3. Bitiruv malakaviy ishining umumiy mazmuni.
Informatika yo‘nalishi bo‘yicha tanlangan bitiruv malakaviy ishi mutaxassislik fanlari bo‘yicha tanlangan mavzuning mazmuniga asoslanadi. Bitiruv malakaviy ishi mavzulari va uning mazmunini yoritishda quyidagi talablarga e’tibor berilishi lozim:
Bitiruv malakaviy ishining tushuntirish qismi va quyidagi qismlardan tashkil topadi:
- kirish;
- 3ta bob (har bir bob 2-3 ta paragrafdan iborat bo‘lishi kerak);
- xulosa va takliflar;
- foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati;
- ilovalar.
Ishning kirish qismida tanlangan mavzuning informatika fanining dolzarbliligi, o‘rganilganlik darajasi, tadqiqot maqsadi va vazifalari, tadqiqotning uslubi va uslubiyati, tadqiqotning ob’yekti va predmeti, amaliy ahamiyati va ishning tuzilish tarkibi kabi masalalar aks ettirilish kerak.
Bitiruv malakaviy ishining I- bobi tanlangan mavzuning nazariy asoslari, mohiyati va mazmuni, tadqiqotning ilmiy va uslubiy jihatlariga qaratilishi va tadqiqot olib borilgan ob’yektning tasnifi o‘zida aks ettirilishi lozim.
Bitiruv malakaviy ishining II-bobida ilmiy ishning, tanlangan mavzu bo‘yicha amaldagi mexanizmning hozirgi zamon amaliyoti, o‘rganilayotgan masalalar amaliy jihatdan tahlil qilinishi talab qilinadi. Turli tahlil usullaridan foydalanilgan holda tahlil qilinadi. Mavzu bo‘yicha tanlangan ob’yekt amaliy ma’lumotlari asosidagi tadqiqotlar amalga oshirilib, tadqiqot natijasida olingan ilmiy mulohazalar jamlanadi.
Bitiruv malakaviy ishining I va II-boblari natijalariga tayangan holda tadqiqotning III-bobida muallif tomonidan o‘rganib chiqilgan ma’lumotlarni tahlil etish asosida mavzuni takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatma, uslubiy yondoshuvlar ishlab chiqiladi, prognoz qilish ishlari bajariladi, ilgari surilayotgan taklif, g‘oyalar ham ilmiy, ham amaliy jihatdan asoslanadi.
Xulosa va takliflar qismida amalga oshirilgan tadqiqotlarning natijalariga asoslangan holda umumiy xulosalar, ishlab chiqilgan takliflar va tavsiyalar umumlashtiriladi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati qismida bitiruv malakaviy ishi bo‘yicha foydalanilgan manbalar ro‘yxati talab asosida beriladi. Foydalanilgan adabiyotlarga murojaat etilgan joylari (havola) tegishli varaqning pastida ko‘rsatib o‘tilishi shart.
Ilovalar qismida bitiruv malakaviy ishining ob’yekti bo‘yicha olingan amaliy va uslubiy ma’lumotlar beriladi.
Bitiruv malakaviy ishi talaba tomonidan kompyuterda mustaqil bajarilishi va ishning elektron variantini ilmiy rahbarga berilishi lozim. Ishda mavjud o‘quv adabiyotlardagi matnlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘chirib olish ta’qiqlanadi. Mavzu bo‘yicha olimlarning fikr mulohazalari tanqidiy tahlillar asosida foydalanilishi lozim bo‘lib, foydalanilgan fikr mulohazalar mualliflari, manbalari keltirilishi kerak.
Do'stlaringiz bilan baham: |