Axborotga qiziquvchilar undan foydalana olishi uchun ma’lumotlarni moliyaviy hisobotlar ko’rinishida taqdim etadi. Moliyaviy hisobotlar esa umumiy qoidalar asosida tuziladi va shuning uchun ham ular deyarli barcha foydalanuvchilarga tushunarli bo’ladi.
Buxgalteriya hisobi tizim ekanligi esa shunda namoyon bo’ladiki, xo’jalik faoliyati haqidagi ma’lumotlar buxgalteriya hisobi tizimiga kirish bo’lsa, qiziquvchi shaxslar uchun foydali axborot esa undan chiqish hisoblanadi.
Buxgalteriya hisobining biznesdagi roli, buxgalteriya va biznesda etikaning roli
Bozor iqtisodiyotiga o’tish munosabati bilan hayotga turli xo’jalik yuritish va mulkchilik shakllari, jumladan, davlat korxonalari bilan bir qatorda shirkatlar, hissadorlik jamiyatlari, qo’shma va kichik korxonalar kirib keldi.
Yuqorida aytib o’tganimizdek, hozirgi sharoitda buxgalterning axborot bilan ta’minlash vazifasi ayniqsa yaqqol namoyon bo’lmoqda. Agar xo’jalik faoliya-tini boshqarish samaradorligini oshirishda ХYuS faoliyatini tavsiflovchi hisob buxgalteriya ma’lumotlari katta ahamiyatga ega bo’lsa, korxona bilan aloqadorlar (ta’minotchi, xaridor, investor, banklar va boshqa shu kabilar) uchun esa uning ishonchliligi, to’lov qobiliyati, moliyaviy holati, mahsulot sifati haqidagi ma’lumotlar zarurroqdir. Demak, bugungi kunda buxgalteriya hisobining asosiy vazifasi ichki va tashqi foydalanuvchilarni tegishli axborot bilan ta’minlashdir.
Buxgalteriya hisobining maqsadi va vazifalari quyidagichadir:
Buxgalteriya hisobining maqsadi foydalanuvchilarni o’z vaqtida, to’liq hamda aniq moliyaviy va boshqa buxgalteriya axboroti bilan ta’minlashdir.
Buxgalteriya hisobining vazifalari:
buxgalteriya hisobi hisobvaraqlarida aktivlarning holati va harakati, mulkiy huquqlar va majburiyatlarning holati to’g’risidagi to’liq hamda aniq ma’lumotlarni shakllantirish;
samarali boshqarish maqsadida buxgalteriya hisobi ma’lumotlarini umumlashtirish;
moliyaviy, soliqqa doir va boshqa hisobotlarni tuzishdan iboratdir
Axborotdan foydalanuvchilar kimlar? Buxgalteriya axborotidan foydalanuv-chilar - buxgalteriya ma’lumotlariga asoslanib u yoki bu qarorni qabul qiluvchi jismoniy va huquqiy shaxslardir. Masalan, korxona rahbari moliyaviy hisobot bilan tanishib, korxonaning istiqbolini belgilashi, investor esa ana shu korxona balansi bilan tanishgan holda investitsiya qilish haqida qaror qabul qilishi mumkin. Bank tashkiloti esa ХYuS moliyaviy holati bilan tanishib chiqibgina kredit berish yoki bermaslik haqidagi qarorni qabul qila oladi. Soliq inspektori xo’jalik yurituvchi sub’ekt to’lashi lozim bo’lgan soliq summasini uning moliyaviy natijalari bilan tanishib chiqqandan so’nggina aniqlay oladi. Ayrim jismoniy shaxslar esa u yoki bu hissadorlik jamiyatining aksiyalarini harid qilishga qaror qilishlari uchun aksiyalarning daromadlilik darajasi bilan tanishishga harakat qilishadi. Ko’rib turganimizdek, ХYuS haqidagi buxgalteriya ma’lumotlaridan ham jismoniy, ham huquqiy shaxslar u yoki bu qarorlarni qabul qilish maqsadida foydalanar ekanlar. Shunga e’tibor berish lozimki, bu qarorlar ana shu xo’jalik yurituvchi sub’ektga nisbatan qabul qilinadi va uning kelgusidagi faoliyatiga ta’sir ko’rsatadi.
Shunday qilib, bozor iqtisodiyotiga utish sharoitida axborotdan foydalanuvchilarning 2 guruhi uchun axborot tayyorlanadi: ichki va tashqi. Buni 1.1-chizma yordamida ko’rsatish mumkin. Axborotdan tashqi foydalanuvchilarni amalda yana ikkita guruhga ajratish mumkin: Bevosita moliyaviy qiziqishi bo’lgan va bilvosita moliyaviy qiziqishi bo’lgan foydalanuvchilar. Agar bevosita moliyaviy qiziqishi bo’lgan foydalanuvchilarga xo’jalik yurituvchi sub’ektlar moliyaviy natijalaridan bevosita moliyaviy manfaatdorlar, ya’ni investor va kreditorlar kirsa, bilvosita moliyaviy qiziqishi bo’lgan shaxslarga soliq idoralari, qimmatbaxo qog’ozlar bo’yicha davlat agentligi, fond birjalari, statistika boshqarmalari, va boshqa tartibga solib turuvchi tashkilotlar kiradi.
Boshqa tarafdan, qimmatbaho qog’ozlar sohasini tahlil qiluvchi muta-xassislar, huquqshunoslar, investorlar, muassislar va moliyaviy korporatsiyalarda faoliyat ko’rsatuvchi shaxslar kompaniyaning moliyaviy hisobotlari tahlilini ba’zida mazkur kompaniyaning boshqaruvchi xodimlaridan ham jiddiyroq ravishda amalga oshiradilar. Banklar va boshqa kreditor muassasalarda ham, ayniqsa, bir necha o’n yoki yuz million co’mlik moliyalashtirishni ko’zlovchi muomala amalga oshirilayotgan bo’lsa, xuddi shunday sinchkovlikni kuzatish mumkin.
Bu ikki tarafning o’rtasida turuvchi ehtiyotkor investorlar tadbirkorlik va moliyaviy masalalarda yetarlicha tajribaga ega bo’lgan shaxslar bo’lib, ular sarmoya qo’yish bo’yicha qarorlarni mavjud axborotlarga asoslangan holda qabul qiladilar va bu qarorlar haqqoniy hodisalarga asoslangan bo’ladi, faktlarning talqinida esa ichki his bilan sezish va kishilar orasida tarqalgan gaplardan boshqa omillar ham hisobga olinadi. Shu bilan birga, ana shu o’rta maydondan ehtiyotkor kreditorlar ham joy olgan bo’lib, ular kishilarning fikriga ko’ra, kredit berish va kredit berishni kengaytirishga oid qarorlarni faqatgina o’z ichki sezgirligiga yondashib emas, balki haqiqatdagi masalalarga asoslanib qabul qiladilar.
Axborotga bo’lgan ehtiyojlarni qondirish haqida so’z borar ekan, foydalanuvchilar doirasini to’liqligicha bir vaqtning o’zida qamrab olish mumkin emasligini qayd etish zarur.
Agar tashqi foydalanuvchilar uchun yuqoridagi umumiy vazifalarni bajarish yetarli bo’lsa, ichki foydalanuvchilar uchun buxgalteriya hisobining vazifalari korxona ishlab chiqarish xo’jalik faoliyati vazifalaridan kelib chiqqan holda aniqlanadi:
korxona rahbari va ma’muriyatini hamda yuqori boshqaruv idoralarini zarur hisobot ma’lumotlari bilan o’z vaqtida ta’minlash;
moddiy, mehnat va moliya resurslaridan samarali va to’g’ri foydalanish ustidan muntazam nazoratni amalga oshirish;
korxona mulkining xavfsizligini ta’minlash;
iqtisodiy tartibning amalga oshirilishi ustidan nazorat olib borish.
Do'stlaringiz bilan baham: |