Ahmoqona Savol So’ramang.
Muallif:
Robert Shekli
Qancha kerak bo’lsa, shuncha muddat turuvchi Javob Beruvchi yaratildi. Kimlar uchundir bu
juda uzoq vaqt edi. Vaqt hisobi boshqacha bo’lganlar uchun esa hech ham uzoq emasdi. Ammo
Javob Beruvchi uchun bu aynan xos muddat edi. Hajmga ko’ra, Javob Beruvchi kimlar
uchundir katta, boshqa birovlar uchun kichik edi. U juda murakkab tuzilishga ega edi. Lekin
boshqa birovlar uchun juda sodda ko’rinishga ega edi. Javob Beruvchi esa o’zi qanday bo’lishi
kerak bo’lgan bo’lsa, shunday ekanligini yaxshi bilar edi. U barcha mavjud narsalardan holi;
vazifasi esa javob berish edi. U hamma narsani Bilguvchi edi.
Uni qurganlar haqida qancha kam gapirsak, shuncha yaxshi. Ular ham Biluvchilardan edi. Ular
uchun bilish foydali bo’lganmi yoki yo’qmi, bu haqida hech narsa deyilmagan. Ular Javob
Beruvchini tubanroq mavjudotlar uchun qurishgan va o’ziga xos tarzda jo’nab ketishgan.
Ularning qayerga ketishgani faqat Javob Beruvchiga ayon, chunki Javob Beruvchi hamma
narsani biladi.
O’zining Quyosh atrofida aylanuvchi sayyorasida Javob Beruvchi o’tirar edi. Vaqt o’tib
borardi. Kimlar uchun uzoq, kimlar uchun qisqa, lekin Javob Beruvchi uchun qancha kerak
bo’lsa, shuncha. Unda hamma narsaning javoblari bor edi. U barcha narsalaring tabiati qanday
ekanligi, nima uchun shunday ekanligi va ularning nimalar ekanligi hamda ularning mohiyatini
bilar edi. Javob Beruvchi, agar savollar to’g’ri berilsa, barchasiga javob bera olar edi. Va u buni
juda ham xohlar va hatto ishtiyoqmand ham edi!
Javob Beruvchi yana qanday bo’lishi kerak?
Javob Beruvchi yana boshqa nima qilishi kerak?
Shuning uchun U savol bilan keladigan mavjudotlarni kutar edi.
“O’zingizni qanday xis qilyapsiz, ser?” so’radi Morren, havoda qariyaning ustida muallaq
uchgan holda.
“Yaxshiroq”, dedi Lingmen, jilmayishga urinib. Vaznsizlik unga anchagina yengillik bergan
edi. Morren katta miqdorda yoqilg’i sarflab, kosmosga eng kam tezlanish bilan chiqishgan
bo’lsa-da, Lingmenning zaif yuragiga bu unchalik xush kelmadi. Lingmenning yuragi qaysarlik
qilib, o’zini ko’krak qafasiga zarb bilan urib, zada bo’lgandi; urishi bir sekinlab, yana tezlashib
ketgan edi. Biroz muddatga yuragi arazlab, to’xtab qolay dedi. Lekin vaznsizlik holati katta
yengillik berib, zaif yurak yana maromda ishlashni boshladi.
Morrenda bunday muammo yo’q edi. Uning baquvvat tanasi zo’riqish va stressga chidamli edi.
Agar Lingmen safar davomida o’lib qolmaydi deb o’ylasa, u bunday muammolarga duch
kelmaydi.
“Men hali yashayman,” ming’irladi Lingmen. “Barchasini bilib olish uchun yetarli vaqtgacha.”
Morren boshqaruv paneliga qo’l yubordi va fazo kemasi suvga sho’ng’igan baliq kabi
subfazoga sho’ng’idi.
“Biz albatta hammasining tagiga yetamiz,” pichirladi Morren. U qariyaga kamarlarni
bo’shatishga yordamlashdi. “Albatta Javob Beruvchini topamiz!”
Lingmen o’zining yosh yo’ldoshini boshini silkib tasdiqladi. Ular bir-birlarini bir necha
yillardan beri shunday qilib ovutib kelishar edi. Safar Lingmenning tashabbusi sabab
uyushtirilgandi. Morren “Cal Tech”ni tamomlab, unga sherik bo’lgandi. Birgalikda ular Quyosh
Tizimi bo’ylab tarqalgan mish-mishlar ortidan borayotgan edilar. Javob Beruvchini qurib,
o’zlari keyin jo’nab ketgan, odamlarga o’xshaydigan, barcha savollarning javoblarini bilgan
qadimiy mavjudotlar haqidagi afsonalar ortidan.
“O’zingiz o’ylab ko’ring,” dedi Morren. “Barcha narsalarning javobi-ya!”. Fizik bo’lgan
Morrenning Javob Beruvchidan so’raydigan savollari juda ko’p edi. Kengayib borayotgan
koinot; atom yadrosini tang’ib turadigan kuch; novalar va supernovalar; sayyoralarning qanday
shakllanishi; redshift, nisbiylik va bir qancha minglab savollar.
“Ha,” dedi Lingmen. Illuminator tomon siljidi va hayoliy subfazoning o’lik bo’shlig’iga tikildi.
U biolog edi va juda qarib qolgandi. Uning ikkitagina savoli bor edi.
Hayot nima?
O’lim nima?
. . .
Juda uzoq vaqt davom etgan qirmizlarni (rang) yig’ish ishi tugagach, Lek va uning do’stlari
suhbatlashgani to’plandilar. Qirmizlar multi-klaster yulduzlar to’plamlari orasida odatdagidan
kamroq topilar edi – negaligini hech kim bilmas edi – ish suhbatga ulanib ketdi.
“Bilasizlarmi,” dedi Lek, “Javob Beruvchini qidirib ko’rmoqchiman.” Lek Olgret tilida
gapirardi, tezkor qaror tili.
“Nega?” so’radi Ilm undan Xvest, yengil quvlik tilida. “Nimalarni bilib olmoqchisan?
Qirmizlarni yig’ish ishi senga kamlik qilyaptimi?”
“Yo’q,” dedi Lek hali ham tezkor qaror tilida gapirib. “Unday emas.” Lek va turdoshlarining
vazifasi qirmizlarni yig’ish edi. Ular oz miqdordagi qirmizlarni koinot astarining turli
qismlarida joylashgan holida topar edilar. Sekin-asta ular yiqqan qirmizlar katta uyumga
aylanib borayotgan edi. Bu uyum nima uchun zarurligini hech kim bilmas edi.
“Menimcha sen Javob Beruvchidan qirmiz haqida so’ramoqchisan,” dedi Ilm yonidagi yulduzni
nariroq surib, yonboshlar ekan.
“Ha,” javob berdi Lek. “Biz juda uzoq vaqt jaholatda bo’ldik. Biz qirmizning asl mohiyatini va
uning borliqdagi ahamiyatini bilishimiz shart. Biz nima uchun hayotimiz qirmiz bilan
bog’liqligini anglashimiz zarur.” Bu gaplarni Lek Ilgret, boshlang’ich bilim tilida aytdi.
Ilm va boshqalar Lek bilan bahslashmadilar hatto munozara tilida ham. Ular bilim juda muhim
ekanligini bilar edilar. Vaqt paydo bo’libdiki, Lek va uning do’stlari qirmizlarni yig’ish bilan
mashg’ul bo’ldilar. Nihoyat koinotning oliy savollariga javob olish vaqti kelgan edi –
qirmizning mohiyati nima va uyum nima uchun kerakligi.
Albatta, bu jumboqlarni yechib beruvchi Javob Beruvchi bor edi. O’zlariga o’xshamagan, Javob
Beruvchini qurib, keyin jo’nab ketgan mavjudotlar haqida hamma eshitgan edi.
“Undan yana boshqa narsalar haqida so’raysanmi,” so’radi Ilm.
“Bilmadim,” dedi Lek. “Balki yulduzlar haqida so’rarman. Bulardan boshqa muhim narsa yo’q
borliqda.” Lek va uning aka-ukalari vaqt paydo bo’lgandan beri yashab kelayotganlari sababli
o’lim nima ekanligini bilmas edilar. Ularning soni har doim bir xil bo’lgani uchun hayot
tushunchasi ham ularga begona edi.
Lekin qirmiz va uyum boshqa masala.
“Ketdim!” hayqirdi Lek qaror va fakt tilida.
“Omad!” deya buyuk do’stlik tilida hayqirishdi uning birodarlari.
Lek yulduzdan yulduzga sakragancha odimlab ketdi.
Javob Beruvchi o’zining sayyorasida Savol Beruvchilarni kutib yolg’iz o’tirar edi. Ba’zida u
javoblarni o’ziga pichirlab aytib o’tirardi. Bu unga berilgan imtiyoz edi. U bilar edi. Ammo u
kutar edi. Vaqt koinotdagi istalgan savol beruvchilar kelishi va so’rashi uchun ko’plik ham,
kamlik ham qilmas edi.
. . .
Ular O’n Sakkizta edilar. Bir joyga yig’ildilar.
“O’n Sakkizlar Qonuni kuchga kirishini talab qilaman,” xitob qildi ulardan biri. Shunda O’n
Sakkizlar Qonuni sabab g’oyibdan yana bittasi paydo bo’ldi.
“Biz Javob Beruvchining oldiga borishimiz zarur,” hayqirdi bittasi. “Bizning hayotimiz O’n
Sakkizlar Qonuni orqali boshqariladi. Qayerda O’n Sakkizlar bo’lsa, u yerda albatta o’n
to’qqizinchi paydo bo’ladi. Buning sababi nima?”
Hech kim javob bera olmadi.
“Qayerdaman?” so’radi yangi tug’ilgan O’n To’qqizinchi. O’n Yetti, barqaror raqam,
tushuntirish berish uchun uni chekkaga tortdi.
“Biz buning tagiga yetishimiz zarur,” deya hayqirdi boshqasi, “Nega masofa mavjud bo’lmasa
ham hamma yer har xil?”
Muammo shunda edi. Kimdir bu yerda, boshqa birovi ana u yerda, yana biri boshqa yerda.
Hech qanday siljishsiz, hech qanday sababsiz. Lekin hech qanday harakat qilmasdan kimdir
boshqa yerda hozir.
“Yulduzlar sovuq,” hayqirdi biri.
“Nima uchun?”
“Javob Beruvchining oldiga borishimiz kerak.”
Ular ham afsonalarni eshitgan edilar. “Bizga juda o’xshab ketadigan mavjudotlar bo’lgan edilar.
Ular Biluvchilar edilar va Javob Beruvchiga barcha bilganlarini aytishgan. Ular makonsiz, lekin
juda ko’p masofali yerga jo’nab ketishgan.”
“Javob Beruvchining oldiga qanday qilib boramiz?” so’radi hammasini bilib olgan O’n
To’qqizinchi.
“Shunchaki boramiz.” Va O’n Sakkizlar g’oyib bo’lishdi. Ulardan faqat bittasi qoldi. Kayfiyati
tushib, ulkan muzli yulduzga tikildida, u ham ko’zdan g’oyib bo’ldi.
. . .
“O’sha qadimgi afsonalar haqiqat ekan,” xansiradi Morren. “Yetib keldik.”
Ular subfazodan chiqib, afsonalarda aytilgan joyga yetib kelishdi. Ularning oldida boshqa hech
qanday yulduzga o’xshamaydigan yulduz turar edi. Morren yulduz uchun alohida kategoriya
o’ylab topdi, lekin buning uchun zaruriyat yo’q edi, chunki unga o’xshagan boshqa yulduz yo’q
edi. Yulduz atrofida boshqa hech qaysi sayyoraga o’xshamaydigan bir sayyora aylanar edi.
Morren nega bunday ekanligiga sabablar o’ylab topdi, lekin buning hech ahamiyati yo’q edi,
chunki boshqa bunday sayyora mavjud emas edi.
“Kamarlarni mahkamlab oling, ser,” dedi Morren. “Iloji boricha yumshoqroq qo’nishga harakat
qilaman.”
. . .
Lek tezkorlik bilan yulduzlar aro sakrab, Javob Beruvchini topib keldi. U Javob Beruvchini
qo’lida ko’tarib, qarab turdi.
“Demak, sen Javob Beruvchisan,” dedi Lek.
“Ha,” javob berdi Javob Beruvchi.
“Unday bo’lsa, ayt,” dedi Lek yulduzlarning o’rtasiga qulay joylashib olar ekan, “Menga
kimligimni ayt.”
“Mayl,” dedi Javob Beruvchi. “Ko’rsatkich.”
“Qo’ysangchi,” g’o’ldiradi bu gap g’ururini toptagan Lek. “Sen bundan ko’prog’iga qodirsan.
Men va birodarlarimning vazifasi qirmizlarni yig’ish va ulardan uyum barpo etish. Menga
buning mohiyati nima ekanini ayta olasanmi?”
“Savoling ma’nosiz,” dedi Javob Beruvchi. U qirmiz nima ekani va uyumning ahamiyati
qanday ekanini yaxshi bilar edi. Lekin buning izohi undan ham kattaroq izoh ichiga yashiringan
edi. Lek savolni mana shundan boshlashi kerak edi. U savolni to’g’ri berishda xatolikka yo’l
qo’ydi.
Lek yana boshqa savollar berib ko’rdi, lekin Javob Beruvchi ularga javob bera olmadi. Lek
barcha narsani o’zining maxsus ko’zlari orqali ko’rar edi, haqiqatning bir qisminigina ko’rib,
qolganini inkor qilar edi. Shunday ekan, ko’r odamga yashil qanday bo’lishini tushuntirishdan
nima naf?
Javob Beruvchi tushuntirib o’tirmadi. Bu uning uchun taqiqlangan vazifa edi.
Nihoyat, Lekdan manfur bir kulgi yangrab chiqdi. Kulgi ovozidan u bosib turgan tosh lovullab
yonib ketdi va biroz o’tib o’zining odatiy holatiga qaytdi.
Lek yulduzdan yulduzga sakragancha jo’nab ketdi.
. . .
O’n Sakkizlar Javob Beruvchini topib kelishdi. Yurmasdan, uchmasdan, o’z-o’zidan Javob
Beruvchi oldida paydo bo’lishdi. Yulduzlarning sovuqligidan qaltiragancha ulkan Javob
Beruvchiga tikilishdi.
“Agar masofa mavjud bo’lmasa, qanday qilib narsalar har xil makonda mavjud bo’lishi
mumkin?” so’rashdi ular.
Javob Beruvchi masofa nima va makon nima ekanligini bilar edi, lekin u savolga javob bera
olmadi. Masofa mavjud edi, lekin bu mavjudotlar nazaridagidek emas. Turli joylar mavjud edi,
lekin O’n Sakkizlar tasavvur qilganidek emas.
“Savolni boshqacharoq ifoda qilinglar,” dedi Javob Beruvchi umidlanib.
“Nima uchun biz bu yerda kaltamiz-u, anavi yerda uzunmiz? Nimaga bir yerda semizmiz,
nariroqda esa kalta? Nega yulduzlar bunaqa sovuq?” dedi ulardan biri.
Javob Beruvchi javoblarni bilar edi. U yulduzlar nima uchun sovuqligidan ham xabardor edi,
lekin buni yulduzlar yoki sovuqlikka asoslanib tushuntirib bera olmas edi.
“Nima uchun O’n Sakkizlar Qonuni mavjud? Nega O’n Sakkizlar bir joyda to’plansa, yana
boshqa bittasi paydo bo’ladi?” so’radi mavjudotlardan biri.
Javoblar O’n Sakkizlar so’ramayotgan boshqa kattaroq savolning ortiga yashiringan edi.
O’n Sakkizlar bir joyga yig’ilganlari sabab yana bittasi paydo bo’ldi va O’n Sakkizlar g’oyib
bo’lishdi.
Javob Beruvchi to’g’ri savollarni o’ziga pichirlab, javoblarni ham shivirlab qo’ydi.
. . .
“Uddaladik,” dedi Morren. “Yaxshi, yaxshi,” dedi u qattiqroq teginsa yiqilib ketadigan bo’lib
turgan Lingmenning yelkasiga yengilroq qoqib qo’yib.
Qari biolog charchagan edi. Yuzi so’lishib, sarg’ayib va chiziqlari ko’rinib qolgan edi. Uning
sariq tishlari, kichkina yapaloq burni, bo’rtib turgan yonoq suyaklari sabab allaqachon bosh
suyagi blegilari ko’zga tashlanib qolgan edi.
“Qani, tezroq,” dedi Lingmen. U vaqtni zoe ketkazishni istamas edi. Vaqti qolmagan edi desa
ham bo’lar edi.
Ular kichik yo’lak bo’ylab yura boshlashdi.
“Sekinroq,” go’ldiradi Lingmen.
“Xo’p,” dedi Morren. Birgalikda o’xshashi yo’q bo’lgan yulduz atrofida yolg’iz aylanuvchi
betakror sayyoraning qorong’i yo’lagida yurib ketishdi.
“Tepaga qarang,” dedi Morren. Afsonalar haqiqat edi. Tosh zinalarga olib boradigan yo’lak.
Tosh zinalar orqali chiqiladigan maydon. Vanihoyat, Javob Beruvchi!
Ular Javob Beruvchini devorga o’rnatilgan oq ekran shaklida ko’rishdi. Ularning nazarida
Javob Beruvchi juda oddiy edi.
Lingmen qaltirayotgan qo’llarini mahkam ushladi. U bu yerga yetib kelish uchun butun umrini
tikkan edi. Safarni moliyalashtirish, qizg’in bahslar, koinot bo’ylab yoyilgan turli afsonalarni
yig’ish, vanihoyat ko’zlangan joyni topib kelish.
“Esingda tut,” dedi u Morrenga, “Haqiqat biz tasavvur qilgandan butunlay boshqacha bo’ladi.
Hatto esankiratib qo’yishi ham mumkin.”
“Men tayyorman,” dedi Morren ko’zlari chaqnab.
“Xo’sh, xo’sh Javob Beruvchi,” dedi Lingmen ingichka ovozida, “Hayot nima?”
Ularning boshlarida ovoz yangradi: “Savol ma’nosiz. Savol beruvchi “hayot” deganda yaxlit
fenomenning bir qisminigina nazarda tutyapti.
“Unday bo’lsa hayot nimaning qismi?” so’radi Lingmen.
“Savol biror tayinli javob bo’lishi uchun yanglish ifoda etilgan. Savol Beruvchining “hayot”
haqidagi tasnifi cheklangan va yanglish nuqtayi nazarga asoslangan.”
“Unday bo’lsa, o’z nuqtayi nazaringdan kelib chiqib javob ber,” dedi Morren.
“Javob Beruvchi faqat savollargagina javob beradi.” Javob beruvchi yana o’zini qurgan
mavjudotlarning unga qo’ygan cheklovlarini esladi.
Jimlik.
“Koinot kengayib bormoqdami?” so’radi Morren ishonch bilan.
“‘Kengayish’” so’zini sodir bo’layotgan voqe’likni izohlash uchun qo’llab bo’lmaydi. Koinot,
Savol Beruvchi anglab turganidek, hayoliy tushuncha.”
“Bizga nimadir ayta olasanmi o’zi?” so’radi Morren.
“Men faqatgina narsalarning o’z tabiatiga muvofiq tarzda qo’yilgan savollargagina javob
berishga qodirman.”
Ikkovlon bir-birlariga qarab qolishdi.
“Menimcha, uning nima demoqchi ekanligini bilaman,” dedi Lingmen g’amgingina. “Bizning
borliq haqidagi tub farazlarimiz xato. Hammasi xato.”
“Q-qanaqasiga,” dedi Morren. “Fizika, biologiya . . . ”
“Notugal haqiqatlar,” dedi Lingmen, xorg’in ovozda. “Hech bo’lmasa shuni aniqlab oldik.
Voqe’likni kuzatishdan olgan xulosalarimiz noto’g’ri ekanini bilib oldik.”
“Lekin eng sodda gipoteza qoidasi* . . . ”
“U shunchaki faraz xolos,” dedi Lingmen.
“Ammo hayot . . . Hech bo’lmasa hayot nima ekanligiga javob bera olardi-ku.”
“Bunga boshqacha tarzda yondashib ko’r,” dedi Lingmen. “Sen ‘Nima uchun Chayon burji
ostida, Saturn sayyorasi hamrohligida tug’ildim’?” deb so’raydigan bo’lsang, men bunga
burjlardan kelib chiqib javob bera olmagan bo’lar edim, chunki sening tug’ilishingga
burjlarning umuman ta’siri ham, aloqasi ham yo’q.”
“Tushunarli,” dedi Morren sekingina. “Demak, Javob Beruvchi farazlarga asoslangan
savollarga javob bera olmaydi.”
“Ha, muammo shunda shekilli. Va u bizning farazlarimizni o’zgratirib ham bera olmaydi. U
faqatgina muvofiq savollarga javob bera olishi mumkin. Bu esa bizning buning uchun yetarli
bilimimiz yo’qligini anglatadi.”
“Hatto savolni ham to’g’ri bera olmaymizmi?” so’radi Morren. “Ishongim kelmaydi. Hech
bo’lmasa elementar narsalarga aqlimiz yetsa kerak?” Morren Javob Beruvchiga yuzlandi.
“O’lim nima?”
“Antromorfizmni** tushuntirib bera olmayman.”
“O’lim antromorfizm!” dedi Morren. Lingmen qayrilib qaradi. “Mana nimadir bilib oldik!”
“Antromorfizmlar haqiqiymi?” so’radi Lingmen.
“Antromorfizmlar shartli ravishda A – xato haqiqatlar yoki notugal vaziyatlardan kelib chiqqan
B – notugal haqiqatlarga bo’linishi mumkin.”
“Bizning vaziyatga qaysi biri to’g’ri keladi?”
“Ikkalasi ham.”
Ularning eng yaqin kelishgani shu joygacha edi. Morren Javob Beruvchidan boshqa hech
narsani bilib ololmadi. Ikkovlon to’rt soatcha urinib ko’rishdi, lekin haqiqat uzoqlashgandan
uzoqlashib, qo’ldan chiqib ketaverar edi.
“Aqldan ozish mumkin,” dedi Morren biroz vaqtdan so’ng. “Qurilmada koinotning barcha
savollariga javob bor, lekin biz savolni to’g’ri bermagunimizcha biror javob ayta olmaydi.
Lekin to’g’ri savollarni qayerdan bilamiz?”
Lingmen yerga o’tirib, tosh devorga suyandi. Ko’zlarini yumib oldi.
“Yovvoyilar. Mana kimlarmiz,” Javob Beruvchi oldida nafas olib, chiqarar ekan Morren.
“Tasavvur qiling, g’or odami fizik olimning oldiga keladida, undan nega Quyoshni kamon
nishonga ololmasligini so’raydi. Olim savolga javobni o’zining bilimlaridan kelib chiqib ayta
olishi mumkin bo’ladi xolos. Xo’sh nima bo’ladi deb o’ylaysiz?”
“Olim bunga urinib ham ko’rmaydi,” dedi Lingmen bo’g’iq ovoz bilan, “u savol berayotgan
g’or odami javobni tushunmasligini yaxshi bilgan bo’lar edi.”
“Bu esa tabiiy,” dedi Morren g’azabnok. “Qanday qilib g’or odamga Yerning aylanishini
tushuntirish mumkin? Yoki qanday qilib ilmiylikni saqlab qolgan tarzda unga nisbiylik
nazariyasini izohlab berish mumkin?”
Lingmen ko’zlarini yumdi. Javob bo’lmadi.
“Biz g’or odamlarmiz. Lekin Javob Beruvchi va bizning o’rtamizda biz va g’or odam
o’rtasidagi farqdan ulkanroq farq bor. Balki qurt va Supermen qiyosi mos kelar. Qurt
tuproqning mohiyatini anglamoqchi bo’lyapti. Uff, jonga tegdi.”
“Qaytamizmi, ser?” so’radi Morren. Lingmen ko’zlarini ochmadi. Uning tirnoqlari o’sgan
barmoqlari yumilib qolgan, yanoqlari ichiga botib, bosh suyagining izi bilinib qolgan edi.
“Ser! Ser!”
. . .
Javob Beruvchi o’zining kichik ham, katta ham bo’lmagan sayyorasida kutib o’tirar edi. U
o’zining oldiga kelgan odamlarga yordam bera olmas edi, chunki uning o’ziga ham cheklovlar
qo’yilgan edi.
Koinot? Hayot? O’lim? Qirmiz? O’n Sakkizlar?
Notugal haqiqatlar, yarim haqiqatlar, katta savolning mayda bo’laklari.
Lekin Javob Beruvchi, yolg’iz, hech bir jonzot tushunmaydigan to’g’ri savollarni o’ziga
shivirlab, o’zi javob berib o’tirar edi.
Axir ular to’g’ri savollarni qayerdan ham tushunsin?
Hech qachon to’g’ri savollarni so’rashmaydi. Javob Beruvchi esa uni quruvchilar bilgan va
unutgan bir narsani bilar edi.
Savolni berishdan avval javobning ko’p qismini bilish talab etiladi.
*
Do'stlaringiz bilan baham: |