Ilmiy-ommaviy matn yagona, yangi topilgan asarni e’lon qilish uchun yoki ilmiy-tanqidiy, shuningdek, yig`ma-qiyosiy matn asosida matnning soddalashtirilgan variantini tuzish uchun tayyorlanadi. Keng o`quvchilar auditoriyasiga mo`ljallangan ko`ptomli akademik nashrlar uchun ham ilmiyommaviy matnlar tayyorlanadi. Masalan, “Xamsa” dostonlarining ommaviy nashrlari 1939 yildan boshlab tayyorlab kelinmoqda. Jumladan, 1939-1940 yillar mobaynida “Hayrat ul-abror”, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun” hamda “Saddi Iskandariy” dostonlari ayrim-ayrim bosilib chiqdi. Bulardan birinchi doston sharh, izoh va lug`atlar bilan, qolganlari esa doston she’rlarining nasriy bayoni bilan kitobxonga taqdim etildi. “Xamsa”dagi dostonlar 1948 yili(“Hayrat ul-abror”dan boshqasi) Navoiy “Tanlangan asarlari” seriyasida ikkinchi marta nashr etildi. Dostonlarning bu nashriga nasriy sharh berilmagan, lekin har birining oxiriga izoh va lug`at ilova qilingan. 1957 yildan boshlab dostonlarning nasriy ifodali nashrlari qayta bosildi. Bu nashrlarning hammasi ommaviy nashrlar bo`lgani uchun dostonlar syujetiga bevosita aloqasi bo`lmagan boblar qisqartirilgan edi. S. Ayniy tayyorlagan muxtasar “Xamsa” 1940-1947 yillari ikki bor nashr etildi. Ushbu nashrlardan maqsad keng ommani tezroq Navoiy ijodi bilan tanishtirish edi. Haqiqatan ham, “Xamsa”ni keng kitobxonlarga yetkazish omma o`rtasida milliy-ma’naviy qadriyatlarimiz bilan tanishtirishda muhim o`rin tutardi. Shuning uchun matnshunoslarimiz oldida matn turlarining xilma-xil shakllaridan foydalanish masalasi ko`ndalang bo`ldi. Shunday matn shakllaridan biri matnning nasriy bayon shaklini tuzish edi. Bu yo`nalishda amalga oshirilgan ishlar samarali bo`ldi. G`afur G`ulom tomonidan tayyorlangan “Farhod va Shirin”ning ilmiy-ommaviy nashrida asar asl matni va nasriy bayoni yonmayon berildi. Masalan: Ki chun shahzodag`a javri havodis, Muningdek mushkul amre qildi hodis. Aningdek bordi oromu qarori, Ki chiqti o`z qo`lidin ixtiyori. Matn nasriy bayoni quyidagicha: Vaqtiki shahzodaga hodisalarning javri shunday qiyin bir holni yuz keltirdi, uning chidam va to`zumi shunchalik yo`qoldiki, qo`lidan ixtiyori ham ketdi O`zbek matnshunosligi qo`lga kiritgan tajribalar keng ilmiy jamoatchilik tomonidan ma’qullandi. Adabiyotshunos B. Valixo`jayev klassik adabiyot asarlarining nasriy bayonini asl she’riy matndan alohida tarzda emas, balki kitob betining bir tomonida asl – she’riy nusxa va ikkinchi betida uning nasriy sharh yoki bayonini keltirish tajribasini ma’qulladi va bu an’anani izchil davom ettirishni tavsiya qildi. O`tgan asrning 60–80-yillari “Xamsa”dostonlari bir necha marta alohida va to`liq hollarda ommaviy nashrga tayyorlandi. “Xamsa”ning 500 yilligi munosabati bilan chop etilgan ommaviy matn variantiga filologiya fanlari doktori Porso Shamsiyev tayyorlagan ilmiy-tanqidiy matnlar hamda izohlar asos qilib olindi. “Majolis un-nafois” ilmiy-tanqidiy matni Alisher Navoiy asarlari 15 jildligi o`n ikkinchi jildi, Alisher Navoiy to`la asarlari 20 jildligi o`n uchinchi jildi nashri uchun asos qilib olindi. “Majolis un-nafois” asari matniga berilgan sharhlar mazmun-mohiyati nuqtai nazaridan turli xil bo`lib, ularni shartli ravishda quyidagi guruhlarga ajratish mumkin: – matnda uchraydigan arab, fors tillaridagi tushunilishi qiyin so`z va iboralar tarjimasi; – murakkab tashbehli va ramzli baytlar sharhi; – matnda tilga olingan asarlar va ularning mualliflari haqidagi ma’lumotlar; – she’riy san’atlarga doir izohlar; – tarixiy va afsonaviy shaxslar tavsifi; – muammoli yoki ilmiy–tadqiqotlarga turtki bo`ladigan sharhlar. Keltirilgan nisbiy tasnifdan ma’lum bo`ladiki, S.G`aniyeva matn sharhini berishda adabiyotshunoslik, adabiyot tarixi, adabiyot nazariyasi, tarix, tilshunoslik fanlariga murojaat etadi. S.G`aniyeva yozgan matn sharhlarining ahamiyatli tomoni yana shundaki, olima matn bilan bog`liq deyarli har bir nuqtaga e’tibor qaratgan, matn sharhini berishda chuqur ilmiy izlanish olib borgan. Aslida S.G`aniyevaning barcha asar sharhlaridagi – ilmiy, badiiy va tarixiy ma’lumotlarni bir joyga jamlansa, kattagina bir asar vujudga keladi. Alisher Navoiy asarlarida arab, fors so`zlaridan keng foydalangan. “Majolis un-nafois”da shoirlar ijodidan keltirilgan namunalar asosan fors tilida berilgan. “Majolis un-nafois”da Navoiy sherozlik Mavlono Tolib Jojarmiy degan shoirning qabr toshiga bitilgan ruboiysini o`qib yodda qoldirganini yozadi. Navoiy Jojarmiy ijodidan namuna sifatida o`sha ruboiyni keltiradi: Dar ko`chai oshiqi ba paymon durust, Meguft ba man ahli dile ro`zi naxust, Tolib matalab kasse, ki o` g`ayri tu just, Tu tolibi o` bosh, ki o` tolibi tust Kitobxonga matn to`liq tushunarli bo`lishi uchun tarjimalar ham keltirilgan. S.G`aniyeva ushbu ruboiyning tarjimasini shunday beradi: “Oshiqlik ko`chasida ahdi paymoni mustahkam bo`lgan bir ahli dil(ya’ni dilbar, dildor) menga aytgan edi: Sendan boshqani qidirgan kishini talabgorlikka undama, sen shunday kishiga talabgor bo`lginki, u ham senga talabgor bo`lsin”. S.G`aniyeva ruboiy ma’nosini qisqa, aniq tarzda o`quvchiga yetkazishga harakat qilgan. Ushbu ruboiy tarjimasini o`ziga xos sharh deyish mumkin. E’tibor bersak, ruboiyning aslida “tolib” so`zi uch marotaba qo`llangan, tarjimada shu tushuncha ma’nosini beruvchi “talabgor” so`zi shuncha keltirilgan. Ilmiy-ommaviy matnni tayyorlashda matnshunos o`quvchilarning qaysi toifasiga mo`ljallanayotganligiga qarab qo`lyozma asar matnini qisqartirishi, soddalashtirishi, she’riy yo`l bilan yozilgan asar bo`lsa, nasriy bayon yoki izohlardan foydalanishi mumkin. “Xamsa” dostonlari, “Mahbub ul-qulub”, “Muhokamat ul-lug`atayn”, “Vaqfiya” kabi asarlar matnlarining nasrlashtirilgan variantlari shunday printsiplarga asosida yaratilgan. E’tiboringiz uchun rahmat !
Do'stlaringiz bilan baham: |