Tillashayx masjidi
Ushbu inshoot Toshkentlik mashhur shayx Tillashayx tomonidan bunyod etilgan.
Tillashayx haqida uning avlodlari orasida ayrim xotiralar saqlanib qolgan. Unga ko‘ra, Tillashayx Xo‘ja Ubaydulla Ahror avlodlaridan bo‘lib, Toshkentning Parchabof mahallasida tug‘ilgan. U yoshligidan savdo-sotiq ishlari bilan shug‘ullangan va keyinchalik taqvodor savdogar bo‘lib yetishadi. U Xitoydan qo‘y olib kelib sotish bilan shug‘ullanib, bir yillik foydasidan ushbu masjidni bunyod ettirib, mo‘min-musurmonlarga in’om etadi. Tillashayx sho‘rolar davrida o‘z oilasi bilan Sharqiy Turkistonga ketishga majbur bo‘ladi va o‘sha yerda vafot etadi. Uning vafot etgan yili ma’lum emas.
Inshoot XIX asrning oxiri – XX asrning boshida, 1890-1902-yillarda bunyod etilgan bo‘lib, bu Chor Rossiyasining O‘rta Osiyodagi mustamlakachilik davriga tog‘ri keladi.
Tillashayx toshkentlik shayxlarning maslahati bilan masjid buynod etishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan va uning qurilishini 1890-yili boshlab yuborgan.
Me’moriy obidaning bunyod etilishida har xil o‘lchamdagi xom va pishgang‘ishtlar, loy, yog‘och, tosh, sopol parchalari va shunga o‘xshash mahsulotlardan foydalanilgan.
Me’moriy obida o‘zining dizayni bilan o‘z davrida qurilgan boshqa masjidlardan ajralib turgan. Inshoot to‘rtburchak tarhli, gumbazsimon, masjidning ikki yonida uncha katta bo‘lmagan minoralar bo‘lib, masjidga arkasimon qilib qurilgan ayvon orqali kiriladi. Arkalar soni 3 ta. Masjidning tashqi tomoni bezaklardan holi bo‘lib, uning ikki yonida masjidga yorug‘lik tushishini ta’minlash uchun derazalar (18 ta) o‘rnatilgan. Masjidning ichki tarzi tashqi tarzidan mutlaqo farq qiladi, undagi ganch naqshlar, gulli bezaklar insonni beihtiyor o‘ziga jalb qiladi. Masjid ichidagi gumbazosti naqshlar ham o‘zining nafisligi bilan boshqalaridan ajralib turadi. Masjidni yoritish maqsadida qandillar ham o‘rnatilgan.
Masjid milliy me’morchilik an’analarini o‘zida mujassamlashtirgan, “Chor” uslubda, eshiklari esa xotamkori uslubida bunyod etilgan.
Me’moriy obidaning o‘ziga xos tomoni shundaki, uning tashqi tarzida hech qanday bezaklarni ko‘rmaymiz, ammo masjidning ichki va tashqi qismi esa bezaklarga boyligi bilan ajralib turadi.
Masjidning bugungi kungacha va bugungi kundagi holati haqida gapiradigan bo‘lsak, Tillashayx masjidi biroz vaqt faoliyat yuritgandan so‘ng Chor Rossiyasi tomonidan yopib qo‘yilgan. Masjid 1945-yil 7-mayda qaytadan ochilgan. Masjid 1955-1963-yillarda usta Shirin Murodov tomonidan ta’mirlangan. 2007-yil Hastimom majmuasi bunyod etilgan davrda me’moriy obida atrofidagi e’tiborga molik obidalar ham ta’mirlandi.
Masjid YUNESKO tashkiloti tomonidan Butun Jahon yodgorliklari ro‘yxatiga kiritildi. Mamlakatimiz tomonidan esa,2000-yil 30-avgustda “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida” hamda 2008-yil 12-sentabrda “Muzeylar to‘g‘risida”gi qabul qilingan qonunlar majmua muhofazasining yorqin dalilidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |