Maktabgacha yoshdagi bolalarda nutqiy faollikni shakllantirish masalalarini nutqiy faoliyat nazariyasi asosida tadqiq etish maktabgacha ta’lim va tarbiya nazariyasi uchun ham, amaliyoti uchun ham dolzarb va ahamiyatga molik masala hisoblanadi.
O‘tkazilgan tadqiqotlar natijasida bolalarda nutq paydo bo‘lishi va rivojlanishi ularning atrofdagi kishilar bilan muloqoti jarayonida ro‘y beradi, degan tezisni aks ettiruvchi qarashlar tizimi shakllandi. Bunda bola kattalar nutqiy namunalarini passiv ravishda qabul qilmaydi, balki umuminsoniy tajribaning bir qismi sifatida nutqni faol o‘zlashtiradi. Bola nutqni o‘stirish va rivojlantirish – bu eng avvalo, egallash uchun til qobiliyatini shakllantirishni talab qiluvchi muloqot shakllarini rivojlantirishdir.
Nutqni egallashda eng muhim bosqich maktabgacha yoshga to‘g‘ri keladi. CHunki, verbal davrgacha bo‘lgan (tayyorlov) bosqichda nutqning muhim omillari yaratiladi. Bola o‘z hayotining birinchi yili davomida atrofdagi kattalar bilan muloqot qilishning ikki shaklini o‘zgartiradi. 1 – vaziyatli-shaxsli muloqot (2-oylarga kelib), 2-vaziyatli-amaliy.
Ilk yoshda nutqning rivojlanishi nutqni tushunish ko‘nikmalarini takomillashtirish yo‘nalishi bo‘yicha va bola nutqining faolligini shakllantirish yo‘nalishi bo‘yicha ro‘y beradi.
Ravon nutq bolaning aqlan, estetik, emotsional jihatdan rivojlanish darajasini aks ettiradi.
Maktabgacha katta yoshdagi bolalar nutqini rivojlantirishdagi asosiy yutuqlar tengdoshlar bilan muloqot oldingi o‘ringa chiqadigan muloqot sohasidagi chuqur o‘zgarishlar bilan bog‘liq. Maktabgacha katta yoshdagi bolaning nutqi turli-tumandir. Bola o‘zining amaliy, bilish va shaxsiy ehtiyojlarini qondirish uchun o‘zida mavjud bo‘lgan barcha vositalardan va g‘ayriixtiyoriy vaziyatlarda fikr bildirishdan, nonutqiy vositalardan va bevosita nutqning o‘zidan foydalanadi.
Jaranglayotgan nutqqa bo‘lgan qiziqishning jadal rivojlanishi, til borlig‘ini uning barcha – fonetik, leksik, grammatik tomonlarini qamrab oluvchi oddiy anglashning shakllanishi maktabgacha katta yoshdagi bolalar erishgan eng muhim yutuqlardir.
Inson madaniyatining ko‘p asrlik boyligini bola ijtimoiy muhit bilan faol hamkorlik qilish orqali o‘zlashtiradi. Ijtimoiy talablar faqat yaqin kishilari – ota-onalari birinchi o‘rinni tutadigan atrofdagi odamlar bilan birgalikda harakat qilish va muloqotga kirishish natijasidagina shaxsiy talabga aylanadi.
Didaktik o‘yinlar va grammatik mazmundagi mashqlar - bolalarning tilga oid o‘yinlarini, ularning grammatik sohasidagi faolligini rag‘batlantirishning muhim vositasidir. Pedagog bolalarga so‘z birikmasini o‘ylab ko‘rish, so‘ngra gapda so‘zlarni bir-biri bilan to‘g‘ri bog‘lash qobiliyatini o‘rgatishi zarur.
Bolaga intonatsiyadan to‘g‘ri foydalanishni, bildirilayotgan fikrning nafaqat mazmuniy ahamiyatini, balki emotsional xususiyatlarini ham bergan holda, uning intonatsion tasvirini qurishni o‘rgatish juda muhim. Bolalarda nutqning intonatsion jihatiga diqqat-e’tibor qaratishni tarbiyalar ekan, katta yoshli odam (pedagog) uning nutqni tinglash qobiliyatini, tembr (har bir tovushning o‘ziga xos bo‘lgan sifati) va vaznni his qilish, tovush kuchini sezishni rivojlantiradi, bu esa kelgusida musiqa tinglash qobiliyatini rivojlantirishga ham ta’sir ko‘rsatadi. Buning uchun pedagog tegishli topshiriqlardan ko‘proq foydalanishi lozim. Aynan ushbu qobiliyatlar bolaga turlicha intonatsion ifodalashni talab qiluvchi turli xildagi ravon fikrlarni tuzish – hikoya qilish, tasvirlash, mulohaza yuritish uchun zarur bo‘ladi.
Tarbiyachi bolalarning tafakkurini va uning nutqining barcha jihatlarini, shu jumladan, obrazlilikni ham ularga atrofdagi hayot, oila va maktabgacha ta’lim muassasasining maishiy hayoti, kishilar mehnati, ijtimoiy voqea va hodisalar bilan, jonli tabiat va predmetli olam bilan tanishish imkonini beradigan darajada rivojlantiradi. Maktabgacha yoshdagi bolalar borliqni faol qabul qiladilar va atrof-muhitdagi hayotga qo‘shilib ketadilar, bu esa ularda so‘z zahiralarining tez ortishiga olib keladi.
Bolalar lug‘atini boyitishning asosiy manbasi bo‘lib kattalar nutqi, birinchi navbatda, bolalarni o‘qitib, tarbiyalaydigan tarbiyachining nutqi hisoblanadi. Ular tarbiyachidan obrazli so‘zlarni, ifoda va qo‘llash usullarini o‘zlashtirib oladilar; ular nima yaxshi-yu nima yomonligini ajratib ololmaydilar, va eshitgan barcha so‘zlarga taqlid qiladilar. SHuning uchun tarbiyachining nutqi namunaviy bo‘lishi lozim.
Maktabgacha yoshdagi bolalar nutqini rivojlantirish uchun lingvodidaktik shart-sharoitlar yaratishda pedagog ushbu sohadagi ishlarning asosiy yo‘nalishlarini hisobga olishi lozim: ravon nutqni (dialogik va monologik) rivojlantirish, nutqning leksik jihatini rivojlantirish; nutqning grammatik tuzumini shakllantirish; nutqning tovush jihatini rivojlantirish; obrazli nutqni rivojlantirish.
Nutqni va maktabgacha ta’lim muassasasida kattalarning bolalar bilan va bolalarning bir-birlari bilan nutqiy muloqotlarini mashg‘ulotlarda ham, undan tashqarida ham rivojlantirish masalalariga nisbatan yalpi yondashuv har bir bolaning nutqiy muloqotda ishtirok etish imkoniyatini sezilarli darajada oshirish va boyitishni nazarda tutadi.
Maktabgacha ta’lim O‘zbekiston Respublikasidagi uzluksiz ta’lim tizimining birinchi bo‘g‘ini hisoblanadi. Bolaga o‘qishni o‘rgatish – o‘qitishning, ta’limning bugungi kundagi asosiy vazifasi hisoblanadi. SHundan kelib chiqqan holda maktabgacha yoshdagi bolalarga o‘zga tilni o‘rgatish metodikasi nutqiy harakat tamoyillariga (motiv, maqsad, fikr) va uning xususiyatlariga (avtomatizm, barqarorlik, moslashuvchanlik, mustaqillik) asoslanishi zarur. O‘quv jarayonini shunday tashkil etish lozimki, unda har lahzada bolaning harakatlari haqiqatdan ham nutqiy bo‘lsin.
Nazariy va amaliy ishlar shundan dalolat bermoqdaki, nutqiy faoliyat motivatsiyasini boyitish bolalar nutqini rivojlantirish borasidagi ishlarning samaradorligini oshiradi.
Muloqot vositasi sifatida tilni erkin o‘zlashtirish quyidagilarni nazarda tutadi: