Ahmad al-Farg`oniy – O`rta Osiyolik mashhur mutafakkir
Reja:
Ahmad al-Farg`oniy hayoti haqida
Al-Farg`oniyning ilmiy faoliyati
Allomaning asarlari
O`rta asrlarda yashagan Markaziy Osiyolik mashhur olim, astronom, matematik va geograf Ahmad al-Farg`oniyning o`rni beqiyosdir. Olimning to`liq ismi Abul Abbos Ahmad ibn Muhammad ibn Kasir al-Farg`oniydir. To`liq ismining avvalgi qismi Abul Abbos olimning farzandi bo`yicha kunyasi bo`lib, “Abbosning otasi” ekanligini bildiradi. Ahmad o`zining ismi, ibn Muhammad – kunyasi, ya’ni otasi bo`yicha ismi, “Muhammadning o`g`li” ekanligini bildiradi, ibn Kasir – bobosi bo`yicha ismi, ya’ni otasining otasi Kasir ekanligini bildiradi. Bu ism arabcha bo`lganligidan Farg`oniyning bobosi islomni qabul qilganligini haqida ma’lumot beradi. Ismning oxirgi qismi – Farg`oniy olimning nisbasi, ya’ni tug`ilgan joyi bo`yicha ismidir. Ko`pchilik musulmon olimlarida bunday nisbalar bir nechta bo`lib, ular shaxsning kelib chiqish nasabi va yashagan joylarini ham bildiradi.farg`oniyda nisba bitt abo`lganligi uchun uning aslida farg`onalik bo`lganligi haqida ma’lumot beradi.
O`rta asrlar bio-bibliograflari ibn an-Nadim, ibn al-Kiftiy va Abul Jafar bar Ebrey u haqida mazkur voqea – 861-yilda xalifa Mutavakkilning buyrug`i bilan Qohirada Nil daryosidagi Ravdo orolida miqyos – suv sathini o`lchovchi asbob yasaganligi haqida ma’lumot keltirib o`tishadi1.
Ibn an-Nadim “al-Fixrist” asarida olimning ismi Muhammad ibn al Kasir al- Farg`oniy bo`lib, u astronom va bu sohadagi yetuk olimlardan ekanini zikr etadi hamda uning qalamiga mansub “Al-majistiyning qismlari(boblari)” va “Quyosh soatini yasash haqida kitob” risolalarini keltiradi2. Bu yerda “Al-majistiyning qismlari(boblari)” nomi bilan allomaning “Astronomiya ilmi asoslari” asari nazarda tutiladi.
Ibn al-Kiftiy Ahmad al-Farg`oniyning xalifa al-Ma’mun tasarrifidagi astronomlardan biri ekanini ta’kidlash bilan bir qatorda, olimning “Falakiyot ilmiga kirish va yulduzlarning harakati” risolasini yozganligini aytib o`tadi3. Muallifning ko`rsatishicha, al-Farg`oniyning o`ttiz bobdan iborat ushbu asari, “Al-majistiy” kitobining mohirona uslub va tushunarli sharhlar bilan yaratilgan qisqartmasidan iborat.
Farg`oniy haqida biografik ma’lumotlarlar saqlanmaganligi uchun uning qachon va qayerda tug`ilganligi, qayerda ta’lim olganligi haqida taxmin qilish mumkin. Farg`oniy haqida eng so’ngi sana 861-yil bo`lganligi uchun ushbu sanadan keyin ko`p yashamagan ko`rinadi. Uning vafoti 865-yil atrofi deyish mumkin. U 809-819-yillar oralig`ida boshqa olimlar qatori Marvda Abdulloh Ma’mun saroyida bo`lganligi ma’lum. Ma’mun Marvda turgan o`n yillik muddat ichida 813-yil oxiridan 819-yil o`rtalarigacha bo`lgan vaqt oralig`ida osuda o`tgan. Demak, bu vaqt oralig`ida Farg`oniy yetuk nolim bo`lib ko`zga ko`ringandirki, Ma’mun uni Marvga, o`z saroyiga taklif qilgan. Marv o`sha davrlarda xaliflikning sharqiy yerlardagi noibligining markazi edi. Ma’mun bu shaharda Xuroson, Movarounnahr, Afg`oniston va Xorazm yerlaridan olimlarni to`plagan. Keyinchalik bular “Bayt al-hikma” ning o`zagini tashkil qilgan.
Olimning nisbasi Farg`oniy bo`lsa ham, uning asl tug`ilgan joyi aniq ma’lum emas. Lekin Farg`oniy Marvdan Ma’mun bilan boshqa olimlar qatorida Bag`dodga kelgani, Shammosiya va Dayr Murrondagi astronomic kuzatishlarda faol qatnashganligi, Mosul yaqinida Sinjor sahrosidagi yer meridian bir darajasining uzunligini o`lchashda ishtirok etgani va Fustot(hozirgi Qohira) hududida Nildagi Ravzo (Ro`da) orolida miqyosni barpo qilganligi ma’lum4.
Al-Farg`oniyning asosiy astronomik asari "Samoviy harakatar va umumiy ilmi nujum kitobi" ("Kitob al-harakat as-samoviya va javomi‘ ilm an-nujum") XII asrda Yevropada lotin tiliga ikki marta va XIII asrda kastiliya va eski fransuz tillariga ham tarjima qilinganidan so‘ng, uning lotinlashtirilgan nomi "Alfraganus" shaklida G`arbda bir necha asr davomida keng tarqaladi. Olim Sharqda Xasiba nomi bilan tanilgan. Uning bu kitobi shu asrlar davomida Yevropa universitetlarida astronomiyadan asosiy darslik vazifasini o‘tadi. Al-Farg`oniy asarining lotincha tarjimasi birinchi marta 1493-yildda nashr etilgan bo‘lib, u eng qadimgi nashr qilingan kitoblardan hisoblanadi. 1669-yili mashhur Golland matematigi va arabshunosi Yakob Golius al-Farg`oniy asarining arabcha matnini yangi lotincha tarjimasi bilan nashr etganidan so‘ng, al-Farg`oniy va uning asarining Yevropadagi shuhrati yanada ortdi. Yevropa Uyg`onish davrining buyuk namoyandalaridan biri bo‘lgan mashhur olim Regiomontan XV asrda Avstriya va Italiya universitetlarida astronomiyadan ma‘ruzalarni al-Farg`oniy kitoblaridan o‘qigan. Al-Farg`oniy nomini Dante (XV asr) va Shiller (XVIII asr) ham eslagan.
Yevropa olimlaridan Dalambr, Brokelman, X. Zuter, I. Yu. Krachkovskiy, A. P. Yushkevich va B. A. Rozenfeldlar al-Farg`oniyning ijodini yuqori baholaganlar.
Ahmad al-Farg`oniy asarlari:
1.“Falakiyot ilmi asoslari va samoviy harakatlarning usullari”. Muallifning eng mashhur kitobi sanalgan bu risola Dublin, Istanbul, Leyden, Moskva, Oksford, Sankt-Peterburg, Qohira kutubxonalarida mavjud. Bundan tashqari bu risola boshqa nomlar bilan quyidagi kutubxonalarda saqlanadi:
“Boblar (qismlar) kitobi: “O`ttiz bobdan iborat “Al-majistiy”ga kirish”. Sulaymoniya kutubxonasida saqlanadi;
“Al-majistiy” Prinsetonda saqlanadi;
“Falakiyot” Parijda saqlanadi;
“Falakiyot ilmi asoslari” Qohirada saqlanadi;
“Falakiyot ilmiga kirish” Madalat (Marokash)da saqlanadi;
“Shaharlar va davlatlarning nomlari” Tehronda saqlanadi.
2. “Handasa va hisob yordamida shimoliy va janubiy asturlobni yasash uchun komil kitob”. Risolaning nusxalari Turkiya, London, Berlin, Parij, Tehron, Mashhad va Qohirada saqlanadi.
3. “Yetti iqlimning hisobi” Qohira vaGotada saqlanadi.
4. “Asturlobni qo`llash haqida kitob” Rampurda saqlanadi.
5. “Al-Farg`oniy jadvallari” Patnada saqlanadi.
6. “Jadiy diametri uchun al-Farg`oniy jadvallari” Manisa (Turkiya)da saqlanadi.
7. “Oy yerning ustida yoki ostida joylashgan vaqtni aniqlash haqida risola” Qohirada saqlanadi.
8. “Quyosh soatini yasash haqida kitob” Qohira va Halabda saqlanadi.
9. “Al-Xorazmiy zijini tushuntirish”. Beruniy tomonidan eslatiladi. Ushbu risola bizgacha yetib kelmagan.
Al-Farg`oniy asarlarining eng mashhuri - “Astronomiya ilmi asoslari”. Asar bizga uch nomad yetib kelgan: “Astronomik harakatlar kitobi va yulduzlar ilmining qisqacha mazmuni”, “O`ttiz element”, “Sfera ustidagi nazariy hisoblar”, bu risolalar astronomiyaga oid arab tilidagi ilk asarlar qatoriga kiradi. Olim unda asosan iskandariyalik olim Klavdiy Ptolomeyning (mil. II asr) “Astronomiyaning buyuk matematik tizimi” asari asosida astronomiyaga qisqacha tavsif bergan. Ahamiyatli jihati al-Farg`oniy kitobning oxirida ma’lum geografik nuqtalar jadvalini koordinatalarini ko`rsatgan holda Sharqdan G`arbgacha yetti iqlimga mos ravishda joylashtirgan. Geografik bo‘lim (9-bob) bunday atalgan: "Yerdagi ma‘lum mamlakatlar va shaharlarning nomlari va har bir iqlimdagi narsalar haqida". Bundan so‘ng, etti iqlimning hammasi ulardagi mamlakatlar, viloyatlar va shaharlari bilan birga tavsiflanadi. Shuni ham aytish kerakki, o‘rta asrlarda arab tilida yozilgan geografik asarlarning eng birinchisi al-Xorazmiyning "Kitob surat-ul-arz" asari edi. Unda al-Xorazmiy yetti iqlimdagi dengizlar, mamlakatlar, tog`lar, daryolar, ko‘llar va shaharlarning tavsifini keltirgan edi. Bunda u tavsifni rub‘i ma‘murning eng g`arbiy chekkasidan, ya‘ni Afrikaning Atlantika okeani qirg`og`iga yaqin joylashgan orollardan boshlab, eng sharqiy chekkasigacha, ya‘ni Tinch okeanidagi Yaponiya orollarigacha davom ettiradi. Tavsif kenglama yo‘nalishida ekvatorial erlardan to shimoliy qutbiy erlargacha davom etadi.
Iqlimlarning al-Farg`oniy keltirgan tavsiflash usuli al-Xo-razmiynikidan farq qiladi. Al-Xorazmiy o‘zining tavsiflash usulida Ptolemey an‘anasiga asoslangan bo‘lsa, al-Farg`oniy hindlarning an‘anasiga asoslanib, rub‘i ma‘murning tavsifini eng sharqiy chekkasidan boshlaydi. Uning iqlimlar tavsifida 3, 4, 5, 6, va 7-iqlimlarning tavsifi diqqatga sazovordir. Chunki bularda Markaziy Osiyoning va unga tutash erlarning shahar va viloyatlari tavsiflanadi. Shuning uchun quyida o‘sha tavsiflarni o‘z ichiga olgan parchani keltiramiz.
"Uchinchi iqlim Sharqdan boshlanib, Xitoy mamlakatining shi-molidan, so‘ng Hind mamlakatidan va so‘ngra Kobul va Kermon vi-loyatlaridan o‘tadi.
To‘rtinchi iqlim, Sharqdan boshlanadi va Tibetdan, so‘ngra Xu-rosondan o‘tadiki, bunda Xo‘jand, Usrushona, Farg`ona, Samarqand, Balx, Buxoro, Hirot, Amuya, Marvarrud, Marv, Saraxs, Tus, Nisho-pur shaha'rlari bor. Undan so‘ng Jurjon, Qumis, Tabariston, Da-movand, Qazvin, Daylam, Ray, Isfahondan o‘tadi.
Beshinchi iqlim Sharqda Yajuj mamlakatidan boshlanadi, so‘ng Xurosonning shimolidan o‘tadi, unda Toroz shahri – savdogarlar shahri bor, Navokat (Navkat), Xorazm, Isfijob (Sayram), Turarband (O‘tror-hozirgi Aris) va Ozarbayjon, Arminiya (Armaniston) viloyati, Barda‘a (Barda), Nashava (Naxchivon) shaharlari bor.
Oltinchi iqlim Sharqdan boshlanadi va Yajuj mamlakatidan o‘ta-di, so‘ng Xazar mamlakatidan (Shimoliy Kavkaz va Quyi Volgabo‘-yi), Jurjon (Kaspiy) dengizining o‘rtasidan kesib o‘tadi va Rum (Vizantiya) mamlakatigacha boradi.
Yettinchi iqlim Sharqda Yajuj mamlakatining shimolidan bosh-lanadi, so‘ng turkiy mamlakatlardan (Markaziy Osiyo), so‘ng Jurjon dengizining shimolidan, so‘ng Rum dengizini (Qora dengiz) kesib, saqpablar (slavyanlar) mamlakatidan o‘tadi va G`arb dengizida (Atlantika) tugaydi".
Keltirilgan parchadan ko‘rinadiki, al-Farg`oniy katta kenglik-dagi o‘lkalarni tavsiflagan bo‘lsa ham, o‘zining asl vatani Mova-rounnahrni mufassalroq tavsiflagan. Undan tashqari shuni ham ta‘kidlash kerakki, al-Farg`oniyning rub‘i ma‘mur haqidagi tasavvuri ancha aniq bo‘lib, har xil afsonaviylikdan xolidir. Chunonchi, u Yajuj mamlakati deb Sharqdagi afsonaviy erni emas, balki hozirgi Mo‘g`ulistonning sharqi va Xitoyning shimoli-sharqiga mos keladigan aniq geografik hududni ayttan.
Farg`oniyning nomi Xorazmiy kabi butun Sharq va G`arbda mashhurdir. O‘rta asrda tabiiy-ilmiy bilimlarning rivojiga ulkan hissa qo‘shgan olim sifatida manbalarda, so‘nggi G`arb va Sharq mualliflari asarlarida, o‘z yurti O‘zbekistonda, ayniqsa, zo‘r g`urur va iftixor bilan tilga olinadi, o`rganiladi, hozirgi kunda ko‘chalar, o‘quv yurtlariga uning nomi berilgan.
“Astronomiya ilmi asoslari” asari 30 bobdan iborat.
Arab, yunon, suriyalik va forslarning Oy va Quyosh taqvimi;
Samoning sfera shaklida ekanligi;
Yerning shar shaklida ekanligi;
Yer osmon sferasining markazi ekanligi;
Oy va sayyoralarning sutkalik harakati;
Yerning aholi yashaydigan qismining tartibi va uning osmon sferasining barcha aylanishida ro`y beradigan tun va kundagi o`zgarishlar;
Yerning aholi yashaydigan choragining xossalari;
Yerni o`lchash va uning obod qismini yeti iqlimga bo`linishi;
Yerdagi mamlakatlar va shaharlarning nomlari, ularning qaysi iqlimga tegishli ekani;
10.Burjlarning to`g`ri chiqishi va uning to`g`ri va og`ma sferalardagi harakati;
11. Kecha va kunduz vaqtlarining miqdori, tekis soatlar bilan zamonli soatlarning farqlari;
12. Yoritgichlar sfersining shakli, tarkibi va ularning yerdan uzoqlik darajaslari;
13. Quyosh, oy va qo`zg`almas yoritgichlarning sferalar bo`yicha aylanma harakati;
14. Harakatlanuvchi beshta yoritgich(sayyoralar)ning uzunlik bo`yicha harakati;
15. Beshta harakatlanuvchi yoritgichning ekliptika bo`yicha qaytma harakati;
16. Sayyoralarning episikllari, ularning deferentlari o`lchamlari;
17. Yoritgichlarning o`z sferalaridagi va ekliptikadagi davrlari;
18. Qo`zg`almas yoritgichlar va sayyoralarning kenglik bo`yicha harakati;
19. Qo`zg`almas yulduzlarning soni, ularni kattaliklari bo`yicha tasniflash;
20. Oy manzillari;
21. Harakatlanuvchi va turg`un yulduzlarning yerdan masofalarini o`lchash;
22. Yoritgichlarni o`lchash va har bir yoritgichning yer o`lchoviga nisbatan miqdori haqida;
23. Yoritgichlar va ularning ekliptikadagi darajalarining meridiandagi, chiqishdagi, botishdagi bo`ladigan ixtiloflari haqida;
24. Yoritgichlarning chiqishlari va botishlari ham ularning quyosh nurida berkinishlari;
25. Hilol(yangi oy)ning chiqishi va oy nurining ortishi va kamayishi;
26. Beshta yoritgichning quyosh shu’lalari (osti)dan chiqishi;
27. Oy va sayyoralarning parallaksi;
28. Oy tutilishi;
29. Quyosh tutilishi;
30. Oy va quyosh tutilishi vaqtlari orasidagi miqdorlar.
Al-Farg`oniyning “Astronomiya ilmi asoslari” asari 1145 va 1175-yillarda Yevropada lotin tiliga tarjima qilindi. Asar birinchi marta 1493-yilda nashr etilgan. Shundan so`ng al-Farg`oniy nomi lotinlashtirilib, “Alfraganus” shaklida G`arbda mashhur bo`ldi.
Umuman, al-Farg`oniyning “Astronomiya ilmi asoslari” asari o`rta asr musulmon sharqi mamlakatlaridagi, so`ng Ispaniya orqali Yevropa mamlakatlaridagi astronomiya ilmining rivojini boshlab berdi. Qadimgi yunon ilmi, jumladan, astronomic ilmlar ham birinchi bor arab tilidan tarjima qilingan risolalar orqali ma’lum bo`ldi. Farg`oniyning astronomiyaga sohasidagi asarlari Yevropada 700 yil davomida qomus va o`quv qo`llanma sifatida foydalanilgan.
Al-Farg`oniy amaliyotchi bo`lib, samoviy jismlarni kuzatish bilan shug`ullanib, ko`plab kashfiyotlar qilgan. Shunday qilib, u yerning sharsimonligini ilmiy jihatdan isbotladi, yilning eng uzun kunini – 22-iyunni va eng qisqa kunini – 23-dekabrni belgiladi. Farg`oniy ham quyosh mavjudligini aniqlagan va 832-yilda sodir bo`lgan quyosh tutilishini bashorat qilgan.
Ahmad al-Farg`oniyning yana bir muhim asari “Handasa va hisob yordamida shimoliy va janubiy asturlobni yasash uchun komil kitob” risolasining nusxalari Berlin, Qohira, Qastamonu, London, Mashxad, Parij va Tehronda saqlanadi. Hozirda uning rus tilidagi to`liq tarjimasi Toshkentda nashrdan chiqdi5. Risola muqaddima va yeti bobdan iborat
Olim umrining so`nggi yillarini Qohirada o`tkazdi. U yerda u yulduzlarning joylashishini aniqlash va ular orasidagi masofani o`lchash uchun asbob – asturlobni loyihalash bilan shug`ullangan. Olim matematik tavsif berdi va ushbu qurilmani takomillashtirish chora-tadbirlarini taklif qildi. Uning Qohiradagi faoliyati samarasi Nilomere yoki Nilometr deb ataladigan qurilish edi. U 861-yilda al-Farg`oniy boshchiligida Nil daryosidagi suv darajasini o`lchash uchun qurilgan. Yana bir ma‘lumotga ko‘ra, al-Farg`oniy Misrda nasroniylar orasida yashab, ularning diniga o‘tganligi va shuning uchun u qatl qilinganligi qayd etiladi. Lekin qatl qilingan yili eslatilmaydi. Lekin bu "al-Farg`oniy" o‘sha mashhur astronom al-Farg`oniymi yo boshqasimi – bu noma‘lum. Har holda al-Farg`oniy 861 yildan keyin ko‘p yashamagan va uning o‘lgan (yoki qatl qilingan) yili deb 865 yilni qabul qilish mumkin. Agar u al-Ma‘mun bilan 819 yili Marvdan Bag`dodga ketayotganda 20–25 yoshlar chamasida bo‘lgan desak, u holda uning tug`ilgan yili deb 797 yoki 798 yilni qabul qilish mumkin. U hodda uning hayot muddati 67–68 yoshni tashkil qiladi.
Al-Farg`oniyning 1200-yilligi 1998-yilda YUNESKO shafeligida keng nishonlangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |