Amir temur va boyazid o’rtasidagi elchilik almashinuvi. Dastlabki hujumlarning boshlanishi



Download 75,5 Kb.
Sana15.11.2020
Hajmi75,5 Kb.
#52567
Bog'liq
Muminov Azizbek Boxodir o'g'li - Tarix fakulteti


AMIR TEMUR VA BOYAZID O’RTASIDAGI ELCHILIK ALMASHINUVI. DASTLABKI HUJUMLARNING BOSHLANISHI

O’zMU tarix fakulteti 2-kurs talabasi Mo’minov Azizbek


Amir Temur va Boyazid o’rtasida bo’lgan Anaqara jangi jahon tarixida muhim o’rin tutib, ko’pgina tadqiqotchilar bu mavzuda chuqur izlanishlar olib borishgan. Bu jangning kelib chiqishi sabablari, ikki buyuk hukmdor o’rtasidagi dastlabki elchilik alamshinuvlari va munosabatlarning keskinlashuvi masalalari yoritilishi zarur bo’lgan dolzarb masalalardan biridir. Ushbu maqolada bu mavzuda qilingan ilmiy tadqiqot ishlari va manbalarni o’rganish, qiyosiy tahlil va umumlashtirish asosida mavzuni atroflicha ochib berishga harakat qilindi.

Amir Temur va Boyazid Yildirim o’rtasidagi dastlabki elchilik aloqalari do’stona, bir-biriga hurmat ruhida bo’lib, bu aloqalar raqiblarning bir-birini, bir-birining keyingi ehtimoliy harakatlarini tushunish, o’rganish, vaqtdan yutish va tayyorgarlik ko’rish uchun xizmat qilgan1

Amir Temur Dastlab Sharqiy Anatoliya sarhadlariga 1386-yili ilk qadam qo’ygan va Arzinjon yaqinida turklarning katta qo’shinini mag’lub etgan edi. Oradan sakkiz yil o’tib 1395-yilda bu o’lkalarga ikkinchi marta yurush qiladi. Usmoniylarning Sivosgacha bo’lgan anchagina yerlari talon-taroj bo’ladi. Boyazid Yildirimning o’gli, Sivos viloyatining hokimi Ertug’rul Temurbekka qarshi bo’lgan harakatlarning birida halok bo’ladi2. Klavixoning ma’lumotlariga ko’ra, Temur Sivosni egallaganda, turklar Arzinjonni egallaydi. Turklar ustidan batamom g’alabadan so’ng esa Temur Arzinjonni ham egallab, u yerdagi Kamagi qasrini o’zining chig’atoyi amirlaridan biriga taqdim etadi. Temurning bu qasrni o’z amaldoriga berishiga sabab qal’a mustahkam va katta foyda keltiradigan savdo yo’li ustida joylashgan edi.

1398-yilda Sivos Usmonlilar qo’liga o’tgandan so’ng u yerga Mustafo ismli kishini tayinlab, Boyazid Arzinjon tomonga yuradi. Turk sultoni Tahartan (Muttahartan ,Zaratan) dan boj to’lash, Kamagi (Kamoh) qasrini o’z ixtiyori bilan topshirishni talab qiladi. Tahartan turklar hokimiyatini tan olib, boj to’lashga rozi ekanligini, biroq Kamagi qasrini berolmasligini ma’lum qiladi. Turklar qo’ygan shartlarida qattiq turib, “Tahartan agar shartimizdan bosh tortsa, barcha yerlaridan ayrilib qolishi mumkin3”, deb aytadilar. Shundan keyin Tahartan Eronda turgan Temurbekka noma va sovg’a-salomlar bilan elchi yuborib, undan yordam so’raydi, chunki uning hokimiyatini 1394-yildayoq tan olgan edi4. Klavixoning yozishicha, Amir Temur Boyazidga elchi orqali noma yuborib, Tahartan uning fuqarosi ekani, hurmat yuzasidan uni ranjitmasligi, aks holda Turk sultonligiga xuddi shunday ziyon yetkazishi mumkinligini aytadi. (Amir Temurning bu nomasi mazmuni Nizomiddin Shomiy5 va Sharafiddin Ali Yazdiy6 “Zafarnoma”larida ham deyarli bir xil ekanligini ko’rish mumkin). Boyazid esa bunga javoban Temurni nodonlikda ayblab, uni asir qilishini va katta xotiniga uylanishini aytib haqorat qiladi7. Shundan so’ng Temur g’azab otiga minib yurish boshlaydi.



Arab manbalarida yozilishicha, Temurning Sivosga yurishiga boshqa bir sabab ham bo’lgan: 1399-yilning iyul oyida Amir Temur Hindistonni tark etib, Tabrizga keldi va sulton Boyazidga maktub yo’lladi. Maktubda u odob bilan unga o’zining Qora Yusuf at-Turkmaniy va Bag’dod hokimi Ahmad ibn Uvays bilan bo’ladigan jangda xolis-betaraf mavqeda bo’lishini ishorat qildi. Lekin sulton Boyazid Amir Temurning ushbu maslahatini quloqqa olmadi va uning xatiga qo’rslik bilan javob qaytarib, “yordam so’ragan odamni o’z holiga tashlab qo’yish turklarning odatidan emas”, - deb alohida ta’kidladi. Keyin esa unga qarshi kuchli qo’shin bilan borishini va qayerga bormasin uni ta’qib qilshini bildirdi. Mana shu mulohazalarning barchasidan Amir Temur chiqargan xulosa shu bo’ldiki, Boyazid bilan ittifoq tuzish xususida gap yuritish befoyda, buning ustiga Bag’dodda ham vaziyat yanada keskinlashgan bo’lib, Temur 1393-yilning dekabrida unga ikkinchi marta shaharni egallagandi. Ahmad ibn Uvays vs Qora Yusuf at-Turkmaniy shahardan chiqib g’arb tomonga yurdilar va mamluklar sultonining yordamiga umid qildilar. Ular Halabga kelib, shahar noibi Damirdoshdan boshpana so’radilar, ammo ularning yetti ming suvoriylari bilan shaharda turishi Damirdoshga mushkul ko’rinib, ularga shaharga kirishga ruxsat bermadi. Damirdosh Xoma shahri noibi Duqmoq yordamida ularga qarshi kurash olib bordi, biroq mag’lubiyatga uchradi. Ahmad ibn Uvays va Qora Yusuf sulton Farajga maktub yo’llab, o’zlaricha yuzaga kelgan vaziyatni tushuntirishga harakat qildilar. Ammo yosh sulton Faraj o’z amirlarining maslahatiga ko’ra bu xatti-harakatlarni adovat deb qabul qilib, Damashq noibiga ularga qarshi hamma joyda urush olib borishni buyurdi. Natijada Ahmad ibn Uvays va Qora Yusuf turk sultoni Boyazidga murojat qilishga majbur bo’ldilar. Boyazid ularga izzat-ikrom ko’rsatib, ular bilan ittifoq tuzdi. Turk sultonining ular bilan ittifoq tuzishi Amir Temurning g’azabini qo’zg’adi va uning turk sultoni yerlari tomon yurishi uchun zamin hozirladi. Shundan keyin Amir Temur Sivos va sulton Boyazidga tobe bo’lgan uning noibi Mustafoga qarshi harbiy harakatlar boshladi. Sivosga madad ko’rsatish uchun 1400-yilning iyulida Boyazidning o’g’li Sulaymon boshliq turk qo’shinlari ilgarilab yurdilar. (Ibn Arabshoh o’sha paytda Sivos hokimi Boyazidning o’g’li Sulaymon ekanligi, u otasidan yordam so’raganida, sultonning o’zi Konstantinopol qamali bilan ovoraligi va oradagi masofaning uzoqligi sabab o’g’liga yordam bera olmaganini yozadi8). Temur uni tor-mor etgach, Sulaymon o’z ittifoqdoshi Qora Yusuf bilan Bursada turgan otasi yoniga qochib keldi. O’n sakkiz kunlik qamaldan so’ng Temur Sivosni egalladi, shaharga ko’p talafot yetkazildi. Shundan keyin u 1400-yilning oktyabr oyida Malatiya shahrini ishg’ol qildi.9. Klavixo kundaligida yozilishicha, Boyazid 200 minglik qo’shinni Muso Chalabiy boshchiligida yordamga yuborib, ortidan o’zi ham katta qo’shinni boshlab borishga qaror qiladi. Biroq yordam kelguncha, Sivos himoyachilari hujumga bardosh bera olmaydi. Shahar zabt etilishida Temur hiyla ishlatadi. Unga ko’ra, shahar aholisi ma’lum miqdorda tilla va kumush berib, maxsus vakillar orqali Temur bilan qon to’kmaslik haqida bitim tuzishadi. Temur talab qilingan bojni olgach, shahar aholisi uchun ba’zi bir muhim ishlarni maslahatlashish maqsadida shaharning olijanob kishilarini o’z huzuriga chorlaydi. Ular ishonib tashqariga chiqishganida esa Temur qon to’kmaslik vadasi borligidan ularni chuqurga tiriklayin ko’mish qarori borligini aytadi. Aristotel universiteti professori Fokion Kotzageorgisning ma’lumotlariga ko’ra, aynan mana shu to’qnashuvda Temur Ertug’rulni ber necha kun davomida qiynab, keyin o’ldiradi. U shuningdek, askarlariga yuqishidan va Turkistonga ham tarqalishidan qo’rqib, moxov kasaliga chalinganlarni o’zlarining uylari ichida payti uylarni buzdirib tashlab halok qiladi. Yildirim Boyazid Sivas mag’lub bo’lganini va o’g’li Ertug’tul o’ldrilganini eshitib, Konstantinopol qamalini to’xtatib, Anatoliyaga tomon yo’l oladi10. (Bu voqea Sharafiddin Ali Yazdiy11, Nizomiddin Shomiy12 “Zafarnoma”lari, Ibn Arabshoh13 asarida va Muiniddin Natanziyning “Muntaxab ut-tavorixi Muiniy14asarida ham keltirilib, Ikkita “Zafarnoma”da Boyazid qo’shiniga tegishli 4 ming armaniy otliq, Ibn Arabshoh va Natanziyda esa qal’aning barcha himoyachilari ko’milgani aytilgan). Shahar g’orat qilinib, buzdirib tashlanadi. Temurbek bu yerdan ketgan kuni, ikki yuz ming otliq qo’shin bilan bu yerga Muso Chalabiy yetib kelib, shaharning xarobaga aylanganini, Temurbek jo’nab ketganini ko’radi va noiloj otasining kelishini kutadi. Turk sultoni Boyazid Sivosdagi ishlarning sababchisi bo’lmish Tahartandan o’ch olish maqsadida Arzinjonga yurish qilib, uni zabt etdi, Tahartanning xotinini asir oldi. Tadqiqotchi Rustam Shukurovning yozishicha, Boyazid Tahartanni ham asir olib, o’rniga Qora Yusufni tayinlagan, ammo ko’p o’tmay aholi talabi bilan Arzinjonni Tahartanga berishga majbur bo’lgan15. Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma” sida bu voqea quyidagicha yozilgan:”Ul mahaldakim, Sohibqiron Shomda erdi, Yildirim Boyazid Sulton Ahmad Jaloyir va Qaro Yusuf Turkmon so’zlariga kirib, Arzinjong’a kelib, Tahurtan bila urushib, shaharni oldilar. Va Tahurtan Qaro Yusufnung navkarlariga asir bo’ldi. Va Arzinjon eli amon tilab, Sulton Ahmad va Yildirim Boyaziddan Tahurtanning gunohini tilab, Arzinjonni yana anga berdi. Ammo o’g’lon-ushog’ini navohai Bursag’a yibordi. O’zi qaytib Rumga bordi16”. Keyinchalik Tahartanning xotinini ham ozod qilib, shaharga ziyon yetkazmay ortga qaytib ketadi.

Sivos va Malatiya fath etilgandan so’ng Sohibqiron Halab, Damashq va Bag’dodga qarab yuradi. Chunki Malatiyada turgan vaqtida o’zining birinchi maktubini sulton Farajga yo’llab, xatida uning otasi yo’l qo’ygan xatolarni – uning elchilarini o’ldirgani, Atlamishni zindonga solgani kabilarni ko’rsatdi va darhol Atlamishni ozod qilishni talab etdi. Agar talab bajarilmasa, Misr va Suriya xalqidan o’ch olishini takidladi. Ammo sulton Faraj ham otasi kabi Halabga kelgan elchilarni zindonga tashlashni buyurdi. Sulton Farajning bu qilmishidan qoni qaynab, sulton Boyazidga tomon emas, Misr sultoni ustiga yurish qilishga qaror qildi17. Mixail Ivaninning fikricha, Temurning o’z yo’nalishini bunday keskin o’zgartirishiga asosiy sabab, Suriya ham qo’lida bo’lgan Misr sultonining Boyazidga madad kuchi yuborishi mumkinligi, agar Temur muvaffaqiyatsizlikka uchragan taqdirda, qo’shinning yon tomonida Misr sultonidek kuchli dushmanning turishi qanchalik xavfli ekanligini Temur yaxshi tushungan. Shu maqsadda u Usmonli turklarning kuchli hukmdori bilan urush boshlashdan avval o’zining yon va orqa taraflarini xavfsizlantirish choralarini ko’rgan18.

Turk tadqiqodchisi Aka Ismoilning yozishicha, Temur Suriya yurishida ekan, yana Boyazidga maktub yuborib, o’z muvaffaqiyatlarini, kuch-qudratini ta’kidlab, Boyazidni o’ziga itoat etishi kerakligini tahdid bilan eslatdi. Bunga qarshi Boyazid ham o’z nasl-nasabi, zafarlari va qudratini bir-bir sanab maktub yozdirarkan, yovga qarshi kurashga tayyorligini bildirdi. Temur bu xatni olgach, yana maktub yo’llab, ikki o’rtada do’stlik bo’lishi kerakligini va bu ikkovining kofirlarga qarshi islom kuchlarini orttirishini, o’rtada do’stlik iplarining bog’lanishi uchun yo Qora Yusuf menga topshirilsin, yo Usmonli davlati yerlaridan chiqarib yuborilsin, deya istak bildirdi. Ibn Arabshohning ma’lumotlariga ko’ra, Boyazid bunga javoban xaqoratomuz maktub yo’llaydi. Maktub quyidagi so’zlar bilan yakunlangan: “Men bilamanki, bu so’zlar seni hech to’xtamasdan bizning mamlakatimizga tomon otlantiradi. Agar sen (biz tomonga) kelmasang, sening xotinlaring uch taloq bo’lsin. Agar sen mening yurtimga kelsangu, men senga qat’iy urush qilmay qochsam, u vaqtda mening xotinlatim uzil-kesil uch taloq bo’lsin19”. Ayni paytda Boyazid o’z kuchlarini Konstantinopoldan olib Anatoliyaga to’play boshlaydi. Nihoyat, Temur 1402-yil mart oyida Boyazid ustiga qo’shin tortdi. Bir paytlar Ovnik osha Kamohga kelib, egallab, uni Muttahartanga berib, Sivosga yaqinlashganda Boyazidga yuborgan elchisi, unga qo’shilib Usmonli davlati elchilari Temur huzuriga kelishdi. Biroq Temur elchilar oldida ochiqchasiga Boyazidni ayblab, jangga tayyorlanaversin, dedi20.

Ammo bu elchilik almashinuvi talqini Sharafiddin Ali Yazdiy va Nizomiddin Shomiy “Zafarnoma” larida boshqacharoq yoritilgan. Ularning yozishicha, Qora Yusuf Boyazid huzuriga qochib borgandan so’ng, sulton qo’shin to’play boshlaydi. Ammo sultonning akobir-u ulamolari unga nasihat qilib, Amir Temur bilan urushmaslikka undaydi. Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma”siga ko’ra21, shundan so’ng Yildirim Boyazid Temur huzuriga elchi yuborib, o’zining tobeligini izhor etadi. Nizomiddin Shomiy esa Boyazidning har ikkala orada sulh tuzilishiga rozi bo’lganligini yozadi22. Bunga javoban Temur Boyaziddan Qora Yusufni yo Temurga topshirishni, yo uni o’ldirishni yoki bo’lmasa o’z davlatidan chiqarib yuborishni so’raydi. Elchilarga muruvvat ko’rsatib, ularga elchilik javobini eshitish uchun erta bahorda Rum chegarasigacha borishini aytadi. 1402-yil 12-martda (804-yil Sha’bon oyining yettinchi kuni) Sohibqiron Qorabog’dan ko’chib, Shamkur sahrosiga keldi. So’ng Boyazidga yana elchi jo’natib, Qora Yusufni haydab chiqarish, va Kemoh qal’asini topshirishni talab etib, agar sulton g’azotga qo’l ursa, unga qo’lidan kelgan yordamini berishga tayyorligini bildiradi. Shu orada Qora Yusuf yildirim Boyaziddan yuz o’girib, mamlakatdan chiqib ketibdi, degan ovoza tarqaydi. Amir Temur bu ovozaga parvo qilmay, “Agar ahvol shunday bo’lsa, uning xonadonini bu tomonga jo’nat, toki muqarrar qoidalar ta’kid topib, biz o’sha aytilgan qarorga muvofiq sulh qilaylik”, dedi.

Muiniddin Natanziyning ma’lumotiga ko’ra, Amir Temur Rumga yurish qilishdan avval mashvarat chaqirgan, ammo hech kim oshkora bir narsa demagan. Shunda Shamsiddin Olmalig’iy (Ma’laviy) Temur huzuriga kelib, yulduzlar hukmiga ko’ra, Sohibqiron lashkarining zavoli Rum yurishi tufayli sodir bo’lishini aytadi. Sohibqiron bundan qattiq g’azablanadi. Shunda dargohda hozir bo’lgan Jalol Islom Shu ishni munajjimlar bashoratisiz hal qilishni taklif etadi. Bundan Temurning ko’ngli taskin topib, Rum sari yuzlanadi23.

Mixail Ivaninning asarida voqea quyidagicha keltirilgan: “munajjim Shamsuddin Ma’laviyning osmonda ga’rb tomonda dumli yulduz paydo bo’lgani uchun Boyazid bilan tinchlik o’rnatish kerakligi haqida gapirgan. Lekin Sharqning eng bilimdon munajjimi Abdulloh Lisson dumli yulduzning G’arbda qo’y burjida paydo bo’lishi faqatgina Boyazid uchun baxtsiz belgi ekanligini, bu belgi Sharqdan butun Usmonli turk davlatini zabt etuvchi qo’shin qo’shin kelishini bildirishini aytadi. Munajjimning bunday sharhi Amir Temur qo’shinlari ruhini ko’tarib, Boyazid bilan urush boshlashga undaydi24”. Mixail Ivaninning fikricha, yuqorida keltirilgan munajjimlik bashoratiga oid hikoyatlar Amir Temurning urush boshlashga qaror qilishida hech bir ahamiyatga ega bo’lmagan. Sohibqiron Qur’onni yod biladigan, taqvodor inson bo’lsa-da, uning uzoqni ko’ra biladigan, kuchli siyosatchi va tajribali sarkarda bo’lganini hisobga olsak, bu borada muallif mutlaqo haq bo’lib chiqadi. Ammo shuni aniq aytish mumkinki, Temur munajjimlar bashoratidan askarlarning ruhini ko’tarish va ishonchini oshirishda mohirlik bilan foydalangan.



Yaqinlashib kelayotgan jangning turklar uchun hayot-mamot jangi ekanligini, shu sababli ularning bir tomchi qonlari qolguncha urushishlari tabiiy edi. Shuning uchun Temur Samarqandga chopar yo’llab, taxt vorisi, valiahd Muhammad Sulton ibn Jahongir mirzoni atoqli sarkarda amir Hoji Sayfuddin hamrohligidagi madad kuchlar bilan tezlikda huzuriga yetib kelishga amir qiladi. O’zi esa Rumga yuzlanib, 1399-yilda Boyazid tomonidan egallangan, Arzinjon shahridan 38 km (yetti yig’och25) uzoqlikda, Frot daryosining g’arbiy sohilida joylashgan Kamoh qal’asi oldida tushadi. Kamoh qal’asi g’oyatda pishiq, mustahkam va baland bo’lib, Ibn Arabsho bu haqida shunday yozadi: “Bu qal’aning monelik xandag’ini xayol o’qi kesib o’ta olmas, unga yetishish yo’liga to’g’ri fahm yo’l topa olmas; uning yuksaklik rukunlarining asoschisi qudrat me’mori bo’lib, (uning) qubbalari binosining muhandisi tabiat duradgoridir. Qal’a g’oyatda baland ham, (yerga) yopishgan past ham emas, shunga qaramasdan, manoat va pishiqlikda yuqori darajada edi. Bir tarafdan qal’a etagini Frot daryosi o’pib o’tsa, ikkinchi tarafidan esa keng bir vodiy uning a’lomlarini muhofaza etadi. Vodiyda qadam qo’yishiga sira imkoniyat bo’lmay, u (joy) Frot daryosiga quyiladigan bir suv yo’lidir. Qolgan ikki tarafidan esa tepaliklar (mavjud) bo’lib, unga nazar tushish bilanoq basirat tili: “haqiqatan ham bu ajib (bir) narsa” (oyati)ni tilovat qiladi26”. Mirzo Muhammad Sulton va amir Hoji Sayfuddin boshchiligidagi Movarounnahr qo’shini yetib kelgach, Temurbek Kamoh qal’asini zabt etishni valiahd nabirasining iltimosiga binoan, unga topshiradi. Qa’lani egallash 1402-yilning may-iyun oylarida bo’lib, qal’aga orqa tomonida joylashgan egri-bugri vodiy orqali yaqinlashishga qaror qilinadi. Sohibqiron buyrug’iga binoan qo’shin ahli tevarak atrofda mavjud daraxtlarni kesib, vodiyni yer bilan barobar qilib shox-shabbalar bilan to’ldiradi. Qamalda qolganlar Temur tadbiri amalga oshsa nima bo’lishini fahmlab, yonayotgan neft hamda maxsus tuz, ko’mir va oltingugurt aralashmasidan tayyorlangan yonuvchi murakkab modda – borud tashlab yog’och va shox-shabbalarni yoqib yuboradi. Amir Temur bu voqeadan esankiramaydi va qal’ani zabt etishning boshqa chorasini o’ylab topadi: u lashkarga qal’a atrofidan bir xaltadan tosh olib kelib soyga tashlashni buyuradi27. Toshlar bilan to’lgan vodiydan askarlar osongina o’tib qal’agirlik asboblari yordamida qal’ani egallaydi. Qal’aga kirgan Temur vodiyga keltirilgan toshlarni avvalgi joylariga olib borib tashlashni buyuradi. Shundan so’ng Amir Temur qal’aga a’yonlaridan Ash-Shams nomli kishini dorug’a qilib, u yerni tark etadi28. Kamoh qal’asi zabt etilgandan so’ng, Boyazid elchilari Temur huzuriga kelib, nomaqbul uzrlarni aytadi. Amir Temur ularga mardona bo’lib shiddat, kina va intiqomimizga tayyor tursin, deb aytadi. O’sha paytda askarlarga Sivos sahrosida harbiy ko’rikdan o’tish buyuriladi va elchilar hisobsiz askarlar-u, qurol-aslahalarni ko’rib, ko’ngillari xira bo’ladi. Mixail Ivaninning fikricha, Temur qo’shinlarining tezkorligi, ularning bo’y-basti, jangovar ko’rinishi, a’lo darajadagi qurollari, tartibliliklari hamda o’z sardorlari buyruqlarini so’zsiz amalga oshirishga tayyorliklari Usmonli tturklar hukmdori yuborgan elchilarda Amir Temur kuchlarining naqadar zo’rligi, turk qo’shinlarining esa zaifligi haqida fikr uyg’otishi kerak edi29. O’ttiz yillik g’alabalardan so’ng go’yo shunchaki o’tkazilgan bu ko’rik Amir Temurning kuchli psixolog bo’lganligidan, ya’ni kerak paytda har qanday vaziyatdan foydalanib psixologik zarbalar orqali dushman ruhini sindira olganligidan dalolat beradi. Temur elchilarga qaytishni buyurib, ularga shunday deydi: “Borib Boyazidga aytinglar, shunchalik bo’lsa-da, men hanuz unga nisbatan olijanoblik va yaxshi muomala yuzasidan ish tutaman, Tahurtanning xonadonini biz tomonga jo’natsin va o’z og’lini ham bizning huzurimizga yuborsin, toki biz unga shunday in’om-ehsonlar ko’rsataylikki, bundayini o’z mehribon otasidan ham ko’rmagan bo’lsin, uni farzandlikka qabul qilib, Rum mamlakatini Yildirim Boyazidga topshiraman, vaxshat va kina tikanlari o’rtadan ko’tarilib, u bundan keyin davlat va komronlik bog’idan gulbargni tergay, muvofiqatchilik qushlari nag’masining sadosi umum haloyiq ko’nglini xush qilgay, shaharlar, xalqlar amnu amonlik va farovonlikda, farog’atu osudalikda bo’lg’aylar, buning savobi (u dunyoda) bizning davlatimiz zamoniga mansub bo’lg’ay30”.

Shundan keyin ham Boyazid Temur bilan kelishish siyosatini yuritmay, uning talablarini o’zi uchun haqorat deb qabul qildi. Natijada ikki buyuk davlat o’rtasida to’qnashuv bo’lishi muqarrar bo’lib qoldi.





1 Abdullah Turhal. TIMUR’S siege of Ankara castle. Altar Modelling, 2009. Pp. 6-7.

2 Ҳ. Дадабоев. Амир Темурнинг ҳарбий маҳорати. – Т.: “Ёзувчи”, 1996. Б. 72.

3 Руи Гонзалес де Клавихо. Амир Темур Испания элчиси нигоҳида. – T.: “Zamin nashr”, 2019. Б. 72.

4 Rustam Shukurov. Between Peace and Hostility: Trebizond and the Pontic Turkish Periphery in the Fourteenth Century. Mediterranean Historical Review. VOLUME 9 NUMBER 1. TELAVIV UNIVERSITY FRANKCASS·LONDON. June 1994. P.40.

5 НИЗОМИДДИН ШОМИЙ. ЗАФАРНОМА. – Т.: “Ўзбекистон”, 1996. Б. 284.

6 Шарафуддун Али Йаздий. Зафариома. – Т.: “Шарқ”, 1997. Б. 232.

7 Руи Гонзалес де Клавихо. Амир Темур Испания элчиси нигоҳида. – T.: “Zamin nashr”, 2019. Б. 73

8 Ибн Арабшоҳ. Ажоиб ал-мақдур фи тарихи Таймур (Темур тарихида тақдир ажойиботлари). – Т.: “МЕҲНАТ”, 1992. I китоб. Б. 194.

9 Уватов У. Соҳибқирон араб муаллифлари нигоҳида. – Т.: “Шарқ”, 1997. Б. 96.

10 Phokion Kotzageorgis, Ömer Özyılmaz. TIMUR AGAINST THE OTTOMANS AND OTTOMAN INTERREGNUM (Fetret Devri). ARISTOTLE UNIVERSITY OF THESSALONIKI. Pp. 9-10

11 Шарафуддун Али Йаздий. Зафариома. – Т.: “Шарқ”, 1997. Б. 233.

12 НИЗОМИДДИН ШОМИЙ. ЗАФАРНОМА. – Т.: “Ўзбекистон”, 1996. Б. 286.

13 Ибн Арабшоҳ. Ажоиб ал-мақдур фи тарихи Таймур (Темур тарихида тақдир ажойиботлари). – Т.: “МЕҲНАТ”, 1992. I китоб. Б. 195.

14 Муиниддин Натанзий. Мунтахаб ут-таворихи Муиний (Муиний тарихлари танланмаси). – T.: “O’zbekiston”, 2011. Б. 166.

15 Rustam Shukurov. Between Peace and Hostility: Trebizond and the Pontic Turkish Periphery in the Fourteenth Century. Mediterranean Historical Review. VOLUME 9 NUMBER 1. TELAVIV UNIVERSITY FRANKCASS·LONDON. June 1994. P.40.

16 Шарафуддун Али Йаздий. Зафариома. – Т.: “Шарқ”, 1997. Б. 249.

17 Уватов У. Соҳибқирон араб муаллифлари нигоҳида. – Т.: “Шарқ”, 1997. Бб. 96-97.

18 Иванин М. Икки буюк саркарда: Чингизхон ва Амир Темур (Таржю А. Махкамов). – Т.: “Фан”, 1994. Б. 188.

19 Ибн Арабшоҳ. Ажоиб ал-мақдур фи тарихи Таймур (Темур тарихида тақдир ажойиботлари). – Т.: “МЕҲНАТ”, 1992. I китоб. Б. 259.

20 Исмоил Ака. Буюк Темур давлати. – Т.: “Чўлпон”, 1996. Б. 31.

21 Шарафуддун Али Йаздий. Зафариома. – Т.: “Шарқ”, 1997. Б. 253.

22 НИЗОМИДДИН ШОМИЙ. ЗАФАРНОМА. – Т.: “Ўзбекистон”, 1996. Б. 323.

23 Муиниддин Натанзий. Мунтахаб ут-таворихи Муиний (Муиний тарихлари танланмаси). – T.: “O’zbekiston”, 2011. Бб. 173-174.

24 Иванин М. Икки буюк саркарда: Чингизхон ва Амир Темур (Таржю А. Махкамов). – Т.: “Фан”, 1994. Бб. 188-189.

25 Шарафуддун Али Йаздий. Зафариома. – Т.: “Шарқ”, 1997. Б. 256.

26 Ибн Арабшоҳ. Ажоиб ал-мақдур фи тарихи Таймур (Темур тарихида тақдир ажойиботлари). – Т.: “МЕҲНАТ”, 1992. I китоб. Б. 260.

27 Ibn Arabshohning yozishicha, askarlar yig’gan toshlar shunchalar ko’p bo’ladiki, xirmonda qolib ketgan toshlar tashlangan toshlardan ikki baravar ortiq edi. Bu esa, shubhasiz, Temur qo’shinining behisobligidan dalolat beradi.

28 Ибн Арабшоҳ. Ажоиб ал-мақдур фи тарихи Таймур (Темур тарихида тақдир ажойиботлари). – Т.: “МЕҲНАТ”, 1992. I китоб. Бб. 260-261.

29 Иванин М. Икки буюк саркарда: Чингизхон ва Амир Темур (Таржю А. Махкамов). – Т.: “Фан”, 1994. Б. 190.

30 НИЗОМИДДИН ШОМИЙ. ЗАФАРНОМА. – Т.: “Ўзбекистон”, 1996. Бб. 327-328.

Download 75,5 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish