Akmal Nur (Nuriddinov)ning ijodiy faoliyati
Musavvirning yangi umidbaxsh ijodiy faoliyatida yassi talqin etish va bezakdorlik, ranglar jilosi kompozitsiyalarda namoyon bo‘ldi. Shu bilan birga, plastikaga bo‘lgan qiziqish davom etdi.
Rassom Akmal Nur ijodida muhabbat mavzusi va uning umuminsoniy ahamiyati asosiy o‘rinni egallab kelmoqda. Rassom Akmal Nurning 1995 yili yaratgan “Sevgi olmasi”, “Muhabbat bog‘i”, “Muhabbat daryosi”, va “Muhabbat oroli” asarlarida turli majoziy timsollar, ya'ni oy, baliq, kiyik, ho‘kiz shohi kabi narsalar tasviridan foydalanib, asarlar kompozitsiyasini mukammalligini ta'minlay oldi. Lekin, ularning barchasida olma asosiy mavzu sifatida tilga olinadi. Ayrim asarlarida olma bo‘lingan holda olinib, uning fonida sevishganlar obrazi talqin etiladi.
Asarlarning asosiy mazmuni asosan ikkinchi planda berilib, olma tasviri juda yaxshi joylashtiriladi va tasvirlash uslubi ijobiy holatda almashtirib boriladi. 1998 yili yaratilgan “Muhabbat oroli” asari oldingi yaratgan asarlaridan farqli holda, tomoshabinga yengil kayfiyat baxsh etadi, bu asarda kompozitsiyaning nafis-nozikligi ham tomoshabin kayfiyatini ko‘tarib yuboradi. Musavvirning “Ilhom parisi”, “Rishton natyumorti”, “Daxldorlik”, “Doira chalayotgan qiz” asarlarini 1998 yilgacha ishlangan bo‘lib, ular o‘zining bezakdorligi va bu bezaklarning nozikligi bilan alohida rang koloritlarini kuchayishi va plastik formulalar bo‘yicha izlanishlarni ko‘rsatadi va uning ijodidagi yangi ifodalar talqinini belgilab beradi. Shu davrda yaratilgan asarlarda syujetlarning rang-barangligi, asardagi badiiy bezaklarga zid kelmaydi, ularni murakkablashtirmaydi. Asarlardagi faol timsollar, turli libos va unsurlar, ranglar, asarlar syujetidagi ichki xotirjamlikni ta'minlab, rohat-farog‘atni buzmaydi. Shunday rassomlardan biri bo‘lgan Akmal nur 1997-98 yillarda yaratgan “Evrilish”, “Xumson munchoqlari”, “Xumsonning ko‘mish tongi”, “Kuz bo‘ylab chopayotgan” kabi asarlari son-sanoqsiz,turli katttalikdagi shakliy unsurlarni o‘z ichiga olgan manbaa sifatida real dunyoning ichki tizilmalarini ifoda etadi. Bular rassomning ijodiy izlanishlarida ayrim yevropa rassomlari uslublarini esga solsa-da, musavvirimiz axloqiy-falsafiy xulosalarga yo‘l bermaydi.
Uning bir qator: “Sharq go‘zali”, “Farzand”, “Mehrli bog‘”, “Jannat nafasi”, “Kamola” kabi asarlari o‘zi dilidan sevgan mavzulari asosida, shaxsiy his-tuyg‘ulari bo‘yicha va yangidan yangi plastikaga bo‘lgan murojaati o‘z aksini topgan deyish mumkin. Chunki,bu asarlarida o‘zi aytganidek, go‘zallikda oyni uyaltira oladigan o‘zbek malikalari, ularni o‘ziga xos go‘zallik kashf etuvchi uzun sochlari, qora-shahlo ko‘zlar, kamon sifat qoshlari va ilohiy nur-farzandlari kabilar o‘z ifodasini topgan. Uning asarlarida tasvirga olingan har bir narsa-predmet albatta,biron-bir ramziy ma'noni anglatadi.
Akmal nurning “Oq sher”, “Malika”, “Ohang”, “Sharq bog‘ida” kabi asarlarida biron falsafiy pand-nasihatni his qilmaysiz, buni o‘rniga oydinlik, ko‘rkamlik, sharqona nafislik va nafosat ko‘zga yaqqol tashlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |