3-modda. Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2014-yil 6-may,
O‘RQ-370-son
Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida
(yangi tahriri)
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi aksiyadorlik jamiyatlarining tashkil etilishi, faoliyati, qayta tashkil etilishi va tugatilishi, shuningdek aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Oldingi tahrirga qarang.
2-modda. Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik
Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Bank, investitsiya va sug‘urta faoliyati sohalarida, shuningdek davlat tashkilotlarini xususiylashtirishda aksiyadorlik jamiyatlarini tashkil etishning va ular huquqiy holatining o‘ziga xos xususiyatlari qonunchilik bilan belgilanadi.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
(2-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Aksiyadorlik jamiyatining huquqiy holati
Ustav fondi (ustav kapitali) aksiyadorlarning aksiyadorlik jamiyatiga nisbatan huquqlarini tasdiqlovchi muayyan miqdordagi aksiyalarga taqsimlangan tijorat tashkiloti aksiyadorlik jamiyati (bundan buyon matnda jamiyat deb yuritiladi) deb e’tirof etiladi.
Jamiyat yuridik shaxs bo‘lib, u o‘z mustaqil balansida hisobga olinadigan alohida mol-mulkka, shu jumladan o‘zining ustav fondiga (ustav kapitaliga) berilgan mol-mulkka ega bo‘ladi, o‘z nomidan mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarni olishi hamda amalga oshirishi, zimmasiga majburiyatlar olishi, sudda da’vogar va javobgar bo‘lishi mumkin.
Jamiyat davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan e’tiboran yuridik shaxs maqomiga ega bo‘ladi. Jamiyat, agar uning ustavida boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, cheklanmagan muddatga tuziladi.
Jamiyat O‘zbekiston Respublikasi hududida va undan tashqarida bank hisobvaraqlari ochishga haqlidir.
Jamiyat o‘zining tashkiliy-huquqiy shakli ko‘rsatilgan to‘liq firma nomiga ega bo‘ladi va qisqartirilgan firma nomiga ega bo‘lishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Jamiyat o‘zining firma nomi davlat tilida to‘liq yozilgan hamda joylashgan yeri ko‘rsatilgan yumaloq muhrga ega bo‘lishga haqli. Muhrda bir vaqtning o‘zida firmaning nomi boshqa istalgan tilda ham ko‘rsatilishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |