Hosil shoxi bosh poyadan o‘suv shoxiga qaraganda kengroq burchak hosil qilib chiqadi. Hosil shoxi ham bosh poyaning barg qo‘ltig‘iga joylashgan ko‘rtakdan chiqib, uchida gul ko‘rtak hosil etish bilan o‘sishdan tuxtaydi, mana shu gul ko‘rtak yonida barg ham hosil bo‘ladi. Shu barg qo‘ltig‘idagi ko‘rtaklardan biri o‘sib, ikkinchi bo‘g‘im oralig‘ini (pog‘onani) vujudga keltiradi, bu ham gul ko‘rtak yoki barg bilan tugallanadi va hokazo. Shunday qilib, hosil shoxi ketma-ket paydo bo‘lgan birinchi ko‘rtakdan vujudga keladi va ko‘p pog‘onali bo‘ladi (3–rasm).
Agar hosil shox bir necha bo‘g‘im oralig‘idan iborat bo‘lsa cheklanmagan hosil shox deyiladi. Oripov R., Ostonov S. /2005/
Agar hosil shox bittagina bo‘g‘im oralig‘idan iborat bo‘lsa cheklangan hosil shox deyiladi. Cheklangan hosil shox uchida bir necha gul paydo bo‘lishi mumkin. Shoxlarning cheklangan yoki cheklanmagan bo‘lishi g‘o‘zaning irsiy xususiyatlariga bog‘liqdir. Ayrim g‘o‘za shoxlari borki, bularda hosil shoxi mutlaqo bo‘lmaydi, gullar bosh poyadagi barg qo‘ltig‘iga 1–2 tadan bo‘lib joylashadi. Bunday g‘o‘zalar «o‘ldiriqli» yoki «O»tipidagi g‘o‘za deb ataladi (7-rasm).
Hosil shoxi cheklanmagan g‘o‘za tiplari bo‘g‘im oralig‘ining uzunligiga qarab to‘rtta kenja tipga bo‘linadi:
I – kalta bo‘g‘imli kenja tip (bo‘g‘im oralig‘i 3–5 sm);
II – o‘rta bo‘g‘imli kenja tip (bo‘g‘im oralig‘i 6–10 sm);
III – uzun bo‘g‘imli kenja tip (bo‘g‘im oralig‘i 15 sm gacha);
IV – juda uzun bo‘g‘imli kenja tip (bo‘g‘im oralig‘i 20–25 sm gacha).
Bundan tashqari kenja tiplar orasida bo‘ladigan oraliq tipdagi g‘o‘zalar mavjud.
Hosil shoxlarining qisqa uzunligi irsiy belgi bo‘lib, g‘o‘za tupining g‘uj yoki tarvaqaylab o‘sishini belgilaydi. Shoxlar tarvaqaylab o‘sganda qator oralarini ishlashni va hosilni terishni qiyinlashtiradi, shoxlar guj o‘sgan taqdirdagina bu jarayon osonlashadi.
O‘simlik oziqa moddalari bilan yaxshi yoki oshiqcha ta’minlangan taqdirda o‘suv va hosil shoxlari yonidan qo‘shimcha ko‘rtakdan yana o‘suv va hosil shoxlari chiqib ketishi mumkin.
Yaxshi parvarish qilinib, tup soni normal bo‘lganda g‘o‘zalarda o‘rtacha 1–3 o‘suv shoxi, 14–20 hosil shoxi paydo bo‘ladi. Abdukarimov D.T., Ostonaqulov T.Ye. /1989/
Hosil shoxi tezpishar navlarda 3–4 ta, kechpishar navlarda esa 5–8 ta barg qo‘ltig‘idan paydo bo‘ladi. G‘o‘za bargi barg shapalog‘idan, barg bandidan va ikkita barg yonligidan iborat. Barg shapalog‘i g‘o‘zaning shakli va turiga qarab yaxlit yoki bo‘laklarga bo‘linishi mumkin. Dastlabki ikki–uchtasi doimo yaxlit, keyingilari bo‘laklarga bo‘lingan bo‘ladi. Barg shapalog‘i o‘simliklarning tur va naviga qarab har xil kattalikda 4–400 sm2 gacha bo‘lishi mumkin. Bargning orqa tomonida 1 – 3 – 5 ta tomirda bittadan nektardon (shiradon) bo‘ladi.
Barglar yashil, och yashil, to‘q yashil tusda tovlanadi, qizg‘ish rangli g‘o‘zalar ham bor. Barglar tuklar bilan qoplangan, tuklar bir yoki ikki yarusli bo‘ladi. Tuksiz ham bo‘lishi mumkin.
O‘rta tolali g‘o‘zalarda bir tupdagi barg sathining yuzasi avgust oyida 2,5 – 6,4 ming sm2, uzun tolali g‘o‘zalarda 5,1 – 9,0 ming sm2 ga teng bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |