So‘z-gaplarning sintaktik xususiyatlari. So‘z-gaplarning sintaktik xususiyati yuqorida ta’kidlaganimizdek, ularning kesimlik qo‘shimchalarini qabul qilmasligi, bog‘lama bilan birika olmasligidadir. So‘z-gaplar ham undalmalar, sodda gaplar kabi kengaygan yoyiq holatlarda bo‘lishi mumkin: 1.CHo‘lni o‘zlashtirgan mardlarga ofarin. (A.Qah.) 2.Falakning dastidan dod! (Hamza.) 3. Barakalla sizga! Misollardan ko‘rinib turganidek, so‘z-gaplar faqat bitta so‘zdan iborat bo‘lmay, nutqda kengayish qobiliyatiga ham ega. So‘z-gaplarning yana bir sintaktik xususiyati shundaki, [Wpm] qurilishli gaplarda kesimlik kategoriyasi va ma’nosi [W]ga [Rm] orqali kiritiladi, [m]ning esa o‘zbek tilida juda ko‘p ko‘rsatkichlari mavjud. Shaklning o‘zgarishi bilan kesimlik kategoriyasining ma’no turlari ham o‘zgaradi. Masalan, Bo‘ladi. Bo‘lmaydi. Bo‘lsa. Bo‘ldi va h .k. Ammo so‘z-gaplarda bunday emas. Har bir so‘z-gap shu gapga xos bo‘lgan ma’nolarni ifodalashga xoslangan bo‘ladi. Chunonchi, Ha so‘zi tasdiqni fodalaydi. Uning bo‘lishsizligi Ha emas bilan emas, balki alohida so‘z yo‘q bilan ifodalanadi. Albatta yoki shubhasiz modal so‘zi qat’iy ishonch va tasdiqni ifodalaydi, inkor ma’nosi mutlaqo, aslo so‘z-gaplari bilan beriladi.
So‘z-gaplarda zamon va shaxs ma’nolari [0] ko‘rsatkichli bo‘lib, matnda muayyanlashadi. O‘zbek tilida gap (kesimlik) zamon va shaxs ma’nolaridan xoli bo‘la olmaydi. Zero, so‘z-gaplarda zamon va shaxs-son ma’nolarining kontekstual aniqlanish xususiyati bu so‘zlarning asosiy sintaktik xususiyati – kesimlik qo‘shimchalarini qabul qilmay gap bo‘lib kela olishi bilan sharhlanadi. So‘z-gaplarning yana bir sintaktik xususiyati – ularning gap tarkibida alohida pozitsiyada turishi, ya’ni boshqa gap bo‘laklari bilan bog‘lanmasligidir va o‘zi gap sifatida “yashay olishi”, hamisha lisoniy alohidalikni saqlab qolishi bilan belgilanadi. Chunonchi, 1.-Ertaga kelasizmi? - Albatta. (O‘.Usm.) 2.-Еngil tortdingmi, qizim? - Shukur. (A.Qah.)
Ko‘rinadiki, so‘z-gaplarning umumiy sintaktik xususiyati ular kesimlik qo‘shimchalarini qabul qilmagan holda gap va uning markazini tuza olishidadir. To‘rt leksik-semantik turida (modallar, undovlar, tasdiq/inkor, taklif/ishora so‘zlar) kesimlik kategoriyasini tashkil etuvchi ma’nolardan har biri alohida bo‘rttirilgan “yalang‘och” holda yuzaga chiqadi: modallar so‘zlovchining munosabatini ([Rm]dagi maylni), taklif/ishoralar shaxsga qaratilganlik ma’nosini ([Rm] dagi shaxs-sonni), tasdiq/inkorlar tasdiq va inkorni ([Rm]dagi bo‘lishli/bo‘lishsizlikni) va undovlar bo‘lg‘usi harakatni ([Rm]dagi zamonni) ifodalashga xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |