Tayanch tushunchalar
Amerika buxgalter-ekspertlar instituti, balanslar auditi, auditorlarning professional Nizomi, malakaviy imtihon, Auditorlar Palatasi, buxgalterlar jamiyati, buxgalteriya ekspertizasi, hisoblar bo’yicha komissarlar, buxgalteriya hisobi va audit instituti, auditorlarning davlat reestri.
V BOB. OSIYO DAVLATLARIDA AUDITORLIK FAOLIYATI
5.1. Yaponiyada auditorlik faoliyati
Ikki yoqlama yozuvning evropacha usuli Yaponiyada XIX asrning o’rtalariga qadar mutlaqo ma’lum emas edi. Aynan shu davrga kelib bu orol davlat AQShning bosimi ostida XVII asrning boshlaridan boshlab o’tkazib kelinayotgan o’z-o’zini izolyatsiya qilish siyosatidan nihoyat voz kechdi. Ikki yoqlama yozuv birinchi marta Yaponiyada 1865 yilda Edo davrida taqdim etilgan deb hisoblanadi. Amaliyotda esa u Yaponiya Milliy bankining tegishli yo’riqnomalari ishlab chiqilgandan so’ng va Moliya vazirligining Ginko Boki Seico (Bankdagi buxgalteriya hisobi operatsiyalarining usuli) nomli me’yoriy hujjati e’lon qilingandan keyin qo’llanila boshlandi.
1878 yilda Tokio va Osakada fond birjalari ochildi, keyinchalik esa yomg’irdan keyingi qo’ziqorin singari ko’plab turli aktsionerlik jamiyatlari paydo bo’la boshladi. 1890 yilda Tijorat kodeksi qabul qilindi. Unga muvofiq aktsioner jamiyatlar jamoatchilikka mavjud aktivlar va buxgalteriya balansi to’g’risidagi ma’lumotlarni taqdim etishlari shart etib qo’yildi. Aynan shu yildan boshlab Yaponiyada buxgalteriya hisobi rivojlanishida kuchli taraqqiyot boshlandi.
Yaponiyada buxgalterlik kasbining paydo bo’lishida shuningdek, soliq qonunchiligi ham sezilarli rol o’ynadi. Daromad solig’i 1896 yilda joriy etildi. Shundan so’ng oddiy buxgalterlardan tashqari kompaniyalarga soliq to’lash sohasida professional maslahat beruvchi soliq agentlari ham paydo bo’ldi. Shunday qilib, XIX asrning oxirlaridayoq Yaponiyada ikki toifadagi buxgalterlar faoliyat ko’rsatar edi: ularning birinchi toifasi kompaniyalarda hisob yuritar va moliyaviy hisobotni tayyorlar edilar, ikkinchi toifadagilar soliq hisobi va maslahatlar taqdim etishga ixtisoslashgan edilar.
1890 yildagi Tijorat kodeksi qoidalariga muvofiq shtatli auditorlar tomonidan majburiy auditorlik tekshiruvlari tashkil etilgan edi. Shtatli auditor roli, T.Kuk va M.Kikuyyalar ko’rsatib o’tganidek, g’arb mamlakatlaridagi ichki auditorlar roliga o’xshash bo’lib, ularda professional buxgalter sertifikatining mavjud bo’lishi talab etilmas edi. Haqiqatda bu kishilar nominal ravishda auditorlar deb yuritilar va nazorat vazifasini bajarmas edilar.
Masalan, 1909 yilda Dai Nihon Seito Co. kompaniyasida firibgarlik faktlari aniqlandi (Keyinchalik bu holat "Nitto Inc ishi" nomi bilan mashhur bo’lgan). Firibgarlik hisobdagi noqonuniy operatsiyalarni yashirishga qaratilgan bo’lib, unda Nazorat kengashi a’zolariga "dividendlar" to’langan va shu sababli ular ushbu operatsiyalarga ko’z yumganlar. Natijada aktsiyalarga bo’lgan narxlarning kutilmaganda pasayib ketishi kompaniyaning bankrot bo’lishiga olib kelgan. Shundan so’ng o’sha davrda Britaniyaning Yaponiyadagi elchisi hisoblangan ser Klod Maksvell Makdonald keskin tarzda auditorlar faoliyatining zarurligini ko’rsatdi. Shunday qilib, Buyuk Britaniya amaliyotiga o’xshash yapon auditining shakllanishiga asos solindi. Ta’kidlash lozimki, XIX asrning boshlarida Buyuk Britaniyaning hisob va audit tizimi eng rivojlangan va ilg’or hisoblanar edi.
O’sha davrda ushbu masalada eng katta vakolatga ega bo’lgan Yaponiya qishloq xo’jaligi va savdo vazirligi zudlik bilan Buyuk Britaniya, AQSh va Evropada hisob tizimlarini tadqiq qildi. Ushbu tadqiqotning natijasi 1909 yilda "Diplomga ega jamoat buxgalterlari tizimi (tayyorlash) tadqiqoti to’g’risida Hisobot" nomi bilan nashr etildi. Shuni ta’kidlash lozimki, mazkur davrda yapon buxgalterlari orasida “Ro’yxatga olingan buxgalterlar to’g’risida”gi Qonun qabul qilishni yoqlab faol harakatlar boshlandi. Bunday qonunning birinchi loyihasi 1914 yilda tayyorlandi, ammo hal etilmagan bahsli jihatlar tufayli qabul qilinmadi. Hammasi bo’lib ushbu qonun loyihalari 8 marta muhokamaga qo’yildi va faqat 13 yildan so’ng (1927 yilda) “Ro’yxatga olingan buxgalterlar to’g’risida”gi Qonun nihoyat qabul qilindi. Bu qonun ilgarigi loyihalarining rad etilishiga olib kelgan sabab shunda ediki, Yaponiyada XX asrning boshlarida auditorlarni jamiyat tomonidan qabul qilinishiga olib keladigan muhit shakllanmagan edi. Ko’plar ushbu qonunchilikning zarurligiga shubha bilan qarayotgan edilar. Hatto 1927 yilda qabul qilingan “Ro’yxatga olingan buxgalterlar to’g’risida”gi Qonun ham talab darajasidan ancha yiroq bo’lib, avval boshdan namuna sifatida qabul qilingan hisobning britancha usulidan ko’p jihatlari bilan farq qilar edi. Unda buxgalterlarni himoya qiladigan bitta ham band kiritilmagan edi. Universitet (kollej)da buxgalteriyani o’rgangan yoki hech bo’lmaganda bir yillik amaliy tajribaga ega bo’lgan har qanday kishi professional buxgalter sifatida ro’yxatdan o’tishi mumkin edi.
XX asrning 20-30 yillarida buxgalterlar misoli bo’yicha o’z faoliyatini legallashtirishni istovchi soliq agentlari soni oshib bordi. Buning uchun zarur bo’lgan shart-sharoitlar soliqlar sezilarli darajada oshgan 2-jahon urushi davrida shakllandi. Soliq islohotlari bilan bog’liq siyosatni muvaffaqiyatli amalga oshirishni ta’minlash uchun Yaponiya milliy hukumati tomonidan 1942 yilda soliq agentlari to’g’risida Qonun qabul qilindi.
Yaponiyaning 2-jahon urushidagi mag’lubiyatidan so’ng keyingi barcha islohotlar okkupatsiya kuchlari Ittifoqi (GHQ)ning Bosh shtabi tomonidan amalga oshirilgan okkupatsion siyosatning tarkibiy qismi sifatida o’tkazildi. Ushbu siyosatning bosh yo’nalishlaridan biri dzaybatsu – yapon moliyaviy birlashmalarini tarqatib yuborish bilan bog’liq iqtisodiy siyosat bo’ldi. Okkupatsiya kuchlari qo’mondonligi qimmatli qog’ozlar bozorini demokratlashtirish va yapon iqtisodiyotiga xorijiy kapitalni jalb etish uchun zaruriy sharoitlarni (shu jumladan, huquqiy sharoitlarni) barpo etishni ta’minlashga harakat qildi.
1948 yilda qimmatli qog’ozlar va fond bozori to’g’risida Qonun qabul qilindi. Bu qonun investorlar manfaatlarini himoya qilish uchun moliyaviy hisobotda zaruriy ma’lumotlarning majburiy ochiqligini va uning mustaqil auditorlar tomonidan tasdiqlanishini talab qildi. Bu qonun deyarli AQSh qonunchiligining (1933 yilda AQShda qabul qilingan Qimmatli qog’ozlar bozori to’g’risidagi Qonun va 1934 yilda qabul qilingan fond birjasi to’risidagi Qonun) to’liq nusxasi bo’ldi.
Audit tizimini barpo etish bilan bog’liq muammolar paydo bo’ldi, chunki Yaponiyada professional auditorlar mavjud emas edi, ro’yxatga olingan buxgalterlarni esa okkupatsion kuchlar qo’mondonligi yangi qonunchilik sharoitida ishlash uchun tayyor emas deb hisoblar edi. Natijada 1948 yilda diplomga ega jamoat buxgalterlari (SRA) to’g’risida Qonun qabul qilindi.
Yangi qonun eng kamida uch yillik amaliy tajribaga ega bo’lgan ro’yxatga olingan buxgalterlar uchun maxsus imtihon o’tkazishni ko’zda tutar edi. Ilgari amal qilgan hisob tizimi bekor qilindi. Agar ilgari ko’plab buxgalterlar hech qachon auditorlik jarayonlarini o’tkazishni sinab ko’rmagan bo’lsalar, endilikda okkupatsion kuchlar qo’mondonligining sa’y-harakatlari bilan ular buni o’rganishga shuningdek, G’arbda qabul qilingan buxgalteriya hisobi tamoyillarini o’zlashtirishga majbur edilar.
Okkupatsiya kuchlari qo’mondonligi tomonidan o’tkazilayotgan iqtisodiy islohotlar yapon soliq tizimiga ham tegishli bo’ldi. 1949 yilda Yaponiyaga Kolumbiya Universiteti professori Karl S. Shoun boshchiligidagi ekspertlar guruhi tashrif buyurdi. Ushbu guruh soliq tizimini isloh qilish bo’yicha tavsiyalar ishlab chiqishi lozim edi. Shoun guruhi tomnidan taklif qilingan bevosita soliqlarga qo’llaniladigan progressiv soliq tizimi Yaponiyada hozir ham amal qiladi. Bundan tashqari Shoun tavsiyalarida soliq agentlarining past malakasi ko’rsatib o’tilgan edi. Shu sababli urushdan keyingi soliq ma’muriyatida tez-tez anglashmovchiliklar uchrab turdi. O’tkazilgan kengash natijasida soliq agentlarining faoliyati bilan bog’liq eski tizim bekor qilindi. 1951 yilda esa “Diplomga ega jamoat soliq buxgalterlari to’g’risida”gi Qonun qabul qilindi. Bu qonun bugungi kunda ham faoliyat ko’rsatmoqda.
Shunday qilib, murakkab yo’lni bosib o’tar ekan, yapon buxgalterlarining ikki professional toifasi vujudga keldi. Ulardan birinchisi – diplomga ega jamoat buxgalterlari – buxgalterlik va auditorlik vazifalarini bajaradilar, soliq buxgalterlarini o’zida birlashtirgan ikkinchi toifa buxgalterlar soliq hisobi masalalariga ixtisoslashganlar. Har ikkala professional guruh diplomga ega buxgalter darajasini olishga da’vogar buxgalter uchun qattiq talablar qo’ygan va o’z tashkilotlarini tuzganlar.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, moliyaviy axborotni ommaviy oshkor qilish va Yaponiya iqtisodiyotining nodavlat sektorida mustaqil audit tizimi 2-jahon urushining oxirigacha deyarli mavjud emas edi. Amalda butun Yaponiya iqtisodiyoti dzaybatsular tomonidan nazorat qilinar edi va ular barham topgandan keyin o’ziga xos vakuum hosil bo’ldiki, u qandaydir yo’l bilan to’ldirilishi lozim edi. Urushdan keyingi Yaponiyada kompaniyalar ilgari AQSh yoki Buyuk Britaniyadagiga nisbatan boshqacharoq asosda birlasha boshladilar. Dzaybatsular tarqatib yuborilgandan keyin ko’plab kompaniyalar uchun zaruriy mablag’larni olishning qulay yo’li fond bozori yordamida bevosita moliyalashtirish emas, balki bank tomonidan bilvosita moliyalashtirish bo’ldi. Shunga muvofiq ravishda urushdan keyingi Yaponiyada g’arb kompaniyalari (korporatsiyalari) uchun xarakterli bo’lgan hisobning konsolidatsiyalashgan tizimi yaratilmadi va ko’p sonli bo’limlarga ega bo’lgan aksariyat kompaniyalar o’z ishlarini eskichasiga davom ettirdilar. Bunday operatsiyalarni hisobga olish daromadlarni ko’plab yashirish, foydadan turli maqsadlarda foydalanish hamda firibgarlik holatlarini keltirib chiqarar edi.
Ayni vaqtda diplomga ega kam sonli yapon buxgalterlari audit o’tkazish bo’yicha qandaydir tajribaga ega edilar, xolos. Bunday holatning sababi yuqorida keltirib o’tildi. Auditni amalga oshirish malakali kadrlar etishmovchiligi tufayli, albatta cheklangan edi. Faqat fond birjasida ro’yxatga olingan korporatsiyalargina auditorlik tekshiruviga tortilar va shu sababli aynan shu korporatsiyalar 1948 yildagi “Qimmatli qog’ozlar va fond bozori to’g’risida”gi Qonun qoidalari asosida faoliyat ko’rsatar edi. Ayni vaqtda qator yirik korporatsiyalar mustaqil auditga jalb etilmas, amalda barcha o’rta va unchalik katta bo’lmagan kompaniyalar faqat Tijorat kodeksiga muvofiq faoliyat ko’rsatuvchi ichki audit bilan qamrab olingan edi. Ko’plab ichki auditorlar butun umr bitta kompaniyada ishlagan, buxgalteriya hisobi va nazorat uslubiyati sohasida etarli bilimga ega bo’lmagan hamda ular ob’ektiv bo’lish uchun etarli mustaqillikka ega emas edi.
Shunday qilib, auditning isloh qilinmagan tizimi oqibatida Yaponiyada korporativ nazorat XX asr 40 yillarining ikkinchi yarmiga qadar zaif va samarasiz bo’ldi. Ishonchsiz buxgalteriya hisobi sharoitida bunday nazorat Yaponiya uchun juda zarur bo’lgan xorijiy investitsiyalarning tezda paydo bo’lishini katta so’roq ostida qoldirar edi. Va nihoyat, urushdan keyingi dastlabki yillarda Yaponiyada auditorlik firmalari mutlaqo mavjud emas, kamdan-kam auditorlik tekshirishlari esa alohida diplomga ega buxgalterlar tomonidan amalga oshirilar edi.
Albatta, ba’zan audit bir necha birlashgan auditorlar tomonidan o’tkazilgan vaqtlar ham kuzatilar edi, ammo ko’plab kompaniyalar SRA sertifikatiga ega alohida ekspert-buxgalterlar bilan hamkorlik to’g’risida bitimlar tuzar edilar. Bir nafar auditor esa gap yirik korporatsiyalar haqida ketganda barcha zaruriy ishlarni jismonan bajara olmas edi. Biroq u korporatsiya taklif etadigan juda yuqori ish haqidan manfaatdor bo’lib, uni o’z hamkasabalari bilan bo’lishmas edi. Shunday qilib, mustaqillikni yo’qotib qo’yish uchun shart-sharoitlar vujudga kela boshladi, chunki alohida auditorlar o’zlarining korporativ mijozlarini juda qadrlar va har qanday sharoitda ham ularni yo’qotib qo’ymaslikni istar edilar. Bundan tashqari madaniy va mentalitet xarakteridagi muammolar tufayli yapon auditorlari uchun mustaqillik juda muammoli masala hisoblanar edi.
Yaponiyada keng miqyosli auditni kiritgunga qadar ko’p vaqt o’tib ketdi. Bu faqat 1957 yilga kelib amalga oshirildi. Unga qadar (1951-1957 yillar) yapon auditorlari sinov va tajribalar yo’li bilan kasbni egallashga harakat qildilar.
Majburiy audit joriy etilgandan so’ng (u alohida tushunmovchiliklarsiz amalga oshirildi. Unga olti yillik tajriba davri ijobiy ta’sir ko’rsatdi) audit yapon erida mustahkam o’rnashadigandek bo’lib ko’ringan edi, ammo amaliyotda ko’p yillar davomida hukm surgan yashirincha dividend olishning firibgarlik sxemalari tag tomiri bilan bartaraf etilmadi. Kompaniyalar tomonidan haqiqiy axborotni yashirish bo’yicha ko’plab dalillarga bo’lgan e’tibor vaqtincha zaiflashdi. Bunga XX asr 60 yillari boshlariga qadar davom etgan iqtisodiy o’sish sabab bo’ldi.
1963 yilda yapon iqtisodiyotida inqiroz boshlandi. Bu esa ayniqsa, 1964-1965 yillarda ko’plab korxonalarning bankrot bo’lishiga olib keldi. Aynan shu davrda haqiqiy foyda miqdorini yashirish va ikki yoqlama hisob yuritish bilan bog’liq kompaniya rahbarlarining noqonuniy harakatlari oshkor etildi. Alohida faoliyat yuritgan mustaqil auditorlarning ko’pchiligi inqiroz davrida o’zlarini yaxshi tomondan ko’rsatmadilar. Shu sababli kompaniyalarning bir kishi tomonidan audit qilinishi ta’qiqlandi va 1967 yildan boshlab SRAlarni o’zida birlashtiruvchi birinchi firmalar tashkil etila boshlandi.
Amaliy faoliyat yuritayotgan auditorlarning aksariyat qismini o’zida birlashtirgan JICPA qayta tashkil etildi. Bundan tashqari, ichki audit ham o’zini yaxshi tomondan ko’rsatmaganligi tufayli yapon korporatsiyalarida ichki audit tizimini mustahkamlash bo’yicha chora-tadbirlar amalga oshirildi. Afsuski, amalga oshirilgan chora-tadbirlarga qaramasdan yapon auditorlari yangi muammolarga duch keldilar.
Birinchidan, JICPA maxsus korporatsiya maqomiga ega bo’ldi. Bu esa ko’p jihatdan bankrotlikka uchragan kompaniyalar (Ayniqsa, Sanyo Special Steel Co.ning bankrotlikka uchrashi ibratli bo’lib, u Yaponiya tarixidagi eng shov-shuvli janjal sifatida qayd etiladi) atrofidagi janjallarga nisbatan javob reaktsiyasi edi. O’z ishini vijdonan bajarmagan auditorlarga nisbatan ro’yxatga olishni bekor qilishgacha bo’lgan ma’muriy sanktsiyalar joriy qilindi.
Hukumat faqat shu sanktsiyalar bilan cheklanib qolmadi. JICPAning o’z-o’zini tozalash va yangilanish qobiliyatiga unchalik ishonch bildirmagan Moliya vazirligi ushbu tashkilotga ta’sir o’tkazishning aniq dastaklariga ega bo’ldi. JICPAga maxsus korporatsiya maqomining taqdim etilishi ushbu tashkiliy tuzilma turining o’ziga xosligi bilan shartlangan qattiq hukumat nazoratini o’rnatishni ko’zda tutar edi (Yaponiyada maxsus korporatsiyalar hukumat tomonidan strategik maqsadlarni ko’zda tutgan holda tashkil etiladi va hukumat tomonidan qattiq nazorat qilinadi).
Ikkinchidan, buxgalteriya hisobi tizimini isloh qilish sekin sur’atlarda kechayotgan edi. Faqat 1974 yilga kelib SRA tomonidan o’tkazilayotgan audit korporatsiyalarda ishonchli ichki nazoratni tashkil etishga bo’lgan ehtiyojlarning o’sib borishiga javob sifatida Tijorat kodeksi tomonidan tan olindi. Hisob tizimi va auditni isloh qilish yopiq eshiklar orqasida o’tkazilar va amaliy faoliyatda bo’lgan mutaxassislarning jarayonga ta’siri hukumat rahbarlariga nisbatan sezilarli darajada past edi.
Uchinchidan, har yili korporatsiyalar hisobida firibgarlikning yangidan-yangi turlari oshkor etila boshlandi. Ayni vaqtda bunga mas’ul bo’lgan buxgalterlar va auditorlar bunday operatsiyalardan osonlikcha qutulib qolar edilar, ya’ni odatda noqonuniy operatsiyalar oddiygina bekor qilinar edi, xolos. Hisob tizimida aks etgan firibgarlik sxemalari uchun mas’ul bo’lgan menejerlar ham hech qanday jazoga tortilmas edi.
Bunday sharoitda 90 yillarning boshlarida yapon iqtisodiyoti kuchli depressiyaga duch keldi. 1996 yilda uy-joy qurilishiga ssuda berishga ixtisoslashgan ko’plab korxonalar inqirozga yuz tutdi, 1997 yilda xuddi shunday holat qator qurilish kompaniyalari bilan ham yuz berdi. Keyinchalik 1998 yilda Hanwa bankining inqirozi va Yaponiya uzoq muddatli kreditlash bankining bankrotlikka uchrashi yuz berdi. Shunisi e’tiborga molikki, ushbu holatlarning barchasida auditorlarning xulosalari ijobiy xarakterga ega edi. Albatta, korporatsiyalarning birin-ketin moliyaviy inqirozga uchrashlari natijasida auditorlar mutlaqo asoslangan tanqidlarning kuchli alangasi ostida qoldilar. Shunday qilib, AQShning yirik energetika kompaniyasi hisoblangan Enronning bankrotlikka uchrashi Yaponiyada tushunish hissi bilan qabul qilindi. Negaki, Yaponiyaning o’zi 90-yillarning ikkinchi yarmida xuddi shunday, ammo yirik miqyosdagi bankrotliklarni o’z boshidan kechirgan edi.
Mustaqil auditorlik nazoratining zaiflashuvi ko’p jihatdan Yaponiya Moliya vazirligining siyosati bilan bog’liq bo’lib, u JICPAni to’liq o’ziga bo’ysundirib olgan edi. JICPA rahbariyatining ko’plab a’zolari Moliya vazirligining sobiq mas’ul ishlovchilari bo’lib, ular formal mustaqil yapon auditorlari faoliyatiga sezilarli ta’sir ko’rsatar edilar. Auditorlar bankrotlikka uchragan kompaniyalar uchun ijobiy xulosalarni Moliya vazirligi tomonidan o’tkazilgan yuqori bosim natijasida berganliklari ma’lum bo’ldi. Aynan shuning uchun ham potentsial bankrot uchun ijobiy xulosalar bergan auditorlar hech qanday jazoga tortilmadilar, Boshqacha bo’lishi mumkin ham emas edi, chunki aks holat Yaponiya Moliya vazirligining o’zini o’zi ommaga oshkor qilishi bilan barobar edi.
Albatta Yaponiyada yuz bergan iqtisodiy inqiroz sabablarini faqat hisob va audit muammolari bilan izohlab bo’lmaydi. Ammo shunga qaramasdan bu omilni inqirozga olib kelgan asosiy omillardan biri sifatida e’tirof etish mumkin. Yapon korporatsiyalarida mustaqil audit va ichki nazorat tizimining iqtisodiy rivojlanish darajasiga, shuningdek, bozor talablariga muvofiq kelmasligi inqirozni sezilarli darajada chuqurlashtirdi. Mo’tadil hisob va audit tizimi sharoitida balki inqirozning oldini olib bo’lmas, ammo uni yumshatish mumkin edi.
Garchi 1999 yildan keyin Yaponiyada CPA tomonidan o’tkaziladigan audit sifatini oshirish bo’yicha qator chora-tadbirlar tizimi amalga oshirilgan bo’lsa-da (auditorlarni muntazam ravishda majburiy o’qitish tizimi va JICPA tomonidan doimiy tarzda auditor firmalar ishini tekshirishning joriy etilishi), ko’plab mutaxassislar yuzaga kelgan holatning tubdan yaxshilanishiga shubha bildirmoqdalar. Afsuski, Yaponiya Moliya vazirligining auditga ta’siri sezilarli darajada saqlanib qolmoqda. Bu esa auditorlar va audit firmalari mustaqilligiga ziyon etkazadi. Bundan tashqari, yapon korporativ madaniyati va menejmentining o’ziga xosligi to’laqonli ichki auditni, masalan, AQShdagi ko’rinishda joriy etishni muammoga aylantiradi.
Shuni ta’kidlash lozimki, Yaponiyada buxgalteriya hisobi va auditning g’arb modellarini joriy etishga qaratilgan urinishlar to’la amalga oshmadi. Xususan, hisob va audit amaliyotini rivojlantirish va takomillashtirish kafolati bo’lib xizmat qiladigan buxgalterlar va auditorlarning mustaqil professional tashkiloti tuzilmadi (Amalda to’liq Yaponiya Moliya vazirligiga bo’ysunadigan JICPAdan tashqari). Ichki audit yapon korporatsiyalarida yashovchan bo’lmadi, bu esa korporativ nazorat samaradorligini sezilarli darajada pasaytiradi. Ko’rinib turibdiki, bunday nomuvofiqlik noqulay holatlarga olib keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |