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Andijonda oziq-ovqat sanoatining barcha tarmoqlari rivojlangan. Shaharda 50 qoʻshma korxona mavjud (AQSh, Xitoy, Buyuk Britaniya, Koreya Respublikasi, Rossiya, Italiya, Qirgʻiziston va boshqalar bilan hamkorlikda). Ulardan 5 tasi „OʻzDEUavto“ qoʻshma korxonasiga avtomobillar uchun butlovchi qismlar ishlab chiqaradi. Shaharda yildan yilga yangi qoʻshma korxonalar ishga tushirilib, zamonaviy va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish yoʻl ga qoʻyilmoqda. Shaharda 3000 taga yaqin kichik va oʻrta biznes subyektlari, 7000 dan ziyod xususiy tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchilar bor.
Meʼmorchilik - Mustaqillik yillarida shaharda bunyodkorlik ishlari rivoj topdi. Andijon viloyati hokimiyati binosi oldida shaharning markaziy maydoni bunyod etilib, Bobur nomi berildi (1991) va bu yerga uning ot minib turgan haykali oʻrnatildi. Maydon atrofida Oxunboboyev nomidagi viloyat teatr binosi, Bobur nomidagi viloyat kutubxonasi, Abbos Bakirov nomidagi kinoteatr, Andijon tibbiyot institutining bosh binosi joylashgan. Shahar markazidan oʻtgan eng katta kucha — Alisher Navoiy shoh koʻchasidir. Alisher Navoiy nomidagi madaniyat va istirohat bogʻi 1999—2000 yillarda qayta taʼmirlanib, sharqona shaklda „Ark“ darvozasi bunyod etildi. Bogʻ ichida ramziy burgutga uygʻunlashtirib qurilgan tomosha inshooti—amfiteatr nihoyatla mahobatli koʻrinishga ega. Endilikda viloyat va shaharning eng katta tantanalari shu yerda oʻtkaziladi. Shaharda keyingi yillarda zamonaviy meʼmorlik anʼanalarida qurilgan tennis korti, „Navroʻz“ stadioni, aeroportdagi deputatlarni kutib olish va joʻnatish zali, „Avtotexxizmat“, Choʻlpon bogʻi, Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi, „Asakabank“ shahar moliya boʻlimi binosi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam markazining boʻlimi binolari, Andijon tibbiyot instituti, 4 kasb-hunar kolleji, akademik litseylar, „Beeline“ qoʻshma korxonasi, koʻp qavatli turar joy binolari va koʻplab supermarket, savdo shaxobchalari bunyod etildi. Shaharda 25 transport va 5 aloqa korxonasi, 10 kommunal tashkilotlari mavjud.
Do'stlaringiz bilan baham: |