Xulosa
1. Iqtisodiy sikl deganda, odatda iqtisodiyot rivojlanishining bir holatidan
boshlanib, birin ketin bir necha fazalarni bosib o‘tib, o‘zining dastlabki holatiga qaytib
kelgunga qadar o‘tgan davr tushuniladi. Iqtisodiyotning rivojlanishidagi harakati bir
sikl bilan to‘xtab qolmaydi, balki u to‘xtovsiz to‘lqinsimon harakat sifatida davom
etadi.
2. Iqtisodiy sikl maxsus fazalar orqali amalga oshadi. Har bir faza iqtisodiy
rivojlanishdagi muayyan pallani ifodalab, o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘ladi.
Odatda iqtisodiy siklning inqiroz, turg‘unlik, jonlanish, yuksalish fazalari ajratib
ko‘rsatiladi. Ana shu fazalarning har biri rivojlanishi jaryonida navbatdagi fazaga
o‘tish uchun sharoit yuzaga keladi.
3. Iqtisodiy sikllarni tashqi omillarning mavjudligi bilan tushuntiruvchi
nazariyani eksternal nazariya deb atash qabul qilingan. Tashqi omillarga iqtisodiy
tizimdan tashqarida yotuvchi va iqtisodiy hodisalarning davriy takrorlanishini keltirib
chiqaradigan omillar kiritiladi, ya'ni: urushlar, inqilobiy o‘zgarishlar va boshqa siyosiy
larzalar; oltin, uran, neft va boshqa qimmatli resurslar yirik konlarining ochilishi; yangi
hududlarning ochilishi va bu bilan bog‘liq ravishda aholi migratsiyasi, er shari aholisi
sonining o‘zgarib turishi; ijtimoy ishlab chiqarish tarkibini tubdan o‘zgartirishga qodir
bo‘lgan texnologiya, tadqiqotlar va innovatsiyalardagi qudratli o‘zgarishlar.
4. Internal nazariya iqtisodiy sikllarni iqtisodiy tizimning o‘ziga xos ichki omillar
tug‘diradi deb hisoblaydi va quyidagi omillarni ajratib ko‘rsatadi: asosiy kapitalning
jismoniy xizmat muddati; shaxsiy iste'molning o‘zgarishi (qisqarishi yoki kengayishi);
investitsiyalar, ya'ni ishlab chiqarishni kengaytirish, uni yangilash va yangi ish
joylarini vujudga keltirishga yo‘naltiriladigan mablag‘lar hajmi; ishlab chiqarish, talab
va takliflar hajmiga ta'sir ko‘rsatishga qaratilgan davlat iqtisodiy siyosatining
o‘zgarishi.
5. Iqtisodiyotning siklli rivojlanishi sabablarini izohlashda shuningdek sof
monetar nazariya, nomonetar nazariya, etarlicha iste'mol qilmaslik nazariyasi,
jamg‘arish nazariyasi, psixologik nazariya kabilar ham ilgari suriladi.
6. Hozirgi zamon iqtisodiy fanida iqtisodiy siklning 1380 dan ortiq turlari
mavjudligi ta'kidlanadi. Ularning ko‘pchilik iqtisodchilar tomonidan tan olingan eng
asosiy turlari sifatida Kitchin, Juglar, Kuznets, Kondratev sikllarini keltirish mumkin.
7. Iqtisodiy inqiroz deb ishlab chiqarish hajmining keskin tushib ketishiga
aytiladi. Inqirozlar turli-tuman tarzda ro‘y bersada, ularni umumiy, o‘xshash
tomonlarini nazarda tutib, quyidagi guruhlarga ajratish mumkin: xo‘jalik tizimida
muvozanatning buzilishi miqyosiga ko‘ra umumiy hamda ayrim sohalarda yuz
beradigan inqirozlar; iqtisodiyotda muvozanatning buzilishini muntazam yoki
aksincha tarzda yuz berishiga ko‘ra davriy, oraliq, nomuntazam inqirozlar; takror
ishlab chiqarish nisbatlarining buzilishi tavsifiga ko‘ra ortiqcha ishlab chiqarish va
taqchil ishlab chiqarish inqirozlari.
8. 2008 yilda dastlab AQSH ipoteka bozorlarida namoyon bo‘lgan jahon
moliyaviy-iqtisodiy inqirozi etarlicha to‘lov layoqatiga ega bo‘lmagan, qarzlarni
qaytarish qobiliyati shubhali bo‘lgan qarzdorlarga ipoteka kreditlari berish
amaliyotining jadallashuvi natijasida ro‘y berdi.
9. Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozining asosiy sabablari bo‘lib rivojlangan
mamlakatlarda iqtisodiyotni haddan ziyod ortiqcha erkinlashtirish siyosati, ya'ni «o‘z-
o‘zini boshqaruvchi bozor» g‘oyasini ilgari surish orqali davlatning milliy
iqtisodiyotga va xususan moliyaviy bozorlarga aralashuvini cheklanganligi; moliyaviy
resurslar bilan real ishlab chiqarish hajmi o‘rtasidagi mutanosiblikning keski buzilishi;
noratsional pul-kredit siyosatini, hamda qayta moliyalash stavkasini surunkali ravishda
past darajada ushlab turilishi natijasida qarzga yashashning odatga va kundalik holatga
aylanishi; moliyaviy institutlarning majburiyatlari bilan ustav mablag‘lari o‘rtasidagi
mutanosiblikning keskin buzilishi; qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha reyting tashkilotlari
tomonidan soxta xulosalar berilishi va boshqalar hisoblanadi.
10. Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozining respublikamiz iqtisodiyotiga ta'siri
boshqa rivojlangan va ayrim qo‘shni davlatlardagiga qaraganda mazmunan farq qiladi.
Agar boshqa mamlakatlarda bu jarayonlar bevosita moliya tizimining izdan chiqishi va
ishlab chiqarish hajmlarining keskin qisqarib ketishi, ko‘plab yirik korxonalarning
yopilishi orqali namoyon bo‘lsa, O‘zbekistonda inqirozning iqtisodiyotga ta'siri jahon
xomashyo bozorlarida eksport mahsulotlariga talabning susayishi tufayli narxlarning
keskin pasayishi hamda buning oqibatida eksport daromadlarining sezilarli kamayishi,
asosiy savdo hamkorlar xarid qobiliyatining pasayishi natijasida tashqi savdo
aylanmasining qisqarishi orqali namoyon bo‘ladi.
11. Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozining O‘zbekistonga ta'sirini jiddiy
bo‘lmaganligi quyidagi yumshatuvchi omillarning mavjudligi bilan izohlanadi:
ma'muriy-buyruqbozlik tizimidan bozor iqtisodiyotiga o‘tishning bosqichmabosqich
amalga oshirish yo‘lini tanlanganligi; davlat bosh islohotchi sifatida mas'uliyatni o‘z
zimmasiga olishi zarurligini aniq belgilab olinganligi; O‘zbekistonda moliyaviy-
iqtisodiy, byudjet, bank-kredit tizimi, shuningdek, iqtisodiyotning real sektori
korxonalari va tarmoqlarining barqaror hamda uzluksiz ishlashini ta'minlash uchun
etarli darajada mustahkam zaxiralar yaratilganligi va zarur resurslar bazasining
mavjudligi; oqilona tashqi qarz siyosati olib borilganligi; aholining ish haqi va
daromadlarini izchil va oldindan oshirib borish hamda iste'mol bozorida narxlar
indeksining asossiz tarzda o‘sishining oldini olishga doir chora-tadbirlarning izchillik
bilan amalga oshirilganligi; davlatning moliyaviyiqtisodiy va bank tizimlarining
nechog‘liq barqaror va ishonchli ekani, ularning himoya mexanizmlari qanchalik
kuchliligi.
Do'stlaringiz bilan baham: |