Ot - ot: qator-qator, tun-kun, yildan yilga
Sifat - sifat: uzundan uzun, ochiqdan ochiq
Fe’l - fe’l: uzil-kesil, turib-turib, qo‘sha-qo‘sha, qo‘yarda-qo‘ymay, bilinar-bilinmas
Ravish - ravish: oldinma-keyin, nari-berr
Olmosh - olmosh: o‘z-o‘zidan, o‘z-o‘zicha, o‘zidan o‘zi
Son - son: birma-bir
Taqlid so‘z - taqlid so‘z: taqa-taq, shart-shurt va boshqalar.
Ravishlarning tuzilishiga ko‘ra turlari. Ravishlar tuzilishiga ko‘ra sodda, qo‘shma, juft va takroriy ravishlarga bo‘linadi.
1. SODDA RAVISHLAR. Bir asosdan iborat bo‘lgan ravishlarga sodda ravishlar deyiladi: boya, ertalab, saharlab, do‘stona, hozir, tez kabi. Sodda ravishlar tub va sodda yasama ravishlarga bo‘linadi. Tub ravishlar tarkibida so‘z yasovchi qo‘shimcha bo‘lmagan ravishlardir: hali, hozir, sekin, tez, oldinda, uzoqdan, yaqinda kabi. Sodda yasama ravishlar tarkibida so‘z yasovchi qo‘shimcha bo‘lgan ravishlardir: do‘stona, mardlarcha, uyalgannamo, aybdorlarcha, tinimsiz, beto‘xtov kabi. Sodda yasama ravishlar affiksatsiya (morfologik) usul bilan yasalgan.
2. QO‘SHMA RAVISHLAR. Ikki va undan ortiq so‘zlarning qo‘shilishidan hosil bo‘lgan ravishlardir. Qo‘shma ravishlar kompozitsiya (sintaktik) usul bilan yasalgan. Qo‘shma ravishlar takibida 1) bir soni: bir talay, biroz, bir qancha, bir zumda kabi; har, u, bu, shu olmoshlari: har doim, har gal, har yerda, u yerda, bu yerda, u yoqqa, bu yoqqa, shu onda, shu vaqt kabi qatnashadi. Tarkibida olmosh qatnashgan ravishlarni qo‘shma olmoshlardan farqlash kerak. Qo‘shma olmoshlar har so‘ziga bir so‘zi va so‘roq olmoshlari qo‘shilishidan hosil bo‘ladi: har bir, har kim, har qachon – qo‘shma olmosh. Qo‘shma ravishlar esa har so‘ziga aniq paytni yoki aniq joyni bildiruvchi so‘zning qo‘shilishidan hosil bo‘ladi: har gal, har doim, har yerda– qo‘shma ravishlar.
3. JUFT RAVISHLAR. Ikki asosni yonma-yon keltirishdan hosil bo‘ladi: asta-sekin, bugun-erta, eson-omon, erta-kech kabi.
4. TAKRORIY RAVISHLAR. Bir asosni aynan yoki tovush o‘zgarishi yordamida takrorlashdan hosil qilinadi: oz-oz, oz-moz, sal-pal, tez-tez, sekin- sekin kabi.
Ravishlarda boshqa turkumlardan farq qiluvchi muhim xususiyat bor. Boshqa mustaqil so‘z turkumlari so‘z yasovchi qo‘shimchalar qo‘shish va so‘zlarni qo‘shish orqaligina yasaladi. Ularda so‘zlarni juftlash va takrorlash orqali yangi so‘z yasalmaydi. Yasama ravishlar esa qo‘shimchalar qo‘shish, so‘zlarni qo‘shish, asos qismni juft va takror qo‘shish yo‘li bilan hosil qilinadi. Faqat ravishlardagina juft va takroriy so‘zlar yasama ravish bo‘la oladi. Lekin bunda ham ma’lum chegara bor. Agar ravish turkumidagi so‘zlar juftlansa yoki takrorlansa va yangi ma'no ifodalansa, u holda bunday ravishlarga yasama ravish sifatida qaralmaydi: tez-tez, oz-moz, sekin-asta, sal-pal ravishlari yasama ravishlar emas. Ravish turkumidagi o‘rin ravishi hisoblangan nari va beri so‘zlarining juft shakli o‘rin ma’nosini emas, holat ma’nosini ifodalagani uchun yasama ravish sanaladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |