Mavzuning o‘rganilish tarixi.
Xalq ijodini o’rganish– xalqning tarixi, urf-odati, an‘analari, o’y-kechinmalari, buguni va kelajagini tadqiq etish demakdir. Unda millatning o’zini anglashi, o’zligini namoyon qilish xislatlari, intilishlari, hayot tarzi, dunyoqarashi aks etgan. Muhtaram birinchi Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganlaridek: Albatta, har qaysi xalq yoki millatning ma‘naviyatini uning tarixi, o’ziga xos urf-odat va an‘analari, hayotiy qadriyatlaridan ayri holda tasavvur etib bo’lmaydi. Bu borada, tabiiyki, ma‘naviy meros, madaniy boyliklar, ko’hna tarixiy yodgorliklar eng muhim omillardan biri bo’lib xizmat qiladi.
Ana shunday yuksak ma‘naviyatimizning asosi hisoblangan xalq og’zaki ijodini tom ma‘noda anglash uchun, uning mohiyatini umumiy o’rta ta‘lim o’quvchilariga tushuntirish va singdirish uchun uning g’oyaviy-badiiy va janr xususiyatlari, poetik shakllanishi, tarixiy ildizlari hamda mifologik asoslarini atroflicha tadqiq etish lozim bo’ladi. Xalq ijodini o’rganishda bunday muayyan yondashuv uning jonli og’zaki ijro sharoitida o’ziga xos ravishda yashash, tarqalish xususiyatlarini, uzoq asrlik tarixiy taraqqiyot jarayonida xalq dunyoqarashi va ruhiyati bilan bog’liq ayrim hodisalarning aks etish darajasi, aniq asarlar syujet tizimida tutgan o’rni, badiiy vazifasi hamda mohiyatini alohida-alohida tadqiq etishni talab qiladi. Jahon ma‘naviyati va madaniyatiga munosib hissa qo’shgan, o’tmishi yuqori saviyada o’tgan xalqlar og’zaki ijodida butun dunyo folklorshunos olimlari muttasil o’rganayotgan asarlar bor. Forsaytlar haqidagi sagalar, nardlar, manas shular jumlasidandir. Alpomish ham ana shunday asarlar qatorida munosib o’ringa ega. Shuning uchun ham folklorshunoslikda Alpomishning xalq qahramonlik eposi sifatidagi tarixiy ahamiyatini atroflicha o’rganganlar. Hamid Olimjon, Hodi Zaripov, M.Saidov, To`ra Mirzayev, Malik Murodov, Bahodir Sarimsoqov, Mamatqul Jo’rayev kabi o’zbek olimlari mazkur asarni ijtimoiy hayotning badiiy ijoddagi ifodasi yo’nalishida tadqiq etganlar. Doston haqidagi yangi fikr B.Sarimsoqovning Alpomish eposi haqida uch etyud‖ hamda “Alpomish klassik epos namunasi” maqolalarida qayd etildi. Xususan, bu maqolada, avvalo, turkiy xalqlar, jumladan, o’zbek xalqining mustaqil xalq sifatidagi o’ziga xos belgilari birinchi navbatda, qahramonlik eposida aks etishi qonuniyati kashf etildi. Natijada olimlar tomonidan doston o’rganilar ekan, Alpomish o’zbek xalqi tarixining badiiy ifodasi san‘atda aks etgan va og’zaki ijodda muhrlangan hujjat ekani to’liq isbotlandi. Badiiy san‘atda shunday asarlar borki, ularni o’rganish ijod samaralarini tahlil qilish bir necha avlodlar sa‘y-harakatlari bilan ham o’z nihoyasiga yetmaydi. Millatni anglashuchun uning ruhiyatini bilish lozim. Millatning o’ziga xosligini tayin etadigan eng katta va asosiy belgi til bo’lsa, uni unutgan odamda millat tuyg’usi bo’lmaydi. Alpomish dostoni o’zbekning ruhiy olamini anglatish jihatidan tengsiz badiiy obidadir.
Do'stlaringiz bilan baham: |