Sovchilik va sovchi odobi.
Fotiha To’yi
Sovchilik — biror xonadonning voyaga yetgan qizini kelinlikka so’rab borish odati. Bu vazifani bajaruvchilar sovchilar deb atalgan. Dunyoning turli xalqlarida bu odat turlichadir. Sovchilik to’g’risidagi ilk ma’lumotlar 7—8 asrlarga oid O’rxun-Enasoy bitiklarida uchraydi. To’nyuquq bitiktoshida "sov", "sab" kilimasi so’z, ran ma’nosida ishlatiladi. "Irq bitigi" ("Fol kitobi")da esa "sab"—suz, "sabchi" — xabarchi, so’z keltiruvchi ma’nosida qo’llanilgan. Bu xaqda Mahmud Koshg’ariy "sovchi — kelin va kuyov orasida bir-biriga xabar eltuvchi", deb yozgan.12 Turkiy xalqlarda, jumladan, o’zbeklarda qadimdan sovchilikka dastlab ayollar, so’ngra erkaklar borishgan. Odatda, kuyovning tog’asi, amakisi yoki yaqin qarindoshlardan obro’li, ko’pni ko’rgan, uvali juvali, serfarzand va bir nikohli, fozil kishi sovchilikka yuborilgan. Yigit ulg’ayayotgan xonadonda uni uylantirish faqat ota-onaninggina emas, yaqin qarindosh, do’stu birodarlarning ham tashvishi hisoblanadi. Shunga ko’ra, yigitga munosibqizni ko’z ostiga olganlar va yigitning onasiga uni darak qilishgan. Shaharlarda yigitning onasi, ammasi yoki xolalaridan biri yoki boshqa ayol bilan mo’ljallangan qiz xonadoniga tashrif buyurib, "mehmonga keldik" bahonasi bilan qizni ko’radilar. Ayni paytda uyjoy, hovlining tozaligi, saranjom sarishtaligi, dasturxon bezalishi, uy egalarining mehmondo’stligiga razm soladilar. Qizning onasi bilan suhbatlashib, "onasini ko’ru, qizini ol" maqoliga amal qiladilar. Ko’p yerda sovchilar qiz tomonning qo’ni-qo’shnilari, xizmat yeridan so’rab surishtiradilar. Qishloq joylarida yashovchilar bir-birlarining farzandlarini yaxshi bilganliklari uchun sovchilikka o’zlari bormay, mahalladan yoki qarindoshlaridan 2—3 kishini yuboradilar. Qiz tomon tanish bilish yoki qarindosh bo’lsa, sovchilar ikki uch borgach, fotiha to’yi belgilanishi mumkin. Agar notanish bo’lsa, qiz tomon ham so’rab surishtirib, bir qarorga kelguniga qadar, yigit tomon o’z elchilarini yuborib turadi. Sharqona odobga ko’ra, yigitning onasi o’z o’g’li haqida gapirishi, uning yaxshi tomonlarini ko’rsatishga urinishi yaxshi sanalmaydi. O’zbekchilik odobi, milliy madaniyatga ko’ra, sovchilar tomoni ham, qiz tomon ham bir-birlarining sha’nlariga tegadigan gap qilmaydilar. Zarur bo’lsa, hatto rad javobini ham nozik andisha pardasiga o’rab, og’ir botmaydigan, kishidan bezmaydigan qilib yetkaziladi. Sovchilik aksariyat ayollar ishi, sharoitga qarab o’rtaga ba’zan erkaklar ham tushadilar. Sovchilarni ma’joziy ma’noda elchilar deb atashadi. Qizning ota-onasi rozilik bildirgach, sovchilar shu rozilikka oldindan maxsus tayyorgarlik tarzida dasturxon (patir, shirinlik meva, ba’zan qizga, uning ota-onasiga sarpo) qilib boradilar. Sovchilar huzurida qiz va yigit bir-birlariga unashtirilganligi e’lon qilinadi va bu qarorning muqaddasligini ta’kidlash ma’nosida sovchilar keltirgan dasturxon ochilib, noni sindiriladi, (non sindirish) so’ng "oq o’rar" marosimi o’tkaziladi. Odatda, bu marosimda eng yaqin va tabarruk qarindoshlar ishtirok etishib, ikki tomonning quda bo’lishiga rozilik belgisi sifatida oqlik beriladi. Shu marosimning o’zida ko’pincha bo’lajak kelin uyida o’tkaziladigan fotiha to’yi kuni, taxmin bo’lsa ham to’y vaqti belgilanadi.
Yevropada bu holatlar ko’proq "tanishuv klublari", e’lonlar orqali hal qilinadi
Sovchilikning asosiy marosimlaridan biri fotiha to’yidir. Sovchilar fotiha qilinadigan kunni belgilaydilar. Shu kuni qizning uyida atrofdagi taniqli oqsoqolar, mahalla oqsoqoli, qizlar yig’iladi. Sovchilar o’zining kelish maqsadini bayon etganlaridan keyin «non sindirish» marosimi boshlanadi. Shu paytdan boshlab yoshlar bir-biri bilan bog’langan, fotiha qilingan deb hisoblanadi. Fotiha to’yi nikoh tuziladigan va to’y o’tkaziladigan kunni tayinlash bilan tugaydi. Sovchilardan har biriga ichita ikkita non, shirinliklar bo’lgan dasturxon beriladi, shuningdek qiz tomonidan yigitga va unning ota-onalariga sovg’alar berib yuboriladi. Sovchilar kuyovning uyiga qaytganidan keyin ularning qo’lidan sovg’alar qo’yilgan patnislarni olib, «sarpo ko’rar» marosimini boshlaydilar. Dasturxon odatda ko’p bolali ona tomonidan ochiladi. Barcha yig’ilganlar kelining uyidan keltirilgan pishiriqlar, shirinliklardan bahramand bo’ladilar. Fotiha to’yidan boshlab va to to’yning o’zigacha yoshlarning ota-onalari qalin, sep masalalarini va to’y tantanasi bilan bog’liq tashkiliy masalalarni hal etadilar. To’ydan bir necha kun avval qiznikida «qiz oshi» marosimi o’tkaziladi, unga qiz o’zining yaqinlari va o’rtoqlarini taklif etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |