Buddizm va uning tarixiy roli
Buddizm
(Budda nomidan olingan), Buddaviylik — jahonda keng tarqalgan dinlardan biri
(xristianlik va islom dini bilan birga). Unga eʼtiqod qiluvchilar taxminan 500 mln.dan
ortiq. Miloddan avvalgi 6—5-asrlarda Hindistonda paydo boʻlgan. Markaziy Osiyo,
Jan.Sharqiy Osiyo mamlakatlarida va Uzoq Sharqda tarqalgan. Hozirgi kunda B. Shri
Lanka, Myanma (Birma), Tailand, Laos, Kambodja, Vyetnam, Tibet, Butan va Yaponiya
kabi davlatlarning asosiy dinidir. B. muayyan tarixiy davrlarda Xitoy, Hindiston, Koreya
va Indoneziyada, deyarli butun Osiyo xalqlari, yaʼni jahonning salkam 2/3 qismi aholisi
maʼnaviy qadriyatlariga juda katta taʼsir koʻrsatgan. Rivoyatlarga koʻra, B.ga Siddhartha
Gautama (Budda) asos solgan. B.da 2 asosiy yoʻnalish mavjud: xinayana va maxayana.
Keyingisi juda koʻp sekta va mazhablarga boʻlinadi.
Boshqa dinlardan farqli ravishda B.da hech bir oʻzgarmas narsa yoʻq, hatto xudo ham
oʻzgaruvchan, deb uqtiriladi. Faqat on yoki lahzalar silsilasi mavjud boʻlib, ularning har
biri yoʻqolib, keyingisiga oʻrin beradi. B. taʼlimotiga koʻra, inson doimo azob-uqubatga
mahkum va bunga uning oʻzi sabab boʻladi. Zero u, garchand befoyda boʻlsada, oʻz hayoti
va farovon turmushini saqlab qolishga harakat qiladi. Azob-uqubatdan qutulish uchun
koʻngil xush koʻrgan barcha narsalardan oʻzini tiyish darkor. Muntazam ravishda
yolgʻondan, oʻgʻrilikdan, boshqaga zarar yetkazishdan, zinodan oʻzini tiyish hamda
meditatsiya (ongni oliy haqiqatga yetishishga qaratish), "bodxi", yaʼni "xotirjamlik"ka va
oxir-oqibatda nirvanaga (azobuqubatning tugashiga) olib keladi. Nirvanaga yetishish
uchun talab qilinadigan axloqiy barkamollik bir emas, bir necha hayotni taqozo etishi
mumkin. B. zaminida 3 narsa — Budda, Dharma va Sangxaga eʼtiqod yotadi. Budda
(Siddhartha Gautama) oliy haqiqatga yetishishning yorqin timsoli. Dharma — Gautama
qoldirgan taʼlimot. Bu taʼlimotning eng qisqa bayoni "toʻrt oliy haqiqat"dan iborat: 1)
azob-uqubat mavjud; 2) azob-uqubatning sababi (istak) mavjud; 3) azob-uqubatning
tugashi (nirvana) mavjud; 4) azob-uqubatning tugashiga olib keluvchi sakkiz bosqichli
yoʻl mavjud. Sangxa — Budda asos solgan va hozirgacha faoliyat koʻrsatib kelayotgan
rohiblar jamoasi. Tor maʼnoda bu — oʻtgan asrlarda "oliy haqiqat"ga yetishgan koʻplab
avliyolardir. Sangxa jamoasiga qabul etilgan shaxs quyidagi 10 farzni ado etishga
qasamyod qiladi: 1) hech kim yoki hech narsani hayotdan judo qilmaslik; 2) yolgʻon
soʻzlamaslik; 3) oʻgʻrilik qilmaslik; 4) jinsiy aloqaga kirmaslik; 5) mast qiluvchi ichimlik
ichmaslik; 6) kunning ikkinchi yarmidan to ertangi sahargacha ovqat tanovul qilmaslik; 7)
uch kiyimdan ortiq hech narsa bilan tanani bezamaslik; 8) ommaviy koʻngilxushliklarda
ishtirok etmaslik va tomoshabin sifatida qatnashmaslik; 9) baland va yumshoq oʻrinda
yotmaslik; 10) pul ishlatmaslik. Rohiblar jamoasi asosan B. txeravadasi (aynan —
oqsoqollar taʼlimoti)ga xosdir. Maxayanada "haqiqat yoʻli" har kim uchun ochiq:
rohiblarga ham, dunyoviy kishilar (yaʼni oddiy qavm)ga ham; Buddaga eʼtiqod qilinsa,
bas. Kengroq qaralganda, Sangxa — muqaddaslik va qudrat xazinasi. Kisqasi, B. —
Buddaga ergashib, Dharma talablarini bajarish va Sangxa jamoasining aʼzosi boʻlib
qolishdir.
Buddizm tarixi tadqiqotchilari mavjud manbalar asosida bu oqim asoschisi real tarixiy
shaxs ekanligini taʼkidlaydilar. Bu taʼlimot toʻgʻrisida xabar beruvchi adabiyotlarda
u Siddxartxa, Gautama (Gotama), Shakyamuni, Budda, Tadxagata, Jina, Bxagavan kabi
ismlar bilan zikr etiladi. Bu ismlar maʼnolari quyidagicha: Siddxartxa — shaxsiy ism,
Gautama — urugʻ nomi, Shakyamuni — "Shakya qabilasidan chiqqan donishmand",
Budda — "nurlangan", Tadxagata — "shunday qilib, shunday ketgan", Jina — "gʻolib",
Bxagavan — "tantana qiluvchi". Ular ichida eng mashhuri "Budda" boʻlib, shundan ushbu
dinga buddizm nomi berilgan.
Buddizm taʼlimoti, asosan, uch qismdan iborat: 1) axloq; 2) meditatsiya; 3) donolik.
Do'stlaringiz bilan baham: |