Abu Rayhon Beruniyning rivoyat qilishicha: “Navro’z” kuni Payg’ambarimiz Muhammad alayhissalomga holva solingan kumush jom hadya qilingan. Payg’ambar: “Navro’z” nima?- deb so’raganlar. “Eronliklarning ulug’ hayiti”.- deb javob berishgan. Keyin payg’ambar holvani yeb, jomni sindirib suhbatdoshlariga taqdim etgan: “Koshki biz uchun har kun “Navro’z” bo’lsa edi”5.- deganlar.
Mashhur olim Umar Xayyom “Navro’znoma” asarida “Jamshid shu kunni (Farvardin oyinig boshi) “Navro’z”atalsin deya farmon berdi va odamlarga har yili farvardinning kirishini bayram qilishni, uni yangi yil deb hisoblashni buyurdi”- deb yozadi6.
Ulug’ shoir Alisher Navoiy ijodida ham “Navro’z” o’z ifodasini topgan. “Saddi Iskandariy” dostonida Navro’zning bayram qilinishi quyidagich aks etgan:
Ki bu sir erur olam afruz ham,
Xususan, erur fasli Navro’z ham.
Navro’z haqida juda ko’p tarixiy asarlar, rivoyatlar mavjud. Yuqoridagilardan tashqari A. Firdavsiyning “Shohnoma”, Mahmud Koshg’arining “Devonu lug’otit-turk”, Xo’ja Ali Termiziyning “Navro’znoma”, “Solnoma” asarida, shuningdek, Mashrab, Ogahiy, Muqimiy, Furqat, Nodira, Uvaysiy, Zebuniso ijodlarida Navro’z haqida fikrlar bayon etiladi.
O’zbekistonda “Navro’z” har yili katta tantana bilan nishonlanmoqda. “Navro’z” arafasida umumxalq hasharlari o’tkaziladi. Xashar – xalqimizning azaliy va o`chmas qadriyatlaridan hisoblangan an’anadir. Unda barcha ko'chalar, qishloq, qabristonlar, atrof-muhit tozalanib, barcha daraxtlar oqlanadi, ko’chatlar ekiladi. Oy davomida xayrli ishlar: yetim nogironlarga, muhtojlarga yordam berish, qariyalarni qadrlash, ular holidan xabar olib, ularga sovg’a-salomlar ulashish, bolalar uylariga sovg’alar topshirish tadbirlari amalga oshiriladi. Barcha kasb egalari “Navro’z”ga atab o’zlarining xayriyalarini, hadyalarini tayyorlaydilar.
“Navro’z” arafasida va bayram kunlari sumalak, halim, ko’k somsa, ko’k chuchvara va boshqa turli tuman taomlar pishiriladi. Qizlar “Navro’z”da kiyadigan liboslarni tayyorlashga kirishadi. “Navro’z”ga san’at ahli alohida tayyorgarlik ko’radilar. Ular “Navro’z”ga bag’ishlangan kuy, qo’shiq, raqs tomoshalarini qunt bilan tayyorlaydilar va turli joylarda, sayilgohlarda xalqqa ijro etib beradilar. “Navro’z” kunlari shaxar va qishloqlarda katta tomoshalar, tantanalar va xalq sayillari bo’lib o’tadi.
Hozirgi davrda mustaqil diyorimiz uchun “Navro’z” kishilarga yasharish va bunyodkorlik, poklanish va yangilanish, ruxiy ko’tarinkilik olib keladigan asosiy bayram bo’lib qoldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |