Maktab yoshidagi katta o’quvchilar (o’spirinlar).
O’spirinlik yoshidagi o’quvchilarda uzoq muddatli va tizimli ta'lim natijasini fikrlash, tanqidiy fikrlash rivojlanadi, intellektual qiziqish o’sadi, dunyoqarash shakllanadi. Uning tasavvur va tafakkur doirasi deyarli nihoyasiga yetgan va ijtimoiy hayotning biror sohasiga yo’naltirilgan bo’ladi. Endi gavda, qovmatlari to’lishib, go’zallashib boradi. Muskullarning kuchi va ishi, qobiliyati ortadi. Jinsiy yetilish asosan tugaydi. Umuman, o’spirinlik jismoniy o’sishning tinch davri bo’lib, kishi a'zolarining o’sishi, takomillashuvi nihoyasiga yetadi. Ular jismoniy kuchli, xushbichim va sog’lom bo’lganliklari tufayli tetik va xo’shchaqchoq, har ishga qodir, mustaqil bo’ladilar. Ular faoliyatining asosiy turi o’qish bo’lib, mantiqiy fikr yuritadilar va bilimlarini anglab, tushunib esda qoldiradilar.
Yana bir xususiyati o’spirin o’zining madaniy-ma'naviy oshirishga, o’zi ustida qunt bilan ishlaydi, radio, televideniya, barcha informatsiya vositalaridan foydalanadi. Ular hayot haqida (shaxsiy turmush, sevgi, axloq-odob, hayotiy go’zallik kabi masalalar yuzasidan) fikr almashishiga ishtiyoqmand bo’ladi. O’zlarining aqliy va jismoniy yetukligini baholashadi, shunga asoslanib aniq bir kasb-korni egallash rejasini tuzadi.
Harakterli xususiyatlardan yana biri shundaki - o’spirin o’ziga o’zi baho berishga intiladi, unda xushmumomalilik, odoblilik va vazminlik kabi axloqiy sifatlar qaror topadi. Ular Vatanga, xalqqa, jamiyatga, insoniyatga xizmat qilish va foydali inson bo’lishni hayotining oliy maqsadi deb biladi.
Pedagogik mashq
Pedagogning ish tajribasidagi ba'zi jihatlari bilan tanishing.
Pedagog sinf o’quvchilariga ta'lim-tarbiya berishda ularning rivojlanishini hisobga olib ish tutdi. Masalan, o’smir Mirqosim berilgan uy vazifalarni bajarishda loqaydlik, sustkashlik, mas'uliyatsizlik bilan yondoshishini biladi. Ammo pedagog Mirqosim keyinchalik o’zgarib o’zining bu nuqsonlarini yo’qotadi degan fikrda ish tutdi. Vaqt o’tishi bilan Mirqosimning uy vazifalarni bajarmaslikdagi mas'uliyatsizligi uning o’qishga bo’lgan qiziqish va harakatlariga ziyon yetkaza boshladi. Oqibatda Mirqosim dars mashg’ulotlariga kelmaslik, ko’chadagi o’rtoqlari bilan birgalikda o’zlaricha ish tutish kabi odatlarga o’rgandi. Pedagog endi Mirqosimning o’qishdagi va tarbiyasidagi nuqsonlarni bartaraf etishga ota-onalarni jalb qildi. Fan o’qituvchisining ota-onalar bilan hamkorligi asta-sekin o’z natijasini ko’rsata boshladi. Mirqosimning o’qishida ijobiy siljishi va xulq-atvorida o’zgarish sodir bo’ldi.
Vaziyatni tahlil qiling.
1. Pedagogning o’smir Mirqosim o’qishdagi munosabatiga befarqlik bilan ish tutishini Siz qanday izohlaysiz?
2. Fan o’qituvchisi dastlab o’smir Mirqosim rivojlanishining qanday omillariga tayanib ishlashi zarur?
3. Siz o’z tajribangizda o’smir Mirqosimdan o’quvchi bilan qanday ish tutgan bo’lardingiz?
4. Siz bunday pedagogik muammolarni amaliy hal etishning qanday omillarini ishga solasiz?
Do'stlaringiz bilan baham: |