Ponasimon suyak (os sphenoidale, 41-rasm) juda murakkab tuzilgan bo‘lib, kalla suyagining asosi o‘rtasida, deyarli barcha kalla suyaklari bilan birlashgan holda joylashgan. Uning katta va kichik qanotlari – alae majores et minores uchayotgan ko‘rshapalak shakliga o‘xshash bo‘lib, suyak tanasi – corpus sphenoidale ga birlashadi.
Ponasimon suyak tanasining kalla bo‘shlig‘iga qaragan yuqori yuzasining o‘rta qismida egarchaga o‘xshash chuqurcha – turk egari (sella turcica)ning tubi – fossa hypophysialis bo‘lib, bunda miyaning pastki ortiq bezi – g i p o f i z joylashadi. Egarchaning oldingi tomonida ko‘ndalangiga joylashgan do‘mboqcha – egar qoshi – tuberculum sellae va ko‘rish nervlarining kesishmasi joylashgan egatcha – sulcus chiasmaticus bor. Ular ikkala tomonda ko‘z bo‘shlig‘iga ochiladigan ko‘rish kanalchalari – canales optici teshigiga tutashadi. Bu kanalchalar orqali kalla bo‘shlig‘idan ko‘rish nervlari o‘tadi.
Turk egari orqa tomonda egar suyanchig‘i – dorsum sellae bilan chegaralanadi. Ponasimon suyak tanasining ikki yonboshida uyqu arteriyasi joylashadigan egatcha – sulcus caroticus bor. Ponasimon suyak tanasining oldingi va pastki yuzasi o‘rtasida qirra – crista sphenoidalis bo‘lib, uning ikkala tomonidagi suyak plastinkalar ponasimon chig‘anoqning – conchae sphenoidales bir juft suyak kavaklarini sinus sphenoidalis chegaralab turadi. O‘ng tomondagi bo‘shliq chap tomondagi bo‘shliqdan sagittal to‘siq (septum sinum sphenoidalium) orqali ajralib turadi. Bu bo‘shliqlar (kavaklar) kavak teshikchasi – aperturae sinus sphenoidalis orqali burun bo‘shlig‘iga ochilgan.
Ponasimon suyak tanasi orqali ensa suyagi bilan birlashadi. Suyak tanasida bo‘shliq mavjud, u yupqa suyak devori bilan ajralgan. Bo‘shliqlar teshikchalar orqali burun bo‘shlig‘iga ochiladi. Kichik qanot bilan katta qanot oralig‘ida joylashgan yuqori ko‘z yorig‘i – fissura orbitalis superior ko‘z kosasini miya bo‘shlig‘iga qo‘shib turadi, u yerdan uch shoxli nervning tarmog‘i hamda boshqa nervlar o‘tadi. Kichik qanot miya bo‘shlig‘i tubini, ko‘z kosasi yuqori devorini tashkil qilishda qatnashadi. Tanasining past tomonida ikkita qanotsimon o‘siqlar – processus pterygoideus joylashgan.
O‘siqning tubidagi naycha – canalis pterygoideus sagittal yo‘nalishda joylashgan bo‘lib, kanaldan nerv va qon tomirlar o‘tadi. Qanotsimon o‘siqlarning har biri medial (lamina medialis) va lateral plastinka (lamina lateralis)dan tuzilgan. Qanotsimon o‘siqning oldingi chekkasidan egatcha – sulcus pterygoideus o‘tadi. Orqa tomonda processus pterygoideus plastinkalari bir-biridan uzoqlashib, fossa pterygoidea ni hosil qiladi.