ADABIYOTLAR TAHLILI
Hozirgi davr tilshunosligida paralingvistika sohasi imo-ishora, mimika va ovozning sifati bilan bog’liq masalalarni o’rganadi. Turli tillardagi paralingvistik vositalarni o’rganishga doir ayrim tadqiqotlar mavjud. Paralingvistik vositalar turli tillarda ko’pgina farqlanish va o’xshashliklarga egadir. Shu sababli paralingvistik vositalarni ifodalovchi so’z va iboralar, so’z birikmalarining tarjimasi, ayniqsa, g’arb tillaridan o’zbek tiliga va aksincha berilishi ko’pgina qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Paralingvistikaning madaniyat, etnografiya, etika, antropologiya, din urf-odat va boshqa sohalar bilan uzviy bog’liqligi har bir tilda o’ziga xos ifodasini topadi. Masalan, tasdiq va inkorni bildiruvchi imo-ishora va mimikaning ramziy belgilari Evropa va sharq tillarida mos kelmaydi. Hatto slavyan xalqlari ichida ham rus va bolg’arlar buni turlicha ko’rsatadilar.
Ovozning sifati bilan bog’liq parafonetik vositalar ham g’arb va sharq tillarida juda katta farq qiladilar. Bu farqni rus, yapon va boshqa tillarda ham kuzatish mumkin. Paralingvistik vositalarning turli nutq uslublarida qo’llanilishi ham turlichadir. Ular badiiy adabiyotda ko’p uchraydi va bu tarjimondan katta mahorat talab qiladi. Chunki paralingvistik vositalar avvalo milliy ruh va urf-odatlar bilan bog’lanadi va unda nutq odobi va madaniyat belgilari ham o’z ifodasini topadi. O’zbek, rus va ingliz tillarida paralingvistik vositalarni qiyoslash natijasida ularni bir tildan ikkinchi tilga tarjima qilish doim ham mumkin emasligi aniqlangan. Bu masala chuqur ilmiy tadqiqotlarni talab qiladi. Ingliz tilidan o’zbek tiliga bevosita tarjima qilingan asarlar juda kam. Biroq bu asarlardagi turli imo-ishora, mimika va parofonetik vositalar qanday berilgani, ularning tarjimasi alohida tadqiq etilishi zarur. Ayniqsa, dramaturgiyada, insonning hatti-harakati, imo-ishorasi, mimikasi va ovozning turli o’zgarishlari katta ahamiyatga egadir. Tarjimada ularni to’g’ri bera olish uchun har ikki xalqning tili, milliy odatlari va madaniyatini chuqur o’rganish zarur.
Ilm egallash igna bilan quduq qazish bilan barobardir. Bu pur hikmatli fikr hanuzgacha o’z ma’nosini yo’qotgani yo’q. Inson qanchalik o’rganmasin ilm chegarasiga eta olmaydi. Ilm cheksizdir. Shunday ekan, ilm ummonining bir tomchisi bo’lgan paralingvistik vositalarni o’rganish, ularning tilshunoslikda va adabiyotshunslikda muhimligini aniqlab berish lozimdir. Tilga yondosh bo’lgan bu vositalar so’zlovchining nutqini tinglovchiga to’la, ta’sirli va ma’nodor qilib etkazishga yordam beradi. Masalan: “ – Shoshmang, shoshmang, - dedi sherigining engidan tortib – bu go’zal imoratlarni kim qurgan?” gapidagi “engini tortib” vositasi gapning aniqroq va ta’sirliroq chiqishi uchun imkon yaratayapti. Yoki yana bir misol: “ Bo’lmaydi, - dedi boshini chayqab – ona it ovozidagi mayinlikni beraolmayapsiz” gapida ham “boshini chayqash” vositasi keskin rad etish ma’nosini beryapti. Gapda ma’no yanada kuchaymoqda.
Demak, garchi paralingvistik vositalarning o’ziga xos xususiyatlari haqida tilshunoslikda (asosan, rus tilshunosligida) o’rganilgan bo’lsada, biroq uning munozarali bo’lgan bir qancha masalalari borki, ularda aynan tilga yondosh bo’lgan vositalar, ularning qo’llanilishi ahamiyati kabi masalalar ochiq qolgan. Shuni nazarda tutib, biz ham quyidagi belgilangan mavzu va reja asosida o’z fikrimiz bilan o’rtoqlashishni ma’qul topdik.
Kishilar o’zaro aloqada, fikr almashishda, o’z his – tuyg’ularini bildirishda, sezdirishda, ma’lum qilishda til vositalaridan foydalanib qolmay, yordamchi vosita sifatida boshqa narsa va hodisalardan ham foydalanadilar. Yordamchi vositalar juda xilma – xildir. Shartlilikka asoslangan bunday yordamchi vositalardan eng muhimlari nutq jarayonida kishi a’zolarining o’z fikr va tushunchasiga mos ravishdagi sharti, harakatlaridir. Bu harakatlar fikr ifodalash jarayoni, vaziyat bilan bog’langan bo’ladi. Shuning uchun fikr ifodalashning yordamchi vositalari hisoblanadi. Bunday yordamchi vositalarga lingvistik bo’lmagan ekstrolingvistik yoki paralingvistik hodisalarga imo-ishoralar, bo’laklarga bo’linmaydigan tovushlar sistemasi ham kiradi ( shuningdek, informatsiya beruvchi signal, zvanok, turli ramziy belgilar, aloqada qo’llaniladigan texnik vositalar va boshqalar). Bu kabi vositalar informatsiya berishda ishtirok etishi nuqtai nazaridan lingvistika bilan chambarchas bog’langandir. Shu tufayli tilga yondosh bo’lgan bu xildagi vositalar lingvistlar diqqatini o’ziga jalb qilib kelyapti. Chunki ularda ham nutq mazmuniga yondosh mazmun ifodalangan bo’ladi. Biroq til formasida emas, turli vositalar yordamida beriladi ( svetaforlar, har xil rangdagi lentalar ham, kishi organlari xarakatlari ham shunga kiradi).
Ekstralingvistik va ichki lingvistik faktorlarning munosabati haqidagi masala doimo va asosli ravishda tilshunoslikning eng dolzarb masalalaridan hisoblanib kelganligini atoqli tilshunoslar qayta - qayta ta’kidlaydi.
Xuddi shu fikr bevosita o’zbek tilshunosligiga ham taaluqlidir. Chunki dunyodagi barcha tillar singari o’zbek tilida ham fikr faqat linvistik yo’l bilan emas unga qo’shimcha ekstralingvistik ( paralingvistik ) vositalar yordamida ham ifodalanadi. Biroq turkiy xalqlar, jumladan, o’zbek xalqi orasida mazmun ifodalashning ekstralingvistik vositalari, ularning o’ziga xos xususiyatlari, turlari, “milliylik” va “ internatsionallik” belgilari o’rganilmagan. Biz shularni hisobga olgan holda aloqa jarayonida yordamchi vosita sifatida qo’llanilayotgan imo – ishoralar, ularning turlari va vazifalarini ko’rsatib berishni lozim topdik.
Jamiyat a’zolari orasida fikr almashish, aloqa qilish jarayonida qo’llanilayotgan imo – ishoralar tarixi juda uzoqqa borib taqaladi.
Nutq san’atini egallashning boshlang’ich bosqichida imo – ishoralar va tilning murakkab aralashib ketishi, ibtidoiy odamlarda imo – ishoralarni tasdiqlovchi va ifodalovchi juda ko’p so’zlarning mavjudligi bilan izohlanadi. “ Primitiv odamning tili, aslini olganda, ikki xil tildir : birinchi tomondan, so’z tili, ikkinchi tomonidan esa, imo – ishora “tili”. Primitiv odamlar tili predmet obrazlarini ifodalaydi va bu obrazlarni o’z ko’zi va qulog’i bilan qanday tasavvur etsa, shunday ifodalaganlar. Har bir fraza murakkab shaklda bo’lib, unda imo – ishoralar va tovushlar birlashgan”.
Ba’zi olimlar kishilar o’zaro aloqaning dastlabki davrlarida, ya’ni o’zaro munosabatlarning shakllanishi paytlarida kinetik tildan foydalanganlar, boshqacha aytganda, imo – ishoralar aloqa vositasi vazifasini o’tagan. Tovush esa imo – ishora tilidan qarib 450 ming yil keyin shakllanganligini ta’kidlaydi. Bunday tushunish tili va tafakkur birligi haqidagi qarashlarga mutlaqo zid noto’g’ridir. Tovush tiliga ega bo’lgan kishilar uchun imo – ishoralar o’zaro aloqa jarayonida doimo yordamchi vosita vazifasini o’tagan. Imo – ishoralar ichida “so’z” yo’q. Shuning uchun ular bevosita tushuncha bilan bog’lanmaydi, fikrni shakllantirishda ishtirok ham etmaydi. Til vositalari orqali ifodalanadigan fikrni to’laqonli etkazish, nutqning ta’sir kuchini, jozibadorligini oshirish, vaziyatga qarab nutqni ixchamlashtirishda yordamchi vosita vazifasini o’taydi. Demak, imo – ishoralar tovush orqali ifodalanadigan fikrning ro’yobga chiqish jarayonidagi yordamchi vosita bo’lib xizmat qiladi. Aks holda ma’nosiz harakatlarning ko’rinishlaridir.
Tarixda tovush tiliga ega bo’lmagan birorta ham kishilik jamiyatini, hatto eng qoloq kishilik jamiyatining ham bo’lganligini bilmaydi. Tovush tili insoniyat tarixida kishilarning hayvonot dunyosidan ajralib chiqishga, jamiyat bo’lib birlashishiga, o’z tafakkurini takomillashtirishga intilib ishlab chiqarishni tashkil qilishga, tabiat kuchlari bilan muvaffaqiyatli kurash olib borishga va shu tariqa hozirgi zamon taraqqiyoti darajasida etishishiga yordam bergan kuchlardan biridir. Imo –ishoralar va boshqa paralingvistik hodisalar esa doimo nutq bilan birga qo’llanib, unga yordam beruvchi ikkinchi darajali vosita bo’lib kelgan. Chunki fikr o’zining ma’lum moddiy asos nutq hisoblanadi. Nutq faqat fikr ifodalovchi vosita emas, balki fikrni shakllantiruvchi vosita hamdir.
Har qanday fikr ma’lum bir til asosida shakllanadi. Poliglotlar doimo qaysi tilda fikr qilayotganliklarini biladilar va hisobga oladilar. Agar biron tildagi ifoda noto’g’ri chiqib qolsa, aytmoqchi bo’lgan fikr ro’yobga g’aliz chiqsa, men falon tilda fikr qilib, bu tilda gapiribman deb xatosini tan olgan. Kishi o’z fikrini nutq tovushlari yordamida ifoda qilmagan taqdirda ham o’ylash jarayonida nutq organlarining, ayniqsa markaziy nerv sistemalarining harakatini, faoliyat ko’rsatayotganini maxsus apparatlar yordamida ko’rsatish mumkin. Shuningdek, ayrim kishilar biron narsani ichida o’qiyotganda, jumladan she’r yodlayotganda ham nutq organlarining faoliyati, harakati aniq sezilib turadi. Imo – ishoralar verbal vositani to’la kompensatsiya qilganda ham, verbal vositaning izi – artikulyatsiyasi seziladi, vaqtincha ekanligini – fakul’tativ (qo’shimcha) ekanligi ko’rinadi. Biroq imo – ishoralarning fikrini ifodalashda, nutq jarayonida doimiy yordamchi vosita sifatidagi vazifasi bilan kar – soqovlarning o’zaro fikr almashishdagi vazifasi – kommunikatsiya vositasi sifatidagi vazifa bajarishini bir – biri bilan aralashtirilmaslik kerak. Ya’ni paralingvistik vosita sifatidagi o’rni, vazifasi bilan nutq birligi vazifasidagi o’rni va vazifasi boshqacha – boshqachadir. Lekin har ikkalasida ham nutq organlari ishtirok etsa ham, faoliyatida farq bo’ladi. Boshqacha aytganda, kar – soqovlarning kommunikatsiya vositasi bo’lgan imo – ishoralar nutqni kuzatib boruvchi imo – ishoralardan farq qilgan holda, tabiiy til bilan funktsional teng huquqlidir. Shuning uchun kar – soqovlarning kommunikatsiya vositasi bo’lgan imo – ishoralar paralingvistikaning tekshirish ob’ekti hisoblanmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |