1 BOB
PARALINGVISTIK BELGILARNING TIL
STRUKTURASIGA MUNOSABATI
Paralingvistik hodisalardan eng faol qo’llaydiganlaridan biri imo-ishoralaridir. Har qanday nutq ma’lum bir makonda, ma’lum bir vaziyatda ro’yobga chiqadi. Hatto badiiy asarlardan ham ana shu nutq jarayoni vaziyat bilan bog’liq holda ko’rsatiladi. Xarakterlarning yaratilishini ham imo-ishoralarsiz tassavur qilish qiyin. Chunki har qanday kishi nutq jarayonida lingvistik vositalar bilan birga fikr ifodalashda ularga yondosh bo’lgan paralingvistik vositalardan, jumladan, ayniqsa, imo-ishoralardan keng foydalanadi. Shuning uchun imo-ishoralarning paydo bo’lishi tarixiga ham olimlar, mutaxassislar o’z munosabatlarini bildirganlar.
Imo-ishoralarning kelib chiqishi haqida hozirga qadar ikki xil qarash mavjud. Birinchi gruppadagi olimlar, naturalistik qarashning nomayondalari imo-ishoralarni tabiiy deb hisoblaydi, ma’lum biologik protsesslardan keltirib chiqarishga harakat qiladilar. Jumladan, Ch.DAVRIN “Sezgilarning ifodalanishi haqida” asarida inkor va tasdiq ifodalovchi imo-ishoralarning kelib chiqishi haqida shunday deydi: “Kichkina bolalarda inkorning birinchi akti ovqatdan o’zini tortishdan boshlanadi.” Men o’zimning bolalarimni bir necha marta kuzatganimda, ular buni kallasini ona ko’kragidan yoki qoshiqdagi ovqatdan bir tomonga silkish bilan ifodalaydilar. Agar ular ovqat eyishni xohlasalar, uni og’ziga oladilar yoki kallasini oldinga egadilar. Shu narsa etiborga loyiqki, ovqat qabul qilinayotganda, oldinga bir marta harakat qilinsa, tasdiq belgisi sifatida kalla bir marta oldinga silkinadi. Boshqa tomondan esa ovqatdan o’zini tortayotib, ayniqsa, agar ularga juda yaqin keltirilgan bo’lsa, bolalar xuddi biz inkor ifodalash uchun boshimizni qimirlatganimizdek, kallasini goh u tomonga, goh bu tomonga harakat qildiradi. Bundan tashqari, ko’pincha ovqatni rad qilishda bolalarning kallasini orqaga tashlashi yoki og’zini yumushlari ham kuzatiladi. Shuning uchun bu harakat ham inkor belgisini ifodalashlari mumkin.
Shuningdek, turli imo-ishoralarning biologik asoslarini rus sovet olimi V.M.BEXTOROV ham ko’rsatgan.
Ikkinchi gruppadagi olimlar esa paralingvistik hodisalarni, jumladan, imo-ishoralarni tabiiy hodisa emas, balki jamiyat bilan muvofiqlashgan shartli hodisa, deb qaraydilar. Ular o’z fikrlarini turli jamiyatlarda paralingvistik fonomenlarning farqli ekanliklarini ko’rsatish bilan isbotlaydilar.
G.M.NIKOLAEVA va B.A.USPENEKIYlar haqli ravishda paralingvistik hodisalarni o’rganishda har ikki qarashni birlashtirib maqsadga muofiqdir, deydilar. Chunki birinchi fikr ko’proq dioxronik planga, ikkinchisi esa sinxronik planga muofiq keldi.
Paralingvistik belgilar, vositalar alohida sistema sifatida faqat nutq jarayoniga nutq so’zlovchi va uni tinglovchi oralaridagi munosabatga, nutq so’zlanib turgan vaziyatga bog’liq holda qo’llanilishi tufayli til strukturasiga kirmadi. Chunki til sistemasi tashqi faktorlariga bog’liq bo’lgan holda yashaydi. Kommunikatsyaning yuzaga chiqishi uchun qandaydir yordamchi vositalarga muhtoj bo’lmaydi. Til sistemasi hamisha har qanday fikr mazmunini, his-hayajonlarini o’z ichki vositalari bilan ifodalash qudratiga ega. Ammo kommunikatsiyada informattsiyaga zarar etkazmaydigan darajada funktsional energiyani tejashga intilish har qanday inson faoliyatiga xos xususiyatdir. Shuning uchun ham inson tilida doimo ortiqcha narsalardan qutilishiga, zarur narsalarni esa bo’rtirib ko’rsatishga intiladi. Xuddi ana shu talabga ko’ra, aytilishi lozim bo’lmagan ortiqcha formal vositalar o’rnini bosa oladigan, konpensatsiya qiladigan sodda va keng tejamli vosita bo’lgan paralingvistik vositalar tarkibiga kiruvchi imo-ishoralari hamda boshqa nuqtaiy (supersegment vositalar) vositalardan ham foydalaniladi. Masalan, stol ustida turgan ruchkani menga oli ber – gapida agar so’zlovchi shu stolga yaqin bo’lsa, gapning “stol ustidagi ruchkani” qismi nutq situatsiyasi uchun ortiqcha bo’lib qoladi. Natijada qo’l bilan stol ustidagi ruchkani ko’rsatib “olib ber” deyishi bilan gapning barcha qismidagi anglashiladigan fikrni ifodalash mumkin. Demak, qo’lning ko’rsatkichi harakati ellipsga uchragan gap qismlarning funktsiyasini bajaradi, uni kompensatsiya qiladi. Bu bilan ifodada ixchamlik tug’iladi. Ko’rinib turibdiki, paralingvistik vositalar, birinchidan, nutqni ixchamlashtiradi, ikkinchidan esa nutqni kompensatsiyalash vazifasini bajaradi. Paralingvistik vositalarning nutq jarayonida qo’llanishi ta’sirchanlikni oshirishdan tashqari, tildagi doimo amal qiladigan tejamkorlik printsipi bilan bog’liq bo’lgan vaqt va energiya sarfini ham kamaytiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |