To’xta! Shoshma, meni kutgin, Jamila, sen bilan
gaplashishimiz kerak. Eshit, bu juda muhim. Bir umr esingdan chiqmaydigan gap aytaman senga…. Jamilam! Bolajonim, meni kutgin! Sen bilan jiddiy bir narsa gaplashmoqchiman.
Menga qarab yugurib kelayotganida hech kutilmagan voqea yuz berdi: onamni mashina urib yubordi… ”.
Bunda onaga ham farzandga ham armon bo’lib qolgan diydor masalasi qalbni larzalaydi. Onaning qiziga so’nggi so’zlarini aytolmagani, qizning onasi o’limiga sababchi bo’lish holati insonni savolga chulg’aydi. O’quvchi bu o’rinda onaning qizi izlayotgan savollarga javob topganligini anglaydi. Farzandga esa onasining ayni damda nima deyishi emas, balki uni yo’qotgani, dunyodagi eng mehribon kishisi hayotdan ko’z yumganini o’ylab azobda edi. Jamila endi onasi bilan ko’proq birga vaqt o’tkazmaganidan, to’yib-to’yib gaplashmaganidan va to’yib bag’riga bosa olmaganidan afsusda edi. Kafanlangan onaning qulog’iga kelib, xuddi u eshitayotganday shivirladi: “Oh, onajonim, iymon keltirsangiz nima bo’lardi?! Abadiy tuproq bo’lmasdingiz! Meni ham qayg’uga qo’ymasdingiz!..” Jamila onasini iymonsiz ketdi deb tushundi. Lekin ona chinakam iymon bilan dunyodan ko’z yumgandi. Buni kech bo’lsa-da keyinchalik angladi Jamila.
Onaning qalbini, ming harakat qilmang, anglash mushkul. Jamilaning onasi o’z turmush tarziga, jamiyatda yetarli darajada mavqega ega shaxs. Lekin qizi iymonining sofligini saqlash uchun o’z manfaatidan ham kechib, tasatturga kirgani qahramonlikdir. Qahramon deb mubolag’a qilmayapmiz, albatta. O’sh davr, jamiyat holatiga ko’ra chinakam qahramonlikdir bu.
O’lim shunday qudratli kuchga egaki, unga bo’ysunmaslikning, qarshi chiqishning aslo va aslo iloji yo’q. Bugungi kunda insonlar xuddi o’lmaydiganday, o’lsalar ham dunyoda qanday oson yashagan bo’lsalar, oxiratda ham shunday kun ko’raman deb o’ylaydilar. Amallarini obro’ qozonish uchun, atrofdagilar muhabbatiga sazovor bo’lishlari uchun bajaradilar. Ammo haqiqiy obro’ kimga xosligini, haqiqiy muhabbat kimga bag’ishlanishi kerakligini o’ylashni ham istashmaydi.
“O’limni arzimagan narsa deb bilish… O’lim arzimagan narsa bo’lishi mumkinmi? O’limdan ham muhim, o’limdan qiyin, o’limdan oson, o’limdan qiziq, o’limdan boshqa yakun, o’limdan boshqa ayriliq, o’limdan ortiq azob, o’limdan boshqa boshlanish, o’limdan boshqa qayg’uli narsa bu dunyoda bormi?!”
O’lim muqarrar, undan bo’yin tovlash mumkin emas. Muhimi o’limga ruhan tayyor bo’lishdir. Inson bir kun o’lishini bilar ekan, bunda qay tomon safar qilishi haqida ham biroz mushohada etishi lozim. Dunyoda turli dinlar mavjud. Xususan, ateistlar ham talaygina. Lekin o’limning turi bir xil. Tug’ilishning turi ham bir. Insonlar ham bir. Butun insoniyat tarqalishi bir zotga – Odam alayhissalomga – borib taqaladi. Nega endi odamzot din jihatidan, millat jihatidan bir-biridan ajralib turishi kerak. Zero barchaning asliyati bir – tuproq-ku! Barcha bir yo’ldan ketsa nima bo’ladi?!
Shu o’rinda esa Fotimaning otasi Yoqub imomning sabr-qanoati, sof tabiati, insoniylik fazilatlari xususida so’z yuritish gali keldi.
“- Bu nima qilganingiz, dada?
Savdo qilyapman, qizim. Pul topishim kerak. Seni baxtli
ko’rishni istayman. Oyingga aytayotganingda eshitib qoldim. Eski kreslolarimizdan uyalar ekansan. Birinchi qiladigan ishim, seni magazinga olib borish bo’ladi, o’zing bizga yangi kreslo tanlaysan. Seni ish joyingdan bo’shatib olaman, qizim. Uyda o’tir. Sirtqi o’qishga kir. Kitoblar o’qi, bilim ol. Lekin tanimagan insonlaring orasida bo’lma, bolam. Shuning uchun mana bu ishlarni qilyapman, bolam.”
Yoqub imomning bu so’zlari uning xarakterini, asardagi vazifasini to’liq o’zida bayon etgan. Uning bu so’zlaridan qizini naqadar qadrlovchi, mehnatkash, kamtar ota ekanligi ham namoyon bo’ladi. Yoqub imomning ismi ham qahramonga o’rinli tanlangan. Bunda u xuddi Ya’qub alayhissalomdek sabrli, farzandiga muhabbatli, tadbirli inson sifatida gavdalangan. Ikkisining ham hayotida ayriliq, farzandini yomonlar qo’lida qolmasligi uchun qilingan harakatlar aksini topgandir. Ammo birgina farqli jihat – Yusuf(a.s.) va Fotima o’rtasidadir. Yusuf alayhissalom o’z fikrida sobit, rost va yolg’onnni farqlovchi, eng muhim xususiyati - Alloh yuborgan nabiyligidadir. Fotima esa bilimdon, saviyasi tengdoshlariga nisbatan ancha baland bo’lishiga qaramay, rost bilan yolg’onni, soddaroq aytsak - to’g’ri bilan egrini farqiga bormagan, so’ngida esa pushmon bo’lgan imomning maneken qizidir. Manekenlik qizning orzusidagi kasb. U o’z husnini barchaga ko’z-ko’z qilishni istardi, podyumda yurib o’zining zamonaviy yoshlardan qolishmasligini isbot etishga tirishardi. Bir imom qizining maneken o’laroq barchaga tanilishiga qanday sabr etsin. Biz bu sabrni aynan Yoqub imomda ko’ramiz.
“Bandamiz. Hammamiz xato qilamiz. Qanchadan-qancha odamlar bor, oxirgi daqiqalarda xatolarini tushunib yetganlar. Aslida meni unchalik katta xatolarim yo’q-ku, lekin sizlarning shikoyatingizga quloq solmaganim uchun, sizlarni qiynab qo’yganim uchun o’zimni aybdor hisoblayman. Men xatoimni tuzataman, chunki men o’zimga oid xatolarni tuzatishga javobgarman, siz ham o’z xatolaringizni tuzatishga mas’ulsiz.
…Yoqub imom asta bildirmay Fotimani kuzatar, “qizim bu gaplarimdan xulosa chiqarib oldimikin” deb o’ylardi. Qaniydi qizining qalbida zarracha pushaymonlik hissi bor yo’qligini bilolsaydi. Uni qutqarish umidi ortar edi.”
Ushbu jumladan Yoqub imomning xarakteri qanchalik mukammal ekanligi yanada ayon bo’ladi. Balki o’ta darajada obraz ideallashtirib yuborilgan deyishingiz mumkin. Ammo uning qizini qaytarish uchun sof islomiy harakat qilayotgani ahamiyatga molik. Bugungi kun otalari o’rnak oladigan jihatdir bu. Qizining xato ishlarga qo’l urayotganini bilsa-da buni bilintirmasligi, xatolarini ochiq- oydin yuziga solmasligi, qiz ko’nglini og’ritib qo’yishdan qo’rqishi haqiqiy islomiy tabiatdir. U bu harakati bilan musulmon kishi g’azabga berilmasligini, barcha hodisalarga Haq ta’olo sababchi ekanligini, bunga sabr etmagan kishi yorug’likka yuz tuta olmasligini, aksincha, sabrli kishi oqibatda maqsadiga yetishini namoyon qiladi. Ota qizining qalbiga itoatni ham, sof e’tiqodni ham joylaguvchi Zotga iltijo qiladi. Oqibatda qiz yana pok holda ota bag’riga qaytadi. Yana sajdaga bosh qo’yadi. Zero, “Biz Allohnikimiz va unga qaytguvchimiz”.
Islomni yangi o’rganayotgan kishiga, albatta, “Nasroniy atirguli”ni bemalol tavsiya etish mumkin. Chunki unda kishini o’yga toldiradigan ba’zi savollarga javob topiladi. “Imomning maneken qizi” ham xuddi shunday. Uni dunyo va din mohiyatini chalkashtirib yuborayotgan insonga ko’proq tavsiya etiladi. Aslida din va dunyo mohiyati bir. Buni bilish uchun esa yuksak ilm zarur. Bugungi bosh-uchini topa olmayotgan yoshlar uchun eng ko’p tavsiya etilishi kerak bo’lgan asarlardir bu ikkisi ham. Kitob o’qishni endi boshlayotgan, endi o’rganayotgan kitobxonga ham tavsiya etish joiz.
Mutolaadan maqsad undan hayotga foydali bo’ladigan bir xulosa olish, undagi ezgu fikrlarni hayotga tatbiq qilishdir. Bu ikki asarni o’qigan kitobxon o’ziga me’yorni belgilab olishi mumkin. Ya’ni, Fotimadagi ilm, zakovat, Jamiladagi intilish, hayo, Yaratuvchi va Uning yaratiqlariga bo’lgan muhabbat o’rtasida muvozanatni belgilab olish o’quvchiga havola etiladi. Hayotdagi barcha narsa-hodisalarning asosi to’g’risida Islomda batafsil yoritilgan. Inson bu tushunchalarni me’yorlashtirib, moslashtirib olishi lozim, xuddi bir millat uchun yagona adabiy til me’yorlashtirilgani kabi. Fotima hayotda hoyu havaslarga berilmaslik tushunchasi ostida o’sdi. Lekin jism shunday narsaki, nafsini tiyib turish uchun uni qondirib turmoq talab etiladi. Yer sayyorasi biz uchun, Odam va avlodlari uchun, yaratilgan. Odam jismiga vatan sifatida bunyod etilgandir Yer. Jism bunday bir qulayliklarga, imkoniyatlarga, go’zalliklarga ega Yerga, dunyoga muhtoj etib yaratilgan. Ruhning muhtojliklari esa boshqa masala, albatta. Fotimada aynan ruhiy ehtiyojlar qondirilgan, jismoniy ehtiyojlarning qondirilishi esa uning hayotida deyarli kuzatilmaydi. Jamilada esa ruhiy ehtiyojlar kuchli. Uning ruhi haqiqatga, to’g’rilikka, adolatga muhtoj. Jismni oziqlantirib, tarallabedor etib yurmoq muvozanatni saqlamoq uchun kam edi. Inson shunday ehtiyojlarni qondirish uchun yaratilgan. Kishi hayotda, albatta, yoki ruhiy, yoki jismiy muhtojlikka ega bo’ladi. Eng muhimi me’yorni belgilash, muvozanatni saqlashdir.
Xulosa o’rnida aytish mumkinki, hayotning mohiyati Yaratganga yuzlangandagina ayon bo’ladi. Buni u Zot o’zi istagan bandasigagina ilhom qilishi mumkin. Fotima ham Jamila ham o’zlari uchun mohiyatni topishdi, anglashdi. Bunda chalg’ishlar ham bo’ldi. Bu chalg’ishlar Yaratganning sinovidir. Bunda o’tkazilgan umrga afsuslanish emas, balki hidoyatga erishilganiga shukr etmak muhim. To’g’rida, Jamila ham agar bevosita muslima bo’lganida balki Allohga bu qadar muhabbat qo’ymas edi. Fotima ham ko’cha hayotini ko’rmaganda, uyidagi sharoitdan hali hanuz norozi yashayotgan bo’lardi. Shu yuzdan ham boshimizga kelgan turli sinovlarga shukr etmog’imiz, qilingan gunohlarga tavba aytmog’imiz lozim. Shundagina ruhimiz taskin topadi. Din esa sakinatga yo’l ochadi. To’g’ri dinni tanlay bilish uchun esa uning asosi bo’lgan kitoblarini o’rganmoq lozim. Avvalo qalbga quloq solmak zarur. Ikkala asarning ham mavzusi din bilan bog’liqligi uchun islomiy tushunchalar tomonidan tahlil etishga harakat qilindi. Bizni mo’minlar diyorida barpo etgan Allohga zotiga yarasha hamdlar bo’lsin.
“Islomiy kitob o’qiganlar,agar rostdan ham aqidaga oid kitoblarni o’qishgan bo’lsa, bir kunmas bir kuni, albatta, ularning foydasini ko’rishadi. O’qish dunyoqarashni kengaytiradi. Ba’zilar o’qiganlarini hayot davomida qachonlardir bo’lsa ham anglab yetadi, olgan ilming zoye ketmaydi”. Yoqub imomning bu so’zlarini bamisli hayot qonuniyatidek qabul qilish kerak. Zero, ilmning foydasi o’z egasiga ruhi qadar abadiy yetib turadi. Albatta, u insoniyat uchun zararli ilm bo’lmasa. Alloh barchaga foydali ilm, pok rizq, maqbul amal bersin.
Muborakxon Sodiqova
Filologiya fakulteti, 2-kurs talabasi
Таҳлиллар, фикрлар яхши. Аммо мақола илмий услубда ёзилади. Ишда публицистик, бадиий услуб етакчилик қилади(сариқ рангда). Хулосани бадиий-илмий таҳлил асосида қайта шакллантириб, хажман ихчамлаштириб, нашрга берса бўлади. Асарнинг дидактик моҳиятига эмас, кўпроқ унинг адабий-эстетик таъсирига, ёзувчининг услубий маҳоратига эътибор қаратинг.
Do'stlaringiz bilan baham: |