Ashtarxoniylar sulolasining inqirozi va uning sababi, oqibatlari.
Tarixiy manbalardan ma’lumki, ashtarxoniylar sulolasi hukm surgan davrda, ayniqsa, uning oxirgi vakillaridan biri Abulfayzxon hukmronligi yillarida (1711-1747) davlatda o‘zboshimchalik, boshboshdoqlik, o‘zbek qabila- urug‘lari o‘rtasida hokimiyat uchun kurash, ayrim hududlarning mustaqillikka bo‘lgan intilishlarining kuchayishi bilan bog‘liq holatlar Buxoro davlatini ham ichki ham tashqi siyosatda to‘la tanazzul yoqasiga olib kelgan edi. Jamiyat hayotida bunday muammolarning yuzaga kelishiga asosiy sabablardan biri – ashtarxoniylar sulolasining so‘nggi vakili Abulfayzxonning davlatni boshqarishdagi rolining pasayganligi va uning yetarli boshqaruv qobiliyatiga ega emasligida edi.
Sharqshunos Anke fon Kyugelgen ma’lumotlariga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, ashtarxoniylarning so‘nggi vakillari davlatni boshqarish, uni mustahkamlash va davlatning ichki hamda tashqi xavfsizligi masalalariga jiddiy e’tibor qaratmaganlar. Buning oqibatida joylardagi ichki siyosiy nizolarni hal etish va Eron davlati tomonidan bo‘lgan tashqi xavf oldida mamlakat ojiz bo‘lib qolgan edi.
Shu bilan birga, ob’ektiv sabablar bilan bir qatorda, mamlakatda bunday xavfli vaziyatning yuzaga kelishiga quyidagi uchta sub’ektiv omil va voqealar ham muayyan darajada o‘zining ta’sirini o‘tkazgan:
Birinchidan, xonlikning muhim hududiy markazlaridan biri hisoblangan hamda mamlakatning asosiy iqtisodiy, ma’rifiy va harbiy resurslari joylashgan Samarqand bekligini xonning asosiy raqiblaridan biri bo‘lgan Rajab Sulton boshqaruviga o‘tishi;
Ikkinchidan, nomusulmon bo‘lgan jo‘ng‘orlar quvg‘inidan qochgan qozoq ulamolariga nisbatan xon hokimiyati tomonidan yetarli e’tibor bo‘lmaganligi va buning oqibatida musulmonlar o‘rtasida katta obro‘ga ega bo‘lgan ushbu ulamolarning yetti yil davomida sarson-
sargardonchilikda bo‘lishlari aholining xonga bo‘lgan hurmat e’tiborini yo‘qolishiga olib kelgan;
Uchinchidan, xonning bevosita yo‘l qo‘yib berishi natijasida Ibodullo xitoy va uning tarafdorlari tomonidan muqaddas qadamjo hisoblanadigan Xo‘ja Bahovuddin xonaqosining vayron etilishi aholining kuchli noroziligini kelib chiqishiga sabab bo‘lgan.Binobarin, 1721–1722 yillarda Samarqandning Rajab Sulton boshqaruviga o‘tishi nafaqat Buxoro xonligiga qarshi qaratilgan g‘alayon sifatida, balki mamlakat zaiflashuvining asosiy sabablaridan biri sifatida baholanadi. Qozoq va qoraqalpoqlarning 1723 yildan 1730 yilgacha davom etgan isyonining asosiy sababchilaridan biri ham Rajab Sultonning yaqin kishisi Shahrisabz hokimi Ibrohimbiy Kenagas edi. Buning oqibatida, Abulfayzxon va uning harbiy qo‘shini isyonchi kuchlar oldida himoyasiz qolgan edi. Mamlakatda tinimsiz davom etayotgan g‘alayonlar natijasi o‘laroq hamda o‘sha davrda ro‘y bergan tabiiy ofatlar (surunkasiga uzoq muddat yomg‘ir yog‘ishi) sababli haydaladigan yerlarning dehqonchilik uchun yaroqsiz ahvolga kelishi va o‘z navbatida aholining katta qismini Samarqand va Miyonqol hududlarini tark etishga majbur etgan. Sharqshunos Anke fon Kyugelgenning ma’lumotlariga ko‘ra, otaliq lavozimida faoliyat yuritgan Muhammad Hakimbiy (Muhammad Rahimning otasi) isyonchilar va ichki dushmanlar bilan tinchlik yo‘lida muzokaralar olib borishi natijasida muayyan muddat davomida barqarorlikni saqlashga muvaffaq bo‘lgan. Shu bilan birga, yuqorida nomi tilga olingan Ibodullo xitoy o‘z tarafdorlari va boshqa xitoy-qipchoq urug‘iga mansub bo‘lgan aholi bilan birgalikda Miyonqolda amirga qarshi qo‘zg‘olon ko‘targan va buning oqibatida bir qator shaharlar vayrona holatga tushib qolgan. Bunday vaziyatda Abulfayzxon Ibodullo xitoyning qilmishlariga yarasha jazo berish o‘rniga, aksincha, uni devonbegi (“devonxona boshlig‘i”) lavozimiga tayinlagani xalqning haqli ravishda Abulfayzxon xokimiyatiga nisbatan noroziligini va unga qarshi borish ruhiyatini keltirib chiqargan.
Hokimiyatning ashtarxoniylar qo‘lidan mang‘itlar qo‘liga o‘tishida yana bir asosiy va muhim omil bu tashqi-siyosiy vaziyat hisoblanadi. Xususan, Eron shohi Nodirshohning tashqi-siyosiy faoliyati asosan Buxoro xonligini o‘z ta’sir doirasiga olishga qaratilganligi, o‘z navbatida, xonlikda davlat hokimiyatini tubdan o‘zgarishiga sabab bo‘lgan.
Buxoro xonligining ashtarxoniylar davrida tashqi aloqalari
Ashtarxoniylar sulolasi vakillari davrida ham muayyan darajada tashqi aloqalar olib borildi. Qayd etish lozimki, bu sulola amalga oshirgan tashqi aloqalar ulardan oldin davlat tepasida turgan shayboniylarning tashqi siyosatini davom ettirgan bo‘lsada, bu davomiylik sust holdagi ko‘rinishga ega edi. Ashtarxoniylar ham shayboniylar kabi Xuroson masalasida o‘z tashqi munosabatlarini Eron va Hindiston bilan olib borishga harakat qildi. Abdullaxon II ning harakatlari natijasida shayboniylar ixtiyoriga o‘tgan Hirot va Xurosonni qaytarib olish uchun kurashgan bu hukmdor va uning o‘g‘li Abdulmo‘min o‘limidan so‘ng bu hududlar yana safaviylar qo‘liga o‘tib ketdi. Safaviylar Balx va Buxoroni qo‘lga kiritish yo‘llarini ham qidira boshladilar. Xususan, ular Balx hukumatiga o‘z odamlarini o‘tkazishga harakat qilganlar. Ammo bir necha marta qilgan urinishlariga qaramay (1602, 1605, 1606, 1607), ular mag‘lubiyatga uchraganlar. Ular 1610 yilda Eronga qochib borgan ashtarxoniy hukmdor Vali Muhammad orqali o‘z niyatlarini amalga oshirishga harakat qilganlar. Natijada Vali Muhammad hatto Buxoro taxtiga o‘tirishga ham muvaffaq bo‘lgan. Biroq Imomqulixon tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida bu hukmdor butunlay siyosiy hayotdan chetlashtiriladi. Safaviylar o‘z maqsadlariga erishish yo‘lida, keyinchalik, Vali Muhammadxonning o‘g‘li Rustam sultondan XVII asrning 40-yillarigacha foydalanishga harakat qildilar. Ular bu ashtarxoniyzodani qo‘llab-quvvatlash orqali Balxning Andxud, Shibirg‘on kabi yerlariga doimiy zug‘um uyushtirib turganlar.
O‘z navbatida ashtarxoniylar ham bu masalada faollikni qo‘ldan bermaslikka harakat qilganlar. 1623 yili Yalangtushbiy, 1632-1637 yillarda Abdulazizxon boshchiligidagi qo‘shin Bolo Murg‘ob, Mashhad, Hirot tomonlarga bir necha marta yurish uyushtirib, vaqtinchalik muvaffaqiyatga erishadi. Biroq asosiy masala – Xurosonni Buxoro xonligi hukmiga butunlay o‘tkazish ishini ijobiy hal qila olmaganlar. Natijada Balx mulkining janubiy hududlarini himoya qilish davlat tashqi siyosati oldida turgan vazifalardan biriga aylanib qolgan. Xuroson va Hirot qo‘ldan ketgan. Bundan ruhlangan safaviylarning faolligi oshgan. Ular Xorazm siyosiy kuchlariga, Eronga yordam so‘rab borgan Vali Muhammadxon, Nadr Muhammadxon (1646)larga harbiy ko‘mak berish bilan birga mamlakatdagi siyosiy qarama-qarshilikni kuchaytirishga intilganlar. Shimol va g‘arbda mamlakatga Usmoniylar tahdidi kuchayganda vaziyatdan chiqish uchun yana Buxoro bilan do‘st bo‘lishga intilib, ashtarxoniylar davlatiga elchilar yuborib, “tinchlik”, “do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik” siyosatini ishga solganlar. Ular Nadr Muhammadxonga harbiy yordam berish bahonasida katta harbiy kuchlarni Xurosonga tashlab, ular orqali 1649 yilda boburiylar qo‘l ostida bo‘lgan Qandahorni egallashda foydalanganlar.
Ashtarxoniylar Hindiston bilan aloqalarda barqarorlikni ushlab turishga harakat qilganlar. O‘zaro do‘stona munosabatlar Imomqulixon davrida qayta tiklanadi.
Hindistonda Akbarshohdan keyingi boburiy sultonlar Jahongir (1605-1627) va Shoh Jahon (1627-1658) hukmronlik qilgan davrlarda diplomatik aloqalar rivojlanib bordi. Buxoro xoni Imomqulixon (1611- 1642) 1614 yilda o‘z elchilarini imperator Jahongir saroyiga yuborgan. Buxoro elchilari Imomqulixonning Jahongir nomiga yozgan maktubini olib kelgan. Maktubda o‘zbek xoni marhum Abdullaxon va Akbar zamonlarida Turkiston va Hindiston mamlakatlari o‘rtasida o‘zaryu ittifoq tuzilgan bo‘lib, bu ittifoq natijasida Iroq va Eronning ko‘p qismi va Xurosonning bosib olinganligi to‘g‘risida yozilgan edi.
Shu voqealardan so‘ng ikki mintaqa o‘rtasidagi aloqalar biroz to‘xtab qoldi. Lekin 1658 yilda boburiylar imperiyasining taxti Avrangzeb (1658- 1707) qo‘liga o‘tdi. U taxtni egallaganda otasi Shoh Jahon tirik bo‘lib (1666 yilda vafot etdi), to o‘limiga kddar Avrangzeb kishilarining nazorati ostida bo‘ldi. Avrangzeb zamonida Hindiston bilan Turkiston o‘rtasidagi munosabatlar birmuncha do‘stona ahamiyat kasb etadi. Bu munosabatlar Buxoro xoni Abdulazizning Avrangzeb podshohlik taxtiga o‘tirganligini qutlovchi xati bilan boshlanib ketdi.
1684 yilda Avrangzeb Buxoroga elchi yuborib, “dahriy” shialarga qarshi birgalashib hujum qilish taklifini bildirgan. Shu bilan birga ushbu tashabbusdan yana bir alohida maqsad ham bor edi. Buning ma’nosi boburiylarning Qandahorni qaytarib olishga intilishi edi. Xuddi shu fikr “Tarixi Muqimxoniy”da ham bildiriladi. Undagi ma’lumotga ko‘ra Hind elchisi bilan Buxoro xoni o‘rtasida Eronga qarshi bir ittifoq tuzilgan. Subhonqulixon shu ittifoqqa suyangan holda Xurosonni bosib olish uchun bir necha bor hujum uyushtirgan, lekin o‘sha vaqtda Xorazm xoni Ernak sultonning Buxoroga qo‘shin tortib kelishi Xuroson urushining muvaffaqiyatli chiqishiga to‘sqinlik qilgan edi. Avrangzeb ham o‘z navbatida maratxlar qo‘zg‘olonini bostirish bilan, keyinchalik esa Dekanni bo‘ysundirish bilan uzoq vaqt band bo‘lgani sababli, Eronga qarshi kurashda Buxoroning ittifoqchisi sifatida ishtirok etolmadi.
Turkiston va Hindistondagi boburiylar imperiyasi o‘rtasidagi diplomatik aloqalarni tahlil etar ekanmiz, bu aloqalar ko‘proq ikki tomonning safaviylar sulolasi hukmronlik qilgan Eronga qarshi kurashda ittifoqtuzish rejasini amalga oshirish maqsadini ko‘zlab olib borilgan deb taxmin qilish mumkin. Bu borada uchala tomon ham muayyan manfaatlarni ko‘zlab, ya’ni o‘z chegaralariga yaqin joylashgan hududlar, xususan, Xuroson va hozirgi Afg‘oniston yerlari ustidan nazorat o‘rnatish uchun kurash olib borganlar
Ashtarxoniylarning Usmoniy sultonlar bilan olib borgan aloqalari shayboniy hukmdorlarning bu yo‘nalishdagi faoliyatiga nisbatan sustroq edi. Manbalarda Balx hokimi Muhammad Muqim sulton tomonidan Sulton Ahmad III (1703-1730) huzuriga elchi yuborgani, 1691 yilda Usmoniylar sultoni Sulton Ahmad II (1691-1695) tomonidan Subhonqulixon saroyiga elchi Mustafo yuborilib, u turk humdorining Eron shialariga birgalikda kurashish taklifini keltirganligi haqidagi ma’lumotlar mavjuddir. Biroq bu borada birorta harakat amalga oshirilmaganligi ham ma’lum.
Ashtarxoniy hukmdorlar Rossiya bilan tashqi aloqalarni muayyan darajada olib borishga harakat qilganlar. Rossiya bilan aloqalarni amalga oshirgan ashtarxoniy hukmdorlar, shayboniylar singari, elchilar orqali o‘z savdogarlari uchun qulay sharoitlarni yaratishga intilganlar. Buxorodan Moskvaga yuborilgan Mulla Farruh (1671) elchiligi ulardan biri bo‘lib, u ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni yaxshilashga qaratilgan edi.
Rus hukumati o‘rtaosiyolik savdogarlarning Rossiyada erkin faoliyat yuritishiga qarshi bir qator to‘siqlar qo‘ygan edi. Jumladan, bu mamlakatdan olib ketilishi ta’qiqlangan ayrim mollar bo‘lib, savdogarlar ularni emin- erkin harid qilib, o‘z yurtlariga olib keta olmaganlar. Ular jumlasiga metall va undan yasalgan buyumlarni kiritish mumkin. Bundan ko‘zlangan maqsad aniq bo‘lib, bu harbiy sohada katta ahamiyat kasb etgan metall va undan tayyorlangan harbiy qurollarning (miltiq, zambarak va h.k.) Turonga yetib borishining oldini olishdan iborat bo‘lgan. Shuningdek, turkiylar dunyosi bilan aloqador bo‘lgan Volga bo‘yi, Ural, G‘arbiy Sibir aholisining o‘rtaosiyolik savdogarlar bilan aloqaga kirishishlarining oldini olishga ham harakat qilganlar.
Shunday qilib, ashtarxoniylar sulolasi hukmronligi davrida, ayniqsa, XVII asrning oxiri – XVIII asrning birinchi yarmida mamlakat siyosiy hayotida boshbodoqlik, turli urug‘ vakillarining separatizmi kuchayishi, markazlashgan davlat salohiyatining tushishi ko‘zga tashlanadi. Siyosiy salohiyati turli darajada bo‘lgan sulola vakillari davlat rivojiga to‘sqinlik qiluvchi ob’ektiv va sub’ektiv holatlarni bartaraf etishga, davlat boshqaruvi, soliqlar va moliya tizimida muayyan islohotlar o‘tkazishga, mamlakat hududining shayboniylar davridagi chegaralarini saqlab qolish borasida faol tashqi siyosat olib borishga harakat qildilar. Ularning sa’y-harakatlari bilan shaharlarda katta qurilish ishlari amalga oshirilib, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayoti tez sur’atlarda rivojlanib bordi.
Do'stlaringiz bilan baham: |