14-maruza.
O‘quv yuklamalari, o‘quv-metodik, ilmiy va tarbiyaviy ishlarni rejalashtirish, mutahassislik fanlarining ishchi o‘quv rejasi va ishchi o‘quv dasturlarini ishlab chiqish
Reja
1.O’quv yuklamalari o’quv-metodik va ilmiy ishlarni rejalashtirish.
2.Tarbiyaviy ishlarni rejalashtirish.
3.Mutahassislik fanlarining ishchi o‘quv rejasi va ishchi o‘quv dasturlarini ishlab chiqish.
Kalit so’zlar :Standart,o’quv reja, o’quv dasturi,tarbiyaviy ishlar,tarbiya jarayoni.
1.O’quv yuklamalari o’quv-metodik va ilmiy ishlarni rejalashtirish.
Standart-ta’limda yaratilgan me’yoriy reja, dastur, darsliklarni o‘zlashtirish ekvivalenti, ya’ni ta’lim mazmunini o‘zlashtirish darajasidir. Standartni ishlab chiqishda o‘quvchini haddan tashqari zo‘riqtirib yubormaslik talablariga rioya qilish, ya’ni u o‘quvchi yoshiga mos, uni o‘zlashtirishga qurbi etadigan darajada bo‘lishi kerak. Bunda albatta, ta’lim oluvchining qiziqishi, xoxishi, extiyoji hisobga olinishi lozim. Ta’lim standartlarini o‘zlashtirishda shaxsga muhim ahamiyat berilishi, unga yakka tartibda yondashilishi maqsadga muvofiqdir. Standartlarni o‘quv jarayoniga tatbiq etishdan oldin o‘ta puxtalik bilan tajriba-sinovdan o‘tkaziladi va shu asosda bosqichma-bosqich o‘quv jarayoniga kiritib boriladi.
Davlat va jamiyat ta’lim muassasalari oldiga muayyan ijtimoiy buyurtmalar qo‘yayotgan ekan, o‘sha muassasalar tomonidan tayyorlanadigan kadr egallashi lozim bo‘lgan ijtimoiy sifatlarining minimal chegarasini ham ko‘rsatib berishi tabiiydir. Tarbiyalanuvchi yoki ta’lim oluvchilar egallashi lozim bo‘lgan bilim, ko‘nikma, malaka yoxud ma’naviy sifatlarning eng quyi miqdori ilmiy asoslarda belgilab berilgan rasmiy pedagogik hujjat-davlat ta’lim standarti hisoblanadi. Standartlarda belgilangan natijalarga erishilmasa, yo o‘sha ko‘rsatkichlarni egallay olmagan bola, yoxud yoshlarda muayyan miqdordagi bilim, ko‘nikma, malaka va ma’naviy sifatlarni shakllantira olmagan pedagogikani mukammal deb bo‘lmaydi. Bundan ko‘rinib turibdiki, davlat ta’lim standarti (DTS) nazorat vositasi, ayni vaqtda, ta’lim muassasalarida ko‘zlangan ko‘rsatkichlarni qo‘lga kiritish uchun zarur bo‘lgan sharoitni belgilash o‘lchovi hamdir. Davlat ta’lim standartlarining ko‘rsatkichlari qo‘lga kiritish uchun zarur bo‘lgan sharoitni belgilash o‘lchovi hamdir.
Davlat ta’lim standartlarining ko‘rsatkichlari amaldagi mavjud ta’lim mazmunidan emas, balki shakllantirilayotgan o‘quvchiga singdirilishi lozim bo‘lgan sifatlarning jahon bo‘yicha zarur deb hisoblangan miqdoridan kelib chiqadi. Davlat ta’lim standartlarining ikki asosiy vazifasini alohida ta’kidlab ko‘rsatish lozim. Bunday standartlar umumiy o‘rta maktabda o‘quvchilarga beriladigan ta’lim mazmunining majburiy minimumini hamda bitiruvchilarning tayyorgarlik darajasiga qo‘yiladigan talablar majmuasini belgilab beradi. Ta’lim mazmunining majburiy minimumi o‘quv dasturlari va darsliklarda to‘liqo‘z ifodasini topishi shart. Bitiruvchilarning tayyorgarlik darajasiga ko‘ra o‘quvchi muayyan bosqichda egallashi shart bo‘lgan bilim, ko‘nikma va malakalarning minimal miqdori belgilanadi. Ta’lim-tarbiya jarayoniga DTS ni joriy etish talablari rivojlangan g‘arb mamlakatlari tajribasiga asoslanadi. Ammo, shuni ham aytish kerakki, hali dunyodagi birorta jamiyatda ta’limni standartlashtirish keng ko‘lamda amalga oshirilayotgani yo‘q. Chunonchi, mazkur yumushga birinchi bo‘lib qo‘l urgan Fransiyada bu ish hanuzgacha sinov darajasida, AQShda esa DTS yaratishga endigina kirishilmoqda.
Yaponiya va Germaniya ta’lim muassasalarida mazkur muammoni hal etish rejalashtirish bosqichida turibdi. O‘zbekistonda ta’lim standartlari masalasiga davlat miqyosida yondashildi va uni ilmiy yo‘sinda hal etishdan tashqari, ta’lim-tarbiya amaliyotiga joriy qilish maqsadida uzoq vaqt izlanishlar olib borildi, tajriba-sinovlar amalga oshirildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |